Biroq yurtimizdan yetishib chiqqan allomalar sonini hisoblashga barmoqlarimiz yetmaydi, taʼrifu tasnifini yozgan, aytgan bilan tugamaydi. Birgina Fargʻona vodiysining oʻzida “Al Hidoya” asari bilan butun islom dunyosida mashhur boʻlgan fiqhshunos olim Burhoniddin al-Margʻinoniy, buyuk mutasavvuf olim Shayx Abu Bakr Vositiy, kalom ilmiga oid “Baʼd al amali” asari muallifi Ali ibn Usmon al-Fargʻoniy singari maʼrifat va maʼnaviyat ahkomlari yetishib chiqqan. Prezidentimiz taʼrifi bilan aytganda: “Hamma oʻz tarixini ulugʻlaydi. Lekin bizning mamlakatimizdagidek boy tarix, bobolarimizdek buyuk allomalar hech qayerda yoʻq. Bu merosni chuqur oʻrganishimiz, xalqimizga, dunyoga yetkaza bilishimiz kerak”. Biz bugun nafaqat Fargʻona, yurtimiz, balki butun Sharq xalqlari faxri boʻlgan Ahmad al-Fargʻoniyning sharafli tarixi haqida fikr yuritamiz.

Oʻrta asrlarda yashagan qomusiy olim Ahmad Fargʻoniy ilmi nujum (astronomiya), jugʻrofiya (geografiya), handasa (geometriya), riyoziyot (matematika) kabi fanlar bilimdoni boʻlib, ularning rivojiga ulkan hissa qoʻshgan. Garchi ulugʻ alloma haqida juda oz maʼlumotlar saqlanib qolgan boʻlsa-da, ilm-fandagi buyuk ixtirolari, matematika, geomatriya fanlariga oid qimmatli ilmiy merosi yaqin vaqtlarga qadar jahon ilm-fan markazlarida oʻqitishning eng asosiy manbasi boʻlgani olimning yuksak ilmiy salohiyatidan dalolat beradi. Fargʻoniyning tugʻilgan shahri Quva, yaʼni Qubbo ekani taʼkidlansa-da, musulmon mamlakatlarida ismlarga poytaxt yoki markaz nomini qoʻshib aytish urf boʻlgani bois bobokalonimiz ham Abul Abbos Ahmad ibn Muhammad ibn Kasir al-Fargʻoniy nisbasini olgan.

Yevropada Alfraganus nomi bilan tanilgan olimning Misrda yashab, misli koʻrilmagan kashfiyotlar qilgani, Damashqdagi rasadxonada osmon jismlari harakati va oʻrnini aniqlagani, yangicha zij, yaʼni astronomik jadval tuzgani yoki Suriyada yer meteoritini oʻrgangani hamda Yer sharining dumaloq ekanini yana bir bor isbot etgani maʼlum va mashhur. Shuningdek, bobokalonimiz suv sathini oʻlchaydigan asbob yaratgani, quyosh soatlari yordamida sayyoralar orasidagi masofalarni aniqlagani, Bagʻdodda xalifa Abdulloh al-Maʼmun tuzgan ilmiy markaz – “Bayt ul-hikma”da faoliyat yuritgani va jahon sivilizatsiyasi rivojiga qoʻshgan ulkan hissasi ham yaxshi tanish. Uning astronomiyaga oid “Kitob al harakat as-samoviya va javomiʼ ilm-an-nujum” asari necha asrlar davomida Yevropa universitetlarida asosiy darslik sifatida oʻqitilgan, taniqli Gʻarb olimlari uning qitoblaridan maʼruzalar oʻqigan. Bugun fan-texnikaning eng zamonaviy asboblari yordamida aniqlanayotgan maʼlumotlar allomaning hisobidan uncha ham farq qilmayotgani jahon olimlarini hamon taajjublantiradi. Uning Nil daryosidagi orolda qurgan inshooti, yaʼni nilomer ilmiy-texnik va meʼmoriy jihatdan gʻoyat mukammal hisoblanadi hamda bu qurilma hozirga qadar saqlanib qolgan. Olim faoliyati haqidagi fikrlar Sharqda Ibn an-Nadim, Ibn al-Qiftiy Abul Faroj Bar Ebrey, Hoji xalifa kabi olimlar, Gʻarbda Dante, Shiller, Dalamber, Brokelman, Regiomontan kabi juda koʻplab olim va yozuvchilar asrlarida eʼtirof etilgan. Xatto Dantedek buyuk isteʼdod sohibi shoh asari “Ilohiy komediya”dagi Aʼrofni tasvirlashda Fargʻoniyning ilmiy qarashlaridan keng foydalangan.

Joriy yil aprel oyida Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti —“Turksoy” tomonidan “Fargʻona madaniyat kunlari”ni oʻtkazish, oʻzaro muzokaralar oʻtkazish maqsadida qardosh Turkiyaga Fargʻona viloyati delegatsiyasi bilan bordik. U yerda qoshu koʻzi xuddi oʻzimizga oʻxshagan, tillarimizdagi farq ham unchalik sezilmaydigan, oʻzimiz kabi samimiy va ochiqkoʻngil turk xalqi mehmoni boʻldik. Buning davomida Istanbul va Anqara shaharlarida “Fargʻona kunlari” doirasida madaniy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazildi. Xalqaro munosabatlarimiz rivojlanib, yangi bosqichga koʻtarilayotgan bir pallada rektor sifatida Turkiya texnologiyalari, ilm–fanidagi yutuqlarni Fargʻona davlat universitetiga olib kirish, bakalavr va magistratura bosqichlarida taʼlim olayotgan yoshlar bilan taʼlim investitsiyalarini tashkil qilish, taʼlim eksportini amalga oshirish boʻyicha muzokaralar oʻtkazdik. Shuningdek, tashrif davomida Turkiyaning Keyseri viloyati Erjiyes universiteti rektori Fotih Altun bilan uchrashib, qator foydali kelishuvlarga erishdik.

Safarimizning eng asosiy nuqtasi, barchamizning qalbimizni iftixor va gʻururga toʻldirib yuborgan voqea – bobokalonimiz Ahmad al-Fargʻoniyning byusti shaxsan delegatsiyamiz ishtirokida Anqara shahridagi xiyobonga oʻrnatilgani boʻldi. Oʻsha lahzada butun ruhimni chulgʻab olgan kuchli hayajon, quvonch va faxr hissi jismimni yerdan osmonga koʻtargudek edi goʻyo. Chunki bu haykal mening bobomga, ona xalqimga qoʻyildi. Bunday haykal Qohira shahrida, Nil boʻyida ham oʻrnatilgan hamda Oʻzbekiston va Misr oʻrtasidagi azaliy doʻstlikning yorqin timsoliga aylanib ulgurgan. Albatta, bu kabi tashabbuslar dunyo tamadduniga ulkan hissa qoʻshgan ulugʻ ajdodlarimizga boʻlgan yuksak ehtiromning amaliy ifodasidir.

Koʻnglim koʻtarilib, bobomiz haykaliga boqar ekanman, ruhimda milliy shuurni, Fargʻoniy, Beruniy, Xorazmiy, Termiziy, Buxoriylar shahdini his qildim. Ularning qoni har bir oʻzbekning tomirida hamon oqayotgani bor haqiqat ekanini yana bir bor angladim. Zero, bashariyat shu kunga qadar nimalarga erishgan boʻlsa, barchasining negizida Sharq daholarining ulkan hassasi borligi shubhasiz.

Mulohaza qilsak, islomni dunyoga yanada keng yoyilishiga sababchi boʻlganlar ham bizning bobolarimiz, yerning holatini aniqlagan, oʻlchamini bilgan, yulduzlar ilmiga yoʻl ochgan, hatto bormay turib yangi qitʼani kashf etganlar ham aslida ulugʻ ajdodlarimizdir. Matematika ilmida tengsiz Xorazmiy nomidan algoritm atamasi kelib chiqib, “Kitobul muxtasar fi hisob ul-jabr val muqobala” asaridagi jabr soʻzi algebra soʻziga asos boʻlgani, ming dardga shifo topgan, tengi yoʻq hakim Ibn Sino Avitsenna nomi bilan atalib, dunyoda tibbiyotga poydevor qoʻygani ham ayni haqiqat.

Butun xalqimiz bir boʻlib shunday ajdodlarimizning, dunyo olimlari hayrat bilan asarlarini qayta-qayta mutolaa qilgan vatandoshlarimizning kashfiyotlari, ilmiy merosini atoflicha oʻrganishimiz, tatbiq etishimiz va oʻzimizga foydali xulosalar chiqarishimiz darkor. Chunki oʻz ildizini yaxshi bilgan, qadriyatlarini davom ettiradigan, allomalarini ardoqlay olgan xalq bugun ham, kelajakda ham oʻzligini saqlab qola olishi shubhasiz. Shu oʻrinda farzandlarimiz ulugʻ allomalar, sohibqironlar, olimu fozillar avlodlari ekanini anglab yashashi sizu bizga bogʻliq ekanini taʼkidlashni istardim.

YUNESKO qaroriga muvofiq 1998-yilda Ahmad al-Fargʻoniy tavalludining 1200-yilligi xalqaro miqyosda keng nishonlanib, oʻsha yilning 24-oktyabr kuni Fargʻona shahrida Ahmad al-Fargʻoniy yodgorligi ochilgan edi. Quva shahridagi Shahriston xarobalari yonida allomaning haykali oʻrnatilgan, ramziy qabri bunyod etilgan. Bu ham buyuk ajdodimizning jahon sivilizatsiyasi rivojiga qoʻshgan ulkan hissasiga oʻziga xos eʼtirofdir.

Aholisining 60 foizini yoshlar tashkil etayotgan mamlakatimizda yoshlar taʼlim-tarbiyasiga berilayotgan yuksak eʼtibor, iqtidorli yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan islohotlar har jabhada, ayniqsa, oliy taʼlim tizimida yaqqol namoyon boʻlmoqda. Xususan, Fargʻona davlat universitetida talaba-yoshlarning bilim olishi, oʻz sohalarida ilmiy izlanishlar qilishi va milliy qadriyatlar ruhida tarbiya topgan yetuk kadrlar boʻlib yetishishi uchun barcha sharoitlar muhayyo. Yoshlarni moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlashga doir chora-tadbirlar koʻlami kundan kunga kengayib bormoqda. Oʻylaymizki, mehnatlar samarasi oʻlaroq, kelajakda mazkur oliygoh talabalaridan dunyo tan olgan noyob isteʼdod egalari, oʻz xalqiga sadoqatli, azmida qatʼiy maʼrifatparvar ziyolilar, Fargʻoniyning chinakam izdoshlari yetishib chiqadi.

Hozirgi globallashuv davrida turli maʼnaviy tahdidlar, ommaviy madaniyat hamda keskin kurash va raqobat hukm surayotgan, manfaatlar toʻqnashayotgan, bir soʻz bilan aytganda, qalqib turgan dunyoda tinch va osoyishta yashayotgan xalqimiz ajdodlar merosi xazinasiga egalik qilishda, undan samarali foydalanishda davom etsa, olam uzra qaddini tiklayotgan bu ulugʻ millat daraxtidan hali gurkiragan bogʻlar bino boʻlishi shubhasiz.

Zero, bu daraxtning ildizlari ming yilliklarga borib taqalishi, eng tiniq, eng shifobaxsh buloqlardan suv ichishi, dunyoga buyuk olimlar, allomalar hadya qilgan jasoratli xalq ekanini har lahza yod etishi oldimizga qoʻygan ulugʻvor maqsadimiz – Uchinchi Renessansning ham asosiy quvvat manbaidir.


Bahodirjon ShERMUHAMMADOV,

pedagogika fanlari doktori,

professor


Hamkorlik materiali