2025-yili koʻp oʻlchovli kambagʻallikni aniqlash mezonining yangi tizimi joriy etiladi

    Kambagʻalikni qisqartirish va bandlik vaziri Botir Zohidov kambagʻallikni aniqlash hamda aholini kambagʻallikdan chiqarish boʻyicha iqtisodiyotning oʻzgarishiga qarab, yangi yondashuvlar joriy etilishini maʼlum qildi.

    Bu haqda u poytaxtimizda davom etayotgan xalqaro hamkorlik tashabbuslari haftaligi doirasida “Ijtimoiy xizmatlarning kambagʻallikni qisqartirishdagi oʻrni: Barqaror rivojlanish sari yoʻl” mavzusida xalqaro davra suhbatidagi maʼruzasida aytib oʻtdi.

    Uning taʼkidlashicha, minimal isteʼmol xarajatlarini hisoblashning amaldagi usulida kambagʻal aholining turmushida pul bilan aks etmaydigan koʻrsatkichlari toʻliq inobatga olinmaydi.

    Shundan kelib chiqib, 2025-yilda koʻp oʻlchovli kambagʻallikni aniqlash mezonining yangi tizimi joriy etiladi.

    Bunda, kambagʻallik faqatgina daromad yoki isteʼmol bilan belgilanmaydi, balki taʼlim, tibbiy xizmat va fuqarolarning boshqa kundalik hayotiga taʼsir qiladigan mezonlar qamrab olinadi.

    Eslatib oʻtamiz, mazkur tadbir Tadbir Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi va Ijtimoiy himoya milliy agentligi bilan birgalikda tashkil etildi.

    Unda mahalliy hamkor tashkilotlar masʼullaridan tashqari 10 dan ortiq xorijiy mamlakatlardan ekspertlar mavzuga doir maʼruzalari va taqdimotlari bilan ishtirok etmoqda.

    Davra suhbatida xalqaro tashkilotlarning iqtisodchilari va ekspertlari kambagʻallikka qarshi kurashning asosiy masalalarini muhokama qilishadi. Shuningdek, ushbu sohasidagi mamlakat tajribasi va xalqaro amaliyotlar bilan oʻrtoqlashishadi.