Yurtimiz taʼlim muassasalari masʼullari oldida turgan shu kabi muhim savollarga Finlyandiya taʼlim tizimi va uning faoliyat tamoyillarini bevosita oʻrganish va tadqiq etish jarayonida javoblar topdik. Joriy yilning 24-aprelidan 7-mayiga qadar yurtimizdagi 10 ta pedagogik oliy taʼlim muassasasining 25 nafar rahbar xodimi va professor-oʻqituvchilari ishtirokidagi delegatsiya Finlyandiyada boʻldi. Shu asnoda taʼlim tizimini atroflicha oʻrgandik. Zero, oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilarining xorijiy davlatlarda malakasini oshirish taʼlim-tarbiya jarayoniga yangicha yondashuv va innovatsiyalarni tatbiq etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Finlyandiya davlati muvaffaqiyatining asosiy sabablari oʻqituvchilar salohiyati, taʼlim siyosati va fin madaniyati uygʻunligiga bogʻliq. Safar chogʻida markaziy va mahalliy boshqaruv muvozanati, oʻquv jarayonini samarali tashkil etishga katta masʼuliyat bilan yondashuv eʼtiborimizni tortdi.
Davlatimiz rahbarining 2022-yil 21-iyundagi “Pedagogik taʼlim sifatini oshirish va pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy taʼlim muassasalari faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Xalqaro Nordik universiteti, Finlyandiyaning Xelsinki, Kareliya, Yuvaskula va JAMK amaliy fanlar hamda pedagogika institutlari hamkorligida malaka oshirish kursi tashkil etildi.
Yuvaskula — Finlyandiya taʼlimi beshigi
Malaka oshirish darslari Finlyandiyaning turli shaharlaridagi taʼlim muassasalarida boʻlib oʻtdi. Yuvaskula universiteti qoshidagi Ilmiy izlanish markazi professori Juhani Rautopuro tomonidan xalqaro baholash tizimi (PISA, IAAC, TALIC, KAPPAS, TIMSS, PIRLS, ICCS, ICILLS kabilar) xususida mazmunli maʼruzalar qilindi. Taʼlim tizimidagi yutuqlar, natijalar, kompetensiyalar, baholash mezonlari toʻgʻrisida qiziqarli maʼlumotlar bilan tanishdik. Professorning aynan Oʻzbekistondagi xalqaro baholash boʻyicha jarayonlardan xabardorligi hamda qiyosiy tahlillari eʼtiborimizni tortdi.
Ushbu institutning maqsadi baholash, fin taʼlim tizimi hamda maktab madaniyatini rivojlantirishga qaratilgan. Ilmiy izlanish butun taʼlim tizimi (maktabgacha taʼlimdan to oliy taʼlimgacha, akademik va kasb-hunar taʼlimi va kasb tanlashgacha davrlar)ni oʻz ichiga oladi. 1970-yillarda Finlyandiya taʼlimida tub islohotlar olib borilib, nazorat tizimidan liberal tizimga oʻtilgan. Finlyandiya taʼlim tizimining asosiy tushunchalari — tenglik, kompetensiya, mutaxassisga ishonch, maxsus taʼlim.
Ayniqsa, Finlyandiya taʼlimining kuchli jihati maktab tizimi hisoblanadi. Maktablarni tekshirish va standartlashgan testlar mavjud emas. Maktablar oʻzaro raqobatga kirishmaydi. Yaʼni ishonch madaniyati tufayli maktablar tekshiruv tashriflaridan xoli. Finlyandiyada eng yaxshi maktab uyga yaqin maktabdir. Bu mamlakatdagi barcha maktablarning deyarli bir xil sifatda tashkil qilingani va oʻqitishning hamma joyda yuqori saviyada tashkil etilishidan darak beradi.
Bilimga asoslangan jamiyat haqidagi qarashlarni qoʻllab-quvvatlash, taʼlim tengligini taʼminlash asosiy oʻrinda. Tenglik, ishonch, oʻqituvchilar salohiyati, ixtiyoriylik, individuallik, mustaqillik hamda amaliylik kabi asosiy tamoyillar, taʼlim oluvchilarning har qanday fikri inobatga olinishi va qoʻllab-quvvatlanishi Oʻzbekiston taʼlim tizimiga tatbiq etish mumkin boʻlgan jihatlardir.
Finlyandiyada pedagoglik nufuzli kasb boʻlgani sabab professor-oʻqituvchilarning taʼlimi va malaka oshirishiga katta eʼtibor qaratilgan. Maktabgacha, maktab va oliy taʼlimdagi islohotlar asoschisi ham oʻqituvchilar hisoblanadi. Ular mavjud Milliy dasturni boyitish, qoʻshimchalar kiritish yoki tubdan oʻzgartirish huquqiga ega. Finlyandiya taʼlim tizimiga milliy dastur koʻrsatma sifatida beriladi. Mazmun-mohiyatini boyitish, oʻzgartirishlar kiritish, mavzulashtirish professor-oʻqituvchilar tomonidan amalga oshiriladi. Dunyo mamalakatlari universitetlari reytingining 500 taligiga kirgan Yuvaskula universitetida pedagog kadrlar tayyorlanadi va malakasi oshiriladi. Ishchi va fan dasturlari mazkur universitet professor-oʻqituvchilari tomonidan mustaqil tuziladi. Professor-oʻqituvchilar mustaqil qaror qabul qilish huquqiga ega. Yangi yoʻnalish yoki fakultet ochish uchun Taʼlim vazirligiga murojaat qilinadi.
Yuvaskula universiteti kutubxonasida 70 nafar xodim faoliyat koʻrsatadi. Eʼtiborlisi, kutubxonaning oʻzida ilmiy izlanish olib borish uchun barcha shart-sharoit mavjud: elektron kutubxona, kompyuterda ishlash zallari, oshxona. Kutubxona qoshida ilmiy hamda taʼlimiy xizmatlar markazi faoliyat yuritadi. Ushbu markazlar ilmiy izlanuvchilarga xizmat koʻrsatadi, xususan, maqolalarini chop qilish bilan bogʻliq texnik xizmatlarni taklif qiladi.
Kutubxona ochiqlik siyosatini ilgari suradi va universitetda barcha ilmiy ishlar platformaga joylashtirilgan hamda undan foydalanish barcha uchun ochiqdir. Kutubxona foydalanuvchisi dastlab 12 soatlik treningda ishtirok etishi lozim. Treningda kutubxonaga aʼzo boʻlish, ishlash, savolnoma va yoʻriqnomalar tuzish oʻrgatiladi.
Markazda maqolalarni nashriyotlarda chop etish uchun maxsus shtat birligi ham mavjud. Fakultetlarning nashr rejasini bajarish holati nazorati ham ushbu xodim zimmasida. Kutubxona xodimlari tomonidan izlanishlar olib borilib, sunʼiy intellekt, virtual olam kabi yangi fanlarni dasturga kiritish rejalashtirilgan.
Onlayn platforma orqali tanlov
Safar chogʻida “Makelanmayen Koulu” boshlangʻich taʼlim maktabi tajribalari bilan tanishdik. Muassasada har bir bolaga alohida eʼtibor berilayotgani, ayniqsa, maxsus taʼlimga muhtoj bolalarning barchaga qoʻshib oʻqitilishi, yaʼni inklyuziv taʼlim ularning kelajakda jamiyatda oʻz oʻrinlarini topib ketishiga zamin yaratadi.
Maktabda oʻqituvchini ishga qabul qilish jarayoni eʼtiborimizni tortdi. Oʻqituvchilikka nomzodlar onlayn platforma orqali hujjat topshiradi. Maktab maʼmuriyati ularni koʻrib chiqib, oʻziga kerakli xodimni tanlaydi va suhbatga taklif etadi. Ishga olingan oʻqituvchi toʻliq mustaqil ravishda ishchi dastur ustida bosh qotiradi va materiallarni oʻzi tanlash huquqiga ega. Eʼtiborlisi shuki, pedagoglar hamkorlikda ishlab, muhokama yakunida eng yaxshi natijaga erishadi. Maktabda har 125 nafar oʻquvchi alohida boʻlinmalarga ajratilgan, moddiy texnik baza tashkil qilingan holda oʻqitiladi. Sifatli taʼlim olish uchun zarur barcha sharoit yaratilgan. Oʻquv va maxsus xonalar zamonaviy jihozlar bilan toʻliq taʼminlangan. Masalan, musiqa xonasida turli cholgʻular mavjud. Texnologiya xonalari jami 8 ta ustaxonadan iborat alohida qismda joylashgan. Ustaxonalar sopolga, yogʻochga va metalga ishlov berish, savatchilik, tikuvchilik va oshpazlik, robototexnika va qurilish-konstruksiyalash boʻyicha kerakli jihoz va xomashyo bilan taʼminlangan. Oʻquvchilar biriktirilgan ustalar yordamida juda chiroyli buyumlarni tayyorlash bilan mashgʻul.
Tadbirkorlikka ixtisoslashtirilgan maktab
Maktab bitiruvchilarini mustaqil hayotga tayyorlash va ularda tadbirkorlikka qiziqish uygʻotish maqsadida Muurame pilot maktabi yaratilgan boʻlib, uning asoschilari — Yuvaskula shahrining tadbirkorlari. Bu yerda ishlab chiqarish bilan maktab orasida hamkorlik mavjud. Maktab bitiruvchilari qiziqarli loyihalar va tadbirkorlik tashabbuslari ustida ishlashadi. Maktabning bitiruvchisi bilan suhbatda boʻldik. Oʻquvchi fikr-mulohazalarini biz bilan oʻrtoqlashdi. Unga bu integratsiya maʼqul kelgani va kelgusida qaysi universitetda oʻqishi, qaysi kompaniyada ishlashini maʼlum qildi.
Tadbirkorlik maktabida hamma bilimlar bevosita amaliyotda oʻrganilishi va masʼuliyatli oʻquvchilar tarbiyalanishining guvohi boʻldik. Oʻquvchilar amalga oshirayotgan loyihalar mahalliy kompaniya yoki tadbirkorlar tomonidan moliyalashtirib boriladi.
Savodxonlik boʻyicha eng yaxshi oʻqituvchilar
Yuvaskula universiteti fakultetlaridan biri aynan pedagoglarni tayyorlashga ixtisoslashtirilgan. Ishlar “Donolik va barqarorlik hamma uchun” shiori ostida tashkil etiladi. Maktabgacha taʼlim tashkilot (bogʻcha)larida ishlash uchun bakalavr darajasi yetarli. Maktabda oʻqituvchi boʻlib ishlash uchun talabgor Pedagogika universitetining magistratura boʻlimini ham tugatgan boʻlishi shart. Fan oʻqituvchisi boʻlib ishlash uchun esa bir yil (60 kredit) qoʻshimcha taʼlim olish kerak. Pedagoglardan nafaqat yoʻnalishi boʻyicha mutaxassis boʻlish, balki yuqori malakali oʻqituvchi boʻlib yetishish ham talab etiladi.
Masala shundaki, oʻqituvchilar nafaqat joriy yilda, balki 40 yildan keyin ham oʻz bilim va koʻnikmalarini yoʻqotmagan, doimiy oʻz ustida ishlaydigan pedagog kadrlarni tayyorlash vazifasini oldiga qoʻyishgan. Bu fakultet jamoasidan boʻlajak oʻqituvchi qanday bilim va koʻnikmalarga ega boʻlishini avvaldan bilish, ularni amalda qoʻllashni biladigan kadrlar yetishtirishni talab etadi. Shuning uchun ular bu sohada doimiy ravishda izlanish olib borishadi va ishchi dasturlarini tez-tez takomillashtirishadi. Yuvaskula universiteti jamoasining ishlash madaniyati ochiqlik, ishonch, sifat, integratsiya va haqgoʻylikka asoslangan. Universitetda 3 ta qoidaga amal qilinadi: ilmiy izlanish, sifatli taʼlim, jamiyat taʼsiri.
Taqdimot jarayonida fakultet strategiyasi bilan ham tanishdik. Eʼtiborlisi, strategiya va ishchi dasturi milliy dasturga asoslanib tuzilgan. Finlyandiyada taʼlim darajasi yuqoriligining sababi abituriyentlarni pedagoglikka qabul qilish jarayonining oʻzida bir necha bosqichli jiddiy saralash oʻtkaziladi. Masalan, 2022-yili 1750 nafar abituriyentdan 89 nafarigina qabul qilingan. Pedagogik taʼlim yoʻnalishlariga umumiy test natijalariga koʻra yuqori ball olganlar toʻgʻridan-toʻgʻri suhbatga kiradi yoki kam ball olganlardan maxsus imtihondan oʻtish talab qilinadi. Suhbat jarayonida 5 bosqichli qisqa savol-javoblar tashkil etiladi. Oʻqituvchilikka qabul qilishda nomzodning shaxsiy xususiyatlari, qiziqishlariga muhim omil sifatida qaraladi. Talabgor magistraturani tugatgach, undan pedagog boʻlish huquqini olib tashlab boʻlmaydi. Shuning uchun qabul jarayoni mukammal yondashuv bilan amalga oshiriladi. Oʻqituvchi ish jarayonida qoʻpol xatolik, qoidabuzarlikka yoʻl qoʻysa, magistrlik diplomi boʻlgan taqdirda ham pedagoglik qilish huquqidan mahrum etiladi. Finlyandiyada qabul qilingan milliy dastur bu shunchaki koʻrsatma boʻlib, rasmiy majburiyat yuklamaydi. Har bir oʻqituvchi qaysi metodlardan foydalanishni oʻzi tanlaydi. Oʻqituvchilar malakasini oshirish majburiy boʻlib, bir yilda 3 kunni tashkil etadi.
Bu mamlakatda taʼlim turlari boʻyicha oʻqituvchilarning birga ishlashi natijasida oʻqitish turlariaro uzviylik taʼminlangan. Bir taʼlim turidan keyingisiga oʻtishda oʻqituvchilar har bir bola haqida alohida maʼlumotlar almashadi. Aynan bola tugʻilgandan boshlab monitoring tizimi mavjudligi sabab oʻgʻil-qizlarning akademik va ijtimoiy holati muntazam oʻrganiladi hamda nuqsonlari boʻlsa, erta aniqlash tizimi ishga tushadi.
Valteri — taʼlim va konsalting markazi
Valteri Finlyandiya milliy taʼlim agentligi qoshida faoliyat yurituvchi milliy taʼlim va konsalting markazidir. Valteri mamlakat boʻylab bolalar va yoshlarning oʻqishi hamda maktabda tahsil olishi uchun har tomonlama professional yordam beradi. Ushbu markaz faoliyati aqliy hamda jismoniy nuqsoni bor, individual koʻmakka muhtoj har bir yoshning, ayrim hollarda butun mehnat jamoasi, tuman yoki viloyat hokimliklarining ehtiyojiga qaratilgan.
Malaka oshirish kursi davomida mazkur markazning nogironligi boʻlgan bolalar va yoshlarga oʻz mahallasidagi maktabda taʼlim olish imkonini berishga qaratilgan faoliyati bilan yaqindan tanishdik. Markaz xodimlari nuqsoni boʻlgan, koʻmakka ehtiyojmand bolalarni ertaroq aniqlash va ularga turli soha vakillari bilan birgalikda yordam berishga harakat qilmoqda. Finlyandiyaning turli hududida 5 ta Valteri maktabi faoliyat yuritmoqda. Bundan tashqari 3 ta Valteri taʼlim va konsalting (maslahatlashuv) markazi ham mavjud. Bugungi kunga qadar 250 nafar bola ushbu maktab va markazda tahsil olgan.
Amaliy fanlarga ixtisoslashgan oliygoh
Stajirovkaning ikkinchi haftasida Yoensu shahrida joylashgan Kareliya amaliy fanlar universitetida boʻldik. Universitet 1992-yilda faoliyat boshlagan boʻlib, taʼlim va kadrlar tayyorlash jarayoni toʻgʻridan-toʻgʻri ishlab chiqarish hamda iqtisodiyotning kasbga talabini eʼtiborga olgan holda tashkil etiladi. Asosan bugun iqtisodiyotga zarur boʻlgan kasblar boʻyicha xalqaro biznes, biotexnologiya, industrial menejment, informatsion texnologiya, hamshiralik, oʻrmonchilik va oʻrmonni boshqarish, fizioterapiya, gerantologiya kabi mutaxassislar tayyorlanishi haqida maʼlumot olindi. Muassasada taʼlim jarayoni uchun maxsus elektron palatforma yaratilgan boʻlib, undan talaba va oʻqituvchilar oʻziga kerakli maʼlumotlar, dars jadvallari, tanlov fanlari hamda darsga qatnashish vaqti kabi maʼlumotlarni olishi mumkin.
Universitetda kadrlar tayyorlash jarayonini yaxshilash uchun 500 dan ortiq korxona bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, shartnoma asosida talabalar korxona va tashkilotlarda mehnat faoliyatini olib borishi, malakaviy amaliyot oʻtashi, amaliyotchi pedagoglar tomonidan olib boriladigan darslarda ishtirok etishi mumkin. Bu talabalarga ishlab chiqarishga oson moslashib ketish imkonini beradi.
Hamshiralik ishi fanidan amaliy mashgʻulot xonasida barcha sharoitlar, jumladan, mulyajlar, turli fiziologik koʻrsatkichlarni aniqlaydigan elektron priborlar, monitorlar hamda shifoxona tajriba palatalari maketi oʻrnatilgan boʻlib, bunda boʻlajak hamshiralar barcha jarayonlarni modellashtirilgan hayotiy jarayonlarga yaqin holatda oʻrganib borish imkoniga ega boʻladi. Safar davomida Kareliya amaliy fanlar universiteti bilan yurtimiz OTMlari oʻrtasida oʻzaro hamkorlik memorandumlari imzolandi.
Xelsinki shahrida Finlyandiya taʼlim vazirligi masʼullari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Muloqot davomida mamlakatimiz va Finlyandiya oʻrtasida taʼlimni rivojlantirish hamda kadrlar tayyorlash boʻyicha hamkorlikni yoʻlga qoʻyish boʻyicha kelishuvlarga erishildi.
Malaka oshirish jarayonida Finlyandiyaning taʼlim sifatini baholash boʻyicha oʻtkaziladigan xalqaro tadqiqotlardagi muvaffaqiyati sirlari bilan tanishdik. Fin oʻqituvchilarining PISA tadqiqotidagi barcha yoʻnalishlarda savodxonlik va taʼlim tengligi koʻrsatkichlari boʻyicha eng yaxshi natijalarga erishishi sabablari borasida ham xulosalar oldik. Taʼlim delegatsiyasi aʼzolari eng qisqa oʻquv va shunga qaramay eng yuqori koʻrsatkichlarga erishayotgan Finlyandiya taʼlim tizimi afzalliklarini oʻz tajribalarida qoʻllashga kirishdi.
Odil QOʻYSINOV,
Xalqaro Nordik universiteti prorektori,
pedagogika fanlari doktori, professor