Aholisi eng ko'p kitob o'qiydigan mamlakatlar ro'yxatidan qachon joy olamiz?!

    Dunyoda kishilar haftasiga 16,6 soat vaqtini televizor ko'rishga sarflasa, 8,9 soatni kompyuter qarshisida o'tkazar ekan, 6,5 soatlik davrini esa mutolaaga ajratar ekan.

    Yaqinda bir ma'lumotga ko'zim tushdi: “NOP World” xalqaro reyting agentligi ma'lumotlariga ko'ra, butun dunyoda kishilar haftasiga 16,6 soat vaqtini televizor ko'rishga sarflasa, 8,9 soatni kompyuter qarshisida o'tkazar ekan, 6,5 soatlik davrini esa mutolaaga ajratarkan. Haftasiga eng ko'p kitob o'qiydigan mamlakatlar ro'yxatida Hindiston — 10,7, Tailand — 9,4, Xitoy — 8, Filippin — 7,6, Chexiya — 7,4, Rossiya — 7,1, Shvetsiya — 6,9, Fransiya — 6,9 va Vengriya — 6,8 soat bilan yuqori o'rinlarni egallaganligi qayd etilgan.

    Endi ro'yxatdagi davlatlarning bugungi kundagi shiddatli taraqqiyoti, mustaqil mamlakat sifatida dunyoda o'z o'rniga ega ekanligini kuzatadigan bo'lsak, biz bugun so'z yuritayotgan masalaning mohiyati yana bir bor yaqqol anglashiladi.

    Xo'sh, biz qachon shu davlatlar qatoridan joy olamiz?

    Bizning bobokalonimiz hind diyoriga borib, u yerda ulkan saltanat barpo etmaganmidi?..

    Ajdodlarimiz Buyuk ipak yo'li orqali Uzoq Sharqqacha, xususan Chin yurtiga-da, dunyo dinlaridan birini olib bormaganmidilar...?

    Buyuk sohibqiron Evroosiyoning yuqoridagi ruyxatdagi davlatlarining mazlum xalqlariga mustaqillikning nashidasini olib bermaganmidi?..

    Aytaversa gap ko'p. Shonli o'tmish bilan kibrlanib qolaverish ham nafaqat kishini, balki jamiyatni ham tanazzulga yetaklaydi. Xo'sh, shunday ekan, biz qachon shu davlatlar qatoridan joy olamiz? Toki kitobga mehrni har bir bola qalbida murg'akligidanoq singdira olsak. Bugunning bolasi kitobdan ko'ra, texnologiyalarga ishtiyoqmand. Uch-to'rt yoshli farzandingizning oldiga kitob va telefon qo'ying. Albatta, texnikaning ohanrabosi uni o'ziga jalb qiladi va tabiiyki unga intiladi. Aslida o'sha murg'ak qalb sohibiga ham biz o'zimizning xatti-harakatlarimiz bilan kitobga emas, telefonga mehrni jo qilib bo'lganmiz. Onalar alla aytmagan, bola uyali aloqa vositasidagi musiqa ta'sirida shirin uyquga ketgan. ertaklar aytilmagan, G'arb multfilmlari ta'sirida uyqu elitgan uni. Ota-ona kitob-gazetani qo'liga olmagan, ikkisi ikki tomonda telefondagi o'yinlar, muloqotlar, tasvirlar qurshovida yashashgan. Oqibati esa bu. Sрunday ekan, biz kitobga mehrni bolaga ona yuragining ostida ekanligidayoq singdirmog'imiz lozim. Insonning kitob tanlashdagi yuqori darajadagi didi — uning kitobxonligi, “kitobxo'r”ligi bilan shakllanib borishiga ishonish qiyin. Ko'cha ko'yda: “Men anov yozuvchining to'qqiz tomlik kitobini, falonchi shoirning yigirma beshta to'plamini o'qib chiqqanman. Uyimda rosa ko'p kitob bor, ularni yig'ib kelajak avlod uchun, bolalar uchun kutubxona qilib borayapman”, deya bugungi kun “Bozor adabiyoti” namunalarini to'plab, maqtanayotganlarni ham uchratishimiz bor gap. Ammo bu darajadagi soxta kitobxo'rlikdan ne naf?. Avvallari kitobga, kitobxonlikka e'tibor yo'qligi haqida ko'p gapirilardi. Davlat rahbari tomonidan xalqimizda kitobxonlik madaniyatini yanada shakllantirish uchun farmoyish e'lon qilinib, eng muhim qadamlar qo'yilyapti.

    Xo'sh, farmoyish ijrosini amalga oshiruvchi mas'ullar, mutassaddilar, biz ziyolilar qanday ishlarni amalga oshirishimiz kerak. Yana har kim o'zining bilgan kuyini chalishi kerakmi? Xullas, “kerakmi” degan so'z xayolda g'ujg'on o'ynaydi. Kitobni ko'paytirish kerak ekan deb, yuk bosmaydigan minglab, o'n minglab ijod namunalarini chop etaverishimiz kerakmi?.. Kitobxonlikni targ'ib etaylik deb ta'lim muassasalariga borib, o'zimizning, yaqinlarimizning, shogirdlarimizning yangi kitoblarini ko'kka ko'tarib maqtab, sotishimiz kerakmi?.. Kitob do'koni ochamiz deya savdo rastalarini “Bozor adabiyoti” namunalari bilan to'ldirishimiz kerakmi?..

    Darvoqe, bu huquqiy hujjat bizning bugungi farovon va tinch hayotimiz uchungina emas, davlatimizning yorqin va ulug kelajagi uchun ham dasturulamal ekanligini har birimiz teran anglab etmog'imiz kerak.

    Barcha mas'ullar qatorida, farmoyishdagi ma'lum vazifalar O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, O'zbekiston Jurnalistlari uyushmasining hududdagi bo'limlariga ham bevosita yuklanadi. Ularning bu boradagi say-harakatlari, olib borayotgan ishlari alohida bir mavzu, ammo oxirgi yillarda jurnalistika va adabiyot olamiga g'oyat dadillik bilan kirib kelayotgan, mukammal so'z aytish ishqida ijod qilayotgan vohamizdagi yosh adabiy avlod vakillarining ko'pchiligini bu tashkilotlar a'zosi bo'lishdek nom, qachonlardir nom orqali yuzaga kelgan sharaf qiziqtirmayotganligidan ko'p jihatlarni anglash mumkin.

    “O'zbekiston – 2030” strategiyasida ham kitobxonlikni targ'ib etish hamda uni yanada ommalashtirish va yoshlarni kitob o'qishga qiziqtirish masalalariga alohida to'xtalingan bo'lib, o'zbek va jahon adabiyoti durdonalarini keng ommalashtirish, jamiyatda kitobxonlikni hamda aholiga axborot-kutubxona xizmatini ko'rsatishni rivojlantirish, xususan, har yili 100 ta eng yaxshi badiiy asar hamda bolalar va o'smirlarga mo'ljallangan 50 ta badiiy kitoblar yaratish belgilab berilgan.

    Qachondir, kimningdir mana shu fikrini o'qigandim: Kitoblar harflarni tanishga, harflardan so'zlar, so'zlardan fikrlar izlashga o'rgatadi, aslida ular yashashga o'rgatishi lozim. Yashashga o'rgatmagan kitobning fikrlashga o'rgatishiga men ishonmayman. Shunday ekan, biz qalamga olayotgan har bir mavzu, chiqarayotgan kitobimiz, yosh avlodni kitobxonlikka yanada keng miqyosda o'rgatishimiz bugungi kunimiz, kelajagimiz, vatanimiz taqdiriga daxldor ekanligini unutmaylik.

    Muhiddin Xidirov,

    Temiz davlat universiteti o'qituvchisi