Qayd etilishicha, Toshkent shahri Olmazor tumanidagi “Chiltoʻgʻon“ mahallasi, “Usta Olim“ 2-berk koʻchasida joylashgan qurilish ishlari “STRONG CITIES” MCHJ tomonidan amalga oshirilgan. Biroq ushbu obyekt boʻyicha qonunchilikda belgilangan tartibda zarur ruxsatnoma va hujjatlar olinmagan.

Xususan, Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 20-apreldagi 200-sonli qarori talablariga koʻra:

  • qurilishga ruxsatnoma olinmagan;
  • arxitektura-rejalashtirish topshirigʻi ishlab chiqilmagan;
  • loyiha-smeta hujjatlari Toshkent shahar Qurilish boshqarmasi bilan kelishilmagan.

Toshkent shahar Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan oʻtkazilgan tekshiruvda, obyektda faqat yer uchun kadastr hujjatlari mavjudligi, qurilish va montaj ishlarini amalga oshirish uchun esa zarur hujjatlar yoʻqligi aniqlangan.

Natijada belgilangan tartibda ogohlantirish xati yuborilib, qurilish va montaj ishlari toʻxtatilgan.

Shuningdek, obyekt seysmik xavfsizlik talablariga javob bermagani bois, quruvchi tashkilot tomonidan oʻz ixtiyori asosida obyektda demontaj ishlari amalga oshirilgan.

Shu bilan birga, loyiha-smeta va boshqa tegishli texnik hujjatlar qayta koʻrib chiqilib, toʻliq rasmiylashtirilgan holda qurilish ishlarini belgilangan tartibda davom ettirilishi quruvchi tashkilot vakillari tomonidan taʼkidlangan.

Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi fuqarolarga uy-joy xarid qilishda obyektning barcha huquqiy hujjatlari va ruxsatnomalari mavjudligini sinchiklab tekshirish kerakligini eslatib o‘tdi.