– Assalomu alaykum, avvalo, taklifimizni qabul qilganingiz uchun katta rahmat. Keling, suhbatimizni faoliyati qayta tashkil etilgan Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi endilikda oldiga qanday vazifalar qoʻyganidan boshlasak...
– Hukumat tomonidan markazimiz oldiga mavjud muammolarni bartaraf etish boʻyicha strategik vazifalar qoʻyilgan. Butun dunyoni shoshirib qoʻygan pandemiya raqamli iqtisodiyot, elektron hukumat xizmatlarining naqadar kerakligini yana bir bor koʻrsatdi. Aholi oʻrtasida ularga talab yuqorilashib ketdi. Shu pallada qayta tashkil etilgan markazimiz xalqqa sifatli xizmat koʻrsatishni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻydi.
Ushbu jarayonda nafaqat elektron hukumat, balki respublikamizdagi barcha vazirliklar, tashkilot va idoralar ham oʻz faoliyatini axborot texnologiyalarisiz rivojlantira olmasligini anglab yetishdi. Hatto, Jismoniy tarbiya va sport vazirligida boʻlganimizda, ular “Biz axborot texnologiyalarisiz sportni ham rivojlantira olmas ekanmiz”, degan fikrni bildirishdi.
Buni anglab yetgan vazirlik, davlat tashkilotlari, idoralar borki, hammasi oʻz biznes jarayonini avtomatlashtirib, sohasiga raqamli iqtisodiyot, axborot texnologiya yoʻnalishlarini kiritib boryapti. Agar har bir tizimda raqamli texnologiyalar joriy etilishi yuqori koʻrsatkichga chiqsa, bu nafaqat davlat organlari, balki aholi uchun ham qulaylik tugʻdiradi, eng muhimi, shaffoflik taʼminlanadi.
AKT vazirligi tomonidan manfaatdor vazirlik va idoralar, biznes hamjamiyati va ilmiy doiralar vakillari hamda xorijiy ekspertlar ishtirokida ishlab chiqilgan “Raqamli Oʻzbekiston — 2030” strategiyasining qabul qilinishi ham katta qadamlardan boʻldi. Barcha tarmoqlarni avtomatlashtirish borasida yoʻl xaritalari belgilandi. Har bir sohaga alohida raqamli iqtisodiyotga yoʻnaltirilgan rahbar kadrlar tayyorlashga kirishildi.
Tan olamizmi-yoʻqmi, lekin ilm-maʼrifatsiz raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish qiyin, yaʼni axborot texnologiyalar sohasidagi bilimlarni oshirmay turib, raqamli iqtisodiyotni yuksaltira olmaymiz. Hozir oldimizda katta bir muammo turibdi, bu ham boʻlsa, kadrlar salohiyatini oshirish. Bu borada AKT vazirligi tomonidan barcha hududlarimizda raqamli iqtisodiyot, yaʼni axborot texnologiyalariga yoʻnaltirilgan markazlar tashkil etilmoqda.
– Bu soha yoshlarimizga nimalarni vaʼda qiladi?
– Bilasizmi, AKTning yana bitta yaxshi tarafi – bu sohada faoliyat olib boruvchilarga diplom shart emas. Qaysidir dasturiy taʼminotni ishlab chiqish uchun uning tilini bilsa, marhamat, ishlasin. Xizmati uchun pul olsin.
Bugun bejizga har bir viloyatlarimizda AKTga ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil etilmayapti. Ular rejasiga boshlangʻichdan 11-sinfgacha boʻlgan oʻquvchi-yoshlarga aynan axborot texnologiyalari yoʻnalishi bilan birga aniq fanlar, masalan, matematika, fizika, informatika, dasturlash tillarini ham oʻqitish kiritilgan. Yaqinda Sirdaryo viloyatida AKTga ixtisoslashtirilgan kollej ochildi. Bularning hammasi yoshlar uchun, ularning kelajagi uchun.
Hozirgi kunda respublikamizda bu yoʻnalishda 3 ta: Amiti, Inha va Toshkent axborot texnologiyalari universitetlari bor. Tahlil natijalari ushbu yoʻnalishni yoshlarimizning 0,2 foizi bitirayotganini koʻrsatgan. Bu juda kam degani. Shu oʻrinda savol tugʻiladi: agar biz bilim salohiyati yetarli kadrlarni yetishtira olsak, ular nima beradi? Avvalo, olgan bilimlari orqali maʼlum bir dasturiy maʼlumotlar ishlab chiqaradi. U oʻz navbatida davlat organiga – qogʻoz koʻrinishidagi yoki byurokratik toʻsiqlar deymiz – ularni yoʻqotishga, shaffoflik taʼminlanmagan, inson omili aralashadigan joylardagi muammolarni bartaraf etishga yordam beradi. Keyin xalq ham ushbu tizim xizmatidan masofadan foydalanishi mumkin. Va u Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga ulanadi, integratsiya qilinadi. Shu tariqa xalq har bitta davlat organidagi kerakli maʼlumotlarni, xizmatlarni olish imkoniyatiga ega boʻladi.
– Haqiqatan, 2020-yilda pandemiya sabab raqamli iqtisodiyotga koʻproq ehtiyoj sezdik. Ayting-chi, bir yillik olingan xulosalar va toʻplangan tajribalar qanday boʻldi?
– Hozirgi kunda Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi tomonidan xizmat koʻrsatishni avtomatlashtirishdan tashqari, tizimlarni ishlab chiqarish boʻyicha vazirlik va idoralardan kelayotgan 350dan ortiq texnik topshiriqlarga xulosalar berildi. Markazning asosiy vazifasi joriy etilayotgan tizimlarning oʻsha vazirlik idoralariga qanchalik toʻgʻri kelishini va bir-birini takrorlamasligini oʻrganish hamda davlat byudjetini bekorga sarflamaslikdir. Shu maqsadda markazimiz tomonidan Yagona axborot reyestri ishlab chiqildi. U respublikamizdagi barcha davlat tashkilotlari tomonidan ishlab chiqilayotgan axborot tizimlarining yagona bazasi boʻladi. Yaʼni qaysi davlat tashkilotlarida nechta va qaysi axborot tizimlari joriy qilingan, ularning roʻyxatini yuritish, monitoringini olib borish, samaradorligini oʻrganish va hokazo.
– Elektron hukumat sohasidagi qaysi loyihalarni ham mamlakatimiz, ham xalqimiz uchun muhim deb hisoblaysiz?
– Oʻzi har bir vazirlik, idora va tashkilotlar loyihalarini faoliyatidan kelib chiqib yaratadi. Hamda u qaysidir vazirlik yoki tashkilot uchun muhim hisoblanadi. Oʻsha zarur loyihalarni bir joyga jamlovchi bu – Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalimiz.
Hozirga kelib portalda yangi modernizatsiya ishlarini olib bordik. Bugungacha 50 dan ortiq yangi xizmatlar joriy etdik, lekin bungacha 180 tasi mavjud edi. Endilikda biz ularni optimallashtirishimiz kerak deb oʻylayman. Toʻgʻri, xizmatlarni koʻpaytirganimiz yaxshi, ammo xalqqa ularning soni emas, sifati muhim. Yaʼni bitta xizmat orqali bir nechta ishni bajarishga erishishimiz lozim.
Masalan, yangi farzandli boʻlganda bolaga ilk bor guvohnoma beriladi. Shu hujjat bilan birga shaxsiy identifikatsiya raqamini olish va chaqaloqni yashash hududiga yaqin maktabgacha taʼlim muassasasiga navbatga qoʻyishni ham belgilab ketish kerak. Shunda bola bogʻcha yoshiga yetib, navbati kelganida xabar yuboriladi. Koʻryapsizmi, ushbu jarayon toʻliq avtomatlashtirilgan, ortiqcha vaqt ham talab qilmaydi. Bu maktabgacha taʼlim vazirligining loyihasi.
– Bahrom Qobulovich, bilamizki, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalining ochilganiga bir necha yil oʻtdi. Lekin u negadir ommalashmadi. Bunga sabab nima deb oʻylaysiz?
– Sababi unda aholimiz hali raqamli texnologiyalardan foydalanishni hozirgidek bilmasdi. Lekin pandemiya bu jarayonni tezlashtirdi. Yaʼni odamlar uydan chiqmagan holda ushbu xizmatlarni oʻrganishga majbur boʻlishdi. Natijada nafaqat xizmat turlarimiz, balki respublikamiz boʻylab internet tezligi ham ortdi. 2019-yilda 330dan ortiq aholi yashash punktlari, yaʼni qishloq va ovullarda internet tarmogʻi yoʻq edi. 2020-yil yakuniga qadar koʻrsatkich 80 foizga yetkazildi.
Shuningdek, maktablarimizda elektron kundalik joriy etildi. U orqali ota-onalar farzandining davomadini, darslarga qatnashishini, baholarini kuzatib boryapti. Yana sogʻliqni saqlash obyektlarimizda elektron poliklinika degan atamalar paydo boʻldi. Ilgari shifokor qabuliga borsak, navbat kutib kunimiz oʻtardi. Hozir unday emas. Masofadan turib, shifokor qabuliga yozilish, navbati yaqin qolganda darrov chiqib kelishi mumkin. Endilikda ushbu raqamli iqtisodiyot strategiyamizni barcha hududlarga tatbiq etish belgilangan. Tajriba tariqasida 12ta viloyat, Qoraqalpogʻiston Respublikasi hamda Toshkent shahridagi 28ta tumanda, yaʼni har bir viloyatda ikkitadan loyihani joriy etish koʻzlangan. Shaxsan oʻzim Axborot texnologiyalari vazirligi tomonidan Xorazm viloyatiga biriktirilganman. Hozir viloyatning Xonqa va Shovot tumanlaridagi barcha taʼlim muassasalari, sogʻliqni saqlash obyektlariga aloqa liniyalari tortib boʻlinib, tizimdan foydalanish yoʻlga qoʻyildi. Bu aholi uchun juda katta qulaylikdir.
Yana hududlardan kelib chiqqan holda taʼlim sifatini ham oshirishimiz mumkin. Masalan, Xorazm, Qoraqalpogʻiston Respublikasida matematika fanidan bilimi yuqori bolalar juda koʻp ekan. Tahlil qilganimizda, 70 foizi matematikadan besh olarkan. Shuning uchun endi eʼtiborni Xorazm, Qoraqalpogʻiston Respublikalariga ham qaratib, IT-Parklarni rivojlantirishni hamda bolalarni axborot texnologiya yoʻnalishida kuchaytirilgan tartibda oʻqitishni maqsad qilganmiz.
– Xizmatlarga boʻlayotgan talabni oʻzingiz ham kuzatib borasizmi?
– Albatta, har bitta xizmat joriy etilganda undan oʻzim ham foydalanib koʻraman. Yaʼni qaysi bosqichlari odamlar uchun qulay, muammolar kelib chiqmayaptimi, yana qanday yengilliklar kiritish mumkin – birma-bir oʻrganaman. Tanishlardan ham foydalanib koʻrishini soʻrayman. Xizmatlar bosqichi qanchalik qulay boʻlsa, aholining masofadan foydalanish samaradorligi shunchalik oshadi. Biz bu sohani bilganimiz uchun biror noqulaylik boʻlsa, yechim topib ketaverishimiz mumkin. Lekin oddiy xalq qiynaladi. Shuni ham hisobga olishimiz shart.
– Toʻgʻri aytdingiz, haqiqatan, ushbu tizimni aholi yaxshi tushunib olishi uchun biroz vaqt kerak. Bu borada yana nima ishlar qilinmoqda?
– Raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishda bizning strategiyamiz bu – Yagona interaktiv davlat xizmatlarining yagona biling hamda aholini identifikatsiya qilish tizimlarini bosqichma-bosqich joriy etishdir. Biz nafaqat aholiga, balki davlatga ham xizmat koʻrsatamiz. Masalan, davlat bojini olishda. Aholi maʼlum bir xizmatdan foydalanganda pul toʻlaydi va u davlatga borib tushishi kerak. Mazkur jarayon shaffof amalga oshirilyaptimi-yoʻqmi, nazorat qilish lozim. Shu bois biz har bir xizmatga yagona biling tizimini ishlab chiqqanmiz. U orqali xizmatdan foydalangan shaxs oʻsha joyning oʻzida toʻlash imkoniyatiga ega boʻladi va davlat boji toʻgʻridan-toʻgʻri davlat byudjetiga tushadi.
– Bugunga kelib vazirliklar va davlat tashkilotlari oʻrtasida axborot almashinuvi qanday yoʻlga qoʻyilgan?
– Bu maqsadda idoralararo integratsion platforma yaratilib, u orqali barcha vazirlik va tashkilotlarga tegishli maʼlumotlarni almashish koʻzlangan edi. Ammo u bugungi kun talablariga javob bermaydi. Ushbu tizim 2014-yilda Koreya bilan hamkorlikda joriy etilib, hozirgi kunda maʼlumotlar hajmi oʻsgani sabab koʻtarish qobiliyati dosh berolmayapti. 2021-yil oxirigacha shu tizimni yangilashni oldimizga maqsad qilib qoʻyganmiz.
– Koʻp sohalarda hududlar bilan ishlash haligacha yaxshi yoʻlga qoʻyilmagan. Elektron hukumatning bu borada oldiga qoʻygan maqsadi, taktikasi qanday?
– Bugungi kunda har bir hudud boʻyicha loyihalarning bajarilish bosqichlari, kechikish sabablari tahlil qilinib, ular natijasini joylarga chiqqanda holda oʻrganadigan mutaxassislarimiz mavjud. Ular muammolarni hal qilishga yordam berishadi. Yaʼni internetdan tortib, dasturiy taʼminotni joriy etishgacha. Shuningdek, boshqarish uchun monitoring tizimini ham ishlab chiqdik. Bunda barcha loyihalarning roʻyxati va amalga oshirish muddati belgilangan boʻladi. Hozirgi kungacha 30 ta loyiha toʻliq bitdi.
– Bu qancha muddatda amalga oshirildi?
– Prezidentimizning ushbu masalaga qaratilgan qarori 2020-yilning yoz faslida imzolangan boʻlsa, shu vaqtgacha iqtisodiyot tarmoqlari va mahalliy hokimiyat organlari hamda vazirlik idoralarida 250dan ortiq yirik loyihalar amalga oshirildi.
Birgina misol, agar biz hozirgi kunda gaz hamda elektr energiya taʼminotini avtomatlashtirmasak, aholiga yetkazib berilayotgan mahsulotimiz sifati tushadi. Endilikda yangi hisoblagichlar orqali masofadan monitoring qilish imkoniyati yaratildi. Aynan avtomatlashtirish yordamida sohani rivojlantirishga erishamiz. Agar ushbu bosqichga olib chiqolmasak, shaffoflik boʻlmaydi.
Masalan, jahon tajribasidan Hindiston yoki Koreya, Qozogʻiston, Belarus davlatlarini oladigan boʻlsak, ularning asosiy daromadi axborot texnologiyalari yoʻnalishidagi dasturiy mahsulotlar eksportidan. Bizniki esa qishloq xoʻjaligi yoki maʼlum bir ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar orqali. Oʻz-oʻzidan biz ushbu mahsulotlarni olish uchun qandaydir resurslar ishlatamiz. Axborot texnologiyalari esa resurs emas, aqliy jarayonni talab qiladi. Yaʼni bunda intellektual qobiliyat sotiladi. Intellektual qobiliyatning marjasi 90% hisoblanadi. 10%iga internet va kompyuteringizga ketadi. Bu juda katta foyda degani.
Yana bir oddiy misol, aytaylik, Toshkent viloyatining Qibray tumani aholisi shu kungacha gazdan foydalangan. Lekin kim, qancha miqdordagi gaz ishlatgani toʻgʻrisida na maʼlumot, na roʻyxat mavjud emas. Aynan aqlli hisoblagichlarni oʻrnatish orqali gazga sarflangan puldan 70 foiz koʻp daromad olishga erishildi. Buni hatto oʻsha gaz beradigan tashkilotning oʻzi ham bilmasligi oydinlashdi. Mana muammo qayerda?! Axir bu davlat byudjetiga zarar-ku. Aholiga gaz sifatli yetkazib berilsa, ular ham pulini vaqtida toʻlashga odatlanadi. Hatto oldindan toʻlab qoʻygani uchun sifatli gaz berilishini talab qilish huquqini qoʻlga kiritadi.
– Aytmoqchisizki, barcha sohalar raqamlashtirilsa, tanish-bilishchilik, korrupsiya holatlarining oldi olinadi, yana xalq oʻz mablagʻlarini nazorat qilib, qayerga, qancha sarflanayotganini aniq bilib turadi, shundaymi?
– Albatta. Raqamli texnologiyalarni joriy etish bu mamlakatimiz oldiga qoʻyilgan ulkan maqsadlarga erishishning eng qisqa yoʻlidir. Tizim maʼlumotga qanchalik koʻp ega boʻlsa, tahlil qilish orqali, hatto, kelayotgan xavf-xatarga ham oldindan tayyor turishimizni belgilab beradi. Yaʼni shaffoflikni taʼminlash bilan birga oʻsishimizga ham xizmat qiladi.
– Endi oʻtgan yil natijalari, 2021-yilga moʻljallangan rejalar, loyihalar bilan ham oʻrtoqlashsangiz...
– Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi tashkil etilganiga koʻp boʻlmasa-da, qisqa vaqtda 50dan ortiq davlat xizmatlarini joriy qildi. Maʼlum bir tizimlar, yaʼni davlat va xoʻjalik boshqaruv organlari bilan aloqalarni avtomatlashtirishga erishdik. Jumladan, texnik topshiriqdan tortib, unga beriladigan xulosalarni ham elektron koʻrinishga oʻtkazdik. Maʼlum bir tizimlarimiz modernizatsiya qilindi. Oldimizga qoʻyilgan maqsadlar juda katta. Masalan, joriy yilda maʼlumotlarni qayta ishlash markazini tashkil etishni rejalashtirganmiz. Bu davlat organlari uchun yuqori natija degani. Shuningdek, aholiga koʻrsatilayotgan xizmatlarni optimallashtirishni, yaʼni soniga emas, sifatiga baho berishni moʻljallayapmiz.
Bundan tashqari, keyingi jarayonlarda har bir vazirlik idoralarini reyting baholashni yoʻlga qoʻymoqchimiz. Ular bu orqali oʻz yutuq va kamchiliklarini oʻrganib, tegishli xulosaga kelishadi.
2021-yilda har bir vazirlik idoralaridagi mutaxassislarimizni oʻqitishni rejelashtirganmiz. Ular saviyasini oshirish orqaligina bu yoʻnalishni tezroq rivojlantirishga erishamiz. Joriy yilda toʻliq yakuniga yetkaziladigan 500 dan ortiq yirik loyihalar boʻlib, ularni tizimli nazorat orqali to yakunlanguncha kuzatib borishimiz kerak.
Bugungi kunda Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi yuqori malakali mutaxassislarga ega, lekin yetarli emas. Hozir kadrlar yetishmasligi koʻp joylarda – global muammo. Shuning uchun bu masala ham alohida eʼtibor talab qiladi.
Yana har bir sohaning iqtisodiy samaradorligini ham baholab borishimiz kerak. Mana shu maqsadlarimizni amalga oshira olsak, oʻsish sari qadam bosgan boʻlamiz.
– Har bir sohada rivojlanish boʻlishi, qandaydir natijaga erishish uchun xorij tajribasini oʻrganish kerak, nazarimda. Sizningcha, bu qanchalik muhim?
– Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi rahbariga, yaʼni menga Koreyaning shu yoʻnalishdagi mutaxassisi doktor Shin maslahatchi etib tayinlangan. Va biz ushbu rivojlangan davlat tajribasini oʻzimizda qoʻllab kelayapmiz. Bugungi kunda Koreyaning elektron hukumat yoʻnalishi davlat byudjetiga oʻrtacha 15 milliard dollardan ortiq foyda keltiryapti.