“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ishlar doirasida yurtimizdagi 100 yoshdan oshgan daraxtlarni muhofaza qilish borasida ham tizimli ishlar boshlandi.
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 22-avgustdagi “Davlat oʻrmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarni ekish, parvarish qilish va ulardan foydalanish tartibini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarorida daraxt va butalarni ekish, sugʻorish, dorilash va parvarishlash ishlarini tashkil etish, shuningdek, mavjud daraxtlarni maxsus ishchi guruhlar joyiga chiqqan holda xatlovdan oʻtkazish vazifalari belgilangan.
Shu maʼnoda Davlat ekologiya qoʻmitasining Atrof-muhit va tabiatni muhofaza qilish texnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti, Oʻrmon xoʻjaligi ilmiy-tadqiqot instituti mutaxassislari hamda Oʻzbekiston Ekologik partiyasi aʼzolaridan iborat ishchi guruh xatlov olib bordi.
Xatlovni oʻtkazishda 100 yoshdan oshgan daraxtlar aniqlanganda, ularni tabiat yodgorliklari sifatida muhofazaga olish uchun alohida reyestr yuritilib, raqamli maʼlumotlar bazasi yaratilmoqda. Ayni paytga qadar Respublika miqyosida 5 mingdan, Toshkent shahrida esa 100dan ortiq asrlarga tenglashgan daraxtlar borligi maʼlum boʻldi.
Daraxtlarning raqamli maʼlumotlar bazasini yaratishdan asosiy maqsad — ularning har biriga tabiat yodgorligi maqomini berishdan iborat. Maʼlumotlar bazasi yaratilgandan soʻng har bir yoshi katta daraxt qatʼiy davlat muhofazasiga olinadi.
Ushbu daraxtlarni tabiat yodgorligi deb eʼlon qilish “Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar toʻgʻrisida”gi qonun talablariga muvofiq amalga oshiriladi.