Biznes-ombudsman: tadbirkorga 765 million so'mlik bojxona imtiyozi qo'llanilishi ta'minlandi

    Biznes-ombudsman murojaat asosida Oliy sud iqtisodiy ishlar bo'yicha sudlov hay'atining 765,1 million so'm bojxona to'lovini tadbirkordan undirish to'g'risidagi qarorini o'rganib chiqdi.

    Jamiyat tomonidan xorijdan olib kelingan yuk transport vositasi 2021-yil 28-dekabrda mamlakatimizga olib kelingan va 2021-yil 30-dekabrda mavjud qonunchilikka ko'ra 765 million so'm miqdorida bojxona to'lovlari (import boji, qo'shilgan qiymat solig'i va utilizatsiya yig'imlari)dan imtiyoz qo'llanilgan holda bojxona postida erkin muomalaga chiqarish bojxona rejimiga rasmiylashtirilgan.

    Biroq rasmiylashtirilgan deklaratsiya bojxona organlari tomonidan qaytadan o'rganilib, transport vositasiga nisbatan bojxona to'lovlaridan imtiyoz noto'g'ri qo'llanilgani asosi bilan sudga da'vo arizasi kiritilgan va javobgardan yuqoridagi bojxona to'lovini undirish so'ralgan.

    Xususan, da'vo arizasiga Prezidentimizning 2021-yil 30-dekabrdagi qarori bilan 2021-yil 19-avgustdagi qaroridagi imtiyozlar bekor qilingani sababli javobgar import qilgan mahsulotga PQ-5225-sonli qarorda ko'rsatilgan imtiyozlar qo'llanilmasligi asos qilib ko'rsatilgan.

    Ya'ni, bojxona rasmiylashtiruvi amalga oshirilgan kunda mazkur yo'nalishni tartibga soluvchi qonun hujjatiga o'zgartirish kiritilib, import qilingan uskunaga imtiyoz qo'llanilishi bekor qilingan va import boji, qo'shilgan qiymat solig'i va utilizatsiya yig'imlarini to'lash majburiyati yuzaga kelgan.

    “Normativ-huquqiy hujjatlar to'g'risida”gi qonunning 40-moddasi va “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to'g'risida”gi qonunning 181-moddasida tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish tartib-taomili murakkablashtirilishini va tadbirkorlik faoliyati sub'ektlari zimmasiga yangi majburiyatlar yuklatilishini nazarda tutadigan, shuningdek, ularning javobgarligiga oid yangi choralarni belgilaydigan qonunchilik hujjatlari rasmiy e'lon qilingan kundan e'tiboran kamida uch oydan keyin kuchga kirishi belgilangan.

    Shuningdek, “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to'g'risida”gi qonunning 11-moddasiga muvofiq tadbirkorlik faoliyati sub'ektlarining davlat organlari, shu jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar, shuningdek banklar bilan o'zaro munosabatlarida tadbirkorlik faoliyati sub'ekti huquqlarining ustuvorligi printsipi amal qilib, unga muvofiq qonunchilikda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish bilan bog'liq holda yuzaga keladigan barcha bartaraf etib bo'lmaydigan ziddiyatlar va noaniqliklar tadbirkorlik faoliyati sub'ektining foydasiga talqin etiladi.

    Biznes-ombudsman tomonidan kiritilgan iltimosnomaga ko'ra, mazkur ish kassatsiya tartibida qayta ko'rib chiqilib, undiruv bekor qilindi.