Atmosfera havosining musaffoligiga barchamiz masʼulmiz!

    Yashil sayyora 6 Sentabr 2021 3663

    Bugun oldimizda turgan muhim ekologik muammolardan biri – atmosfera havosining musaffoligini asrashdir. Zotan, atmosfera havosidagi kislorod nafaqat inson, balki borliqdagi har bir tirik organizm hayoti uchun zarur resurs hisoblanadi.

    Maʼlumotlarga koʻra, atmosfera havosidagi tashlanmalarning 1,3 million tonnasi yoki 58 foizi transport vositalari, 924 ming tonnasi (42 foizi) sanoat korxonalari hissasiga toʻgʻri kelmoqda. Chunki avtomashinalar soni yil sayin oshib, yoʻllarda tirbandliklar ortib bormoqda.

    Tirbandlik qancha oshsa, atmosferaga chiqarilayotgan zaharli tashlanmalar ham oshishi kunday ravshan. Tirbandlikning asosiy sabablaridan biri esa svetoforlarda tez-tez uchraydigan nosozliklar chorrahalarimiz oʻtkazuvchanligi juda pastligi, yoʻl oʻtkazgichlar soni yetarli emasligidadir. Bir soʻz bilan aytganda mamlakatimiz yoʻl infratuzilmasi kun sayin ortib borayotgan transport oqimiga moʻljallanmagan.

    Ayni damda yuqoridagi muammolar yechimi boʻyicha bosh qotirishimiz kerak. Afsuski, ushbu masala bilan tegishli idoralar hali yetarlicha shugʻullanayotgani yoʻq. Toʻgʻri, hayotimizni avtotransport vositalarisiz tasavvur qilib boʻlmaydi. Biroq tanganing ikkinchi tomonini ham unutmasligimiz kerak. Bitta avtomashinaning svetoforning qizil chirogʻida bir daqiqa toʻxtab turishi natijasida atmosfera havosi qanchaga ifloslayotgani, bu mamlakat miqyosida qancha miqdorni tashkil etayotgani va ana shu zaharli havomiz bugun bizga qancha zarar yetkazayotgani bizni jiddiy tashvishga solishi, tegishli xulosalarni chiqarishimiz kerak albatta!

    Shaharlar va sanoat hududlarida havoning ifloslanishi aholi salomatligiga jiddiy xavf solayotgani, xususan, nafas yoʻllari, turli allergik, saraton, yurak, qon-bosimi bilan bogʻliq kasalliklarni avj olishi misolida ham yaqqol koʻrish mumkin.

    Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining hisob-kitoblariga koʻra, Oʻzbekistonda havoning ifloslanishidan kelib chiqadigan yillik oʻlim darajasi har 100 ming aholi soniga 81,1 tani tashkil qiladi. Aksariyat Yevropa mamlakatlarida ushbu koʻrsatkich 40 dan past, Ruminiya 59,3, Bolgariyada 61,8 ni tashkil etadi.

    Vaholanki, shu vaqtgacha biz doim aytib kelganmiz, osmonimiz musaffo, tabiatimiz toza deb. Haqiqiy holat esa jiddiy muammo yonimizda, buni inkor qilish kerak emasligi koʻrsatmoqda.

    Misol uchun, Singapur koʻchalarida avtotransport vositalari oqimini boshqaradigan aqlli trafik boshqaruv tizimi (Electronic Road Pricing — ERP) joriy etilgan. Mazkur tizim eng tigʻiz vaqtda shahardagi serqatnov yoʻllarni boshqaradi, yaʼni kunning muayyan pik vaqtida transport vositalaridan toʻlov undiriladi. Bundan maqsad pul topish emas, avtomobil haydovchilari, piyodalarga qulaylik yaratish, avtotransport vositalari qatnovini tartibga solishdir. Natijada tirbandlik yoʻqoladi, atmosferaga chiqadigan zaharli gazlar kamayadi.

    Koʻrinib turibdiki, bugun barcha shaharlarimizdagi yoʻllarda ana shunday “aqlli” boshqaruvni joriy etish vaqti kelgan. Eng avvalo, chorrahalarning oʻtkazuvchanligi, svetoforlar va albatta yoʻllarimiz bu talabga javob berishi kerak.

    Shuningdek, avtotransport vositalari, ularda ishlatiladigan yoqilgʻining sifati va ekologik koʻrsatkichlariga alohida eʼtibor qaratish lozim. Yevropa “Yevro-1”ni oʻtgan asrning toʻqsoninchi yillardan boshlagan boʻlsa, hozir “Yevro-7”ga oʻtish jarayoni boshlangan. Misol uchun, “Yevro-4”da atmosferaga chiqadigan karbonat angidrid miqdori 160-170 boʻlsa, “Yevro-6”da 120 birlikni tashkil etadi.

    2030-yilgacha boʻlgan davrda Oʻzbekiston Respublikasining Atrof muhitni muhofaza qilish konsepsiyasiga muvofiq 2022-yil 1-yanvardan boshlab “Yevro-3”dan past ekologik toifadagi motor yoqilgʻisini, 2023-yil 1-yanvardan boshlab esa “Yevro-4”dan past ekologik toifadagi motor yoqilgʻisini import qilish, 2022-yil 1-yanvardan boshlab esa zaharlilik darajasi “Yevro-4” ekologik toifa talablariga mos kelmaydigan gaz, benzin va dizel dvigatellari bilan jihozlangan “M” va “N” toifalaridagi transport vositalarini import qilish man etilgan.

    Shunga mos infratuzilmani yaratish, neftni qayta ishlash korxonalarini modernizatsiya qilish va eng zamonaviy ekologik talablarga javob beradigan yoqilgʻi mahsulotlari ishlab chiqarish borasida masʼul idora va tashkilotlar tashabbuslari sezilayotgani yoʻq.

    Avtomobillardan atmosferaga chiqayotgan zaharli gazlar miqdori boʻyicha standartlarni joriy etish, belgilangan standartlarga javob bermaydigan avtotransport vositalari harakatini cheklash kerak, albatta. Biroq, eski bir yuk mashinasi bilan roʻzgʻor tebratayotgan oilalar koʻp. Maqsad ularning ulovini yoʻlda yurgizmay qoʻyish emas, oʻsha ulovini maʼlum bir shartlar asosida yangisiga almashtirib berish choralari hukumat miqyosida ishlab chiqilishi zarur. Mana, oʻzimizda ishlab chiqarilgan yengil avtomobillar uchun “Trade-In” tizimi joriy etildiku, eski yuk avtomashinalari uchun ham shunday tizimni ishlab chiqish nega mumkin emas?

    Avtotransport vositalari uchun bir yilda ikki marta “Toza havo” tadbiri oʻtkaziladi. Uning natijasi ham samaradorligi ham oʻziga yarasha. Goʻyo shu bilan boʻldi – ekologik muammo hal... Aslida bu tizimli va kundalik boʻlishi kerak emasmi?! Axir bizga toza havo bir yilda ikki marta emas, har soniyada kerakku!

    Ekologik toza transport vositalari – bu elektromobillardir. Hozirda elektromobil importi uchun boj toʻlovi bekor qilingan, aksiz soligʻi ham olib tashlangan. Ayni paytda chetdan yengil elektromobil olib kirishda 20 yevro bojxona yigʻimi va 15 foizlik QQS toʻlash kifoya. Shuningdek, “Avtotransport vositalarini yollash va ijaraga berish faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, elektromobillar va mototransportlardan foydalanish, velosipedda mamlakat boʻylab harakatlanishni rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi hukumat qarori qabul qilingan. Qarorda “Oʻzavtosanoat” AJ korxonalarida faqat elektr dvigatel orqali harakatlanadigan yengil avtomobillar va mototransport vositalarini ishlab chiqarish konsepsiyasi ishlab chiqish belgilangan.

    Bundan tashqari, Moliya vazirligi 2021-yil va keyingi yillarga moʻljallangan Davlat byudjetini shakllantirishda faqat elektr dvigatel orqali harakatlanadigan avto va mototransport vositalari respublika hududida xarid qilinganda yoki vaqtinchalik olib kirilganda, ularni ichki ishlar organlarida roʻyxatdan oʻtkazishda toʻlanadigan yigʻimlarni bekor qilgan.

    Nazarimizda atmosfera havosining ifloslanishi ishlab chiqarishning oʻsishi, sanoat korxonalaridagi chang-gaz tozalash uskunalarining talabga javob bermasligi va maʼnan eskirgani bilan ham bogʻliqdir.

    Tahlillarga koʻra, respublikadagi mavjud 6,5 mingga yaqin chang-gaz tozalash uskunalarining 60 foizdan ortigʻi uzoq yillardan beri foydalanishda boʻlib, maʼnan eskirgan, zamon talablariga javob bermaydi.

    Tadbirkorlik rivojlanmoqda, har kuni bitta yangi ishlab chiqarish obyekti paydo boʻlyapti. Lekin ularning loyiha hujjatlari ishlab chiqilishida ekologik ekspertiza jarayoni qanday oʻtkazilyapti? Umuman, atrof muhitga yetkaziladigan zararning oldini olish uchun ularda qanday uskunalar oʻrnatilishi shartligi loyiha-smeta xarajatlarida aks etyaptimi?

    Afsuski bu savolga hozir joʻyali javob berishning oʻzi murakkab. Aslida har bir qurilayotgan zavod yoki fabrika, ishlab chiqarish korxonasi loyihasida atmosferaga chiqariladigan zaharli gazlarni ushlab qoladigan zamonaviy filtrlar, chang-gaz tozalash uskunalari oʻrnatish qatʼiy belgilanishi kerak. Buni qonun bilan mustahkamlab qoʻyishimiz shart. Bu talablar korxona qurilishidan oldin, loyihalashtirish davomida ishlashi kerak. Ana shundagina aholi gavjum maskanlarda atrofga chang chiqaradigan sement ishlab chiqarish korxonasi yohud katta shahar atrofida asfalt zavodi “paydo boʻlib”qolmaydi.

    Hozir ishlab turgan va atmosfera havosiga katta miqdorda zaharli gazlar chiqarayotgan sanoat korxonalarining hammasi ham filtr, chang tozalash uskunalarini oʻrnatayotgani yoʻq. Goʻyo ekologiya ham, toza havo ham ularga kerak emas. Mahsulotini chiqarsa, foydasini olsa boʻldi. Agar ekologiya inspektorlari tashrif buyursa, ayrim rahbarlar oʻsha filtrlarni oʻrnatish haqida emas, balki jarima toʻlab qutilish haqida bosh qotiradi. Mana, sizga ekologiyaga, atmosfera havosi tozaligiga munosabat!

    Bugun biz aynan mana shu kabi muammolarga yechim topish orqali respublikamizning yirik hamda sanoati rivojlangan shaharlarida atmosfera havosiga chiqarilayotgan uglerod, azot birikmalari, metan va boshqa gazlar chiqarilishini, chang miqdorini 1,5 barobarga kamaytirishni ustuvor vazifa sifatida belgilab olganmiz.

    Bu masalalarni qonun doirasida hal etish, meʼyoriy-huquqiy hujjatlarni qayta koʻrib chiqishning allaqachon vaqti yetib kelgan. Lekin yuqorida aytganimizdek, havoni ifloslab jarima bilan qutilib qolayotganlar tutgan yoʻldan boraversak, tabiat ham bizga rahm-shafqat qilmaydi.

    Narzullo Oblomurodov, Oʻzbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi Ijroiya qoʻmitasi raisi.