Akademiya rektori xalqaro konferensiyada ishtirok etmoqda

    Oʻzbekiston Respublikasi Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisining birinchi oʻrinbosari, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov rahbarligida bir guruh olimlarimiz Rossiya Federatsiyasidagi Bolgar islom akademiyasida xizmat safarida boʻlib turibdi.

    Bugun yurtimiz olimlari Bolgar islom akademiyasida 23-25-sentyabr kunlari boʻlib oʻtadigan “Zamonaviy taʼlim tizimida islomshunoslik va islom ilohiyoti fanlari: muammolar va istiqbol rejalari” mavzusidagi II Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada ishtirok etdi.

    Rossiya musulmonlari markaziy diniy boshqarmasi va uning Tatariston Respublikasidagi boshqarmasi, Ilmiy va taʼlimiy ilohiyot birlashmasi, Islom madaniyati, ilm-fan va taʼlimni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi koʻmagida tashkil etilgan xalqaro konferensiyada islom olamidagi 30 dan ortiq nufuzli davlat tashkilotlari hamda 200ga yaqin taniqli olimlar dolzarb mavzudagi maʼruzalari bilan qatnashmoqda.

    Zamonaviy sharoitda islomshunoslik va islom ilohiyotshunoslik fanini rivojlantirishning dolzarb nazariy va amaliy masalalari muhokama etilayotgan mazkur yirik anjumanda Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov ham “Oʻzbekiston Respublikasida diniy-maʼrifiy sohadagi islohotlarning ayrim oʻziga xos xususiyatlari” mavzusidagi maʼruzasi bilan ishtirok etib, yurtimizda diniy eʼtiqod va vijdon erkinligini taʼminlash, diniy taʼlim sohasidagi yangilik va ilgʻor tajribalar xususida soʻz yuritdi.

    Xususan, Rektor oʻz nutqida yurtimizda milliy anʼana va qadriyatlarimizni rivojlantirish, ulugʻ alloma ajdodlarimiz ilmiy merosini chuqur oʻrganish, yoshlarni ilm-maʼrifatli, intellektual barkamol avlod etib tarbiyalashga davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishi sifatida eʼtibor qaratilayotganini taʼkidladi.

    Shuningdek, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasidagi taʼlim va ilmiy faoliyatidagi yutuqlar, yosh kadrlarni tayyorlashda mamlakatimiz, xususan, Akademiyaning oʻziga xos tajribasi bilan oʻrtoqlashdi.

    Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi rektorining mazkur maʼruzasi konferensiya qatnashchilarida katta taassurot qoldirib, oʻzaro hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish, birgalikda ilmiy-amaliy anjumanlarni muntazam oʻtkazish haqida takliflari bildirildi.

    Eʼtiborlisi, xalqaro konferensiyada Oʻzbekistonda Ziyorat turizmini rivojlantirish, qadim va muqaddas qadamjolarga sayyohlar oqimini koʻpaytirish borasida amalga oshirilayotgan keng miqyosli bunyodkorlik, ilmiy-maʼrifiy tadqiqotlar ham eʼtirof etildi.

    Ayniqsa, Oʻzbekiston Respublikasi Din ishlari boʻyicha qoʻmita bilan rasmiy hamkorlik oʻrnatilgan holda, Rossiya Federatsiyasining Islom madaniyati, ilm-fan va taʼlimni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi koʻmagida 90dan ortiq muftiyatlari ziyoratini tashkil etish borasidagi amaliy takliflar barcha ishtirokchilar tomonidan qoʻllab-quvvatlangani ahamiyatlidir. Zero, ziyorat sayyohligi asosida islom ilm-maʼrifatini oʻrganish, ulugʻ allomalar maʼnaviy merosini anglash va tadqiq etishga qiziqishning ortishi ilmu ziyoning keng yoyilishga omil boʻlishi shubhasiz.

    Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi

    Matbuot xizmati