Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga Oʻzbekiston Respublikasi milliy qonunchiligini Jahon savdo tashkiloti bitimlariga muvofiqlashtirishni nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun (OʻRQ-908-son, 15.02.2024-y.) qabul qilindi.
Qonun bilan JSTning Xizmatlar savdosi boʻyicha bosh bitimi talablariga muvofiq chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar va mahalliy korxonalarni davlat roʻyxatidan oʻtkazganlik uchun davlat bojining miqdori birxillashtirilgan holda BHMning 1 baravari miqdorida belgilandi.
Shuningdek, milliy intellektual mulk tizimini JSTning Intellektual mulk huquqining savdo bilan bogʻliq jihatlari toʻgʻrisidagi bitimi talablariga uygʻunlashtirish maqsadida:
- hukumat tomonidan patent egasining ruxsatisiz undan foydalanishga ruxsat berish mumkin boʻlgan aniq holatlar hamda ularga tovon puli toʻlanishini belgilab berish;
- oʻzga shaxsga tegishli sanoat mulki obyektidan (patentdan) jamoat manfaatlari uchun majburiy litsenziya asosida foydalanish huquqini olish va bunday foydalanganlik uchun patent egasiga mutanosib miqdorda tovon pulini toʻlanishiga oid alohida normalarni kiritish;
- patentlangan usuldan foydalanish jarayonida yuzaga keladigan nizolarda isbotlash majburiyatini aniqlashtirish;
- insofsiz raqobat oqibatida roʻyxatga olingan tovar belgilarini bekor qilish boʻyicha daʼvo muddatini bekor qilish;
- mahalliy va xorijiy talabnoma topshiruvchilarga intellektual mulk obyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazishda bir xil imkoniyat yaratish, xususan, patent boji miqdorlarini norezidentlar va rezidentlar uchun birxillashtirish, shuningdek, mazkur yangi stavkalarni jismoniy va yuridik shaxslar kesimida belgilash;
- ixtiro va foydali modellarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishda II guruh nogironligi boʻlgan shaxslarga belgilangan patent bojining 90 foizi, taʼlim oluvchi shaxslarga, ilmiy va ilmiy-pedagogik xodimlarga 30 foizi, yuridik shaxs boʻlgan kichik tadbirkorlik subyektlariga, davlat akkreditatsiyasidan oʻtgan taʼlim tashkilotlariga va ilmiy tashkilotlarga 25 foizi miqdorida imtiyozlar berish;
- original dori vositalarini ishlab chiqaruvchi korxonalarni qoʻllab-quvvatlash, xususan, dori vositasini yaratish jarayonida oʻtkaziladigan tadqiqotlar natijasida olinadigan klinik oldi va klinik sinovlar natijalarini himoya qilish;
- sanoat mulki obyektlaridan tabiiy ofatlar, halokatlar, epidemiyalar va boshqa favqulodda holatlarda foydalanilgan holatlarda ham huquq egasiga belgilangan miqdorda tovon puli toʻlanishni koʻzda tutuvchi qoidalar kiritildi.