Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 6-iyuldagi PF-165-sonli Farmoniga binoan, alohida tanlab olingan tumanlarda yuqori samarador innovatsiyalarni joriy etish, hudud aholisining turmush darajasini oshirish, yuqori texnologik yangi ish oʻrinlarini yaratish, ijtimoiy infratuzilmani yaxshilash va innovatsion biznes model asosida “Innovatsion hudud”larni rivojlantirish belgilangan.
Farmonga muvofiq, Toshkent viloyatining Ohangaron tumani va Chirchiq shaharlari “Innovatsion hudud” maqomini olishgan edi.
“Aqlli taʼlim” yoʻnalishi boʻyicha Ohangaron tumani “Qoraxitoy” mahallasidagi 12-umumtaʼlim maktabning kimyo laboratoriya xonasida “Interaktiv taʼlim VR” dasturi ishga tushirildi.
Maktab oʻqituvchilari va oʻquvchilari bilan birga birinchi darslik sinovdan oʻtkazildi. Soʻngra loyihaning mohiyati, afzalliklari oʻquvchilarga tushuntirildi. Endilikda kimyo fanidan laboratoriya ishlarida oʻquvchilar kimyoviy moddalar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri ishlashi shart emas. Hammasi virtual shaklda olib boriladi.
Shuningdek, ushbu dastur respublikamizda birinchilardan boʻlib mazkur maktabda oʻrnatilgani eʼtiborga molikdir.