Uning talafotlari koʻlami mamlakatlar qanchalik rivojlangan boʻlmasin, baribir tabiat hodisalari oldida qaysidir maʼnoda ojiz ekanligini koʻrsatdi. Soʻnggi maʼlumotlarga koʻra, birgina Turkiyada zilzila oqibatida halok boʻlganlar soni salkam 3 ming nafarga yetdi, qariyb 16 ming kishi esa jabrlangan. Shuningdek, yer silkinishi oqibatida mamlakatda 5 ming 600 dan ortiq bino vayron boʻlgani aniqlangan.

Oʻzbekiston tashqi ishlar vazirligi xabariga koʻra, halok boʻlganlar orasida bir nafar yurtdoshimiz ham bor. Bundan tashqari, toʻrt nafar hamyurtimiz bedarak yoʻqolgan. Ularni topish boʻyicha tezkor qidiruv-qutqaruv ishlari olib borilmoqda.

Darhaqiqat, dunyoda yuz beradigan turli tabiiy ofatlar odamlarni oʻziga xos sinovdan oʻtkazib turadi. Ularni qilayotgan ishlarini yanada pishiq-puxta rejalashtirishga, oqibatlarni oʻylashga majbur qiladi. Bu, ayniqsa, qurilayotgan bino-inshootlar xavfsizligi, zilzila bardoshligi masalasida dolzarb ahamiyat kasb etadi. Shu jihatdan olib qaraganda, bugun aksariyatimizni turar joylar, ijtimoiy soha obyektlari, umuman, amalga oshiriladigan qurilish jarayoni qaysi mezonlar asosida olib boriladi, degan savollar qiziqtirmoqda. Shuningdek, qurilish tartib-tamoyili qanday hujjatlarga tayanishi ham bugungi kunning dolzarb savollaridan biri boʻlib turibdi. Mana shunday savollarga javob olish maqsadida mutasaddilarga murojaat qildik.

— Boshqa davlatlar qatorida Oʻzbekistonda ham bu masalaga jiddiy eʼtibor qaratiladi, — deydi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirining birinchi oʻrinbosari Davronjon Odilov. — Umuman, mamlakatimizda xavfsizlik masalalariga loyiha oldi jarayonidayoq eʼtibor qaratiladi. Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining F.A.Mavlonov nomidagi Seysmologiya instituti tomonidan maxsus karta yordamida hududning zilzilabardoshligi aniqlanadi. Bu seysmikaning boshlanishi — zilzilabardoshlik degan tushuncha shu yerdan paydo boʻladi. Yaʼni, hududning zilzilabardoshligi oʻrganilib, bu borada tashxis qoʻyiladi.

Keyingi bosqich loyiha ishlarining boshlanish jarayoni hisoblanadi, buni hatto loyiha oldi jarayoni deyish ham mumkin. Bunda loyihachiga buyurtmachi tomonidan taqdim qilinishi shart boʻlgan hujjatlar bor. Ularning ichiga loyiha hududning geologiya-muhandislik xulosasi va topoxaritasi kiradi. Bu ish bilan shugʻullanuvchi vakolatli organ “OʻzgashLITI” instituti hisoblanadi. Bugungi unda bu ishlar xususiy sektor tomonidan ham bajarib kelinmoqda. Bular — zilzilabardoshlikning loyiha oldi ishlari.

Bundan keyin loyiha jarayoniga kirishiladi. Bunda Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi tomonidan doimiy ravishda ilmiy-amaliy ishlar olib boradigan Qurilish meʼyoriy qoidalari (QMQ)ga asosan, loyihachi loyiha oldi hujjatlarini buyurtmachidan toʻliq qabul qilib olganidan keyin loyiha ishini boshlaydi. Uni amalga oshirish jarayonida har bir hududda geologiya muhandislik qidiruv ishlari xulosasidagi seysmik parametrlarga binoan, loyihalashni boshlaydi. Loyihada seysmik parametrlar boʻyicha loyihaning zilzilabardoshlik qismiga loyiha bosh arxitektori bilan birgalikda, loyiha bosh muhandisi asosiy javobgar hisoblanadi. Asosiy ish loyiha bosh muhandisining masʼuliyatida turadi va u loyiha ishlarini yakunlagandan keyin ekspertizaga topshiradi. Davlat organi hisoblangan ekspertiza Qurilish vazirligi qoshida faoliyat yuritadi.

Shuningdek, ekspertiza xulosasi xususiy firmalar tomonidan ham beriladi va bu kabi tadbirkorlik subyektlari vazirlik tomonidan akkreditatsiya qilinadi. Albatta, ekspertizaning majburiy tomonlari mavjud. Shularning eng asosiysi — bu obyektning zilzilaga chidamliligidir. Moliyalashtirish manbalaridan qatʼi nazar barcha obyektlar mazkur koʻrsatkich boʻyicha ekspertizadan oʻtishi majburiy. Ekspertizadan ijobiy xulosaga ega boʻlgan obyektlarda Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi xabarnomasi bilan qurilish ishlariga kirishiladi. Oʻsha kundan boshlab obyektdagi zilzilabardoshlik, yongʻin xavfsizligi, energiya tejamkorlik kabi Oʻzbekistonda bajarilishi majburiy boʻlgan talab va standartlar Davlat arxitektura-qurilish nazorati inspeksiyasi hamda loyiha muallifi tomonidan davomli ravishda nazorat qilib boriladi.

Obyekt barpo etilib, oʻrnatilgan tartibda foydalanishga topshirilgandan keyin u ekspluatatsiya organi tomonidan nazorat ishlari amalga oshiriladi.

Turkiyadagi zilzila oqibatlari, binolar qulashi soha vakillariga katta saboq boʻladi, albatta. Bu holat, bizda bunday holatlar roʻy bermasligi uchun qanday choralar koʻrilmoqda, degan savolni ham yuzaga chiqaradi. Bugungi kunda mamlakatimizda bu boradagi majburiy talablar bino-inshootlar kafolatini taʼminlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Yaʼni bunda davlat binolarni foydalanishga topshirilgunga qadar seysmik jihatdan majburiyatni oʻz zimmasiga oladi. Lekin binoning ekspluatatsiya jarayoni ham bunda muhim ahamiyat kasb etadi.

Uy-joylardan qancha muddat foydalanish mumkin?

“Qishloq qurilish loyiha” bosh loyiha-qidiruv instituti bosh konstruktori Sherzod Odilovning aytishicha, mamlakatimizda mavjud tartib-qoidagi koʻra, bino-inshootlarning xizmat muddatini foydalanish turlariga qarab, buyurtmachining oʻzi tanlaydi. Jumladan, turar joylar koʻp qavatli va bir qavatli uylarga ajratiladi. Koʻp qavatli uylarning foydalanish muddat 70-80 yil etib olingan. Agar, shu muddat ichida hududda davlat ahamiyatiga ega obyekt tushmaydigan boʻlsa, imorat texnik koʻrikdan oʻtkazilib, seysmik holatiga berilgan baho asosida foydalanish muddati uzaytirilishi mumkin.

Shifoxonalardan foydalanish muddati esa 150-200-yilgachani tashkil qiladi. Buning sababi barchaga tushunarli, ular — turli tabiiy ofatlarda birinchi murojaat qilinadigan manzil hisoblanadi. Issiqlik va energiya taʼminoti kabi binolar 500-yilgacha xizmat qilishi belgilangan.

Shundan kelib chiqib, loyihalash jarayonida ushbu omillar inobatga olinadi.

Dilshod ULUGʻMURODOV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri