Adliya vaziri MDH ishtirokchi davlatlari adliya vazirlari Kengashining oʻn oltinchi majlisida qatnashdi

    Xalqaro hamkorlik 1 Iyul 2022 1388

    Joriy yil 30-iyunda Sankt-Peterburg shahrida Peterburg xalqaro yuridik anjumani doirasida MDH ishtirokchi davlatlari adliya vazirlari Kengashining oʻn oltinchi majlisi boʻlib oʻtdi. Unda mamlakatimiz nomidan Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri Ruslanbek Davletov ishtirok etdi.

    Maʼlumot uchun: Adliya vazirlari Kengashi MDH ishtirokchi davlatlarning davlat rahbarlari Kengashi va davlat hukumatlari rahbarlari Kengashining organi hisoblanib, oʻz vakolati doirasidagi masalalar, jumladan, adliya vazirliklari bilan hamkorlik qilish, MDH ishtirokchi davlatlari qonunchiligini uygʻunlashtirish, ishtirokchi-davlatlarning huquqiy siyosatini shakllantirish va amalga oshirish kabi va boshqa masalalar bilan shugʻullanadi.

    Kengash aʼzolari qatoriga Armaniston Respublikasi, Belarus Respublikasi, Qirgʻiziston Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi, Tojikiston Respublikasi va Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirlari kiradilar. Kengashga Oʻzbekiston 2019-yilda aʼzo boʻlgan.

    Majlis kun tartibidagi asosiy masalalardan biri—davlat huquqiy siyosatini amalga oshirishda va ishtirokchi davlatlardagi huquqiy islohotlarda adliya vazirliklarining roli mavzusi boʻldi. Anjuman davomida vazirliklar rahbarlari advokatura sohasidagi dolzarb masalalarni hamda sud ekspertizasi sohasini rivojlantirish tendensiyalarini ham muhokama qildi.

    Jumladan, adliya vaziri R. Davletov ushbu yoʻnalishlarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar xususida toʻxtalib oʻtdi. Bunda vazir huquqiy bazani tizimlashtirish va raqamlashtirish, huquqiy (shu jumladan, korrupsiyaga qarshi va gender-huquqiy) ekspertizaning zamonaviy usullari, meʼyorlashtirish taʼsirini baholash, meʼyorlashtirishga oid qarorlar qabul qilinishining ochiqligi, huquqiy madaniyatni yuksaltirish kabilarga eʼtibor qaratdi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga bir qator masalalar yuklatilgani taʼkidlandi. Birinchidan, davlat boshqaruvida funksional va tashkiliy tarkibni optimalashtirish, vazirlik va idoralarni tashkil etish va tugatishning aniq tartibini yaratish, ularning tarkibi va shtatlariga qoʻyiladigan talablar.

    Ikkinchidan, korrupsiyaviy xatarlarni kamaytirish imkonini beruvchi aksilbyurokratlashtirish va diskreksion vakolatlarga barham berish.

    Uchinchidan, Davlat boshqaruvini aksilmarkazlashtirish, shu jumladan qator davlat funksiyalarini xususiy sektorga oʻtkazish.

    Bundan tashqari R.Davletov davlat xizmatlari koʻrsatish xususida alohida gapirib oʻtdi. Bunda biznes-jarayonlarni takomillashtirish orqali davlat xizmatlarini maqbullashtirish boʻyicha ish olib borilayotganini taʼkidladi.

    Jumladan, yaqin besh yilda taqdim etilayotgan davlat xizmatlari soni yiliga 22 millionga yetkazilishini maʼlum qildi.

    Shu bilan birga advokatura islohotlari va sud-ekspertiza sohasini rivojlantirish masalalariga eʼtibor qaratildi.

    MDH ishtirokchi davlatlari adliya vazirlari Kengashining 17 majlisini 2023-yilda Tojikiston Respublikasida oʻtkazishga kelishib olindi.

    Majlis ochiq, doʻstona va oʻzaro ishonch ruhida oʻtdi. Uning yakunlari boʻyicha tegishli qarorlar qabul qilindi, deb xabar beradi Adliya vazirligi matbuot xizmati.