85 yillik shonli doʻstlik yoʻliga nazar

    Xalqlar doʻstligi asrlar davomida yurtimiz zaminida qadriyat darajasida shakllanib, soʻngi besh yilda yangi bosqichga koʻtarildi.

    Buni davlatimiz rahbari taklifi bilan yurtimizda 30-iyul — Xalqlar doʻstligi kuni etib belgilangani va parlament tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining “Xalqlar doʻstligi kunini belgilash toʻgʻrisida”gi qonuni qabul qilingani misolida yaqqol koʻrish mumkin.

    Bayram sifatida aynan 30-iyul taklif qilingani bejiz emas. BMT Bosh Assambleyasining 2011-yil 3-maydagi 65-sessiyasida qabul qilingan rezolyutsiyasida xalqlar, davlatlar, madaniyatlar va insonlar oʻrtasidagi doʻstlik, tinchlikni taʼminlash bilan bogʻliq harakatlarni ilhomlantirish hamda madaniy xilma-xillikni hurmat qiladigan jamiyatlar oʻrtasida koʻprik oʻrnatish maqsadida 30-iyulni Xalqaro doʻstlik kuni sifatida keng nishonlash belgilangan.

    Bugun yurtimizda istiqomat qilayotgan 130 dan ortiq millat va elat vakillari allaqachon oʻzlariga “Bagʻrikeng diyorning baxtiyor insonlari” shiorini mayoq qilib, Vatanimiz iqtisodiyotining turli tarmoqlarida, taʼlim, sogʻliqni saqlash, ilm-fan va madaniyat kabi ijtimoiy sohalarida samarali mehnat qilyapti. Jonajon yurtimizning gullab-yashnashi, mustaqilligini mustahkamlashga, xalqaro maydondagi obroʻ-eʼtibori va imijini oshirishga munosib hissa qoʻshmoqda. Seul shahridan 5000 kilometr uzoqda — Toshkent shahrining “Xalqlar doʻstligi” bogʻidan koreys qoʻshiqlarining yangrayotgani buning yaqqol misoli.

    Yaxshi sherik bilan uzoqqa borasan!

    Janubiy Koreya va Oʻzbekiston oʻrtasidagi diplomatik aloqalar 1992-yilda oʻrnatilgan. Biroq ikki xalqning doʻstligi 1937-yilda 70 mingdan ortiq koreys oilasi majburan yurtimizga olib kelinganidan boshlangan.

    Prezidentimiz 2017-yilning 22–25-noyabr kunlari davlat tashrifi bilan Koreya Respublikasida boʻlganida mamlakatning oʻsha paytdagi Prezidenti Mun Chje In bu haqda toʻxtalib, jumladan, shunday degan edi: “Oʻzbekistonga 80 yil muqaddam millatdoshlarimiz uzoq Sharqdan majburan koʻchirib keltirilgan paytda oʻzbek xalqi ularni iliq kutib olgan va ehtirom koʻrsatgan, hozir ham koreys millatdoshlarimiz eng koʻp yashab kelayotgan yurt Oʻzbekistondir. Koreya xalqi Oʻzbekistonni birodar yurt sifatida biladi va men Oʻzbekiston haqida gapirganda doim qalbimda minnatdorlik tuygʻularini his etaman”.

    Davlatlarimiz oʻrtasidagi doʻstona munosabatlarni qoʻllab-quvvatlash hamda xalqlarimizni yanada yaqinlashtirishda yurtimizda istiqomat qilayotgan koʻp sonli koreys diasporasi muhim rol oʻynaydi. Bugun mamlakatimizda koreys xalqining 180 mingdan ziyod vakili istiqomat qilmoqda.

    Oliy Majlis deputati Viktor Pak soʻzlaydi

    Yurtimizda yashayotgan koreys millatiga mansub aholini bir joyda jamlayotgan Oʻzbekiston koreys madaniy markazlari assotsiatsiyasi mavjud. Assotsiatsiya faoliyati va koreys xalqining yurtimizga kelgan ilk yillari va bugungi kuni haqida yanada koʻproq maʼlumot olish maqsadida muassasa raisi Viktor Pak bilan suhbatlashdik.

    — Bugun bagʻrikeng Oʻzbekistonda istiqomat qilayotgan millat va elatlar orasida koreys diasporasiga mansub fuqarolar ham ahil-inoq yashab kelmoqda, — deydi V.Pak. — Bundan 85 yil avval sobiq ittifoq rahbariyatining tegishli qarori bilan koreys millatiga mansub aholi Sharq mamlakatlarining chekka hududlariga koʻchirilgan. Jumladan, oʻsha vaqtda Oʻzbekiston hududiga 75 mingdan ortiq koreys oilasi poyezdlarda keltirilib, joylashtirilgan.

    Mamlakatimizning asosan Toshkent viloyati, Qoraqalpogʻistonning Orolboʻyi hududidagi mahalliy aholi bu millat vakillarini quchoq ochib kutib olgan, non-tuz, uy-joy bergan, ogʻirini yengil qilib, moslashib yashashiga koʻmaklashgan. Oʻzbekiston hududining Toshkent shahri va Toshkent viloyati juda ixcham va qulay joylashib yashamoqda.

    Nisbatan kamroq qismi esa boshqa viloyatlarda ham istiqomat qilmoqda. Bir oylik yoʻlda sharoiti yoʻq, sovuq poyezdga solib joʻnatilgan koreyslarning bir foizdan koʻprogʻi, yaʼni keksalar, kasallar va yosh bolalar halok boʻlgan. Mana shunday azobli holda yurtidan ayrilgan muhojirlarni oxiri yoʻq xayollar, yechimi nomaʼlum savollar qiynardi. “Qayerga ketyapmiz?”, “Bizni kimlar, qanday hayot kutyapti?”, “Hayotimiz qanday kechadi?” degan javobsiz savollar bilan Oʻzbekistonga keladi.

    Oʻsha vaqtlarni eslaganda buvam: “Oʻzbekistonga kelganimizda kech kuz kirgan, qishning boshi edi. Aholi ham unday oʻzidan ortgan xalq boʻlmagan. Shunday boʻlsa-da, bizni bir xonali uyiga kiritib, oʻrtasidan parda tortib joy bergan, dasturxonidagi borini baham koʻrgan. Buni hech qachon esingdan chiqarma”, der edi.

    Mana 65 yoshga kirgan boʻlsam, esimni tanibmanki, hali oʻzbek bilan koreys tortishibdi, degan gapni eshitganim yoʻq. Ikki xalq voʻni-qoʻshni boʻlib, ahil yashab kelmoqda. Oʻzim ham mahalladagi oʻzbek yigitlar bilan doʻstlashib, ulgʻayganman. Hozirgacha doʻstligimiz davom etmoqda.

    Bagʻrikeng diyorda

    Mamlakatimizda yashayotgan koreys millatiga mansub 180 mingdan ziyod yurtdoshimizning 300 nafarga yaqini davlatimizning yuksak unvon va mukofotlari bilan taqdirlangan. Ular orasida deputatlar, hukumat aʼzolari, xizmat koʻrsatgan fan, madaniyat va sanʼat arboblari, yuqori malakali mutaxassislar bor.

    Bular qatorida Oʻzbekiston Qahramoni, Xivadagi Mehribonlik uyi direktori Vera Pak, maktabgacha taʼlim vaziri Agrippina Shin, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi raisining xorijiy aloqalar va vatandoshlar bilan ishlash boʻyicha oʻrinbosari Valeriy Tyan, Oliy Majlis deputati Viktor Pak, Oʻzbekiston Respublikasining Koreya Respublikasidagi elchisi Vitaliy Fen, rassom Nikolay Shin, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist Vladimir Kim, tibbiyot fanlari doktori, professor Aleksandr Shek ham bor.

    Yurtimizda soʻnggi yillarda kechgan islohotlar tufayli vaqtincha Oʻzbekiston fuqarosi maqomida yashab kelgan aksariyat koreys millatiga mansub boʻlgan insonlarga yurtimizning doimiy fuqarosi pasporti berildi. Jumladan, 2019-yili ham mana shunday muammosi boʻlgan 70 nafar koreysga Oʻzbekiston fuqarosi pasporti taqdim etildi.

    Bugungi kunda Oʻzbekiston koreys madaniy markazlari assotsiatsiyasining viloyatlarda 22 ta boʻlimi bor. Bu boʻlimlarda koreyslar oʻz ona tilini oʻrganadi, boshqa etnik birlashmalar bilan birga Oʻzbekiston Respublikasining davlat va milliy bayramlarini hamda Sollal — koreyscha yangi yil, Tano — yoz bayrami va Chusok — hosil bayrami kabi koreys xalqining milliy bayramlarini nishonlaydi.

    Oʻzbek xalqining azaliy milliy taomlari: osh, qozon kabob, norin, halim, sumalak, turli somsalar deyarli barcha koreys xonadonida tayyorlanadi va sevib isteʼmol qilinadi. Koreyslarning “chimchi” va boshqa salatlarini barcha oʻzbek dasturxonida koʻrish mumkin. Shuningdek, yurtimizda koreys filologiyasi 12 ta oliy taʼlim muassasasi, 48 ta maktab va litseyda oʻqitilmoqda. Har ikkala xalq vakillari oʻzbek yoki koreys filmlarini tomosha qiladi, shu tildagi qoʻshiqlarni sevib kuylaydi, eshitadi.

    Oʻxshashi yoʻq markaz

    2019-yilda poytaxtimizning Yashnobod tumanida Osiyo mamlakatlarida qulayligi, koʻrkamligi boʻyicha tengsiz Koreys milliy madaniyat markazi binosi qurildi. Ushbu markaz Oʻzbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi rahbarlari tomonidan tantanali ravishda ochilib, foydalanishga topshirildi.

    Mazkur madaniyat uyida 460 oʻrinli kinokonsert va konferensiyalar zali, kutubxona, badiiy galereya, restoran va xizmat xonalarni oʻz ichiga olgan. Bugun markaz allaqachon jamoatchilik va yoshlar intiladigan, mushtarak madaniyatni boyitadigan, totuvlik munosabatlari aks etgan ajoyib maskanga aylanadi.

    Bu joy alohida strategik sherik davlatlar — Oʻzbekiston va Janubiy Koreya munosabatlari tarixidagi yana bir yorqin maskan, desak, mubolagʻa boʻlmaydi. Yangi binoda koʻplab yangiliklar amalga oshiriladi. Koreys tilida kitob va gazetalar chop etilmoqda, koʻrgazmalar, konsert va festivallar, sport musobaqalari oʻtkazilmoqda.

    Ikki davlat rahbarlarining 2021-yil dekabr oyidagi uchrashuvida Prezidentimiz 2022-yilni “Oʻzbekiston va Koreya Respublikasi oʻrtasidagi oʻzaro almashinuvlar yili” deb eʼlon qilishni, Toshkentda Koreyslar tarixi muzeyi hamda Koreys madaniyat va sanʼat uyi qoshida kutubxona tashkil etishni taklif etdi. Hozir bu borada ishlar davom etmoqda.

    — Bugun koreys millati vakillari Yangi Oʻzbekistonni rivojlantirish va Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishda oʻzbek xalqi bilan bir tan, bir jon boʻlib harakat qilmoqda, — deydi Oʻzbekiston koreys madaniy markazlari assotsiatsiyasining masʼul xodimi Natalya Shek. — Aslida oʻzbek va koreys xalqlarining mentaliteti oʻzaro juda yaqin. Ikki millatni mehnatsevarlik, totuv yashashga intilish, fidoyilik kabi fazilatlar birlashtirib turadi.

    Buni tarixda va bugun oʻzbek va koreyslar hamkorligida barcha sohada bajarilayotgan ishlar natijasidan bilish mumkin. Koreys milliy madaniyat markazi ham ikki xalq hamkorligini tarixiy asoslarga tayangan holda yanada mustahkamlash, mamlakatning buguni va kelajagini yuksaltirish yoʻlida keng koʻlamli ishlarni bajarmoqda. Assotsiatsiyamiz markazida yangi loyihalar, jumladan, koreyslar tarixi muzeyi, kutubxona tashkil etilmoqda. Bu yerda koreyslar tarixi va madaniyatini ilmiy tadqiq etish, koreys millati vakillariga oʻzi yashayotgan zamin tili — oʻzbek tili hamda koreys tilida yozish, oʻqish, gapirishni oʻrgatish ham rejalashtirilgan...

    Azizbek AMONOV,

    Buxoro davlat universitetining

    yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy

    ishlar boʻyicha birinchi prorektori,

    sotsiologiya fanlar boʻyicha falsafa doktori