Senatning ikkinchi yalpi majlisida “2025-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.
Taʼkidlanganidek, 2025-yil uchun Davlat byudjeti toʻgʻrisidagi qonun aholi farovonligini oshirish, kambagʻallikni qisqartirish, ijtimoiy soha xizmatlari sifatini yanada oshirish, “yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirish va atrof muhitni muhofaza qilishga qaratilgan. Unga koʻra 2025-yilda iqtisodiy shart-sharoitlarni hisobga olgan holda inflyatsiya darajasi 7 foiz atrofida boʻlishi prognoz qilinmoqda.
Xususan, Qonunda oʻrta muddatda konsolidatsiyalashgan byudjet taqchilligini yalpi ichki mahsulotga nisbatan 3 foizdan oshirmaslik vazifasidan kelib chiqib, 2025-yilda konsolidatsiyalashgan byudjet daromadlari 431,0 trln soʻm, xarajatlar esa 480,5 trln soʻm miqdorida shakllantirilgan.
Davlat byudjeti daromadlari 308,5 trln soʻmni, xarajatlari esa 344,8 trln soʻmni tashkil etmoqda. Davlat maqsadli jamgʻarmalari daromadlari va xarajatlari (byudjetlararo transfertlar hisobga olinmagan holda) tegishincha 66,4 trln soʻm va 62,8 trln soʻm miqdorida rejalashtirilmoqda.
Qonunda keyingi yilda ham xarajatlarning ijtimoiy yoʻnaltirilganligi saqlab qolingan boʻlib, Davlat byudjeti xarajatlarining 52 foizi yoki 177,7 trln soʻmi ijtimoiy sohaga yoʻnaltirilmoqda.
Senatorlar Qonunni muhokama qilish jarayonida byudjet daromadlarini oshirishga, byudjet mablagʻlarini maqsadli sarflashga alohida eʼtibor qaratdi va oʻz fikrlarini bildirdi.
Qonunda 2025-yil uchun Davlat byudjeti xarajatlarida ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish tadbirlari uchun 3,6 trln soʻm koʻzda tutilgan. Sogʻliqni saqlash sohasiga esa 41,3 trln soʻmni yoki 2024-yilgi kutilayotgan ijroga nisbatan 19,8 foizga oshgan holda ajratish rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmon va qarorlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlarida 2025-yilda hududlardagi dolzarb ijtimoiy muammolarni hal qilish, mahallalar infratuzilmasini takomillashtirish hamda davlat ahamiyatiga molik tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha belgilangan tadbirlar uchun ham mablagʻ ajratish koʻzda tutilmoqda.
Senatorlar oʻz chiqishlarida Qonunda byudjet daromadlari bazasini kengaytirish, mamlakatimizda aholi uchun munosib turmush sharoitlari yaratish, kambagʻallikni qisqartirish, taʼlim, sogʻliqni saqlash sohalarini hamda mahallalar infratuzilmasini takomillashtirish, shuningdek, tabiatni asrashni ragʻbatlantirish masalalariga eʼtibor qaratilganini taʼkidladi.