Oʻnta kitob oʻqigan odam oʻn birinchisini oʻzi yozadi, degan gap bor. Bu bejiz aytilmagan. Uning zamirida oʻnta yaxshi kitobni oʻqib chiqqan kishining fikrlash qobiliyati va qanday kitobni oʻqish kerakligi haqidagi didi shakllanadi, kitob yozmasa ham bu borada oʻz pozitsiyasiga ega boʻladi, degan qarash yotibdi.
Worldometer statistika sayti maʼlumotlariga koʻra, 2023-yilning oʻzida shu kunga qadar 3 millionga yaqin nomdagi kitob nashr etilgan. Shubhasiz, bu juda katta raqam va insonning umri bir kunda chiqadigan kitoblarni oʻqib chiqishga ham yetmaydi. Ammo ularni saralab, keraklilarini oʻqib chiqish mumkin.
Kitob doʻkonlariga borsangiz, badiiy asarlar bilan birga biznesga oid, shaxsiy rivojlanishga yoʻnaltirilgan adabiyotlar, har qachongidan koʻpayganiga guvoh boʻlasiz. Albatta, oʻzining shaxsiy biznesi, ishi va hayotini yoʻlga qoʻyish niyatida yurgan, tavakkal qilishga choʻchib turgan yoshlarga haqiqiy motivatsion kitoblar kerak. Ammo bu kitoblarning hammasi ham yoshlar yoʻlini topishiga koʻmak bera oladimi? Sharqda ancha avval paydo boʻlgan, zamonlar sinovidan oʻtgan, oʻz ustida ishlash, ruhni tarbiyalash, toʻgʻri yoʻl tanlashga oid asarlarning oʻrnini bosa oladimi?
Bunday turdagi kitoblarning oʻqirmanlarini, asosan, mustaqil hayotga qadam qoʻyayotgan, kollej-maktabni tamomlab, kasb-hunar yoki ilm yoʻlini tutish payida boʻlgan yoshlar tashkil qiladi va ularning asosiy maqsadi harakatda boʻlish, mehnat qilib, muvaffaqiyatga erishishga undashdan iborat.
Ulugʻ maʼrifatparvar bobomiz Abdulla Avloniy bundan bir asr avval “Turkiy Guliston yoxud axloq” asarining nafaqat yoshlar, adabiyot muxlislari va keng ommaga moʻljallanganini taʼkidlab, kitobning muqaddimasida “Men bu asari nochizonimni birinchi maktablarimizning yuqori sinflarida taʼlim bermak ila barobar ulugʻ adabiyot muhiblari, axloq havaskorlarining anzori oliylarina taqdim qildim”, deydi hamda asar davomida insonning kamol topishi, ilmiy-ijodiy yuksalishiga toʻxtalib, saʼy va gʻayratda boʻlishga chorlaydi: “Kishi yosh vaqtida ilm va maʼrifat, hunar va sanʼatga boʻyin qoʻymasa, taraddud qilmasa, albatta, qora ishchi boʻlub qolur. Shariatga ters, qonunga zid boʻlmagan xizmatlarni qilmak ayb emasdur. Agar bunga ham boʻyin qoʻymay, bu koʻmirchilik, bu temirchilik menga munosib ish emas deb, dangasalik qilub, ishsiz yursa, zoʻr ayb, gʻayratsizlikdur”.
Xoʻsh, bugun kitobxonlar qanday kitoblarni oʻqiydi? Ular sotib olayotgan kitoblar Alisher Navoiyning butun umr davomidagi anglamlariyu xulosalaridan yaralgan “Mahbub ul-qulub”, Abdulla Avloniyning yuqori sinf oʻquvchilariga, katta hayot ostonasida turgan yigit-qizlarga ham oʻgit, ham darslik tarzida yozilgan “Turkiy Guliston yoxud axloq” asari bergan motivatsiyani bera oladimi? Poytaxtdagi kitob doʻkonlari, nashriyotlar va kitobxonlarning bu boradagi fikrlariga qiziqdik.
Oʻquvchi “shoʻrvaning shoʻrvasi”ni isteʼmol qilishga majbur emas
— Kitobxon sifatida odamlarning kitobga boʻlgan munosabati oʻzgargani meni xursand qiladi, — deydi Shavkat Bobomurodov. — Nashr etish, tarjima va sotuv jarayonlarida ham bir necha yil ishlaganman. Toʻgʻri, avvalgiday kitoblar 10-12 ming nusxada chiqmayapti, Oʻrtacha ming-ikki ming nusxa atrofida bosilyapti. Lekin baribir bozorgir boʻlgan kitoblar bor: biznesga oid, esselar, ayniqsa, turk esselari oʻzbek kitobxon yoshlari orasida juda ommalashib ketgan. Badiiy puxta asarlarga ehtiyoj qanchalik katta boʻlmasin, turk esselari, psixologik deya urgʻu berilayotgan tarjimalar eng koʻp sotiladigan kitoblar roʻyxatida yuqori oʻrinda turibdi.
Men Ozarbayjonda shu yil Kitob festivalida ishtirok etib, ulardan milliy adabiyotga boʻlgan munosabat borasida koʻp narsalarni oʻrganishimiz kerakligini his qildim. Ozar qardoshlarimiz oʻz milliy adabiyotiga boshqacha mehr, hurmat bilan qaraydi, bu haqda ozgina suhbatga tortsangiz, koʻzlari chaqnab ketadi. Bizda ham milliy adabiyotga eʼtiborni oshiradigan islohotlar qilish vaqti kelgan, chamamda.
Shuningdek, kitob rastalarida bir qancha tadqiqot (xorijda dissertatsiya uchun yozilgan) asarlarga ham koʻzimiz tushadi, ancha yaxshi yozilgan va xaridori ham koʻp. Buni ijobiy baholash mumkin. Quvonarlisi, oxirgi paytlarda asliyatdan tarjimalar koʻpaydi. Endi oʻquvchi har doim ham “shoʻrvaning shoʻrvasi”ni isteʼmol qilishga majbur emas.
Ilmiy-ommabop asarlar zarurati
— Kitobxonda bugun xorijiy tildan tarjima qilinayotgan eng soʻnggi adabiyotlarni oʻqish imkoni borligining oʻzi katta yutuq, — deydi “Asaxiy Books” loyihasi muharriri Muhabbat Sharifova. — Bunday asarlarni oʻqib, oʻzimiz bilgan, lekin jiddiy eʼtibor bermagan ayrim odatlarimizga boshqacharoq qarashni ham oʻrganyapmiz.
Ayniqsa, pul bilan muomala qilish, topayotgan daromadimizni qanday sarflash, xarajatlarni qanday taqsimlash bobida hammamizda ham savodxonlik darajasi zoʻr deya olmaymiz. Natijada koʻpchilikda oddiy maosh toʻlanadigan ishda ishlab boy boʻlishning iloji yoʻq, degan qarash shakllangan. Muammoning yechimi esa oddiy – pul bilan bogʻliq mayda odatlarimizni oʻzgartirish. Loyihamiz doirasida chop etilayotgan kitoblar orasida odamlardagi moliyaviy savodxonlikni oshirishga yordam beradigan asarlar ham bor. Ilmiy-ommabop tildagi ushbu asarlar kitobxonga mutolaa zavqi bilan birga aynan iqtisodiy, moliyaviy masalalarni sodda tilda tushuntiruvchi yaxshi maslahatchi boʻla oladi.
“Chamanda gullar turfa boʻlgani maʼqul...»
— Bugungi kunda kitob doʻkonlarini aylanar ekanmiz, asosan motivatsion kitoblar koʻpayganiga shohid boʻlmoqdamiz, — deydi shoir Alisher Sabriy. — 5-6 yillar oldin detektiv asarlar, oldi-qochdi qissalar qanday urchigan boʻlsa, hozir aksar chet tillardan tarjima qilingan yaxshi yashash, oʻziga ishonchni taʼminlash va hokazo mavzulardagi kitoblar koʻp bosilmoqda va kitob doʻkonlaridagi rastalarni toʻldirib turibdi. Demak, shu turdagi kitoblar xaridi yaxshi, degan xulosa chiqarsak boʻladi.
Mayli, bunga qarshiligimiz yoʻq, ammo kasallikning simptomi (belgisi)ni emas, ildizini topish va unga nisbatan toʻgʻri chora qoʻllash yaxshi samara berganidek, ruhiyatimizdagi kemtiklikni asl manbalar va ulardagi maʼno durdonalari bilan toʻldirsak, natijasi shoyon boʻlar edi. Bugun mumtoz adabiyotga oid manbalar sotuvda juda kam, borining aksariyati sifati talab darajasida emas. Nashrida kamchilik bor, mutaxassis koʻzidan oʻtmagan, dizayni oʻziga tortadigan darajada emas. Bu esa mumtoz asarlarga mayli bor oʻquvchilarning ham chor-nochor yuki yengil kitoblar bilan kifoyalanishiga omil boʻlmoqda. Xaridorsiz qolib ketishidan choʻchib, nashriyotlar bunday asarlarni nashr etishdan qochayotgan boʻlishi mumkin. Balki, yechimni chekinishda emas, yaxshi reklamani yoʻlga qoʻyishda, targʻibot ishini toʻgʻri tashkil etishda koʻrish kerakdir? Chamanda gullar turfa boʻlgani maʼqul — “Kimgadir yoqar lola, kim atirgul shaydosi!».
Taʼkidlash kerakki, bugun odamlar kitobga qaytmoqda. Metro bekatlarida, avtobuslarda, bogʻlarda kitob oʻqiyotgan kishilarni koʻrishga koʻzimiz oʻrganib qoldi. Xorij tajribasi degan termin kitobxonlikka ham kirib keldi. Dunyo tan olgan olimlar, fan va davlat arboblari, mashhur kompaniya egalarining tavsiyayu xulosalaridan iborat kitoblar oʻzbek tiliga tarjima qilinyapti. Muvaffaqiyatga erishgan kishilarning hayotiy tajribalari, koʻrgan-kechirganlari asosida yozilgan asarlar haqiqatan yoshlarga gʻayrat ulashmoqda.
Agar kitob odamning doʻsti boʻlsa, u doʻstining qanday bilim va saviyaga ega ekanini ham koʻrsatib beradi. Amerikalik yozuvchi Mark Tven aytganidek, maʼnan yetuk kitoblarni tanlab oʻqing. Aks holda, bir dasta qogʻoz hayotingizni zaharlashi mumkin.
Rashid XOʻJAMOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri