Salqin ichimliklar, maishiy texnika, farmatsevtika, alkogol va tamaki kabi mahsulotlarni markirovkalash tizimi joriy qilingan.

Lekin barcha qonun-qoidalarga mos ishlayotgan tadbirkorlarning mahsulotlari bilan bir vaqtda markirovkasiz tovarlar ham bemalol sotilayotgan holatlar kuzatilmoqda. Hamma doʻkonlar ham markirovka bilan ishlamagani uchun nazorat zanjiri uzilib qolmoqda.

Soliq va Bojxona qoʻmitalariga markirovkalashning ishlab chiqarish hajmiga salbiy taʼsirini kamaytirish choralarini ishlab chiqish, markirovkalash talabi bajarilishi ustidan nazoratni kuchaytirish topshirildi.

Qimmat bozorlarda talab yuqori boʻlgan ayrim tovarlar eksportiga cheklov qoʻyilgani uchun koʻplab imkoniyatlar qoʻldan boy berilayotgani qayd etildi.

Endilikda 1-iyuldan boshlab birorta tovar eksportiga cheklov boʻlmasligi eʼlon qilindi. Faqat 86 ta tovar guruhiga kirgan xomashyo va ijtimoiy ahamiyati yuqori mahsulotlarga nisbatan eksport bojlari joriy qilinadi.

Bu tadbirkorlarimiz uchun yangi imkoniyat ekani taʼkidlandi.

“Bir narsani aniq tushunish kerak. Agar tadbirkorlar qimmat bozorlarga ishlasa, ularda mahsulotni koʻpaytirish, sifatni yaxshilashga intilish, ishtiyoq ortadi, manfaat boʻladi”, — dedi Prezident.