“Toshkent arxitektura-qurilish universiteti faoliyatida taʼlim tizimi samaradorligini oshirish va ilmiy tadqiqotlarning amaliyot bilan integratsiyasini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori (PQ-209-son, 01.07.2025-y.) qabul qilindi.

Qarorga koʻra, Universitet faoliyatida erishiladigan asosiy samaradorlik koʻrsatkichlari etib quyidagilar belgilandi, jumladan:

  • dual taʼlim shaklini toʻliq joriy qilish orqali taʼlim jarayonlarining amaliyot bilan integratsiyasini taʼminlash;
  • ilmiy salohiyatni eksport qilish doirasida 2028-yil yakunigacha Universitet brendini shakllantirib, xorijiy davlatlardan kamida 1 000 nafar talabani jalb qilish.

2025/2026 oʻquv yilidan Toshkent arxitektura-qurilish universitetida oʻqitishning dual taʼlim shakli joriy etiladi.

Dual taʼlim dasturi kredit-modul tamoyili asosida quyidagilarda oʻtkaziladi:

  • 1-kurs talabalari uchun – taʼlim dasturlarining 60 foizi (nazariy qismlari) auditoriyalarda, 40 foizi (amaliyot qismi) qurilish sanoati korxonalarida;
  • 2-, 3- va 4-kurs talabalari uchun – taʼlim dasturlarining 40 foizi (nazariy qismlari) auditoriyalarda, 60 foizi (amaliyot qismi) qurilish sanoati korxonalarida.

Qarorga koʻra, 2025/2026 oʻquv yilidan tegishli taʼlim dasturlari boʻyicha amaliy mashgʻulot va laboratoriya ishlarining kamida 25 foizi xorijiy professor, xalqaro sertifikatga ega professional mutaxassislar tomonidan oʻtkaziladi.

2025-yil 1-sentyabrdan tajriba-sinov tariqasida “maktab – texnikum (litsey) – universitet” tamoyili asosida kadrlarni tayyorlash yoʻlga qoʻyiladi.

Bunda Toshkent shahri Yunusobod tumani 250- va 273-sonli umumtaʼlim maktablari Universitetga biriktiriladi va Universitet:

  • har oyda 1 marotaba 7–9-sinf oʻquvchilarini ularning qiziqishlari doirasida belgilangan sohalarga oid mavzularni Universitet laboratoriyalarida darsdan tashqari mashgʻulot sifatida oʻqitadi;
  • oʻquvchilarning Universitet laboratoriyalariga xavfsiz borib kelishlarini taʼminlaydi.

2025-yil 1-sentyabrdan “Universitet – laboratoriya – korxona – vazirlik” ekotizimi joriy etiladi. Ekotizim doirasida har yili:

  • hamkorlik qilayotgan qurilish sanoati korxonalaridan ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish boʻyicha buyurtmalar qabul qilinadi;
  • talabalar, magistrantlar, ilmiy izlanuvchilar oʻrtasida “Eng yaxshi 20 ta gʻoya” tanlovi eʼlon qilinib, saralab olinadi;
  • gʻolib loyihalar boʻyicha laboratoriyalarda tadqiqotlar oʻtkazilishi taʼminlanadi.

Shuningdek,Savdo-sanoat palatasi amaliyotga joriy etilgan ilmiy tadqiqotlar mualliflarini BHMning 35 baravari miqdorida moliyaviy ragʻbatlantiradi.

2025-yil 1-sentyabrdan davlat oliy taʼlim tashkilotlarining arxitektura va qurilish yoʻnalishidagi barcha laboratoriyalari faoliyati Universitet tomonidan “UniLab” platformasi orqali muvofiqlashtirib boriladi.