Mamlakatimizda Prezident maktablari hamda ixtisoslashgan maktablar tashkil etilmoqda. Prezidentimiz bu yilgi Murojaatnomada ta'kidlaganidek, kelgusi yilda yurtimizda 10 ta Prezident maktabi, kimyo-biologiya, matematika, axborot texnologiyalariga ixtisoslashgan 197 ta maktab o'z faoliyatini boshlaydi.
Mazkur ta'lim muassasalari farzandlarimizga ular qiziqqan fanlar bo'yicha chuqur bilim berish uchun tashkil qilinmoqda. YUrtimizning har bir hududida ochilayotgan Prezident maktablari ilg'or xorij tajribasini mamlakatimizga olib kelish va ularni aprobatsiyadan o'tkazish hamda ta'lim tizimida joriy qilish uchun tashkil etilmoqda.
Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo'nalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib o'qitishga ixtisoslashtirilgan maktab, Mirzo Ulug'bek nomidagi astronomiya, fizika, matematika va informatika fanlariga ixtisoslashtirilgan davlat umumta'lim maktab-internati va Abu Ali ibn Sino nomidagi yosh biologlar va kimyogarlar ixtisoslashtirilgan maktab-internati alohida fanlar bo'yicha o'zlarining metodologiyasiga ega. Mazkur o'quv muassasalari yangi ishga tushirilayotgan ixtisoslashtirilgan maktablar bilan o'z metodologiyasi va tajribasini o'rtoqlashishga tayyor.
Maktablarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, o'qituvchilarning bilim, ko'nikma va malakasini oshirishga qaratilgan zamonaviy tizimni yaratish oldimizda turgan dolzarb vazifalardan biri. Ta'lim muassasalarida o'quvchilarimizga naqshinkor devorlar, zamonaviy laboratoriyalar emas, balki o'qituvchilar bilim beradi. SHunday ekan, pedagoglarning kasbiy mahoratini uzluksiz oshirib borishga qaratilgan tizim bo'lishi shart.
O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi ham bu yo'nalishda qator amaliy ishlarni bajarmoqda. Jumladan, Prezident maktablariga jalb qilingan xorijlik o'qituvchilar mahalliy maktablarga borib, o'zbekistonlik hamkasblari bilan tajriba va metodlarini o'rtoqlashmoqda. Bu esa, mahalliy pedagoglarning malakasini oshirishga yordam beradi.
Bundan tashqari, hozirgi kunda biz xorijlik hamkor tashkilotlar bilan birga mahalliy mutaxassislarning malakasini oshirishga qaratilgan tadbirlar tashkil etishni rejalashtirganmiz.
SHu o'rinda o'qituvchilarning faoliyatini munosib rag'batlantirish tizimini yaratish bo'yicha ham ishlar olib borilmoqda. Ilg'or xorij tajribalari o'rganilmoqda va uning asosida yangi tizim yaratiladi. Tizim o'qituvchilarning faol va yuqori natijaga erishishi, professional o'sishi uchun turtki bo'lishi lozim. Bu ham pedagoglarimizning o'z ustida muntazam ishlashi uchun muhim omil bo'ladi.
Mamlakatimizda 2021 yil “YOshlarni qo'llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” deb e'lon qilindi. YOshlarimizda ko'plab g'oyalar va ijod mahsullari bor. Ularni ro'yobga chiqarish hamda rivojlantirish, mahsulotlarini targ'ib qilish uchun ko'mak va maslahat kerak.
SHu ma'noda, yoshlarning startap loyihalarini qo'llab-quvvatlaydigan va tajribali mentorlar tomonidan ularga maslahat va ko'mak beradigan mexanizm yaratish zarurati mavjud.
Agentlik tasarrufidagi maktablarning aksar yoshlari nasr va nazm yo'nalishi bo'yicha ijod qiladi. Oldimizda ularning ijod mahsulini aholi o'rtasida targ'ibot qilish platforma ham tashkil etish vazifasi turibdi.
Muxtasar aytganda, mamlakatimiz rahbari aytganidek, yoshlarimizning tashabbus va takliflarini amalga oshirish vaqti keldi.
Hilola UMAROVA,
Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan
maktablarni rivojlantirish agentligi direktori