“Dunyo” AAning xabar berishicha, Oʻzbekiston elchixonasi maʼlumotiga koʻra, Oʻmonda ogʻir hayotiy vaziyatga tushib qolgan yurtdoshimiz I.S. murojaat qilib, ikki nafar voyaga yetmagan farzandi bilan yurtimizga qaytishida yordam soʻrab murojaat qilgan.

Murojaatda qayd etilishicha, u 2019-yildan buyon Oʻmonning al-Bureymi shahrida, asli kelib chiqishi eronlik boʻlgan, lekin hech bir davlat fuqaroligiga ega boʻlmagan, Ali ismli shaxs bilan sharʼiy nikoh asosida birga yashab kelgan. I.S. sharʼiy eridan 2020-yilda va 2022-yilda farzandlarni dunyoga keltirgan. Oila boshligʻining hech qanday hujjatga ega emasligi va qonuniy nikoh shartnomasining yoʻqligi sababli farzandlarga tugʻilganlik haqidagi guvohnomalarni rasmiylashtirish ham yillar davomida ortga surilib kelgan.

Shuningdek, oiladagi kelishmovchilik, noqonuniy erning farzandlarga nisbatan tez-tez kuch ishlatish holatlari va ularni al-Bureymi shahridagi xonadonda tutqinlikda saqlash holatlari ayolning Oʻzbekiston elchixonasiga yordam soʻrab ariza yozishga undadi.

Arizada qayd etilgan holatlar batafsil oʻrganilganidan soʻng, joriy yil 19-may kuni elchixona xodimlari al-Bureymi shahridagi I.S. ushlab turilgan xonadonga tashrif buyurishdi. Diplomatlar koʻmagida ona va uning ikki nafar voyaga yetmagan bolalar Masqat shahriga olib kelindi hamda vaqtincha yashash uchun joy bilan taʼminlandi.

Shundan soʻng, elchixona konsullik boʻlimi tomonidan Oʻmon tegishli davlat idoralariga murojaatlar qilinib, I.S.ning voyaga yetmagan farzandlariga tugʻilganlik haqidagi va Vatanga qaytish uchun guvohnomalar rasmiylashtirildi. “Vatandoshlar” jamoat fondi va Oʻzbekiston Migratsiya agentligi hamda Masqatdagi faol vatandoshimiz koʻmagida mazkur oilaning Oʻzbekistonga qaytishi uchun aviachiptalar xarid qilindi.

Mazkur oila joriy yil 18-iyun kuni Masqat shahridagi xalqaro aeroportdan Oʻzbekistonga kuzatib qoʻyildi.