Yarim tun. “Ozodlik” podstantsiyasi xodimi har galgidek elektr yetkazib beruvchi uskunalarni ko'rikdan o'tkazadi. Elektr tarmoqlarining sozligi, qisqa tutashuvlar, uskunalarning shikastlanishi holatlari yo'qligiga ishonch hosil qilgach, ish joyiga qaytadi. Ammo bu gal teplovizor qurilmasi ko'rigidan o'tkazilganida, kuch transformatorining 220 kilovolt ajratgichi apparat zajimida 140 gradus qizish aniqlandi. Nuqsonni zudlik bilan bartaraf etish uchun tezkor ta'mirlash brigadasi maxsus texnikalar bilan etib keldi. Kamchilik bartaraf etildi, biroq xodimlar avvalgidek, xushyor va doimiy nazorat olib borishda davom etadi.
Keyingi paytlarda “O'zbekiston MET” AJga qarashli Toshkent shahar magistral elektr tarmoqlari filialida elektr uskunalarida bajariladigan ishlar tungi soatlarda amalga oshrilyapti. Bu qish kunlarida poytaxtimizdagi elektr ta'minoti rejimining biroz o'zgargani, sovuq harorat energetika tizimiga ham o'z ta'sirini ko'rsatayotgani bilan bog'liq. Bunday vaziyatda zarur ishlar ishchi-xodimlar xushyorligini ikki karra oshirgan va xavfsizlik texnikasi qoidalariga rioya etgan holda rahbar-xodimlar ishtirokida bajarilyapti.
Filialda tashkil qilingan “shtab”da kun-u tun tezkor brigadalar ishlaydi. Podstantsiyalarda kechki maksimum soatlarda elektr qurilmalarining ishonchli ishlashi, harorati, texnik ko'rsatkichlari va elektr energiyasi iste'molining tahlili muntazam olib boriladi. Aniqlangan kamchiliklar zudlik bilan barataraf qilinishi choralari ko'riladi.
Filial “O'zbekiston MET” AJning tarkibiy qismi sifatida poytaxtimiz va Toshkent viloyatidagi aholi iste'molchilari, tadbirkorlik subyektlari hamda ijtimoiy soxa ob'ektlarini uzluksiz va sifatli elektr energiyasi bilan muntazam ta'minlaydi. Ya'ni, mazkur tashkilot elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi korxonalardan olib, iste'molchilarga etkazib berilishida bir bo'g'in vazifasini bajaradi. Shu bilan birga, filial elektr energiyasi tarmog'ining barqaror ishlashini ta'minlash, sog'lom va betalofat ish muhitini yaratish borasida ham muntazam ishlar olib bormoqda.
Kerakli vaqtda va kerakli joyda
Hayotimizning bir kunini ham elektr energiyasisiz tasavvur etish qiyin. Uyimiz charog'onligidan tortib, barcha tarmoqlardagi ish ko'lami, hatto, internet tarmog'iga ham shu quvvat “jon kiritadi”. Muxataram Prezidentimiz energetika iqtisodiyotning “motori” bo'lib, ijtimoiy - iqtisodiy taraqqiyotni umuman hayotni bu soxasiz tasavvur etib bo'lmaydi deganlar. Negaki, sanoat korxonalaridagi ulkan agregatlardan tortib, tibbiy tashxis qo'yish uskunalarigacha elektr energiyasisiz oddiy temir-tersakka aylanib qoladi.
Zamonaviy asrimizda elektr energiyasi insonlarning eng zaruriy ehtiyojlaridan biriga aylanib boryapti. Hayot tarzining rivojlanishi, har bir xonadonda maishiy texnikalar sonining ortib borishi o'z-o'zidan elektr iste'moliga bo'lgan talabni oshiradi. Qolaversa, sovuq kunlar kirishi bilan aholining isitish vositalaridan ko'proq foydalana boshlashi elektr energiyasi etkazib berishdagi me'yorning birmuncha izdan chiqishiga ta'sir ko'rsatmay qolmaydi.
Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari jadal olib borilganiga qaramay, bu yilgi ilk sovuq kunlardayoq qator kamchiliklar yuzaga kelgani rost. Etkazib berilayotgan tabiiy gaz bosimining pasayishi va elektr energiyadagi uzilishlar poytaxtimiz hamda viloyatlar aholisi uchun bir muncha noqulay sharoitni yaratdi. Bu holat yurtdoshlarimizning e'tirozlariga ham sabab bo'ldi. Soha hodimlari — energetiklar esa bunday vaziyatlarda bir necha barobar ko'proq ishlab, doimiy texnik ishlarini olib boryaptiki, elektrni odamlarga vaqtida etkazib berish bilan birga, ma'lum vaqtlarda elektr simlariga tushadigan ortiqcha yuklamalarni normallashtirishga ham e'tibor qaratilmoqda. Kun-u tun avariya holatlarini bartaraf etish, murojaatlarga tezkor javob berish uchun esa maxsus shtablar tashkil etilgan.
Energetik kasbi oson sohalardan emas. Bitta xonadonda chiroq yonib, uyi nurafshon bo'lishi uchun minglab energetiklar mehnat qiladi. Simyog'ochlar ustuniga chiqib, elektr simlari sozligini tekshiradigan, elektr yetkazib beruvchi har qanday qurilma bilan ishlaydigan insonlar, aslida, har kuni hayot uchun xavfli holatlar bilan yuzlashadi. Odamlar tunda orom olayotganda, ular podstantsiyalarda yuzaga kelgan avariya holatlarini butlash bilan ovora bo'ladi. Ammo ular buni doim fidoyilik bilan, chin dildan bajaradi.
So'nggi yillarda elektr tarmoqlariga yuklamalar ortib boryapti. Soha vakillari ham buning zamonaviy, tezkor echimlarini izlashdan, turmushimizga joriy etishdan charchamaydi. Ayni vaqtda “Toshkent shahar MeT” filiali balansida umumiy quvvati 3034,5 megavol`tamper bo'lgan 220 kVtli 7 ta podstantsiya ishlab turibdi. Joriy yilda 4 dona transformator hamda 8 dona o'chirgich mukammal ta'mirdan chiqarildi. “Qo'yliq”, ”Yuksak” va “Ozodlik” podstantsiyalarida esa modernizatsiya va rekonstruksiya ishlari davom ettirilmoqda. Bu yil hisobidan 43,8 milliard so'm o'zlashtirilib, zamonaviy elektr uskunalarga va umumiy quvvati 338 megavoltamper bo'lgan kuch transformatorlari foydalanishga topshirildi. Podstantsiyalarga birin-ketin yangi, yuqori quvvatli transformatorlar o'rnatilyapti va elektr uskunalar yangisiga almashtirilyapti.
Joriy yilning 5-iyulida Xitoy Xalq Respublikasining “Shandong Electrikal Enjineering and Equipment Group Co. Ltd” kompaniyasi va “O'zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ o'rtasida 6,78 million dollarlik shartnoma imzolandi. Ahamiyatlisi, bunday elegazli kompleks qurilmasi yurtimizda ilk marotaba yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlarida amaliyotga tatbiq etilmoqda.
Elektr tarmoqlari va podstantsiyalarda elektr energiyasi bir maromda oqishi kerak. Shunda elektr uskunalar belgilangan muddatgacha o'z xususiyatini o'zgartirmasdan ishlab beradi. Tasarrufimizdagi podstantsiyalarda transformatorlarning yuklamasini monitoring qilib boryapmiz. Qolaversa, investitsion dasturlar asosida tizim bo'yicha modernizatsiya va rekonstruktsiya ishlarining yil sayin faollashayotgani yangi quvvat va imkoniyatlarni yuzaga keltirmoqda. Xususan, oxirgi yillarda shahar energetika tarmog'ining ishonchliligi oshirildi, zarur holatlarda bitta podstantsiyaning yuklamasini boshqa podstantsiyaga vaqtincha berish imkoniyati paydo bo'ldi.
To'g'ri, doimiy olib borilayotgan ishlarga qaramay, hozirgi vaqtda ham kunning qaysidir soatlarida elektr tarmoqlarining yuklamasi belgilangan normalardan oshib ketishi yoki yuklama kamayib ketishi xolatlari kuzatilyapti. Bunday vaziyatlarda podstantsiyalardagi elektr uskunalari ulangan qismlarda temperaturaning o'zgarishi, ya'ni qizishi va sovushi natijasida o'z xususiyatini o'zgartiradi va qisqa tutashuv sodir bo'lib, simlarning uzilishi yoki kontant qismlarning shikastlanishiga olib keladi. Ana shunday favqulodda hollarda elektr uskunalarni o'chirmasdan turib, ularning kontakt qismlari va harorati masofadan doimiy nazorat qilib boriladi. Agar normadan yuqori harorat aniqlansa, zudlik bilan bartaraf etish choralari ko'riladi. CHunki aynan shu nuqson mavjud kontakt qismlarda elektr energiya isrofi ham kuzatiladi.
Umuman, shu sohada ishlaganimiz bois, asosiy vazifamiz aholini uzluksiz elektr energiya bilan ta'minlash, deb bilamiz. Buning uchun sohaning fidoyi xodimlari tun-u kun mehnat qilyapti. Hatto, dunyoda 22-dekabr — energetiklar kuni alohida sana sifatida nishonlanadi. Uning tarixi 1920-yilga borib taqaladi. 1980-yilda esa sanani bayram kuni sifatida nishonlash rasman belgilangan.
Aytishlaricha, sananing boshqa ramziy ma'nosi ham bor. Ya'ni, 22-dekabr — sayyoramizda eng qisqa kun va eng uzun tun hisoblanadi. ona zaminimizning bosh energetigi — quyosh esa shu kuni bizga eng kam yorug'lik va issiqlik ulashadi. Shu bois, energiya iste'moli eng ko'p bo'ladigan bu kunda ayrim MDH mamlakatlarida energetika sohasi xodimlari kasb bayramini nishonlaydi. Ular qatori O'zbekistonda ham 22-dekabr — energetika sohasi xodimlari kuni, deb e'lon qilingan.
Yurtimiz energetika tizimida katta yangilanishlar, ta'mirlash ishlari jadallashgan. Xalqaro moliya manbalari ham jalb etilib, past kuchlanishdagi transformatorlar yuqori quvvatlisiga almashtirilmoqda. Ammo qars ikki qo'ldan chiqishini ham unutmasligimiz lozim. Energetiklar qanchalik ter to'kib mehnat qilmasin, odamlar energiya manbalaridan tartibsiz foydalansa, haddan ortiq isrof qilsa, buning jabrini qaysidir hududdagi yurtdoshimiz ko'rishi mumkin. Ayniqsa, mavsumning sovuq kunlarida kimningdir elektr energiyani isrof qilishi hisobiga, boshqa birovlar jabr ko'rishi hech gap emas. Achinarlisi, energiya iste'molini tejamaslik yangi o'rnatilayotgan elektr uskunalarimizning ham shikastlanishiga olib keladi, ularning mustahkam elektr energiyasi bilan ta'minlash imkoniyatini pasaytiradi.
Anvar RASULOV,
Toshkent shahar magistral elektr tarmoqlari direktori