Global iqlim oʻzgarishlari dunyo boʻyicha keskin yuqori harorat bilan ham xarakterlanmoqda. Xoʻsh, dunyo boʻyicha eng issiq harorat qachon va qaysi davlatda kuzatilgan? Eng issiq mamlakat qaysi? Oʻzbekiston tarixidagi eng issiq harorat qachon qayd etilgan?
“Yonayotgan” shaharlar va “Oʻlim vodiysi”
Business Insider nashri 2018-yilda sayyoramizning eng issiq davlatlari roʻyxatini tuzgan. Reytingga harorat va boshqa iqlim xususiyatlari hisobga olingan barcha ekzotik joylar kiritilgan.
Taʼkidlanishicha, roʻyxatning yuqori qismidan eng issiq iqlimga ega davlatlar, jumladan Hind okeanidagi orollar, Gambiya va Niger joy olgan. Roʻyxatning eng yuqori pogʻonasini esa Mali va Jibuti egallagan: bu davlatlarda oʻrtacha havo harorati 29 darajani tashkil qilib, deyarli yil davomida saqlanib qoladi.
Dunyodagi eng issiq harorat rasman 1913-yil AQSHda kuzatilgan. Kaliforniyadagi “Oʻlim vodiysi”da qayd etilgan harorat 56,7 daraja boʻlgan.
Oradan 7-yil oʻtib, 1922-yil Liviya choʻllarida 58 daraja harorat kuzatilgani haqidagi maʼlumot Butunjahon meteorologiya tashkiloti tomonidan rad etilgan.
Afrika qitʼasi uchun eng yuqori harorat 1931-yil Tunisdagi Kebili shahrida kuzatilgan boʻlib, 55 daraja issiqni tashkil qiladi. Osiyo qitʼasida esa Eron bu borada “yetakchi”: 2017-yilda mamlakatning Axvaz shahrida 54 daraja issiq kuzatilgan.
Avstraliyadagi eng issiq harorat Udnatta shaharchasida 1960-yilda kuzatilgan – 50,7 daraja issiq. Janubiy Amerikada eng yuqori harorat rasman 1905-yilda Argentinadagi Rivadaviya shaharchasida qayd etilgan – 48,9 daraja issiq.
Yevropadagi anomal issiq ob-havoning rekord darajasi 2021-yil qayd etilgan. Italiyaning Sitsiliya orolida harorat 48,8 darajagacha koʻtarilgan.
Eng sovuq materik – Antarktidadagi Seymur orolida esa 2020-yilda 20,7 daraja issiq qayd etilgan. BMT qoshidagi Butunjahon meteorologiya tashkiloti maʼlumotlariga koʻra, Antarktidada oxirgi 50-yilda harorat deyarli 3 daraja koʻtarilgan.
Oʻzbekiston tarixidagi rekord harorat
1983-yilda Buxoro viloyatida respublika tarixidagi rekord harorat, +49,9 darajali issiq kuzatilgan. 1914-yilda esa Surxondaryo viloyati Termiz sharida +49,6 daraja issiq boʻlgan.
Toshkent shahrida esa 1997-yil 18-iyulda termometr ustunchasi +44,6 daraja issiqni qayd etgan. Bu oʻsha davr uchun soʻnggi 160-yillik kuzatuvlar tarixidagi eng yuqori, rekord darajadagi issiq haroratdir.
Yaqinda BMTning Jahon meteorologiya tashkiloti “Tinch okeanining tropik qismida yetti yil ichida birinchi marta ʼEl-Ninyo sharoiti yuzaga kelganini” eʼlon qildi. Bu esa global haroratning keskin oshishi va ob-havo bilan iqlimning halokatli sharoitlariga zamin yaratadi. “El-Ninyo” Tinch okeani markaziy va sharqiy tropiklarida suv yuzasidagi haroratning koʻtarilishi bilan bogʻliq iqlim rejimi hisoblanadi. Mazkur hodisa 2-7-yilda bir marta sodir boʻlib, 9 oydan 12 oygacha davom etadi.
“Toshkent shahrida rekord darajadagi eng issiq harorat aynan oʻtmish El-Ninyo davrida kuzatilgan ekan”, — deb yozadi Erkin Abdulahatov.
Olimning qoʻshimcha qilishicha, Nukusdagi eng yuqori havo harorati 2002-yil avgust oyida kuzatilgan boʻlib, issiqlik +46,8 darajagacha koʻtarilgan.
Tarixdagi eng issiq yil
Olimlar oʻtgan 2023-yildagi iqlim natijalarini sarhisob qildi va bu kuzatuvlar tarixidagi eng issiq yil boʻlganini rasman tasdiqladi. Meteorologlarning maʼlumotlariga koʻra, 2023-yil 3-iyul kuni Yerdagi oʻrtacha harorat 17 darajadan oshdi, bu kuzatuvlar boshlangan 1979-yildan beri kuzatilmagan.
Mutaxassislarning ogohlantirishicha, dunyo allaqachon iqlim boʻyicha Parij kelishuvida belgilab qoʻyilgan isish chegarasiga yaqinlashmoqda — sanoatdan oldingi darajadan 1,5 daraja yuqori. Buning asosiy sababi sifatida issiqxona gazlari chiqindilarining ortib borayotgani aytilmoqda.
2023-yilda tabiiy ofatlardan kelib chiqqan moddiy zararning rekord darajasi ham kuzatildi. Yer sharining turli burchaklarida qurgʻoqchilik, suv toshqinlari, oʻrmon yongʻinlari va issiqlik toʻlqinlari boʻlgan.
Yil davomida sayyoradagi global harorat sanoatgacha boʻlgan davrdan (1850-1900-yillar uchun oʻrtacha qiymat) 1 daraja yuqori koʻrsatkichda saqlanib turdi. 365 kunning deyarli yarmida harorat meʼyordan 1,5 daraja yuqori boʻldi. Noyabr oyida esa birinchi marta 2 darajadan oshib ketdi.
2024-yilda qanday ob-havo kutilmoqda?
Olimlar, shuningdek, 2024-yilda oʻtgan yildagi koʻplab harorat rekordlari yangilanishini taxmin qilmoqda. Copernicus dasturi veb-saytiga koʻra, energiya ishlab chiqarish uchun qazib olinadigan yoqilgʻiga qaramlik va Tinch okeanidagi El-Ninyo iqlim fenomenining taʼsiri davom etadi.
Misrda +51°S issiqlik qayd etildi. Bu iyun oyida Misr tarixi uchun tarixiy rekord darajadagi eng issiq haroratdir. Arab mamlakatlari, Turkiya janubida ham ayni kunlarda juda issiq harorat toʻlqini hukm surmoqda.
Hindiston poytaxtida havo harorati boʻyicha ikki kun ichida ikkinchi marta rekord oʻrnatdi va Selsiy boʻyicha 52,3 darajaga yetdi.
2024-yilda ham Oʻzbekiston tarixidagi eng issiq yoz boʻlishi ehtimoli eʼlon qilingan.
Oʻzbekistonda odatdagi issiq yoz fasli (Toshkentda havo harorati +40 darajagacha), quruq kuz va sovuq qish bilan tavsiflangan La-Ninyo jarayoni rivojlana boshlaydi. Quruq kuz, yaʼni yogʻingarchilik miqdori meʼyordan past boʻlishi kutilmoqda», deyiladi xabarda.
Qayd qilinishicha, issiq yoz Oʻzbekiston iqlimi uchun tez-tez uchraydigan hodisa. Bunda janub va choʻl hududlarida +40…+45 darajagacha, qolgan hududlarda esa +40…+42 darajagacha issiq boʻladi. Eng issiq havo yoz oyida odatda 5-7 kun davom etadigan termal tushkunlik bilan bogʻliq va bunday holat 2-3 marotaba kuzatiladi.
Havo harorati qanday boʻlishidan qatʼi nazar, oʻzingiz va yaqinlaringizni ehtiyot qiling. Yuz.uzʻni kuzatishda davom eting.
Rashid Xoʻjamov tayyorladi.