Videoxabarda aytilishicha, Yozvyovon tumanining Tegirmonboshi MFYda istiqomat qiluvchi, 1991-yilda tugʻilgan shaxs oʻz yashash manzilida professional maʼlumotga ega boʻlmasdan 6 nafar voyaga yetmagan bolaga diniy saboq berib kelayotgani aniqlangan.

Hujra sharoitida diniy saboq berib kelish holat Qoʻshtepa tumanida ham aniqlangan. Mumtoz mahallasida istiqomat qiluvchi, 1975-yilda tugʻilgan fuqaro joriy yilning 30-iyun kuni oʻzining yashash manzilida hujra tashkil etgan. Erkak bu yerda voyaga yetmagan qizlarga diniy taʼlim berishni yoʻlga qoʻygan.

Xuddi shunday holat Dangʻara tumanida ham fosh etilib, unda Tangriqul MFYda istiqomat qiluvchi, 1963-yilda tugʻilgan fuqaro yashash manzilida 4 nafar bolalarga joriy yilning iyun oyi boshlaridan buyon diniy saboq berib kelgan.

Tegishli ruxsatnomaga ega boʻlmay turib, diniy saboq berish holati Fargʻona tumani Vodil MFYda joylashgan oʻquv markazida ham aniqlandi. Mazkur oʻquv markazida diniy saboq berish mumkin boʻlmasada, 1997-yilda tugʻilgan shaxs 28 nafar voyaga yetmagan bolalarga diniy taʼlim berib kelgan.

Ayni paytda aniqlangan holatlar yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, qonun ustuvorligini taʼminlash maqsadida sud idoralariga yuborildi.