Uchrashuvlarda ikki xalq oʻrtasidagi mustahkam aloqalar, doʻstlik, qardoshlik munosabatlari yaqqol namoyon boʻldi. Respublika “Kinochilar uyi”da rejissyor Shuhrat Mahmudovning qozoq xalqi buyuk shoiri, maʼrifatparvar alloma, qozoq klassik adabiyoti asoschisi Abay Qoʻnonboy oʻgʻlining hayoti va ijodiga bagʻishlangan “Abay soʻzi” hujjatli filmi namoyish etildi.

Namoyish avvalida ikki qardosh xalqning tarixan mushtarak orzu-umidlari, mustahkam hamdoʻstlik aloqalari eʼtirof etildi. Ayniqsa, ikki hamdoʻst davlat rahbarlarining oqilona va doʻstona siyosati ikki elni yanada yaqinlashtirgani alohida taʼkidlandi. Qozoq milliy liboslaridagi nuroniy ulamolar, oqinlar, suluv qizlar tadbirga alohida fayz bagʻishladi.

Uchrashuvlarda qozoq xalqi vakillarinnig mamalaktimizdagi tinch va osoyishta hayoti, oʻz tili, dini, va eʼtiqodini emin-erkin amalga oshirishi uchun barcha sharoitlar yaratilgani ham alohida eʼtirof etildi.

- Abaydek buyuk qozoq allomasi haqida Oʻzbekistonda film yaratilishi xalqlarimiz oʻrtasidagi aloqalarning yangi pogʻonasidir, qozoq millatini, Abayni xurmat qilgan oʻzbek xalqiga biz ham taʼzimdamiz - deydi Oʻzbekiston-Qozogʻiston milliy madaniy markazi raisi Serikbay Usenov.

Shu kunlarda mamlakatimiz boʻylab barcha oʻquv yurtlarida ham “Abay soʻzi” hujjatli filmi namoyish etilmoqda. Film orqali yosh avlod ongida bolalikdanoq ikki davlat oʻrtasida hamdoʻstlikni, qon-qardoshlikni singdirish, dini, eʼtiqodi bir, milliy anʼanalari bir-biriga yaqin va mushtarak boʻlgan ikki millat bolalarini ushbu anʼanalarga sadoqat ruhida tarbiyalash koʻzda tutilgan.

Rejissyor Shuxrat Mahmudov kinokartinada qozoq millati ruhiyatini ochib berishga harakat qilgan va oʻsha davr muhitini olib kirgan. Filmda dekoratsiya uchun foydalanilgan oʻtov, naqshinkor liboslar, cholgʻu asboblari barchasi qozoq millatining boy maʼnaviy merosini ifodalab turibdi.

“Abay soʻzi” xujjatli filmi oʻzbek va qozoq tomoshabinlari tomonidan iliq kutib olinmoqda.