Bolalarimiz taqdiriga befarq boʻlmaylik: son ketidan quvib, sifatni unutmaylik!

    “Oʻzbeklar – bolajon xalq”. Biz koʻp eshitgan bu ibora xuddi turmush tarzimizga aylanib qolgandek. Albatta, hech kim biz bolalarimizni yaxshi koʻrishimizni, ularga bor-budimizni berishga tayyor ekanimizni inkor etmaydi. Shu bilan birga, bugun zamonaviy dunyo muammolari hech birimizni chetlab oʻtmasligini yaxshi anglashimiz zarur.

    Sobiq sovet tuzumi davrida koʻp bolali oila namunasi davlat siyosati darajasigacha koʻtarilgan edi. Buning obyektiv va subyektiv sabablari boʻlgan, albatta. Avvalo, Ikkinchi jahon urushidagi katta talafotlar oʻrnini toʻldirish maqsad qilingan boʻlsa, keyinchalik markaz uchun paxta xomashyosi bazasiga aylangan mintaqamizda paxta teruvchi qoʻllar, arzon ishchi kuchi kerak edi. Shu maqsad yoʻlida turli ragʻbatlar, “qahramon ona” obrazi shakllantirildi. Xoʻsh, hozir vaziyat qanday? Keling, bugungi kunimizga jamiyatshunoslik va aholishunoslik fanlari orqali ilmiy yondashib koʻramiz.

    REPRODUKTIV SALOMATLIK YOKI AYOLLAR HAM INSON-KU...

    Reproduktiv salomatlik nima? Bu — reproduktiv tizimdagi kasalliklarni (bepushtlik, turli nuqsonlar, saraton va saraton oldi kasalliklari) bartaraf etib, er-xotin juftliklarini sogʻlom bola tugʻilishiga tayyorlabgina qolmay, tugʻilgan zurriyotni jismonan baquvvat, aqlan zukko, ijtimoiy barkamol avlod etib tarbiyalashga zamin yaratish.

    Biz ertaga ota-ona boʻladigan farzandlarimizni qanday sharoitda katta qilyapmiz? Ularning jismonan sogʻlom oʻsishi uchun kerakli vitamin komponentlari hamda oziqovqat ratsionini (nafaqat mol yoki qoʻy, balki baliq, parranda, quyon goʻshti isteʼmolini) toʻgʻri taʼminlab beryapmizmi? Ayniqsa, ona boʻlmish qizlarimiz salomatligiga qay darajada eʼtiborlimiz? Aksariyat qizlarimizda uchrab turadigan anemiya, buqoq, tos suyak muammosi va boshqa irsiy kasalliklar nafaqat boʻlgʻusi yosh onalar hayotiga, balki tugʻilayotgan chaqaloqlarga ham xavf tugʻdiradi. Bundan tashqari, ayol organizmi bir tugʻuruqdan keyin qayta tiklanmay turib, ketma-ket tugʻuruq jarayonlarini boshdan oʻtkazishi, 5-6 bola tugʻish ham uning salomatligiga jiddiy taʼsir qiladi. Yaqinda vatandosh ayol bir yilda 3 marotaba homilador boʻlganini eshitib taajjublandim. Birinchi farzand tugʻilganidan soʻng yana bir homila tushgan, soʻng uchinchi homiladorlik boshlangan. Bu esa, oʻz navbatida, kelajak avlodning sogʻlom boʻlishiga, millat ertasi salomatligiga toʻgʻridan-toʻgʻri xavfdir. Reproduktiv salomatlikni yaxshilash uchun yuqorida sanalgan xavf omillarini kamaytirish, reproduktiv huquq, yaʼni er-xotinni bolalar soni, ular tugʻilishidagi oraliq, tugʻilish vaqti, zamonaviy kontratsepsiya vositalaridan foydalanish, bolani koʻkrak suti bilan boqishga eʼtibor berish, buning uchun shart boʻlgan maʼlumot va vositalarga ega boʻlish borasida asosiy huquqlaridan xabardor qilish kerak.

    Bizda uzoq yillar davomida ayollarga nisbatan shakllanib qolgan stereotip qarashlarning (voyaga yetmagan, ham jismonan, ham ruhan oila qurishga tayyor boʻlmagan qizlarning turmushga berilishi, ota-ona boʻlishga tayyor boʻlmagan er-xotin, koʻpincha yuzaga keladigan qaynona-kelin munosabatlari) barchasi ayol ruhiy holati buzilishiga olib keladi. Buning oqibatida oilada nosogʻlom muhit shakllanadi va er-xotin bir-birining alamini boladan olishga harakat qiladi. Oilani jamiyat negizi deb hisoblasak, unda vujudga kelayotgan bunday muammolar jamiyatning ertasiga taʼsir qilmay qolmaydi.

    DEMOGRAFIK DIVIDEND

    Demografik tahlilni dunyo miqyosida olib qaraydigan boʻlsak, aholi soni keskin oʻsishi va tabiiy resurslar kamayib borishi insoniyat uchun yangi chaqiriqlarni vujudga keltirmoqda. Bugun global muammoga aylanib borayotgan aholining keksayish jarayoni tobora koʻproq mamlakatlarni qamrab olayotgan bir paytda Oʻzbekistonning demografik holatida keskin yosharish jarayoni kuzatilmoqda. Oʻzbekiston Statistika agentligi maʼlumotlariga koʻra, mamlakatimiz aholisi 2023-yilda 768,1 ming kishiga koʻpayib, 2024-yilning 1-yanvar holatiga qariyb 36 million 800 ming kishini tashkil etgan. Bu nufusimiz oʻtgan yilning shu davri bilan solishtirilganda 3,2 foizga oʻsgan, demakdir.

    Boshqacha aytganda, aholimiz soni har kuni oʻrtacha 2,1 ming kishiga, har oyda esa oʻrtacha 63,9 ming kishiga koʻpaymoqda. Statistika agentligi shuni ham qayd etadiki, Oʻzbekistonda odamlarning oʻrtacha umr koʻrish davri 74,3 yilni tashkil qiladi. Jumladan, erkaklar uchun bu koʻrsatkich 72,1 yoshga, ayollar uchun 76,6 yoshga toʻgʻri keladi. Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti maʼlum qilishicha, mamlakatimizda 2016-2021-yillar mobaynida tugʻilishning keskin ortishi kuzatildi. Goʻdaklarning dunyoga kelishida 25-39 yosh oraligʻidagi ayollarning ulushi katta.

    Tugʻilishdagi asosiy oʻsish uchinchi va undan keyingi farzandlar ulushiga toʻgʻri keladi. 2016-yilda 204,9 ming uchinchi farzand dunyoga kelgan boʻlsa, 2021-yilda ularning soni 325,2 mingga yetgan. Ushbu goʻdaklarning tugʻilishidagi oʻsish ham 25-39 yosh oraligʻidagi ayollarning hissasidir.

    Tugʻilishning yigʻindi koeffitsiyenti (bir ayolga toʻgʻri keladigan bolalar soni) 2016-yilda 2,46 ni tashkil qilgan boʻlsa, 2021-yilda 3,17 ga koʻtarildi.

    Oʻzbekiston aholisining 5,4 foizini 65 va undan yuqori yoshdagilar (2023-yil 1-yanvariga koʻra) tashkil qilgan. Mamlakat dunyoning aholisi yosharib borayotgan davlatlari qatoriga kiradi. Qayd etilishicha, oxirgi besh yilda tugʻilishning keskin ortishi mamlakat demografik dividend boʻsagʻasida turganidan darak beradi.

    Demografik dividend bu — mamlakatda mehnatga layoqatli aholining ulushi bolalar va qariyalar ulushidan oshib ketganda va tugʻilish pasayishi natijasida yuzaga keladigan iqtisodiy oʻsish salohiyati.

    Prognozlarga koʻra, tugʻilish surʼati 2030-yilgacha bir maromda (oʻrtacha 900-950 ming) davom etadi va aholi soni 41 milliondan oshadi. 2030-yilga borib, 18 yoshgacha boʻlganlar va mehnatga layoqat yoshidan kattalar soni mos ravishda 2384 ming va 1447 ming kishiga oʻsishi kutilmoqda. Demografik sakrashlarning ijobiy va salbiy jihatlari mavjud. Aholining keskin oshib borishi mamlakat hukumati uchun yangi chaqiriqlarni vujudga keltiradi va bu ijtimoiy soha oldidagi (taʼlim tizimi — bogʻcha, maktab, oliygohlar; sogʻliqni saqlash tizimi — poliklinika, shifoxona, tugʻuruqxonalar) yuklamalarni keskin oshiradi. Iqtisodiy tomondan esa aholining ortib borishi nisbatan arzon ishchi kuchi, toʻlov qobiliyatiga ega xaridorlar koʻpayishiga zamin yaratadi. Shuningdek, makroiqtisodiyot koʻrsatkichlari boʻyicha 50 million aholisi bor davlat mustaqil bozorga ega boʻla oladi. Lekin bunda ham barcha soha kabi balans boʻlishi kerak. Aholi keskin ortishi bilan birga iqtisodiyot shunga yarasha oʻsmasa, taʼlim va tibbiyot rivojlanmasa, oʻrta qatlam shakllantirilib, qoʻllab-quvvatlanmasa, bu ayanchli oqibatlarga olib kelishi mumkinligini Afrika va Osiyo mintaqalarining bir necha mamlakatlari misolida kuzatishimiz mumkin. Bir soʻz bilan aytganda, demografik dividenddan samarali foydalanish inson kapitalini rivojlantirishga sarmoya kiritishni talab etadi.

    INSON KAPITALI

    Inson kapitali bu — inson va umuman, jamiyatning turli ehtiyojlarini qondirish uchun ishlatiladigan bilimlar, koʻnikmalar toʻplami. Inson potensialini tashkil etuvchi turli xususiyatlar ichida inson kapitali aynan daromadlarning oʻzgarishiga taʼsir koʻrsatuvchi xususiyatlarni ifodalaydi. Shu jihatdan inson kapitali ishchining maxsus taʼlim, kasb-hunar egallagani va ishlab chiqarish tajribasi asosida toʻplagan bilimlari, ularni amalda qoʻllashi va mahoratini oʻz ichiga oladi.

    Dunyo tajribasi va amaliyoti shuni koʻrsatmoqdaki, aynan inson kapitaliga investitsiya yoʻnaltirishni ustuvor vazifa sifatida tanlagan mamlakatlar yuksak taraqqiyotga erishmoqda. Chunonchi, rivojlangan mamlakatlarda taʼlimning toʻliq sikliga investitsiya kiritishga, yaʼni bola 3 yoshdan 22 yoshgacha boʻlgan davrda uning tarbiyasiga sarmoya sarflashga katta eʼtibor beriladi. Statistik maʼlumotlarga koʻra, oilada farzandga sarflangan har 1 dollar kelajakda 8-15 barobargacha koʻpaygan holda qaytadi. Demak, eng yaxshi investitsiya oʻz farzandimizga qilingan investitsiya ekan.

    Bizda inson kapitaliga yondashuv qanday? Menimcha, maqtarli darajada emas. Oilani rejalashtirish kabi zamonaviy bilimlarga ega boʻlmagan yosh oilalarimiz hali oʻzini toʻliq taʼminlay olmagan holda (koʻpchiligi oila qurgandan soʻng ham ota-onasi qaramogʻida) farzandli boʻladi. Oʻz navbatida, bu oila byudjetiga qoʻshimcha yuklamalar qoʻyishni boshlaydi. Har bir tugʻilajak bola oila byudjetidagi alohida xarajat degani. Odatda bunday holatlarda rizqni Alloh beradi, deymiz, ammo bu eʼtiqod ostida amaliy harakatlar boʻlishi zarur. Allohga tavakkal qilib, shunday boʻlishi kerak, deyish notoʻgʻri. Sendan harakat, mendan barokat, degan naqlni yodda tutishimiz kerak. Lekin bugungi kunda 4-5 nafar farzandi borlar sifatli taʼminot (oziq-ovqat, kiyim-kechak) va taʼlim bera olishga qay darajada qodir? Ha, biz oʻtmishni eslab, misol keltirishni yaxshi koʻramiz: bobo-buvilarimiz 10-14 farzandni voyaga yetkazgan. Lekin oʻylab koʻraylik, ular qanday sharoitda yashagan? Ustiga necha marta yangi kiyim sotib olgan? Bolalar oʻzlaridan katta farzandlar yoki qarindoshlar kiyimlarini kiyib katta boʻlmadimi? Bu ularga butun umrga yetgulik ruhiy jarohat yetkazmadimi? Biri 6, yana biri 7 nafar farzandni dunyoga keltirgan koʻpchilik buvilarimiz oʻzi tugʻilib oʻsgan joyidan tashqariga chiqmaganini armon bilan yodga olishini hozir ham eshitib qolamiz.

    Xoʻsh, koʻp farzandli boʻlish orzusidagi oilalarimizda yetarli jamgʻarma, resurs mavjudmi? Yoki ular ham oʻzlarini, ham farzandlarini qiynab yashashni istaydimi? Hozirgi zamonaviy yoshlarning moddiy ehtiyojlari kun sayin ortib bormoqda. Yaxshi ovqatlanish, zamonaviy kiyimlar, sifatli taʼlim va tibbiyot ozmuncha mablagʻ talab qilmaydi va farzandingiz oʻz tengqurlaridan kam boʻlishini istamasangiz, shu narsalarni taʼminlay olishga qodir boʻlishingiz kerak. Shuning uchun aholishunoslik boʻyicha mutaxassislar hozirgi oilalarda 2, koʻpi bilan 3 farzand boʻlishi kerak, deb hisoblaydi. Chunki inson kapitali rivoji uchun ham sifat muhim. Farzandlarimizga sifatli taʼlim, zamonaviy bilimlar, agar hunarga qiziqsa, qoʻshimcha koʻnikmalar bera olishimiz kerak.

    Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev taʼkidlaganidek, Uchinchi Renessans poydevori bilim va ilm boʻlishi kerak. Bir misol: zamonaviy kasblar orasida IT mutaxassislari juda talabgir, yoshlarda ham bu sohaga qiziqish katta, farzandimiz shu sohada oʻqishi uchun ham zamonaviy kompyuter qurilmasi, gadjet, smartfon, bookreader, oʻquv kurslari uchun esa mablagʻ zarur. Yoshlar oʻqish va sayohat uchun chet davlatlarga chiqishi bugungi kunda oddiy holga aylandi, bu, albatta, yoshlarga foydali, chunki xorijiy davlatlarda ular yangicha dunyoqarash, qoʻshimcha bilimlar orttirmoqda va xorijdagi tengdoshlari bilan ham oʻz sohalari boʻyicha raqobatga kirishmoqda. Barchamiz farzandlarimizni shunday yoshlar qatorida boʻlishini, albatta, istaymiz. Buning uchun yoshlikdan uning taʼlimiga, koʻnikmalariga pul tikishimiz kerakligini yaxshi anglashimiz zarur. Yana bir narsa: millat ota-onalari oʻz farzandlari bilan maktabdan soʻng shugʻullanishi darkor, 5-6 bolali ota-ona farzandi bilan uy vazifalarini qilishga vaqti boʻlarmikan?

    Bizda xohlagancha bolalarimiz boʻladi, senga nima, ertaga qiynalib qolsam, davlat qilib berishi kerak, davlat qarasin, degan yondashuv mutlaqo notoʻgʻridir. Davlat shundoq ham ijtimoiy majburiyatlarini bajarib kelmoqda. Bizda kam sonli davlatlar qatori deyarli bepul davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti, 11 yillik bepul taʼlim, bepul poliklinika va tez yordam xizmati bor. Bularning bari bizga osmondan tushgandek goʻyo. Aslida, ular bepul emas. Barchasi davlat byudjetidagi asosiy yuklamalar ekanini koʻpincha unutamiz. Davlat byudjetidan ijtimoiy sohaga trillionlab mablagʻ sarflanmoqda. Bizning yurtimizda inson kapitali — inson qadri bilan uygʻunlashib ketgan, desak mubolagʻa boʻlmaydi.

    Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev “Inson qadri biz uchun qandaydir mavhum, balandparvoz tushuncha emas. Inson qadri deganda, biz, avvalo, har bir fuqaroning tinch va xavfsiz hayot kechirishini, uning fundamental huquq va erkinliklarini taʼminlashni nazarda tutamiz. Inson qadri deganda, biz har bir fuqaro uchun munosib turmush sharoiti va zamonaviy infratuzilma tashkil etishni, malakali tibbiy xizmat koʻrsatish, sifatli taʼlim, ijtimoiy himoya tizimi, sogʻlom ekologik muhit yaratib berishni tushunamiz”, deb aytgan.

    MEHNAT BOZORI

    Demak, taʼlim va koʻnikmalarga ega boʻlgan farzandlarimiz mehnat bozoriga kirib keladi. Shunda bizga ular olgan taʼlim sifati namoyon boʻla boshlaydi. Agar bir kunda yurtimizda oʻrtacha 2,1 ming bola tugʻilayotgan boʻlsa, bu degani — kelajakda 2,1 ming ish joyi kerak boʻlishini anglatadi. Xoʻsh, bir kunda 2000 ish oʻrni yaratsa boʻladimi? Yoʻq, albatta, hatto dunyoning birinchi raqamli iqtisodi boʻlgan AQSH va Xitoyda ham bir kunda 2000 yangi ish joyi yaratilmaydi. Chunki bu iqtisodiy ilojsiz narsa. Siz har kuni yangi zavod yoki korxona barpo etilishini tasavvur qila olmaysiz-ku, toʻgʻrimi? Oʻz-oʻzidan savol tugʻiladi: ish oʻrni yetishmasa, nima boʻladi?

    Albatta, mehnat migratsiyasi sodir boʻladi. Globallashuvning asosiy omillaridan biri bu — mehnat migratsiyasi. Hozirgi kunda dun yoda 150,3 million kishi mehnat migranti sifatida turli mamlakatlarda ishlamoqda. Davlatimiz rahbarining ijtimoiy sohaga bagʻishlangan soʻnggi majlislarida maktabni bitirgan 380 ming oʻquvchidan 180 mingga yaqini oliy taʼlimda oʻqishini davom ettirayotgani, qolgan 200 ming yigit-qizimiz hunarsiz mehnat bozoriga kirib kelayotganini kuyinib gapirganiga guvoh boʻldim. Yangi Oʻzbekiston davrida yoshlarimizga hech qachon boʻlmagan sharoitlar yaratilganini butun dunyo eʼtirof etmoqda. Taʼlimni rivojlantirish yoʻlidagi saʼy-harakatlardan tashqari, yoshlarimizni hunarga oʻrgatish uchun har bir tumanda barcha sharoitlarga ega monomarkazlar bunyod etildi. Ularga bugungi kunda eng talabgir kasb-hunarlar oʻrgatib kelinmoqda. Taʼlimda oʻzini koʻrmagan yoshlar, hech boʻlmasa, bir hunar egasi boʻlib, oʻz kelajagini barpo etishi asosiy maqsad.

    Sababi bizning vatandoshlar ham turli oʻlkalarda mehnat qilmoqda. Ish bilan ishning farqi bor, deganidek, arzimagan pul uchun oddiy qora yumushda ishlab qiynalish boshqa yoki mayli, diplomi boʻlmasin, lekin oʻz hunarining ustasi sifatida 2-3 barobar koʻp daromad qilish boshqa. Hozirgi kunda faqat diplom kerak boʻlgan mutaxassislik sohalari emas, balki santexnik, chilangar, elek trik, liftchi, duradgor, tikuvchi, qandolatchi va boshqa kundalik turmushda doim kerak boʻladigan kasb va hunarlarga dunyo miqyosida talab yuqori. Rivojlangan mamlakatlar — Germaniya, Koreya, Yaponiya, BAA va Saudiya Arabistoni kabi davlatlar yaxshi haq toʻlanadigan ishlarga minglab ishchilar kerakligini aytmoqda. Yagona talab oʻsha mamlakat tili yoki ingliz tilini bilish kerak. Xoʻsh, bizning yoshlar nechta tilni biladi?

    Sovuq yurtlarda qiynalib, baʼzi shovinist va skinxendlar tahqiriga uchrab, koʻpi bilan 500 dollar ishlagandan koʻra, barcha huquqlari va mehnat qonunchiligi mavjud rivojlangan mamlakatda 2-4 ming dollar ishlash afzal emasmi? Kecha bir xabar oʻqidim: Germaniya davlati bizga 50 ming ishchiga kvota berishini maʼlum qildi. Xoʻsh, shuncha tilni biladigan odamimiz bormi? Shuning uchun Prezidentimiz oʻrta va professional taʼlimda tahsil oluvchilar eng kamida ikkita xorijiy til va bir hunar oʻrganishini kuyinib gapirib keladi.

    Bizning oldimizda jadid bobolarimiz orzu qilgan yoʻl bor. Bu — millat kelajagini oʻylaydigan, vatanparvar farzandlarni voyaga yetkazish yoʻli. Zero, millatimiz oydinlari bot-bot taʼlim va tarbiya biz uchun yo hayot, yo mamot ekanini taʼkidlab kelgan.

    Bugun tarix bizga noyob imkoniyat beryapti, yangi Oʻzbekiston farzandlarini dunyoning baland sahnalariga olib chiqish yoʻlidamiz. Yoshlarimiz oz emas, koʻp, ammo gap sonda ham emas, sifatda. Bugun dunyoda insoniyat xas-choʻpdan ungan daraxtga raqam qoʻyib, pasport beryapti. Bas, shunday ekan, Allohning yaratgan oliy mavjudoti boʻlmish insoniyatga, uning hayot tarziga, munosib yashashiga va iqboliga joʻngina qarash mutlaqo notoʻgʻridir!

    Sherzodxon QUDRATXOʻJA,

    Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar

    universiteti rektori, professor

    (ʻ‘Yangi Oʻzbekistonʻ’ gazetasi, 2024-yil 7-fevral, № 27)