40 ta tashabbus 20 kunda tayyor loyihaga aylanadi

    Yurtimizning turli hududlarida yoshlarning goh robot, goh biror texnika turini yasagani, uning yorqin kelajagi haqidagi iliq fikrlarni tez-tez eshitamiz. Ixtirochilarning katta umidlar bilan qilgan yangiligi koʻp hollarda taqdimotlarda, ommaviy axborot vositalaridagi chiqishlarda qolib ketadi.

    Yaʼni moliyaviy yoki boshqa sabablar bilan loyiha yoki gʻoya hayotga tatbiq etilmaydi.

    Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Innovatsion ishlanmalarni joriy etish ilmiy-amaliy markazi hamda Yoshlar akademiyasi hamkorligida oʻtkazilayotgan “Technoways” texnologik rivojlanish marafoni ham aynan shunday ishlanmalarni yuzaga chiqarish, bu borada yoshlarga yoʻl-yoʻriq koʻrsatib, tavsiyalar berishga qaratilgan. Poytaxtda ochilgan marafonning ikkinchi mavsumiga parallel ravishda Andijon, Sirdaryo va Toshkent viloyatida ham start berildi.

    Unda 20 kun davomida kelajak kasblari boʻlgan robototexnika, 3D prototiplashtirish, biotexnologiya boʻyicha markazga tegishli boʻlgan 6 ta laboratoriyaning texnik imkoniyatlaridan foydalanib, mutaxassislar tomonidan ishtirokchilarga bilim hamda koʻnikmalar onlayn va amaliy tarzda beriladi.

    — Marafonning birinchi mavsumida 11 nafar yoshning loyihalari ustida ishlandi, shundan 6 tasi moliyalashtirilib, qolganlari ham hayotga tatbiq etilish arafasida, — dedi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Innovatsion ishlanmalarni joriy etish ilmiy-amaliy markazi direktori oʻrinbosari Akbarxon Sobirxonov. — Ikkinchi mavsumga respublika boʻyicha 500 nafardan ortiq ishtirokchi 100 dan oshiq loyihalari bilan roʻyxat oʻtdi. Shundan 40 tasi tanlab olindi. Belgilangan 20 kun davomida mutaxassislar koʻmagida ular tayyor loyihaga aylanadi, eng yaxshilari 30 million soʻm miqdordagacha moliyalashtiriladi. Final bosqichida ushbu loyihalar ekspertlar va investorlarga taqdim etiladi. Yoshlarning oʻz loyihalarini amalga oshirolmasligining asosiy sababi, bozorni chuqur oʻrganmaslik va chet el tajribasidan xabardor boʻlmaslikdir. U yoʻlga qoʻymoqchi boʻlgan loyiha iqtisodiyotga qanday foyda olib keladi? Haqiqatan ham aholida unga ehtiyoj bormi? Shu kabi savollarga aniq javob topib, investorni ishontirishi kerak. Buning uchun gʻoya muallifining oʻzi mahsulotining qanchalik zarurligini aniqlab olishi lozim. Shundan kelib chiqib, marafon davomida yoshlarga moliyaviy va biznes bilimlar bilan birga tahlil va marketing ham oʻrgatiladi.

    Oʻz biznesini yoʻlga qoʻyish istagida boʻlgan yoshlarning gʻoya va ishlanmalarini biznesga aylantirishga, ixtirolarni moliyalashtirishga koʻmaklashuvchi marafon 10-dekabrgacha davom etadi.

    Sohiba MULLAYEVA,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri