Bir vaqtlar oddiy tabiat hodisasi sifatida qaralgan iqlim o'zgarishlari bugun jahonda global tahdid tusiga kirdi. Hatto, dunyo hamjamiyati mazkur xavfni insoniyat oldida turgan eng jiddiy muammolardan biri, deya tan olmoqda. Unga qarshi o'z vaqtida chora ko'rmagan davlatlar esa iqlim o'zgarishlari yuzaga keltiradigan jiddiy oqibatlarga qarshi katta mablag'larni mobilizatsiya qilishlariga to'g'ri keladi.
Bu masala allaqachon, nafaqat muayyan mamlakatlar, balki jahon iqtisodiyotiga sezilarli ta'sir ko'rsata boshladi. Ma'lumotlarga ko'ra, asrimizning oxiriga borib iqlim o'zgarishlari oqibatida dunyo yalpi ichki mahsuloti 20 foiz iqtisodiy zarar ko'rishi mumkin. Jarayon bilan bog'liq salbiy ta'sirlarga, ayniqsa, Markaziy Osiyo mintaqasi o'ta moyilligi bilan ajralib turadi. Shu bois, global tahdidga qarshi Markaziy Osiyo davlatlarining o'zaro hamkorlikda kompleks yechimlarni topishi nihoyatda muhimdir.
Aslida ham ekologik muammolar ijtimoiy-g'oyaviy va hududiy chegara bilmaydi. Ularning oldini olishda yagona samarali yo'l esa dunyo xalqlari, barcha millat va elatlar e'tiborini tabiat va jamiyatdagi nomutanosiblik hamda uning kun sayin keskinlashib borayotganiga qaratish hisoblanadi.
Davlatimiz rahbarining ochiq va pragmatik tashqi siyosati, tashabbuslari tufayli so'nggi yillarda qo'shni, yaqin va uzoq mamlakatlar bilan mutlaqo yangi — sog'lom siyosiy va iqtisodiy aloqalar yo'lga qo'yilgani bunga imkoniyat yaratmoqda. Hamkorlikning asosiy yo'nalishlari qatorida shubhasiz, ekologik muammolarga ham alohida e'tibor qaratilyapti.
Shu jihatdan, Prezidentimizning 16—18-dekabr kunlari Koreya Respublikasiga amalga oshirgan rasmiy tashrifi barcha sohalar qatori pandemiyadan keyingi davrda iqlimning barqaror kelajagiga erishish uchun yangi jihatlar va hamkorlikni belgilash uchun “noyob imkoniyat” bo'ldi. Boisi, bugungi kunda Koreya Respublikasi dunyo davlatlari orasida rivojlanishda “yashil iqtisodiyot” tamoyiliga o'tgan lider davlatlardan biri bo'lib qolmoqda.
An'anaviy rivojlanish modelining beqarorligi iqtisodiyotni transformatsiya qilishning yangi rivojlanish kontseptsiyasini izlab topishga yo'l ochmoqda. Iqtisodiy o'sishning an'anaviy modelidan “yashil iqtisodiyot”ga o'tish nafaqat alohida milliy iqtisodiyotni, balki butun sayyora barqarorligini belgilaydigan global tendensiyadir. Hozirda “yashil o'sish” ko'plab davlatlarning maqsadi, global ekologik muammolarni hal qilishning muhim vositasi hisoblanadi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti tavsiyasiga ko'ra, davlatlar o'z yalpi ichki mahsulotining hech bo'lmaganda 1 foizini “yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirishga yo'naltirishi lozim. Bu ko'rsatkich AQSH, Shvetsiya, Italiya va boshqa iqtisodiy rivojlangan mamlakatlarda 1 foizdan oshmagan bir paytda, Koreyada 3 foizni tashkil etmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2019-yilda O'zbekiston MDH davlatlari orasida birinchi bo'lib Global yashil o'sish institutiga a'zo bo'ldi. Yurtimiz Parij bitimi doirasida 2030-yilga qadar parnik gazlarni atmosferaga chiqarishni 10 foizga qisqartirish bo'yicha o'z zimmasiga olgan majburiyatlarni muntazam bajarib kelmoqda.
Bu borada O'zbekistonning Koreya bilan hamkorligi “yashil” iqtisodiyotni ta'minlash uchun xalqaro hamkorlikni takomillashtirish, davlat va xususiy sektor o'rtasidagi sheriklik munosabatlari orqali innovatsion “yashil” investitsiyalarni rag'batlantirish, iqtisodiyotga ekologik toza texnologiyalarni to'liq joriy etish kabi maqsadlarga qaratilgan. Hozirda Koreya bilan tuzilgan “yangi kurs” loyihasining asosiy elementi bo'lgan raqamli va “yashil” sohalarda hamkorlikni kengaytirish bo'yicha o'zaro anglashuv memorandumi asosida keng qamrovli ishlar olib borilmoqda.
Mamlakatimizda aholi turmush darajasini oshirish, fuqarolarning dolzarb muammolarini hal etish, ijtimoiy infratuzilmani yaxshilash va hududlarni rivojlantirish uchun munosib shart-sharoitlar yaratish maqsadida “aqlli shahar” texnologiyalarini joriy etish kontseptsiyasi qo'llanilayotgani ham alohida ahamiyatli. Bu borada Koreya Respublikasining boy tajribasidan foydalanish ushbu maqsadlarda belgilangan milliy marralarni samarali amalga oshirish imkoniyatlarini yaratadi.
Prezidentimiz joriy yil boshida Seul shahrida videoanjuman shaklida bo'lib o'tgan “Yashil o'sish va global maqsadlar uchun hamkorlik — 2030” ikkinchi xalqaro sammitidagi nutqida “yashil” va barqaror taraqqiyotga xizmat qiladigan samarali qarorlar qabul qilish uchun xalqaro hamjamiyatning sa'y-harakatlarini birlashtirish zarurligini ta'kidlagan edi.
Kelgusi yili “Rivojlanayotgan mamlakatlar uchun yashil energetika” mavzusida xalqaro konferentsiya o'tkazish, shuningdek, “yashil” iste'mol madaniyatini shakllantirish maqsadida “yashil” iqtisodiyotni barpo etishga yoshlarni jalb etish bo'yicha maxsus dastur ishlab chiqish va amalga oshirish bo'yicha O'zbekiston Prezidenti tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar o'zaro hamkorlik rishtalarini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
“Yashil” iste'mol madaniyati, avvalambor, ekologik mas'uliyatni his etgan holda yurish-turish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, “yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirish maqsadlarida ishlab chiqarish va iste'mol madaniyatini rivojlantirishni o'z ichiga qamrab oladi. Ushbu hislatlarni esa insonga yoshligidanoq singdirib borish zarur. Demak, ekologik madaniyat, ta'lim-tarbiya borasida o'zaro hamkorlik masalalari ham keng muhokamalar mavzusi bo'lmog'i lozim. “Yashil” iqtisodiyotni barpo etishga yoshlarni ko'proq jalb etish bo'yicha maxsus dasturning amalga oshirilishi bu boradagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqadi.
Ma'lumki, yaqinda Toshkent shahrida bo'lib o'tgan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog'liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiyada ham Prezidentimiz tomonidan mintaqadagi tahdidlar va imkoniyatlar, barqaror rivojlanish bo'yicha 10 ta asosiy tashabbus ilgari surilgan edi. Ushbu tashabbuslar ichida iqlim o'zgarishiga moslashish, mintaqada “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish, kelgusida Orol dengizi qurishi kabi muammolarga yo'q qo'ymaslik hamda o'zaro va BMT bilan hamkorlikda hududda oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlashga doir masalalar alohida ko'rsatib o'tilgandi.
Bugungi kunda esa iqlim o'zgarishi bilan bog'liq o'sib borayotgan global tahdidlarga kompleks javob qaytarish maqsadida ko'plab davlatlar qatorida O'zbekiston tomonidan Parij bitimi qabul qilingan. Sanoatlashtirishning jadallashib borishi, aholi sonining keskin ortishi hamda iqtisodiyotning resurslarga bo'lgan ehtiyojining sezilarli darajada oshishi jarayonlarida Koreya amaliyotidagi “yashil iqtisodiyot” printsiplarini faollashtirish nafaqat mamlakatimiz, balki butun mintaqani barqaror rivojlantirish imkoniyatlarini beradi.
Muxtasar aytganda, davlatimiz rahbarining Koreya Respublikasiga davlat tashrifi doirasida barcha sohalar kabi iqlim siyosati borasida amalga oshirilishi lozim bo'lgan konstruktiv hamkorlik rejalari belgilab olindi. Ushbu hamkorlik rejalarining dasturlar asosida amalga oshirilishi shubhasiz, mamlakatning barqaror rivojlanishini ta'minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Islom XUSHVAQTOV,
Oliy Majlis
Qonunchilik palatasi deputati,
O'zbekiston ekologik partiyasi raktsiyasi a'zosi