“Ilhaq” fil`mi rejissyori Jahongir Ahmedov bilan ochiq suhbat

    Suhbat 9 May 2020 6262

    Urush deb atalmish jahannam hech qachon insoniyatga yaxshilik olib kelmagan. Hech kimni g'olib sifatida sharaflamagan.

    Ma'lumki, bugun mamlakatimizning qator telekanallarida prem`erasi bo'lib o'tishi rejalashtirilgan “Ilhaq” kartinasi Ikkinchi jahon urushidagi buyuk G'alabaning 75 yilligiga munosib tuhfa bo'ldi. Fil`m real voqealar asosida suratga olingan va mash'um urush paytida Toshkent viloyatining Xonobod qishlog'ilik beshta o'g'lidan ayrilgan Zulfiya Zokirovaning taqdiri haqida hikoya qiladi.

    Taniqli kinorejissyor Jahongir Ahmedov bilan suhbatimiz O'zbekistonda birinchi marta Ikkinchi jahon urushi talato'plari va suronli yillari, katta masshtabdagi jang sahnalari asosida suratga olingan fil`m tevaragida kechdi.

    — Keyingi yillarda xalqimiz ­e'tirofidagi tarixiy fil`mlar soni ko'paydi. “Ilhaq” fil`mi tarixiy mavzudagi izlanishlaringiz davomi sifatida e'tiborimizni tortdi. Avvalo, fil`mni suratga olish ishlari yakunlangani bilan tabriklaymiz. Qolaversa, ushbu mavzuga qo'l urish ijodkordan juda katta mas'uliyatni talab qiladi...

    — Murakkab davrlarga murojaat qilish, albatta, ijodkordan katta mas'uliyatni talab qiladi. O'sha paytdagi siyosiy jarayonlarning o'zi katta bir mavzu. Badiiy ijodning e'tibori esa hamisha inson taqdiriga qaratiladi. Juda ko'p o'rinlarda, xohlaysizmi-yo'qmi, urush vahimasi fil`mda eng oldingi o'ringa chiqib qolishi mumkin. Axir o'sha paytdagi fojialarni ko'rsatib berish oson emas. Dunyoning charxpalagini teskari tebrata boshlagan o'sha talato'pda xalqimizning hayoti qanday kechgan? Mard va jasur otalarimizni, pahlavon yigitlarimizni kuzatib, front ortida bor tashvishni bo'yniga olgan mehnatkash va jafokash onalarimiz taqdiri qanday evrilishlarga duch kelgan?

    Mening baxtim shundaki, besh qahramon jangchining onasi Zulfiya aya istiqomat qilgan mahallada voyaga etdim. Aya nomidagi maktabda o'qidim, u kishining kelinlaridan biri menga saboq bergan. Bobolarimdan, buvilarimdan Zulfiya ayaning boshiga tushgan ishlarni, voqealarni so'rab-surishtirib katta bo'lganman. Ancha yillar oldin ayni mavzuda fil`m ishlamoqchi bo'lib, bir narsalar qoralaganman ham... Afsuski, o'sha paytlarda yosh rejissyorlarga tarixiy mavzuda ijod qilish uchun imkoniyatlar etarli bo'lmagan. SHunday bo'lsa-da, men o'z orzuimdan voz kechmaganman. Arxivlardagi Ikkinchi jahon urushi bilan bog'liq ma'lumotlarni o'rganishdan sira charchamadim. Bilasizmi, O'zbekiston mudofaaning moddiy ehtiyojini ta'minlashda oldingi saflarda turib, nimaiki zarur bo'lsa, barchasini ayamay sarflagan. CHunonchi, urush yillarida aholi tomonidan mudofaa jamg'armasiga katta miqdorda naqd pul, zayom, oltin va kumushlar topshirilgan. Armiyaga jangchilar uchun ust-bosh va turli mahsulotlar jo'natilgan. Front gazlama, o'q-dori, oziq-ovqat mahsulotlari bilan tinimsiz ta'minlab turilgan. Respublikaning har bir viloyati, shahar va tumanidan yurtdoshlarimiz jangchilarga yordam qo'llarini cho'zadilar. O'sha paytda qamalda qolgan Leningrad shahri uchun o'nlab vagonlarda insonparvarlik yordami jo'natiladi. Bularning hisobini keltiraman desangiz, hayratingiz oshib boraveradi. Axir o'sha paytda front ortida mehnat qilishning o'zi bo'lmagan. Qanchadan-qancha odamlar ochlik va kasallikdan sillasi qurib, vafot etgan-ku... Minglab ayol beva, bolalar esa etim bo'lib qoldi. Ota-onalar farzand dog'ida qayg'u-alam bilan bu dunyodan ko'z yumdilar. Zulfiya aya ham o'sha payt­larda uyidagi bor don-dunini front uchun olib chiqib beradi. Sog'in sigirini esa aholiga naf keltirishi uchun qish­loq kengashi raisidan so'rab olib qoladi. Bularning barchasidan bugungi yoshlarimiz boxabar ­bo'lishlari kerak. 75 yildan beri har yili 9 mayda fashizm ustidan qozonilgan g'alaba uchun quvonamiz, Xotira va qadrlash kunini nishonlaymiz. Lekin mana shu g'alaba ortida xalqimiz nimalarni qurbon berganini farzandlarimiz his qila olishi, har qanday mushkul vaziyatda birlashib enga olish juda katta kuch ekanini anglashi lozim.

    — Fil`mda aks etgan “belbog' bog'lash” marosimi sahnasi... Zulfiya aya kelinlariga urushda halok bo'lgan o'g'illarini kutmasdan, turmush qurishlari mumkinligini aytganida, biz hamisha sizning yoningizdamiz, deya kelinlar bellariga belbog' bog'lab, o'z uylarini tark etmaydi. Bu sizning topilmangizmi? YOki...

    — Milliy qadriyatlarimiz va an'analarimiz bilan bog'liq har qanday detal` men uchun qadrli. Bolaligimdan beri to'y-ma'rakalarda bog'lanadigan belboqqa o'zgacha qiziqish bilan qaraganim uchun yoshi ulug' bobolarimiz va momolarimizdan ko'p surishtirganman. Toshkent viloyatida eridan yosh beva qolgan ayollarning beliga turmush o'rtog'ining belbog'ini bog'lab qo'yishadi. Ko'ngil so'rab keluvchilar bevaga ta'ziya bildiradi. YAna bir ma'lumotga ko'ra, ayolga uylanish talabida bo'lgan erkaklar unga belbog'i belidan tushganidan so'ng og'iz solgan. YA'ni uning belbog'ni echgani —“men aza tutib bo'ldim”, degan ma'noni bildirgan. Ana shu izlanishlarim asosida fil`mga “belbog' bog'lash” sahnasini qo'shdim. Zulfiya aya fil`mning boshidan-oxirigacha erining belbog'ini belidan sira tushirmaydi va bu bilan qayta turmushga chiqmasligini bildirgan. SHuningdek, ayni paytda unutilib borayotgan boshqa udum va an'analarimizni ham fil`mga kiritishga harakat qildik.

    — “Ilhaq” fil`mi qaysi aktyor va aktrisalar uchun o'ziga xos sinov maydoni vazifasini o'tadi? Zulfiya aya obrazi uchun tanlov ishlari qanday kechdi?

    — CHindan ham bosh rol` ijrochilarining har biri ustida jiddiy bosh qotirdik. Odatda aktyorlarni tanlash borasida bir to'xtamga kelishimiz uchun 20 kun muddat beriladi. Bizning sinovimiz esa 3 oyga cho'zilib ketdi. Zulfiya aya obrazi sinoviga O'zbekiston xalq artisti unvoniga ega bo'lgan 8 nafar ustoz san'atkorni taklif qildik. Ancha tortishuv va munozaralardan keyin aktrisa Dilorom Karimovani tasdiqladik.

    SHu o'rinda yana bir jihatga e'tiboringizni qaratishni istar edim. Tomoshabin o'rganib qolgan bir xil ijodiy jamoadan, doimiy kinoyulduzlardan voz kechishga harakat qildim. Jarayonga deyarli 85-90 foiz yangi ijodkorlarni jalb qildim. YAngi bir harorat, yangi bir nigoh tomoshabinlarimizga kutilmagan hayratlarni baxsh etishini istadim.

    Aktyorlar Ilhom Sodiqov, Iskandar elmurodov, Fotih Nasimov, Husan Rashidov, Bunyod Rahmatullaev bosh rollar uchun tanlab olindi.

    — Suratga olish jarayonida tanishgan aktyor va aktrisa turmush qurayotgani haqida eshitib qoldik.

    — Ha, “Ilhaq” fil`mi yangi bir oila qurilishiga sababchi bo'ldi. Zulfiya ayaning uchinchi o'g'li — Muhammadjon Xolmatov obrazini ijro etgan Husan Rashidov va uchinchi kelin obrazini ijro etgan Xurshida Soatovani kinosinovlar maydonida tanidim. Husan asli rejissyorlik bo'limini tugatganini, Xurshida esa O'zbekiston xalq artisti To'ti YUsupovaning nabirasi ekanini ham kechroq bildim. Suratga olish ishlari boshlangach, aynan mana shu juftlik meni qiynay boshladi. Xurshida juda uyatchan va tortinchoq qiz ekan. Hatto ularning ijrosi bois, suratga olish ishlari vaqtincha to'xtatilgan paytlar ham bo'ldi. Biroq vaqt o'tishi bilan o'z rollariga kirishib ketdi. Ularga baxt tilayman. “Ilhaq” fil`mida yaralgan muhabbatlari boqiy bo'lsin.

    Ijtimoiy tarmoqdagi sahifangizda fil`mning murakkab jang sahnalari Belarusda suratga olingani haqida yozgansiz. Fil`mda belaruslik yigirmaga yaqin kinoaktyor ham suratga tushgan ekan. Ular bilan ishlash qiyin bo'lmadimi?

    — Bu savolingizga javob berishdan oldin fil`mimiz voqealari 1939-1962 yillar oralig'ida kechishini aytib o'tmoqchiman. Nima uchun fil`mga Katta Farg'ona kanali qurilishi sahnasini kiritishga qaror qildim? CHunki bu ulkan qurilishda ham xalqimizning asl matonati va irodasi ko'zga tashlangan. Ota-bobolarimiz oddiygina ketmon va belkurak bilan kanal qazigan, bir maqsad yo'lida birlashib, tunu kun mehnat qilgan. Millatimizning mana shu kuchi va g'ayratini butun olamga namoyish qilgim keldi. Bu ulkan qurilish maydonida Zulfiya ayaning o'g'illaridan biri ­Muhammadjon ishtirok etadi.

    Belarusda suratga olingan lavhalar haqida aytadigan bo'lsam... Zulfiya ayaning besh o'g'li: Isoqjon Xolmatov, Ahmadjon, Muhammadjon, Vahobjon va YUsufjon urushdan qaytmagan. Birin-ketin hamma o'g'illardan qoraxat keladi. Zulfiya aya, ayniqsa, kenjasi YUsufjon uchun qattiq kuyunib o'tgan ekan. CHunki faqatgina YUsufjon hali uylanmagan, undan zurriyot qolmagan edi. Qishloqdoshlaridan kimningdir bolasidan qoraxat kelsa, “Sening bitta bolang o'ldi, qaddingni tut, ana Zulfiya besh pahlavonidan ayrilib ham sabr qilyapti”, deb bir-birlariga taskin berishgan. Ke­yinchalik Zulfiya ayaning o'g'illaridan faqat ikkitasi haqida ma'lumot chiqadi. Muhammadjon Xolmatovdan kelgan, yo'qolgan qoraxat topilib, u 1945 yil 24 fevral` kuni Pol`shaning Vembrandava rayonida halok bo'lgani va o'sha erga dafn qilingani, kenja o'g'il YUsuf Xolmatov esa tankchilar komandiri bo'lgani, Leningrad qamalini yorib o'tish uchun bo'lgan janglarning birida tanki yonib ketib, og'ir yaralangani, gospitalda vafot etgani ma'lum bo'ladi. YUsuf Xolmatov Piskarev qabristoniga dafn etilgan ekan. Ushbu ayanchli voqealar va jang sahnalari “Belarusfil`m“ bilan hamkorlikda suratga olindi. Zulfiya ayaning o'g'illari qaerlarda jang qilganini surishtirib, o'sha joylarga borib, s'yomka qildik. Besh o'g'ilning har biri qanday jasorat va matonat bilan jang qilganini keng qamrovli va katta masshtabdagi jang sahnalari orqali namoyish qilamiz. Tomoshabinlarimiz bu sahnalarni ko'zda yosh va hayrat bilan tomosha qilsa, ajab emas.

    Fil`mni suratga olishda belaruslik 40 nafarga yaqin kinoaktyor, rassom, kaskadyor, grimyor va operator ishtirok etdi. Ular orasida Gennadiy CHurikov, Dmitriy Mashko, Viktor Bogushevich, Lolita Taborko, Alla Poplavskaya kabi taniqli aktyor va aktrisalar bor. SHuni faxr bilan ta'kid­lab o'tishni istardimki, Belarusda o'zbek askarlari ko'rsatgan qahramonliklari bilan juda mashhur ekan. Hattoki o'zbek askarlarining ism-familiyasi bilan nomlangan qishloqlar bor. SHuning uchun bizning millatimizni juda hurmat qilishar ekan. Suratga olish jarayonida ham aktyorlar va mahalliy aholi bizga bajonu dil yordam berdi.

    Muxtasar TOJIMAMATOVA

    suhbatlashdi.