Bolalar sogʻligini mustahkamlash yoʻlida Rossiya Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan yaqin hamkorlik

    Ta'lim 17 Avgust 2021 1534

    Maktabgacha taʼlim vazirligida “Uzoq muddatli statsionar davolanishda boʻlgan bolalar uchun maktabgacha taʼlim olishning haqiqiy imkoniyatlari” mavzusida uchrashuv boʻlib oʻtdi.

    16-avgustda Maktabgacha taʼlim vazirligida “Zamin” xalqaro jamgʻarmasi bilan hamkorlik memorandumi doirasida maktabgacha taʼlim va xalq taʼlimi mutaxassislari oʻrtasida Dmitriy Rogachev nomli Rossiya Sogʻliqni saqlash vazirligining bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va immunologiyasi ilmiy-tadqiqot markazining bolalarni statsionar tibbiy muassasalarda oʻqitish boʻyicha vakillari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

    Rossiyadagi shifoxona maktablarining “Biz bilamiz” deb nomlangan federal loyihasi rahbari Sergey Sharikov shifoxona pedagogikasi boʻyicha oʻz tajribasi bilan oʻrtoqlashdi.

    Hozirgi vaqtda taʼlimning bunday modeli Oʻzbekistonda ilgari tatbiq etilmagan. Shu maqsadda Maktabgacha taʼlim vazirligi va Xalqaro Zamin jamgʻarmasi, Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Rossiya Federatsiyasi bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va immunologiyasi boʻyicha Dmitriy Rogachev nomidagi Milliy tibbiyot ilmiy markazi bilan birgalikda davolash va profilaktika tadbirlarini bolalar uchun taʼlim xizmatlari bilan birlashtiradigan shuningdek, ularning ota-onalariga psixologik va pedagogik yordam koʻrsatadigan loyihani amalga oshirish xususida suhbat olib borildi.

    Uchrashuv davomida Maktabgacha taʼlim vaziri Agrippina Shinning taʼkidlashicha, ushbu loyihaning Oʻzbekiston Respublikasida amalga oshirilishi uzoq muddatli davolanayotgan saraton kasalligiga chalingan bolalarga oʻquv dasturini boshqa tengdoshlaridan qolishmasdan oʻzlashtirishga va keyingi bosqichlarda oʻqishni davom ettirishga imkon beradi, deb xabar beradi Maktabgacha taʼlim vazirligi matbuot xizmati.

    S.V. Sharikovning taʼkidlashicha, Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasidagi hamkorlik bemor bolalarni qoʻllab-quvvatlashga imkon beradi, ular uchun ijobiy energiya va ishtiyoqni olish eng muhimdir, chunki onkologiya – bu hukm emas, bolalarga yashash va kasallik bilan kurashish uchun maqsad kerak.