Bolaning boʻyi oʻsmay qolishiga nima sabab boʻladi?

    Salomatlik 9 Iyun 2022 3080

    — Inson boʻyining oʻsishi gipofiz bezi ishlab chiqaradigan gormonga bogʻliq, — deydi tibbiyot fanlari nomzodi Nasiba Alimova. — U inson aʼzo va toʻqimalarida oqsil hosil boʻlishini tezlashtiradi. Shu bilan birga, agar organizm kuchsiz ahvolda boʻlsa, u shunchaki oʻsishdan toʻxtaydi.

    Demak, bolangizning oʻsmayotganini sezdingizmi, birinchi galda shifokor-endokrinologga uchrab, uni toʻlaqonli tekshiruvdan oʻtkazishingiz kerak.

    Shifokor UTT hamda qonda gormonlar nisbatini aniqlaydi, shuningdek, rentgenografiya yordamida bilak suyaklari tekshiriladi. Bu — tekshiruv bolaning suyaklari oʻsish hududidami yoki yoʻqmi, bilish uchun zarur.

    Bola boʻyi oʻsmasligining qator sabab va omillari mavjud. Yuqorida keltirilgan tahlillar orqali aniqlanadi. Birinchi navbatda, oʻsishdan toʻxtash irsiyat bilan bogʻliq boʻlishi mumkin. Bolaning meʼyoriy oʻsishida 100 ta gen muhim rol oʻynaydi.

    Boʻyi past ota-onadan tugʻilgan bolaning uzun boʻyli boʻlishi kam kuzatiladi. Boʻy oʻsishiga organizmdagi ayrim gormonlarning koʻp yoki kamligi ham taʼsir qiladi. Qalqonsimon va buyrak usti bezlarida yetiladigan gormonlar oʻsish gormonlari deyiladi. Shu bois endokrin tizimdagi turli izdan chiqishlar boʻy oʻsishidagi patologiyalarga olib keladi.

    Baʼzida buyrak, yurak, oʻpka va hazm aʼzolaridagi surunkali kasalliklar ham boʻy oʻsishini toʻxtatadi. Boshqa surunkali kasalliklar tonzillit(angina), xoletsistit (oʻt qopi yalligʻlanishi) odatda boʻy oʻsishiga salbiy taʼsir qilmaydi. Ammo bunday hollarda ishtaha yoʻqoladi, bu esa boʻy oʻsishini pasaytiradi.

    Agar bolada parazitlar boʻlsa ham boʻy oʻsishida muammolar tugʻiladi. Shuning uchun ichki organizm faoliyati normal yoʻlga qoʻyilsa, boʻy oʻsishda davom etadi.

    Mutaxassis bilan suhbatni Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati olib bordi.