– Alisher Navoiy ijodi bamisoli bir ummondir. Shu bois tadqiqotchilarimiz ushbu tengsiz maʼnaviy xazina sari maxsus tayyorgarlik bilan qadam qoʻyishgan. Qurʼoni karimdan, hadislarimizdan, tasavvuf ilmidan hamda koʻplab koʻhna manbaralimizdan xabardor boʻlmagan inson bu ilohiy chashmadan toʻlaligicha bahramand boʻla olmaydi. Siz bu noyob merosimizni qanday tayyorgarlik va maqsadlar bilan oʻrganishga ahd qildingiz?
– Albatta, hazrat Navoiy ijodidan bahramand boʻlish ijodkordan juda katta tayyorgarlik, kuch, harakat talab etiladi. Ul zotning barhayot merosini bitmas xazinaga megzash mumkin. Men ham bolaligimdan beri bu xazinaga intilib, undan nimadir olishga urinib kelaman. Esimda, uyimizda, men koʻrgan ilk kitob bu Oybekning “Navoiy” romani edi. Bu qalin kitob uyimiz tokchasida turar, ota-onam uni juda avaylashardi. Keyinchalik, harf tanib uning qanday kitob ekanligini tushunib yetganman.
Endigina maktabga qatnay boshlaganimda, bu asar asosida suratga olingan koʻp qismli videofilm efirga uzatila boshlagandi. Bu esa, murgʻak tasavvurimda buyuk shoir siymosiga boʻlgan ehtirom va qiziqish uygʻonishiga sabab boʻlgan. Garchi oʻzim uzoq yillardan beri jurnalistik faoliyat bilan shugʻullanib kelayotgan boʻlsam-da, hazrat hayoti va ijodi bilan bogʻliq qator maqolalarim ham matbuotda chop etib kelingan. Bir qancha mahalliy va xalqaro anjumanlarda oʻzimning kamtarona izlanishlarim natijalarini maʼruzalar koʻrinishida havola qilganman. Ayni paytda ulugʻ mutafakkirning turkiy xalqlar adabiyotiga taʼsiri masalalariga bagʻishlangan tadqiqot ustida ishlayapman.
Taniqli venger sharqshunosi Benedek Peri Navoiy ijodinig turkiy xalqlar adabiyotida tutgan oʻrnini shartli ravishda “sahnadagi bir kishilik tomosha”ga qiyoslagan edi. Albatta, qardosh xalqlar adabiy merosini kamsitmagan holda aytish mumkinki, turkiy xalqlar adabiyoti tarixida Navoiydek sermazmun va ulkan ijod sohibini uchratish mushkul. Bobur Mirzo taʼrifi bilan aytganda, turkiy tilda hech kim ul zot singari “koʻp va xoʻb aytqon emas”.
Navoiy davridan to hozirgacha boʻlgan besh-olti asrlik turkiy merosni oʻrganish asnosida Istanbuldan to Sharqiy Turkistongacha, Dashti Qipchoqdan Misrgacha boʻlgan hududda shoir merosi keng tarqalgan, kotiblar tomonidan qayta-qayta koʻchirilgan, oʻqilgan, oʻrganilgan. Asrlar mobaynida usmonli turk, ozarbayjon turkman, uygʻur shoirlari Navoiy gʻazallariga naziralar, taxmislar bitishgan. Ahmad Posho, Fuzuliy, Kishvariy, Nizoriy, Maxtumquli, Andalib, Abay, Berdaq, Ajiniyoz singari turkiy xalqlar sheʼriyatining buyuk namoyanlari ijodida hazrat Navoiydan bahramandlik namunalarini yaqqol koʻrishimiz mumkin. Tadqiqotimizning asosiy maqsadi ham ana shu bahramandlik qamrovi va koʻlamini ilmiy asosda oʻrganish, tahlil qilishdan iboratdir.
– Navoiyshunos ustozlarimizdan qolgan ilmiy meros hozirgi kun yosh olimlarini qanchalik qiziqtirmoqda? Bu ilmiy jarayondagi faollikni oshirish uchun nimalar qilish lozim deb oʻylaysiz?
– Navoiy ijodi har doim, har bir davrda olimlar va shoirlar, adabiyot muhiblari diqqat markazida boʻlib kelgan. Hozirga qadar Hamid Sulaymonov, Abduqodir Hayitmetov, Aziz Qayumov, Suyima Gʻaniyeva, Botirxon Akram, Muslihidin Muhiddinov, Sodirxon Erkinov, Ibrohim Haqqul, Sultonmurod Olim singari ustozlarning ilmiy asarlari, tadqiqotlari hazrat Navoiy ijodini oʻrganishda muhim dasturilamal boʻlmoqda. Bugungi kunda ham yurtimizda qator yosh olimlar ustoz navoiyshunoslar izidan borib, bu ulkan merosning yangi-yangi qirralarini kashf etishga oʻz hissalarini qoʻshishmoqda. Ular qatori Olimjon Davlatov, Zuhra Mamadaliyeva, Rohila Roʻzmonova, Hafiza Aslanova, Farruxbek Olim, Sherxon Qorayev singari navoiyshunoslikdagi yangi avlod vakillari tadqiqotlarini kuzatib boraman. Yaqinda yosh tadqiqotchi Akrom Malikning internetda Navoiy sharhlarini yangicha qarashlar asosida sharhlab borayotganini koʻrib, juda xursand boʻldim.
Bir soʻz bilan aytgancha, zamon qancha oʻzgarmasin, texnika va texnologiyalar qanchalik taraqqiy etmasin, xalqimizning, millatimizning Navoiyga boʻlgan eʼtibori va ehtiromi soʻnmaydi, aksincha ortib boraveradi.
– Tarjimonlik va jurnalistik faoliyatingizda hamisha dolzarb muammollarga qoʻl urishga harakat qilgansiz. Tadqiqotchi sifatida mumtoz adabiyotimizni oʻrganish va tarjima qilish jarayonida ham qaysidir muammolar sizni bezovta qildimi?
– Alisher Navoiy ayni paytda dunyoning turli nuqtalarida oʻrganilmoqda. Xorijda ham shoir ijodiga qiziqish har doimgidek yuqoriligicha qolmoqda. Ammo, avvalambor, Navoiyni oʻzimiz chuqur anglab yetishimiz, yosh avlod ongu shuuriga Navoiy qarashlari, uning teran mushohadalarini singdirib borishimiz, shu bilan birga uning asarlarini xorijiy tillarga tarjima qilish qarovini kengaytirishimiz kerak. Navoiyning koʻpgina asarlari xorijiy tillarga oʻgirilgan. Biroq bu, baribir, kam deb oʻylayman.
2012-yilda filologiya fanlari doktori Aftondil Erkinov tomonidan Misr Milliy kutubxonasida Navoiyning 1471-yilda Sherozda koʻchirilgan devonini aniqlashga muvaffaq boʻldi. Shoirning 30 yoshligida koʻchirilgan bu devonda uning sheʼrlari Oqqoʻyunlilar davlati adabiy tili – oʻgʻuz turkchasiga moslashtirib koʻchirilgan edi. Buni bugungi kun nuqtayi nazaridan Navoiy asarlarining ilk tarjimasi deb qarash ham mumkin. Ayni devon boʻyicha ilmiy izlanishlar olib borganimda hali bu yoshida Navoiy oʻzi birorta devon tartib bermaganini aniqladik. Ungacha 1465-yilda shoirning muxlislari tomonidan yaratilgan “Ilk devon” fanga maʼlum edi xolos. Bu davrda qoʻshni davlat hududida shoir sheʼrlari alohida devon koʻrinishida koʻchirilishi ulugʻ mutafakkir yoshlik chogʻlaridan keng miqyosda dovrugʻ taratib ulgurganini anglatadi. Devonda shoirning 224 ta gʻazali, 4 ta muxammasi, bittadan mustahzod va tarjeʼbandi oʻrin olgan.
Navoiy oʻz asarlarining bir qismini forsiy tilda bitgan boʻlsa, shoir oʻlimidan salkam chorak asr oʻtib, uning “Majolisun-nafois” asari ilk bor fors tiliga oʻgirildi.
Fransuz olimi Katremer Etyen tomonidan “Muhokamat ul-lugʻatayn” asari 1861-yilda fransuz tiliga oʻgirilgan boʻlsa, Mashhur venger sharqshunosi Arminiy Vamberi 1869-yilda Navoiy asarlaridan namunalarni nemis tilida chop ettiradi. Oʻtgan asrda, xususan, sovet davrida Navoiy asarlari ittifoqdosh respublikalar tillarida qayta-qayta bosilib chiqdi. Ayni payda ham bu anʼana davom etmoqda. Yaqinda taniqli shoir va tarjimon Aʼzam Obid Alisher Navoiyning qator gʻazallari va “Farhod va Shirin” dostonini ingliz tilida chop ettirdi. Oʻtgan yili Navoiy “Xamsa”si professor Ramiz Askar tomonidan ozarbayjon tiliga oʻgirildi. Bu kabi misollarni yana koʻplab keltirish mumkin.
Mashhur fransuz adabiyotshunosi Lui Aragon, “Alisher Navoiy nafaqat oʻzbek xalqining, balki dunyo adabiyotining eng buyuk vakillaridan biri”, ekanini taʼkidlagan edi. Shunday ekan, uning merosidan jahon ahli teng bahra olmogʻi lozim.
– Alisher Navoiy oʻz ijodida foydalangan til bugungi kunda eski oʻzbek tili, chigʻatoy turkchasi, sharqiy turkiy til deb ham yuritiladi. Bobomizning oʻzi bu tilni turkiy til deb nomlagan. Izlanishlar jarayonida Navoiy tili lugʻatidagi qaysi soʻzlar bugungi kundagi tushunchalarimiz va anglashimlarimizni oqlaydigan soʻzlar ekanligini angladingiz? Balki lugʻatimizdan oʻchib ketgan baʼzi soʻzlarni muomalaga kiritishni oʻylab koʻrganimiz maʼquldir...
– Hazrat Navoiy tilimiz taraqqiyoti uchun bor kuchi va imkoniyatini safarbar etgan fidoyilarning sardori desak, xato qilmagan boʻlamiz. Chunki ul zot eski oʻzbek tilini yuksak choʻqqiga koʻtarib, oʻsha paytda ancha ustunlikka ega boʻlgan forsiy tildan kam emasligini nazariy va amaliy jihatdan isbotlab berdi. Xususan, “Muhokamat ul-lugʻatayn” asarida turkiy tildagi ayrim soʻzlarning muqobili boshqa tillarda yoʻqligini koʻrsatib bergan. Shuningdek, koʻplab soʻz va iboralar fors tiliga ham turkiydan kirib borganini aytib oʻtgan. Navoiy tilning lugʻaviy boyligi haqida soʻz yuritarkan, birgina “yigʻlamoq” feʼlining oʻnga yaqin muqobilini keltirib oʻtadi.
Ushbu asarda fors tilida toʻgʻridan-toʻgʻri muqobili boʻlmagan yuzta feʼlni sanab oʻtadiki, ularning aksariyati bugungi adabiy tilimizda mavjud boʻlsa, baʼzilari shevalarimizda yoki qardosh tillarda uchraydi. Ular qatorida quvormoq, usharmak, jiyjaymoq, oʻngdaymoq, chekrimak, umunmoq, oʻsanmoq, itirmak, egarmoq, toriqmoq, argʻadamoq, ishastmoq, nikamoq, tevramoq, qinggʻaymoq, singramoq, yashqamoq, isqarmoq, koʻngranmoq, suxranmoq, intramoq, tanchiqamoq, bushurgʻanmoq, sukadamak, boʻsmoq, qahamoq, chicharkamak, chuprutmoq, jirgʻamoq, qikzanmoq, qumurmak, bikirmak, koʻngurlamak singari oʻnlab soʻzlar borki, ular hazrat Navoiy davrida xalqimiz orasida keng isteʼmolda boʻlgan. Bugun esa ularning ayrimlari hatto qanday maʼno anglatishini ham bilmaymiz.
Navoiy oʻz davrida turkiy urugʻga mansub boʻla turib, forsiy tilda gapirish va yozishni afzal biladiganlarni afsus ila tilga olib, “kerak erdikim, bu xalq orasidan paydo boʻlgʻon tabʼ ahli salohiyat va tabʼlarin, oʻz tillari turgʻoch, oʻzga til bila zohir qilmasa erdi va ishga buyurmasalar erdi,” deya afsuslangan edi. Oradan asrlar oʻtib, bu muammo yana dolzarbligicha qolmoqda. Oʻzga tillarni oʻzimizning boy va goʻzal tilimizdan ustun qoʻyadiganlar har yerda uchrab turibdi.
Alisher Navoiy oʻz ijodida eski oʻzbek tilidan tashqari, arab, fors, moʻgʻul va boshqa tillardagi minglab soʻzlardan mahorat ila foydalangan.
– Lugʻatlar bilan ishlash jarayoniga ham bevosita yangi axborot texnologiyalari kirib bormoqda. Bu borada xorij tajribasidan qaysi jihatlarni oʻrganish muhim deb hisoblaysiz?
– Bugun qaysidir matnni oʻqib tushunib tarjima qilish, til oʻganish uchun yostiqdek lugʻatlarga ehtiyoj uncha sezilmay qoldi. Ayni paytda gadjetlardagi maxsus ilovalar ham yozma, ham ogʻzaki matnni sinxron ravishda istalgan tilga oʻgirib bermoqda. Bugun “gugl”s ilovalari orqali oʻzbek tilidagi matnlarni xorijiy tillarga yoki teskari tartibda tarjimalarni amalga oshirish osonlashib bormoqda. Bu, albatta, yaxshi. Kundalik muloqotda ham, ilmiy izlanishlarda ham bir muncha qulayliklarni tugʻdiradi. Ammo, baribir inson omiliga ehtiyoj seziladi. Tarjima jarayonida har bir soʻzning oʻrni, ruhini sogʻlom aql tarozisida oʻlchab, oʻsha fikrni boshqa tilda aks etirish bu sunʼiy intellektga ishonib topshiriladigan ish emas.
Ayniqsa, Alisher Navoiydek ulugʻ zotlarni boshqa tilda tushuntirish uchun eng mukammal texnologiyalar ham ojizlik qiladi. Shu sababli boshqa tillardagi oʻquvchilar uchun Navoiy asarlari mazmunini anglashga yordam beradigan yangicha texnologiyalar, mobil ilovalar joriy etilsa, elektron kutubxonalarda Navoiyning boshqa tillardagi asarlari koʻproq joylashtirilsa, bu ulkan xazinaning samaradorligi yana ortadi, qamrovi kengayadi.
– Davlatimiz rahbarining “Buyuk shoir va sutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580-yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi qarorida chet elda istiqomat qilayotgan oʻzbek tili mutaxassislari, tarjimonlarni jalb etgan holda Alisher Navoiyning asarlarini chet tillarga tarjima qilish, nashr etish va xorijiy mamlakatlarda taqdimotlarini oʻtkazish boʻyicha tizimli ishlarni amalga oshirish toʻgʻrisidagi muhim vazifalarga ham alohida toʻxtalib oʻtilgan. Hozigi kunda shoir asarlaridagi umuinsoniy va barhayot gʻoyalarni tadqiq etish jarayoni ayni damda xorijda ham qizgʻin kechmoqda. Shu oʻrinda oʻzbekistonlik nuvoiyshunoslarga hamkor boʻla oladigan xorijlik olimlarni aytib oʻtsangiz...
– Darhaqiqat, bu jarayon toʻxtab qolgani yoʻq. Boya aytganimdek, Navoiy asarlari turli tillarga tarjima qilinmoqda. Har yili Navoiy tavalludi kunlari munosabati turli mamlakatlarda konferensiyalar, xalqaro anjumanlar oʻtkazilmoqda. Bugun Tokio, Moskva, Shanxay, Boku, Dushanbe, Minsk singari shagʻarlari ulugʻ bobomizga yodgorliklar oʻrnatilgan. Rossiyada Olga Vasilyeva, Ozarboyjonda Ramiz Askar, Almaz Ulvi, Turkiyada Yusuf Chetindogʻ, tanju Seyhan, Lola Uluch, Vengriyada Benedek Peri, Fransiyada Mark Toutan, Afgʻonistonda Shafiqa Yorqin singari koʻplab olimlar Navoiy hayoti va ijodini uzoq yillardan beri tadqiq etib keladilar.
Bugun Fransiya, AQSH, Buyuk Britaniya, Rossiya, Vengriya, Germaniya, Turkiya, Eron, Ozarboyjon va boshqa mamlakatlarda Navoiyning qator qoʻlyozmalari saqlanmoqda. Ayni paytda bu durdonalarning faksimil nusxalarini yurtimizga qaytarish boʻyicha muzokaralar olib borilmoqda.
Joriy yilda ham pandemiya sharoitlaridan kelib chiqib, qardosh, yaqin va olis mamlakatlarda Navoiyning 580-yilligi munosabati bilan bir qator tadbirlar oʻtkazish koʻzda tutilgan.
– “Muhokamat ul-lugʻatayn” asari dastlab soʻz taʼrifi bilan boshlanadi: “Soʻz goʻyo dur kabidir. Durning joylashish oʻrni dengiz tubi boʻlsa, soʻzning joylashish oʻrni koʻngildir (xotira). Dur gʻavvos yordamida dengiz tubidan tashqariga chiqarilib, jilvalantirilsa va gʻavvosning qiymati javharni jilvalantira olish qobiliyatiga qarab belgilansa, soʻz sohibi ixtisos tomonidan koʻngildan tashqariga olib chiqiladi va notiqnining qiymati soʻz qoʻllash mahoratiga, uni jilvalantirish qobiliyatiga qarab belgilanadi...”.
Bundan koʻrinadiki, Alisher Navoiy nemis tilshunosi Gumboldt va shveysariyalik olim Sossyurdan ancha oldin til va nutq hodisalarini bir-biridan farqlagan. Nutqning qay darajada shirali va mazmunli boʻlishi insonning maʼnaviy xazinasi qay ahvolda ekanligi bilan chambarchas bogʻliq ekanligini taʼkidlab oʻtgan. Bugungi yoshlar tilining(nutqining) gʻariblashib borayotganligi, tilimizga xorijiy tillardan kirib kelayotgan soʻzlarning oʻz muqobilini topishga astoydil harakat qilmayotganligimiz sizni tashvishga solsa kerak...
– Juda muhim va ogʻriqli masaladan soʻz ochdingiz. Albatta, til bu jonli hodisa. Undagi oʻsish, oʻzgarishlar, yangi-yangi soʻzlarning kirib kelishi bu tabiiy jarayon. Ammo, bu jarayon tilimizning jarangi, nafosatini qisqartirish, undagi jonli, nafis soʻzlar sonini cheklash hisobiga boʻlmasligi kerak.
Mumtoz adabiyotimizda, xususan Navoiy asarlarida soʻz sanʼatini tajnis, iyhom, tazod, tanosib singari bir qancha turlari borki, ularni oʻrganish asnosida badiiy tilimiz, mumtoz oʻzbek tilining qanchalik goʻzalligi benazir va zeboligini tushunib boraveramiz.
Afsuski, internet, ijtimoiy tarmoqlar, turli messenjerlarning ommalashib borayotgani tilimiz, xususan yoshlarimiz leksikoniga oʻz taʼsirini oʻtkazyapti. Soʻzlarni qisqartirib, harflarning oʻrnini almashtirib yoki boshqa tillardagi atamalar bilan yozish odatiy tus olmoqda.
Buyuk bobokalonimiz soʻzni oʻlikka jon kiritadigan qudratli kuchga qiyoslaganlar. Buning uchun soʻzlash fasohati, nazokatini unutmasligimiz kerak.
Navoiyning “Munshaot” nomli asari ul zotning turli tarixiy shaxslarga bitgan nomalaridan tarkib topgan. Shu asarning oʻziyoq xat bitish, boshqalar bilan muloqot oʻrnatishda har birimizga dasturilamal boʻladi. Shunday ekan, Navoiyni faqat maʼlum sanalar yoki yubileylar doirasida emas, har kuni, har yerda yod etsak, ul zotdan oʻrgansak va oʻrgatsak, nur ustiga nur boʻlur edi.
– Suhbat uchun tashakkur. Izlanishlaringiz samarali boʻlsin!
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri
Muxtasar TOJIMAMATOVA suhbatlashdi