Shu yilning 10-15-yanvarida respublikamizda havo haroratining keskin sovib ketishi dalalardagi qishloq xoʻjaligi ekinlari va chorvachilikka qanday taʼsir koʻrsatadi? Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi mamlakatimizdagi fermer xoʻjaliklari, bogʻbonlar, issiqxona va tomorqa yer egalariga oʻz tavsiyalarini berdi.
Unda yozilishicha, kuzgi boshoqli don ekinining qishki sovuqqa chidamli boʻlishi undagi toʻplash tugunining qanchalik chuqurligiga va boshqa omillarga bogʻliq. 2023-yil hosili uchun ekilgan kuzgi boshoqli don ekinlarini sovuqdan zararlanmasligi uchun quyidagi zarur chora-tadbirlarni koʻrilishi maqsadga muvofiq:
kech ekilgan, ayniqsa, ayrim 1-2 barg holatida boʻlgan gʻalla maydonlariga chirigan mahalliy oʻgʻit (goʻng) sepish;
gʻoʻza qator oralariga ekilib, hozirgi kungacha gʻoʻzapoyalardan tozalanmagan maydonlarda gʻoʻzapoyadan tozalash ishlarini sovuq kunlar tugagunga qadar toʻxtatish;
elektr energiya cheklovlari boʻlishini inobatga olib, nasos agregatlari va lotok tarmoqlarining muzlab yorilishini oldini olish uchun ulardan foydalanishni vaqtincha toʻxtatish;
sovuq taʼsirida gʻallaga zarar yetishi kuzatilgan holatlarni bartaraf etish boʻyicha qishloq xoʻjaligi mutasaddilari va olimlar ishtirokida shtablar tashkil etish.
Sabzavotchilik va poliz ekinlari. Hozirda respublikamiz dala yer maydonlarida asosan avgust-sentyabr piyozlari va sarimsoqpiyozlar ekilgan. Ushbu sabzavot ekinlarini keskin sovuqdan asrash uchun quyidagi tavsiyalarni qoʻllash lozim:
ekin maydonlarini ustini plyonka qoplamalari oddiy yoki duga usulda qoplash;
mahalliy chirigan goʻng, sholi qipigʻi va apilka bilan moʻlchalash;
somon yoki mayin xashaklar bilan oʻsimlik ustini yopib chiqish kabi chora-tadbirlar.
Shu bilan birgalikda sabzavotlar ekilgan dala maydonini shamol oqimiga qarab olov yoqib tutatish ham foyda beradi.
Toʻqsonbosti usulida ekilgan sabzavot ekinlaridan sabzi, piyoz, osh lavlagi, koʻkat sabzavotlar (ismaloq, ukrop, petrushka, selderey, kashnich, salat) ekinlari urugʻlari hali yerdan unib chiqmagan va ularni sovuqdan zararlanish ehtimoli juda past darajada.
issiqxonalarda pomidor va bodring yetishtirishda inshootdagi havo harorati oʻsimliklar uchun mos boʻlishi lozim. Issiqxonada yetishtirilayotgan bodring harorat 0 darajaga tushib ketganda nobud boʻladi. Pomidorning esa +7 daraja haroratda ildiz tizimi, -1-2 0 daraja sovuqda esa oʻsimlikning oʻzi nobud boʻladi;
issiqxonalarda isiriq va boshqa tutatish poxol yoki eskirgan texnik balonlarini yoqib tutatish natijasida ham 2-3 daraja issiqlik berish va ushlab turish mumkin.
Janubiy mintaqalarda sabzavot ekinlarini keskin sovuqdan ularni qanday himoyalash boʻyicha tavsiyalar:
isitilmaydigan koʻchatxonalarda yetishtirilayotgan sabzavot va poliz ekinlari koʻchatlarini sovuqdan asrashning muhim tadbirlaridan biri dugalar oʻrnatish, ustini poliyetilen plyonkasi bilan yopish, vaqtinchalik isitish moslamalaridan foydalanish hamda atrofiga goʻng aralash xashak, poxol va shox-shabbalar uyumlarini toʻplab, ularni tutatish;
issiqsevar sabzavot ekinlaridan pomidor, shirin qalampir va baqlajon koʻchatlarini issiqxonada tayyorlashni hamda bodring va poliz ekinlari urugʻlarini ekishni vaqtinchalik toʻxtatib turish;
har bir dalada havo haroratini kuzatib, -10 darajaga tushishi bilan uyumlarni tutatish;
sovuq tushishing eng faol vaqti bu tonggi soat 3-5 oraligʻida boʻlib, aynan shu vaqtda oʻsimlik sovuqdan zararlanadi, shu bois, hushyorlikni oshirish talab yetiladi;
Sovuqqa chidamli sabzi, piyoz, sarimsoqpiyoz, osh lavlagi, karam va koʻkat sabzavotlar kabi ekinlarga -2-3 daraja sovuq sezilarli taʼsir yetmaydi.
Mevali bogʻ va uzumzorlar – mevali bogʻ va uzumzorlarda quyidagi agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish orqali ularni sovuq urishdan himoyalash mumkin:
mevali bogʻ va tokzorlarning qator oralaridan sugʻorish ariqlari olib, sugʻorish, yaʼni yaxob suvi berish lozim. Sovuq vaqtida bogʻ va tokzorlarni qondirib sugʻorish natijasida suv harorati havo haroratidan yuqori boʻlganligi uchun suv bugʻlari yer va daraxtlarning haroratini pasayishiga yoʻl qoʻymaydi;
urugʻli meva bogʻlarda shakl berish va kesish tadbirlarini sovuq haroratlar oʻtgunga qadar vaqtincha toʻxtatish;
koʻmilmay qolgan tok tuplari, anor va anjir butalarini sovuqdan saqlash uchun zudlik bilan xashaklar va sholi poyalar bilan yopish yoki tuproq bilan koʻmish;
xurmo daraxtlari tanalarini va shox-shabbalarini xashak, quruq makka va sholi poyalari hamda boshqa narsalar bilan oʻrash;
issiqxonalarda yetishtirilayotgan sitrus va qulupnay oʻsimliklarini himoya qilish uchun plyonka ostidan yana bir qavat yupqa plyonka tortish (termos qilish) va issiqxona ustidagi qorlarni tushirmaslik zarur;
mevali bogʻ va uzumzorlar qator oralariga mahalliy oʻgʻit aralash xashak, poxol, shox-shabbalar uyumlarini toʻplab, ularni tutatish (mevali bogʻ va uzumzorlarga bir tekisda yoni 1,25-1,5 m hamda balandligi);
0,5-0,75 m dan toʻp-toʻp qilib uyib qoʻyish);
daraxtlarning yoshi va qalin siyrakligiga qarab har bir gektar maydonga 100-200 ta uyum hosil qilish kerak. Tutun bogʻ ichiga yaxshi yoyilishi uchun uyumlarni mevali bogʻ va uzumzorlarning shamol esadigan tomoniga qoʻyish hamda havo haroratini kuzatib borish.
Chorvachilikda chorva hayvonlari saqlanadigan binolarning maqbul harorati +7-+17 daraja va mayda shoxli qoramollar uchun +10-+12 daraja boʻlishi talab etiladi (yosh qoramollar uchun bu koʻrsatkichlar biroz yuqori boʻlishi kerak).
Chorva mollarini keskin sovuqdan asrash uchun:
chorva hayvonlarini shirali ozuqalar bilan oziqlantirish va suv bilan sugʻorishni yopiq binolarning ichida tashkil etish;
yetuk yoshdagi chorva hayvonlarini +10+12 daraja va yosh mollarni +16+30 daraja haroratdagi suv bilan sugʻorilishi maqsadga muvofiq. Bir kunda yetuk yoshdagi qoramollarga oʻrtacha 60-100 litr, yosh qoramollarga 20-30 litr, mayda shoxli qoramollarga 5-10 litr suv ichirish kerak;
xoʻjalik hududlarini toʻliq oʻrash va uning hududiga yovvoyi hayvonlarni kirishini oldini olish; Turli turdagi chorva hayvonlarini bitta binoda saqlamaslik kerak; chorva binolarida tabiiy va maxsus ventilyatsiya tizimi boʻlishi talab etiladi.