Har bir ishda samimiyat boʻlsagina uning asl bahosini anglaymiz

    Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining muborak nomi yana dillardan tillarga koʻchdi. Qani endi shunday izzat-ikrom barhayot chogʻida boʻlganida edi...

    2019-yil 10-may. Chilonzor tumanidagi Soʻgalli ota ziyoratgohi yonida shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf qurilishini boshlatgan masjid uzoq yillardan buyon qarovsiz holda qolib kelar edi. Davlatimiz rahbari Toshkent shahridagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishuvi jarayonida mazkur masjid qurilishi maydoniga tashrif buyurdi. Prezident tashabbusi bilan masjidga shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf nomi berildi.

    Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining muborak nomi yana dillardan tillarga koʻchdi. Qani endi shunday izzat-ikrom barhayot chogʻida boʻlganida edi...

    — Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf nafaqat yurtimizda, balki butun islom olamida tan olingan olim edi, — dedi oʻshanda Shavkat Mirziyoyev. — Hayotini muqaddas dinimiz arkonlarini oʻrganishga va targʻib etishga, xalqimiz, yoshlarimizni diniy maʼrifat ruhida tarbiyalashga bagʻishladi. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf 1989-yilda, juda qiyin va murakkab davrda Oʻrta Osiyo va Qozogʻiston musulmonlari diniy idorasi raisi, muftiy boʻldi. Bu davr islomiy ilmlar, diniy qadriyat va anʼanalar qayta tiklangan davr sifatida tariximizda alohida oʻrin tutadi. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf oʻzining ilmi, soʻzi va ibratli amallari bilan ona Vatanga, dinimiz ravnaqiga chin dildan halol xizmat qilish boʻyicha katta bir maktab yaratib ketdi, desak, toʻgʻri boʻladi. U kishining ilm va hayot yoʻli, boy merosini oʻrganish va xalqimizga yetkazish – barchamizning burchimizdir.

    Ulkan arbob

    U kishi islom olamida maʼlum va mashhur boʻlgan “Muxtasari Viqoya”, “Kifoya”, “Mazhablar – birlik ramzi”, “Mazhabsizlik – islom shariatiga tahdid soluvchi eng xatarli bidʼat” kabi kitoblarni oʻzbek tilida sharhlab, oʻsha murakkab yillarda koʻpdan-koʻp behuda ixtiloflarning oldini olishga katta hissa qoʻshgan.

    Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf 1980-yilda oʻqishni tamomlab, Liviyadan Oʻzbekistonga qaytib kelgach, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent Islom instituti oʻqituvchisi, rektor muovini, rektor vazifalarida ishladi, 1981-1989-yillar mobaynida tafsir, hadis, ulumi Qurʼon, aqida fanlaridan dars berdi. 1989-yili 6-fevralda Oʻrta Osiyo va Qozogʻiston musulmonlari diniy idorasi muftiysi boʻldi, dekabr oyida SSSR Oliy Kengashining deputati etib saylandi.

    Shayx hazratlari muftiy vazifasida xalqaro miqyosda ham keng faoliyat yuritib, koʻplab islom mamlakatlari bilan madaniy-maʼrifiy aloqalarni yoʻlga qoʻyish va rivojlantirishga erishgan. Ham muftiy, ham Oliy kengash deputati sifatida sobiq sovet ittifoqi prezidenti Mixail Gorbachyov hamda hukumatga musulmonlarning haq-huquqlarini hurmat qilish, ular uchun zarur sharoitlar yaratish masalalari koʻtarilgan maxsus bayonnoma taqdim etgan.

    Bayonnomada musulmonlarning haq-huquqlarini hurmatlash, ularning huquqlarini qaytarish masalalari koʻtarilgan edi. Mustabid mafkura hukmron boʻlgan oʻsha ogʻir zamonda bunday tashabbus bilan chiqish, hech shubhasiz, katta jasorat hisoblangan. Buning natijasida shoʻro hukumatining musulmonlarga nisbatan siyosati oʻzgarib, masjid va madrasalar ochildi. Shayx hazratlarining koʻplab talablariga binoan, Gorbachyov sobiq ittifoqdan haj safariga boradigan musulmonlar sonini keskin oshirish haqida qaror qabul qildi. 1990-yilda Markaziy Osiyo respublikalaridan 500 nafar musulmon Toshkent shahri orqali haj ziyoratiga borishga muvaffaq boʻldi. Agar oʻsha davrda butun sobiq ittifoq boʻyicha har yili bor-yoʻgʻi 20-30 kishi hajga borgani hisobga olinsa, bu juda katta natija edi.

    Shuni ham alohida taʼkidlash kerakki, u kishning muftiylik davrida birinchi marta 1990-yilda yurtdan borgan hojilar Saudiya Arabistoni hukumati tarafidan “Podshohning mehmonlari” sifatida qabul qilindilar, alohida eʼtibor, mehmonnavozlikka musharraf boʻldilar.

    Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari sovet delegatsiyasi aʼzoligida bir necha davlatlarga safar qiladi. Prezident Gorbachyovning taklifi bilan afgʻon mujohidlarining Peshovardagi vaqtincha qarorgohiga borib, afgʻoniy jihod qoʻmondonlari bilan muzokaralar olib boradi.

    Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari oʻz saʼy-harakatlarini sobiq ittifoq musulmonlarining diniy huquqlari, diniy taʼlim va madaniyatini tiklash yoʻlidagi toʻsiqlarni olib tashlashga yoʻnaltirgan edilar.

    U kishining dunyo musulmonlari oʻrtasidagi obroʻ-eʼtibori juda baland edi. Bu ulugʻ vatandoshimiz Dunyo mutafakkir ulamolari yigʻini ijroiya qoʻmitasi aʼzosi, Jahon musulmon ulamolari xalqaro uyushmasi, Dunyo islom uyushmasi kabi nufuzli tashkilotlar, Iordaniya podshohlik akademiyasi aʼzosi edi. Misrning “Nil lavri” oltin nishoniga sazovor boʻlgan. Zamonaviy Oʻzbekiston tarixida islomiy ilmlar boʻyicha hech kim bu darajada yuksak mavqega koʻtarilmagan.

    ***

    Ushbu jome masjidga shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning oʻgʻli, boshlagan xayrli ishlarining davomchisi, bir necha islomiy tashkilotlar aʼzosi va moʻmin-musulmonlarga juda katta xizmat qilayotgan “Hilol nashr” majmuasi rahbari Ismoil Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf imom-xatib etib tayinlandi.

    Masjidga tashrifi davomida Prezidentimiz shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf haqidagi quyidagi xotiralari bilan ham boʻlishgan edi:

    – Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarini juda hurmat qilardim, koʻp uchrashib yurardim. Hazrat juda koʻp kitob oʻqigan inson edi. Men u kishi bilan koʻp bora muloqotda boʻlganman. “Kitob oʻqimagan odamning ruhiyati ham, kelajagi ham, umidi ham yoʻq”, derdi. Arab tilini juda mukammal bilar edi. Albatta, Imom Buxoriy, Moturidiy, Termiziy haqida gapiramiz. Lekin mustaqil Oʻzbekistonga ham shunday odam juda kerak boʻlgan.

    Maʼnaviy sifatlari

    Shayx Muhammad Sodiqning tashqi surati qanday koʻrkam boʻlsa, ichki olami yana-da goʻzal edi. U kishi yuragi toza, koʻngli keng, xushxulq, adolatparvar, haqgoʻy, bagʻoyat samimiy, nihoyatda xolis, qalbi salim, ruhan ulugʻvor, pok niyatli inson edi. Oʻziga yoki oila aʼzolariga yaxshilik qilganlarni har doim qadrlar, yaxshiliklariga yarasha ularga muruvvat koʻrsatardi. Biror insonga yomonlikni ravo koʻrmasdi. Oilaparvar, bolajon, vatanparvar, xalqparvar, olijanob inson edi. U kishi pokizalikni, tartib-intizomni, goʻzallikni yaxshi koʻrardi.

    Hech kimga nisbatan adovat qilmas, hech kim bilan dushmanlashmas edi. Oʻziga nisbatan qilingan xatokorliklarni ham kechirib yuborardi. Doim buyuk ishlarning payida boʻlardi. Maydakashlikni yoqtirmasdi, gʻiybat-igʻvoga mutlaqo qarshi edi. Xayrli ishlarini, har qancha salmoqli boʻlmasin, buyuk sanamas, barchasini yolgʻiz Allohdan koʻrardi. Oʻzgalarning xayrli ishlarini juda ham olqishlar, ularning muvaffaqiyatlaridan behad quvonardi.

    Har bir soʻzi, har bir ishi ilm asosida boʻlardi. Qurʼonu sunnatga imkon qadar toʻla amal qilardi. Mazhabga doim rioya etardi. Islomga, ilmga xiyonatni hech qachon yoqlamasdi. Nimani yozgan, nimani aytgan boʻlsa, avvalo, oʻzi unga amal qilardi. Dunyo matohini umuman eʼtiborga olmasdi. Dinu el tashvishidan boshqa gʻami boʻlmasdi.

    Shayx Muhammad Sodiqning ilmga muhabbati cheksiz boʻlib, uning uchun eng qadrli va qimmatli narsa vaqt edi. Talabalik davridan boshlab oʻzi uchun kun tartibi va kundalik vazifalarni tayinlab olgan va bu nizom “temir qonun” sanalardi. U bunga qatʼiy amal qilardi. Biror onni behudaga sarf qilmasdi. Shuningdek, har nafasda qalban zikr va muroqabada turardi.

    Baraka

    Shayx hazratlari juda koʻp kitoblar, diniy asarlar yozdi. Bir kun huzurlarida soʻragandim: “Qanday ulgurasiz shuncha narsa yozishga, biz oʻqishga ulgurmayapmiz-ku? Yo hammaga vaqt barakasi turlicha beriladimi?”

    Javob titratib yuborgan: “Olti yoshimdan boshlab otam menga ustozlik qilganlar va oʻshandan beri hech qachon bomdoddan keyin uxlamaganman!”

    Baraka. Ha, Alloh oʻzi yaratgan vaqt neʼmatini bandalariga turlicha ulashadi. Bunga oʻtmish daholari – Navoiy hamda Buxoriyga oʻxshagan “koʻp va xoʻp” yozganlar misol. Yurtimiz allomalari ichida Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari ham shular qatoridan oʻrin olgandek. Axir, buncha asarni yozish uchun bir inson umri yetadimi? Matematik hisoblaganimizda ham chiqmasa kerak.

    Shayx oʻzi kim?

    Bu savolga koʻp shogirdlari javob berishgan. Taqsirimning xizmatlari beqiyosligini koʻrib, turli taʼriflarni eshitib, ha, bunaqa insonlar bitta taʼrif qolipiga tushmaydi, degandim. Men shayxning bu qadar olamshumul yutuqlarining asl ildizini topishga urinib, oʻzimcha topganman: padari buzrukvori va muhtarama volidasi! Shayxning Andijondagi uyiga borgan va otasini ham ziyorat qilganlarning aksaridan bir gap eshitganman: “Bunaqa otadan shayx tugʻilishi tabiiy!”

    Oʻtmishdagi ulamoi zamon tarixini oʻqiganim yodimga tushadi. 18 yoshida shayxga aylangan alloma nomi Sharq uzra qanot qoqadi. Azhar universiteti rahbarlari uning uyini topib kelishadi. Faqat nomi taniqli olim uyida boʻlmaydi. Ichkaridan ayollar ota-bola hali uyga kelishmaganini aytishadi. Azhar rahbarlari kutib turamiz, deb hovli yoniga choʻkishadi. Shunda uzoqdan bir kishi molining ogʻzini latta bilan yopib olgan koʻyi shu uy tomon kela boshlaydi. Salom-alik boʻlgach, bu kishi ulamoi zamonning otasi ekani maʼlum boʻladi.

    – Mol ogʻzini nega latta bilan yopib olgansiz, otaxon?

    – Yoʻlda birovning hovlisi yonidan oʻtamiz. Maysa-oʻtini yeb qoʻymasin deyman.

    Azhar olimlari javobdan bunday xulosa yasashadi:

    – Ketdik, olim yigitni koʻrishimiz shart emas. Bu otadan u tugʻilishi tabiiy...

    Shayx hazratlari oilasi ham shunga oʻxshash. Otasining tinmasdan olimlar xizmatida “Duo qiling, farzandim olim boʻlsin!” deb duolar soʻraganini hamma aytadi. Oʻsha duolar haqqi rost ijobat boʻldi.

    Shayxning asosiy sifati

    Rosa oʻylanganman. Chindan ham asosiy sifat nima? Ilmga ragʻbat, sabr, iymon, jiddiylik, farosat va talay javoblar yangraydi. Men buni ham bir ulugʻ tasavvuf ulamosining duosidan topganman:

    Ul zot oʻz duolarini oʻqir ekan, oxirigacha sabrim chidashi qiyin boʻlgan. Duo mazmuni quyidagicha: “Alloh, bizga Odamning tavbasini, Nuhning irodasini, Dovudning ovozini, Ayyubning sabrini, Ibrohimning iymonini, Ismoilning tavakkulini, Musoning tafakkurini, Iysoning tavozesini...” deb davom etguvchi duo. Bu roʻyxat choʻzilib borar ekan, sifatlar egalariga ulashib borilar ekan, oxirida Muhammad alayhissalomga qay sifat aytilar ekan, deb turganimda, oxirgi ummat paygʻambariga navbat keldi va “...Muhammad alayhissalomning samimiyatlarini ber!” deb tugadi duo.

    Yo Rabbiy, bu qanday goʻzal sifat. Samimiyat. Ha, oxirgi paygʻambar to qiyomatga dovur davom etadigan dinning ustida ekan, bu sifatsiz turli millat va elatlarga yoyilishi imkonsiz. Ha, har bir ishda samimiyat boʻlsagina, uning asl bahosini anglaymiz. Shayx hazratlarida men Rosululloh sallollohu alayhi va sallamdan olingan meros – samimiyatni koʻrganman. Juda samimiy inson edi.

    Farosat ahli

    Tojikistonlik olim Akbar Toʻrajonzoda shayx vafoti kuni radioda intervyuda quyidagi hodisani aytib bergandi. Shu voqeaning oʻzi menga shayx hazratlari naqadar farosatli va fasohatli zot ekanini tushuntirgan:

    “Yurtdan ketib qolgan payti shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari bilan chetda, muhojirotda koʻrishib qoldim. Oʻsha payt men ham yurtimda emasdim. Ul kishimga savol berdim:

    – Hazrat, bir necha yildan buyon boshqa yerlarda yuribsiz. Nega hech yurtingiz haqida tanqidiy fikrlaringizni aytmaysiz?

    Oʻzim ham oʻsha paytlari oʻz diyorim haqida qattiq gaplar aytib turardim.

    Shayxning javobi kuchli boʻldi:

    – Bizga buyurilgan va biz qilishimiz lozim boʻlgan ish – dinning gʻami. Bunaqa mayda ishlarni esa oʻz egalari – mayda odamlar qilishadi!

    Bu gap menga tarsaki edi. Shundan keyin asosiy yumushga bel bogʻladim”.

    Vafoti

    Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf 2015-yil 10-mart kuni yurak xurujidan vafot etdi. Ertasi kuni peshinda Koʻkcha dahasidagi Shayx Zaynuddin masjidida janozasi oʻqildi. Janozaga mamlakatning turli mintaqalaridan 200 000 dan ortiq kishi yetib keldi. U kishi masjid yonidagi Shayx Zaynuddin qabristoniga dafn etildi.

    Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning vafoti musulmon ummatiga, xususan, oʻzbekzabon musulmonlarga katta musibat boʻldi. Oʻsha kunlarda uning vafoti xalq orasida va ijtimoiy tarmoqlardagi eng ulkan hodisaga aylandi. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf musulmonlarning qalbidan qanchalar buyuk oʻrin olgani namoyon boʻldi. Unga atab marsiyalar bitildi.

    Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf kishilarning ixlos-muhabbatini naqadar qozonganiga yana bir dalolat shuki, uning ortidan butun xalq duoyi xayrlar qildi, koʻpchilik oʻz ixtiyori bilan xatmi Qurʼonlar, xayru sadaqalar, turli marosimlar uyushtirdi. Bir qancha xorijiy davlatlardagi musulmonlar ham uning haqqiga tilovati Qurʼon hamda gʻoyibona janoza oʻqishdi.

    Xayrulla HAMIDOV,

    jurnalist