Axsikent qilichsozligi tarixi uzoq tarixga borib taqaladi

    Fan 30 Aprel 2021 5194

    Yurtimizning har bir hududi qadimdan hunarmandchilikning bir turiga ixtisoslashib kelgan.

    Shu oʻrinda “Fargʻona vodiysi Afrosiyobi” deb eʼtirof etiladigan qadimiy Axsikent shahrida ham antik davrdan boshlab hunarmandchilikning kulolchilik, shishasozlik va qurol-yarogʻ ishlab chiqarishga ixtisoslashgan temirchilik sohalari taraqqiy etgan. Axsikent temirchi hunarmandlari tomonidan tayyorlangan qilichlar oʻrta asr Gʻarbiy Yevropa adabiyotlarida “Damashq qilichlari” nomi bilan tilga olingan.

    Toshga ursa, uni kesadigan, egilsa ham sinmaydigan gʻayritabiiy kuchga ega boʻlgan qilichlar haqida har xil rivoyatlar toʻqilgan. Aslida ushbu qilichlar tarixi Fargʻonaning bosh poytaxti Axsikent (Fargʻona) tarixi bilan bevosita bogʻliq.

    Yozma manbalarga murojaat qilsak, ularda (Istahriy, Ibn Havqal) Ustrushonadan qazib olingan temirdan fargʻonalik hunarmandlar inson aqli bovar qilmaydigan buyumlar tayyorlashgan va Fargʻonadan Buyuk Ipak yoʻli orqali qurollar ham eksport qilingan, degan umumiy gaplar mavjud. Axsikent yodgorligida olib borilgan arxeologik qazishmalar ushbu muammoga aniqlik kiritibgina qolmay, balki Fargʻonaning bosh poytaxt­ haqida ham buyuk kashfiyotlarga olib keldi. Shuning uchun Fargʻona qilichlari tarixiga izoh berishdan avval, ushbu qurollar tayyorlangan shahar haqida maʼlumot berishni lozim topdik.

    Miloddan avvalgi II-I asrlarga oid Xitoy yozma manbalari va milodiy VIII-IX asrlariga doir arab manbalarida Fargʻona soʻzi vodiyning nomidan tashqari, uning bosh poytaxtiga ham tegishli ekanligini koʻrish mumkin. Masalan, xitoy tilida Fargʻona shahri nomini “Yuan”, vodiy nomini «Day Yuan», deb tarjima qilingan, yaʼni Xitoy tarixchisi vodiyni, shahardan farqlash uchun, uni “Katta Fargʻona”, deb yozgan. Bizga maʼlumki, Fargʻona soʻzi atrofi devor bilan oʻralgan joy yoki atrofi oʻralgan voha, degan maʼnoni bildiradi. Bu yerda Xitoy tarixchisi shahar nomiga bitta iyeroglif (Yuan), vodiy nomiga ikkita iyeroglif (Day Yuan) ishlatgan.

    Keyingi yillarda olib borilgan arxeologik tadqiqotlar, Fargʻona vodiysi yoki Xitoy manbalarida tilga olingan Fargʻona davlatining bosh poytaxti Fargʻona shahri hozirgi Namangan viloyati Toʻraqoʻrgʻon tumanida, Sirdaryoning oʻng qirgʻogʻi boʻylab joylashgan Axsikent yodgorligi oʻrnida boʻlgan, degan ilmiy xulosaga olib keldi. Maʼlum boʻlishicha, miloddan avvalgi II asrning oxirlarida xitoyliklarning Fargʻonaga qilgan harbiy yurishlari vaqtida Axsikent oʻrnidagi shahar oʻzining arki, shahristoni va rabotiga ega boʻlib, 50 gektardan ziyod maydonni egallagan. Shahar mustahkam mudofaa devorlar bilan oʻrab olingan.

    Arxeologik tadqiqotlarga qaraganda, X-XII asrning boshlarida Axsikent metallurg-temirchi ustalari toza poʻlat (fulad) ishlab chiqarish texnologiyasi sirlarini bilishgan. Toza poʻlat olish uchun birinchi navbatda, boyitilgan (tozalangan) temir xom ashyosi zarur boʻlgan. BuniAxsikent usta­lari Gʻovasoy-Pop vaUstrushonadagiMarsmanda togʻ-kon sanoati metallurglaridan olishgan. Boyitilgan (tozalangan) temir mahsuloti Axsi­ket metallurg-temirchi ustalari qoʻliga tushgach, undan ular birinchi navbatda maxsus texnologiya yordamida poʻlat olishgan. Soʻng mashhur Fargʻona qilichlarini yasashgan.

    Poʻlatdan qurol tayyorlash ustadan katga mahorat talab qilgan. Qilichga ishlov berish jarayonida, uning yuzida har xil naqshlar paydo boʻlgan. Bunga oʻxshash qilichlar oʻta keskir boʻlishi bilan birga, moʻjizaviy sanʼat asari ham hisoblanib, dunyo bozorida yuqori baholangan. Shuning uchun ham uning sopi va gʻilofiga alohida ishlov berilib, qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan. Bunday qilichning narxi juda yuqori boʻlib, unga ega boʻlish faqat podsho askarlari va boy- badavlat odamlargagina nasib qilgan.

    Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2019-yilgi Namangan tashriflari davomida Axsikentning haqqoniy tarixini oʻrganish, mazkur hududni turizm makoniga aylantirish yuzasidan keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.

    Olib borilgan tadqiqotlar asosida bu yerda turli davrlarga oid ikkita shahar boʻlganligini, ulardan biri qadimgi Axsikat va ikkinchisi Bobur tugʻilgan Axsi ekanligi isbotlangan. Uning xarobalari mahalliy xalq orasida Yangi Axsi toponimi bilan atalib, hozirda uning ozroq qismi Yakka yigit qishlogʻi tagida saqlangan.

    Hozirda qadimgi shahar xarobalarida qazishma ishlari olib borilmoqda.

    Avvalroq saytimiz orqali Yangi Axsida toʻplanayotgan yuzlab topilmalar qatoriga poʻlat xanjar hamda «Oyatal kursi» bitilgan mis piyola qoʻshilgani haqida xabar bergan edik.

    Navbatdagi topilma noyob Damashq qilichi Axsi osori-atiqalar muzeyiga 510-eksponat sifatida roʻyxatga kiritildi. Taʼkidlash kerak, Axsikentda tayyorlangan qurollar “Damashq qilichlari” nomi bilan dunyoga mashhur boʻlib, Gʻarbda Damashq, Sharqda Xitoy bozorlarida sotilgan.

    Xulosa qilib aytganda, IX-XII asrning boshlarida Fargʻona – Axsikent shahrining ustasi farang hunarmandlari qattiq va yumshoq poʻlatlar ishlab chiqarish sirlarini bilishgan. Ular tayyorlagan qilichlar Sharqda Xitoy va Janubi-gʻarbda xalifalik markazi Damashq bozorlarida sotilgan. Oʻrta asrlarda butun Yevropaga “Damashq qilichlari” nomi bilan mashhur boʻlgan qurollarning maʼlum bir qismining vatani Fargʻona-Axsiket hisoblangan. Eski Axsi yodgorligini ziyorat qilgan sayyoh har qadamda poʻlat ishlab chiqarish bilan bogʻliq chiqindilar va ustaxona xarobalarini koʻradi, yuqorida aytilgan gaplarning tasdigʻini topadi.

    Durdona MAHMUDOVA,

    Namangan viloyat tarixi va madaniyat

    davlat muzeyi ilmiy xodimi