Ayollarning siyosiy faolligini oshirish boʻyicha davra suhbati boʻlib oʻtdi

    Mamlakatimizda 1 Fevral 2023 1932

    Kuni kecha Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi aʼzolari, Mahalliy vakillik organlari faoliyatiga koʻmaklashish, gender tenglik, odam savdosi va majburiy mehnatning oldini olish masalalari boshqarmasi, Oʻzbekiston siyosiy partiyalarining “Ayollar qanoti” tuzilmasi rahbarlari ishtirokida yurtimizda xotin-qizlarning siyosiy jarayonlarda faolligini oshirish borasida davra suhbati boʻlib oʻtdi.

    Unda 2030-yilga qadar gender tenglikka erishish strategiyasining ijrosi, shuningdek, maqsadli koʻrsatkichlari muhokama etildi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi maʼlumotiga koʻra, bir qancha vazirlik va idoralar, shu jumladan, siyosiy partiyalar oʻz vaqtida statistik maʼlumotlarni taqdim etmagan. Shu bois siyosiy partiyalar vakillariga mazkur koʻrsatkichlarni xar oyning 5 sanasigacha taqdim etish lozimligi alohida taʼkidlab oʻtildi.

    Shuningdek, tadbir davomida xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy hayotdagi rolini hamda saylov jarayonlaridagi faolligini oshirish boʻyicha bevosita siyosiy partiyalar bilan hamkorlik dasturini ishlab chiqish borasidagi vazifalar muhokama etildi. Oʻz navbatida, mazkur dastur kelajakda xotin-qizlarning siyosiy jarayonlarga qiziqishini uygʻotish va faolligini oshirishga xizmat qilishi alohida taʼkidlab oʻtildi.

    Muhokamalar davomida ishtirokchilar tomonidan bir qator takliflar ilgari surildi. Xususan, Oʻzbekistonda siyosiy faol ayol imidjini yaratish, siyosiy partiyalarga ayollarni koʻproq jalb etish, ularning huquqiy savodxonligini oshirish, shu bilan birga, har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan talabalar orasida siyosiy jarayonlar targʻibotini oshirish kabi bir qancha takliflar shular jumlasidandir.

    Tadbir soʻnggida Oliy Majlis Senati hamda Oʻzbekiston siyosiy partiyalari 2030-yilga qadar gender tenglikka erishish strategiyasining ijrosi, shuningdek, Oʻzbekistonda siyosiy faol ayollarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha hamkorlikni yanada mustahkamlashga kelishib oldi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.