Avtomobil yoʻllari sohasida ochiqlik standartlari joriy etish vaqti yetdi

    Urbanizatsiya 25 Iyun 2021 2269

    Oʻzbekiston avtomobil yoʻllari milliy iqtisodiyotning muhim tarkibiy qismi hisoblanib, bugungi kunda tashqi va ichki savdo aloqalarini barqaror rivojlanishida asosiy drayver boʻlib xizmat qilmoqda.

    Bu esa, oʻz navbatida, mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini sekin-asta oʻsib borishiga, mintaqa uchun strategik ahamiyatga ega boʻlgan transport-logistika loyihalarida ishtirok etishiga zamin yaratmoqda.

    Shu bilan birga, yoʻllarni qurish, rekonstruksiya qilish va kapital taʼmirlash ishlariga doimiy ravishda yirik moliyaviy resurslar jalb etilishi hech kimga sir emas. Kuzatuvlar koʻrsatmoqdaki, avtomobil yoʻllarini qurish va taʼmirlashga davlat byudjetidan ajratmalar yildan-yilga oshib bormoqda va hozirgi paytda eng koʻp pul sarflanayotgan soha aynan yoʻl qurilishi sohasidir.

    Mamlakatimizda davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini taʼminlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga qaratilgan keng qamrovli islohotlar jadallik bilan olib borilmoqda. Shu qatorda, avtomobil yoʻllariga masʼul vazirlik va idoralarning yoʻnaltirilayotgan mablagʻlarni sarflashdagi masʼuliyatini oshirish, jamoatchilik oldidagi hisobdorligini taʼminlash standartlarini joriy etish boʻyicha tashkiliy-huquqiy choralar koʻrilmoqda.

    Aniqroq aytganda, “Korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda boʻlish muhitini yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvida korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirish va bunda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoni va “Korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini samarali tashkil etishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident qarori loyihalarida avtomobil yoʻllari sohasiga tegishli maʼlumotlarni ochiqlash, aholi ishtirokini oshirish kabi normalar joriy etilmoqda.

    Sohaga oid barcha maʼlumotlarni qamrab oladigan “SHAFFOF YOʻL” koʻpfunksiyali interaktiv platforma yaratilishi koʻzda tutilmoqda.

    Bu bilan nimaga erishiladi? Avvalambor, shu paytgacha jamoatchilikning haqli eʼtiroziga sabab boʻlayotgan masala – sohaga ajratilayotgan mablagʻlarning sarfi boʻyicha mavhumlikka barham beradi. Masʼul tashkilotlarning shaffof faoliyat olib borishlari, byudjet pullaridan oqilona va samarali foydalanishlari uchun zamin yaratiladi, sohada mavjud boʻlgan korrupsiyaga qarshi taʼsirchan mexanizm joriy etiladi.

    Shu bilan birga, aholi tomonidan barcha toifadagi yoʻllarni onlayn-xaritadan kuzatib borish, qaysi yoʻl uchastkasi (yoki koʻpriklar) qachon va qancha mablagʻ evaziga qurilishi yoki taʼmirlanishini bilib olish imkoni yaratiladi.

    Avtomobil yoʻllariga masʼul boʻlgan tashkilot – Avtomobil yoʻlari qoʻmitasi oʻz faoliyatiga doir ochiqlashi va keng omma eʼtiboriga taqdim qilishi lozim boʻlgan maʼlumotlar roʻyxati shakllantiriladi.

    Jamoatchilikning doimiy kuzatuvida turadigan mazkur onlayn platforma soha masʼullari tomonidan olib boradigan ishlar sifatiga ijobiy taʼsir qilishi aniq.

    Qayd etish lozimki, bugungi kunda bu turdagi platformalar dunyoning rivojlangan mamlakatlarida samarali qoʻllanilib kelinmoqda.

    yoʻllarda qurilish, taʼmirlash ishlarini olib borishda aholi fikrini inobatga olish, ularning yoʻllar va magistrallardan qoniqishlariga oid fikrlarini muntazam oʻrganib borish, fuqarolar tomonidan yoʻl infratuzilmasining holati boʻyicha eʼtiroz va munosabatlar bildirilishi kabi tajribalar shakllangan. Hozirda dunyo boʻyicha bu yoʻnalishdagi eng samarali tajribalar Shveysariya, AQSH, Rossiya Federatsiyasi, Ukraina, Singapur, Buyuk Britaniya, Germaniya va boshqa mamlakatlarda qoʻllanilib kelinmoqda.

    Jumladan, Singapurda joriy qilingan OneMonitoring onlayn tizimida, aholiga qulaylik yaratish maqsadida maʼlum yoʻl uchastkalarini qurish boʻyicha onlayn-loyihalari taqdim etilib bunda quyidagi maʼlumotlar aks ettiriladi:

    – qurilish, taʼmirlash ishlari olib boriladigan hudud onlayn-xaritasi;

    – qurilish, taʼmirlash ishlarini olib borish zaruratini aks etgan asosnoma-axborot;

    – qurilish, taʼmirlash ishlari olib boriladigan muddat;

    – qurilish, taʼmirlash ishlarini olib boradigan tashkilot;

    – qurilish, taʼmirlash ishlarini olib borilishi natijasida yoʻllar yopilishi shuningdek, jamoat transporti marshrutlarining oʻzgarishi boʻyicha maʼlumot

    – fotohisobot.

    Mazkur platformada alohida tarzda (1) kapital taʼmir, (2) rekonstruksiya, (3) yoʻllar boʻyida qurilish ishlari, (4) joriy taʼmirga oid maʼlumotlar aks ettiriladi. Qoʻshimcha ravishda qurilish, taʼmirlash ishlari olib boriladigan hudud (km da), muddat va bosqichlar, ish loyihalarining smetalari va boshqa maʼlumotlar biriktiriladi.

    Ukrainada avtomobil yoʻllariga masʼul tashkilot – “Ukravtodor” tomonidan Interaktiv xarita yuritiladi (https://map.ukravtodor.org). Mazkur platformada ham barcha kategoriyadagi yoʻllarda olib borilayotgan qurilish, taʼmir ishlarini kuzatish bilan birga aholi tomonidan yoʻllardagi va tegishli uchastkalarda mavjud kamchiliklar, nosozliklar yuzasidan foto- va videomurojaatlar yuborish funksiyasi mavjud. Murojaatlar platformaga biriktirilgan maxsus dispetcher tomonidan oʻrganib chiqilib, muammo vujudga kelgan yoʻl uchastkasi uchun masʼul tashkilot va mahaliy davlat hokimiyati organlariga yuboradi hamda vujudga kelgan mummo va uning yechimi boʻyicha olib borilayotgan ishlar statusi boʻyicha doimiy yangilangan axborot yuklab boradi.

    Buyuk Britaniyaning turli okruglarida (graflik) fuqarolar yoʻllarda yuzaga kelgan muammolar – trassalardagi chuqurliklar, svetoforlarning va yoritish tizimining ishdan chiqqanligi, yoʻl belgilari sinishi va boshqa turdagi noqulayliklar toʻgʻrisida onlayn shaklda murojaat yoʻllash imkoni yaratilgan. (https://www.devon.gov.uk/roadsandtransport/report-a-problem/)