Bola nega tug'ma yurak nuqsoni bilan dunyoga keladi?

    Salomatlik 16 Aprel 2023 3847

    Unga qanday omillar sabab bo'lishi haqidagi savollar tibbiyot fanlari doktori, professor Hakimjon Abrolovga javob berdi.

    — Yurakning tug'ma nuqsonlari og'ir kasallik, — deydi shifokor. — Ular yangi tug'ilgan chaqaloqlar va hayotining birinchi yilidagi bolalar o'limi bo'yicha yuqori o'rinda turadi.

    Xastalik rivojlanishining asosiy 6 ta sababi bor. Ular quyidagilardan iborat: stress, onaning surunkali yoki o'tkir infektsiyali kasalliklari, virusli xastaliklar, gormonal va neyrogumoral faktorlar hamda yaqin qarindoshlar o'rtasidagi nikoh.

    Shuningdek, homilador ayollardagi anemiya, tamaki chekish, spirtli ichimliklar ichish, ba'zi dorilardan foydalanish ham homilaning sog'lom rivojlanishiga salbiy ta'sir etishi, natijada, bola tug'ma nuqsonlar bilan dunyoga kelishi mumkin.

    Kasallikka chalingan bolalarda lablar, quloqlar va tirnoq ostidagi terining ko'karishi, terlash, yurakda shovqin, tez nafas olish, charchoq, ishtahaning pastligi, tana vazni ortishining sustligi, nafas olish paytida qovurg'alarning siqilishi, yurakning tez urishi kabi bir necha simptomlar kuzatiladi.

    Uning oldini olish uchun homiladorlikni rejalashtirishdan avval bo'lajak ota-ona tor doiradagi mutaxassislar ko'rigidan o'tishi va aniqlangan xastaliklardan to'liq davolanishi lozim. Buning eng samarali yo'li homilador ayollarni skrining ko'rigiga o'z vaqtida jalb etishdir.

    Sog'liqni saqlash vazirligi
    Matbuot xizmati.