Alsgeymer kasalligini erta bosqichda davolash usuli topildi

    Pensilvaniya shtati universiteti (AQSh) olimlari yangi turdagi dori uchun “nishon”ga aylanishi mumkin bo'lgan oqsillarni aniqlashdi.

    Dori vositalari Alsgeymer kasalligini dastlabki bosqichlarida to'xtatishga yordam beradi.

    Oqsillar geparan sulfat bilan o'zgartirilgan proteoglikanlar (HSPG) sifatida ma'lum. Avvalgi tadqiqotlar shuni ko'rsatdiki, ular hujayra o'sishini va ularning atrof-muhit bilan o'zaro ta'sirini tartibga solishda ishtirok etadi.

    Sog'lom organizmda oqsillar autofagiyaga – hujayralarni chiqindilardan tozalashga yordam beradi. Ular, shuningdek, hujayralar tomonidan energiya ishlab chiqarishga va yog'li birikmalarning (lipidlar) to'planishiga ta'sir qiladi.

    Neyrodegenerativ kasalliklarda bu jarayonlar buziladi. Olimlar bu genetik jihatdan o'zgartirilgan meva chivinlari, sichqonning miya hujayralari va inson to'qimalarida qanday sodir bo'lishini kuzatishdi.

    Keyin ular HSPG ishlash tizimiga o'zgartirishlar kiritishdi, bu esa demensiya bilan bog'liq ba'zi zararlarni bartaraf etdi. Neyronlarning nobud bo'lish jarayoni to'xtadi, hujayralar yaxshiroq tiklana boshladi.

    Olimlar HSPGlar Alsgeymer kasalligining turli bosqichlarida muhim ahamiyatga ega, degan xulosaga kelishdi. Ehtimol, ularga ta'sir qilish orqali shifokorlar kasallikning rivojlanishini boshidanoq oldini olishlari mumkin, deb xabar beradi mir24.tv.