BMTTD Qoraqalpog‘iston asalarichilariga ko‘mak ko‘rsatdi

    Mamlakatimizda 21 May 2021 1081

    Qoraqalpog‘istonning Nukus tumanida asalarichilikni rivojlantirish uchun zarur bo‘lgan uskunalarni topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

    Tashabbus BMTTD va YuNFPAning Yaponiya hukumati moliyalashtirayotgan «Orolbo‘yi hududidagi aholining iqtisodiy, ekologik hamda sog‘liqni saqlash masalalaridagi zaifliklarini bartaraf etish orqali turmush barqarorligini mustahkamlash» Qo‘shma dasturining madadini oldi.

    Joriy yil fevral oyida Qo‘shma dasturni amalga oshirish doirasida innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun buyurtmalarni qabul qilish bo‘yicha tanlov e’lon qilindi. Saralash komissiyasi hammoliyalashtirish uchun 27ta loyihani ma’qulladi, ularning sakkiztasi Qoraqalpog‘istonning Bo‘zatov, Qorao‘zak va Chimboy tumanlarida asalarichilikni rivojlantirishga qaratilgan edi.

    Murakkab ekologik va iqtisodiy vaziyatli hudud uchun asalarichilik alohida ahamiyatga ega. Bu nafaqat barqaror daromad keltiruvchi, balki atrof muhitni yaxshilash uchun ulush qo‘shish, salomatlik uchun ekologik toza va foydali mahsulot bilan ta’minlanish, kelgusida tadbirkorlik faoliyatini diversifikatsiya qilish imkoniyatiga ega bo‘lishdir. Chunki asaldan tashqari, asalarichi mum, asalari yelimini ham oladi, agar omad kulib boqsa, farmatsevtika kompaniyalari uchun zarur bo‘lgan asalari zaharini sotishni ham yo‘lga qo‘yishi mumkin.

    Uch nafari ayol bo‘lgan sakkiz nafar fermer-asalarichining barchasi marosimda ishtirok etish va uskunalarni olish uchun Nukus tumaniga kelishdi. Shu kunni o‘zida bo‘lajak tadbirkorlar uchun tajribali asalarichi Bahtiyor Jo‘raboev tomonidan mahorat darsi o‘tkazildi, u o‘zining bilimlari bilan o‘rtoqlashdi, biznes o‘sishini ta'minlash, mijozlar bilan aloqalarni o‘rnatish va asalari uyalarini parvarishlash haqida so‘zlab berdi.

    Qo‘shma dastur namuna tumanlarida mahalliy tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashni davom ettirmoqda. E’tibor qishloq xo‘jaligi, ishlab chiqarish va xizmatlar sohalarini rivojlantirish uchun endi ishini boshlayotgan fermerlar va tadbirkorlar salohiyatini oshirishga qaratilmoqda, bu esa zaif hamjamiyatlarning iqtisodiy farovonligini yaxshilashga ko‘mak berishi kutilmoqda, deb xabar beradi O‘zbekistondagi BMTTD matbuot xizmati.