Shu sababli bu yerga diagnostika, terapevtik muolajalar va murakkab jarrohlik amaliyotlari uchun koʻplab davlatlardan bemorlar kelishadi.
Yana bir eʼtiborli jihati, Fransiya aholisi oʻrtasida yurak-qon tomir kasalliklaridan oʻlim koʻrsatkichlari past darajada. Bularning barchasi tibbiyot sohasida ushbu mamlakat bilan hamkorlik qilish va tajriba almashish qanchalik muhimligini anglatadi.
Bugun Sogʻliqni saqlash vazirligida Fransiyaning yurtimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Oreliya Bushez xonim bilan oʻtkazilgan muloqotda ayni shu masalalar muhokama etildi.
Uchrashuv avvalida elchiga pandemiya davrida Fransiya davlati tomonidan koʻrsatilgan amaliy yordam, jumladan, kornavirusga qarshi vaksinalar berilgani uchun alohida minnatdorlik bildirildi.
Oʻz navbatida, Oreliya Bushez xonim Fransiya sogʻliqni saqlash tizimi boshqaruvida alohida oʻrin tutuvchi “AP-HP” — Fransiyaning davlat tibbiyot muassasalari assotsiatsiyasi faoliyati haqida toʻxtalib, ushbu tuzilma bilan hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyishni taklif qildi.
Taʼkidlanganidek, “AP-HP” nafaqat Yevropa, balki butun dunyodagi eng yirik shifoxonalar tizimidir. U tibbiyotning 52 yoʻnalishi boʻyicha innovatsion yechimlar asosida faoliyat olib boradi. Assotsiatsiyaga qarashli 44 ta shifoxonada 90 mingdan ziyod xodim yiliga 5,8 million nafardan ortiq bemorga xizmat koʻrsatadi.
Muloqot chogʻida ushbu assotsiatsiya bilan Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligi oʻrtasida anglashuv Memorandumini imzolashga kelishildi. Bu esa tibbiy sugʻurta, davolash muassasalarini modernizatsiyalash, talabalarni oʻqitish, pediatriya, akusherlik-ginekologiya, gematologiya, onkologiya, oftalmalogiya, shoshilinch va tez tibbiy yordam xizmati kabi qator yoʻnalishlarda oʻzaro hamkorlik aloqalarini kengaytirishga xizmat qilishi qayd etildi.
Qolaversa, sogʻliqni saqlash sohasida boshqaruv menejmenti tamoyillarini joriy qilish, farmatsevtika sanoatini rivojlantirish va bu sohaga investitsiyalar kiritish, kadrlar malakasini oshirish, sanitariya xavfsizligi sohalarida ham Fransiya tajribasini oʻrganish va ommalashtirishga ehtiyoj yuqori.
Yana bir yangilik: shu yilning bahoridan Oʻzbekistondagi tibbiy laboratoriyalar xodimlarining Fransiya hukumati koʻmagida ushbu davlatda malaka oshirishiga kelishildi.
Bundan tashqari, muloqotda nafaqat Fransiya, balki jahon aviasozlik sanoatida yetakchi mavqega ega boʻlgan “Airbus” kompaniyasining vertolyotlaridan kelgusida mamlakatimiz shoshilinch tibbiy yordam xizmatida foydalanish masalasi yuzasidan ham fikr almashildi.
Sogʻliqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.