Bolalarni salbiy axborotdan asrang, aks holda pomidor yemay qoʻyadi. Nega?

    Ijtimoiy hayot 2 May 2023 4767

    Hech eʼtibor berdingizmi: oxirgi yillarda bolalarning “tili chiqishi” kechikyapti. Ayniqsa, shaharda tugʻilayotgan kichkintoylarning lugʻat boyligi yoshiga nisbatan xiyla kam.

    Bolalar aholining himoyaga eng muhtoj qatlami. Odatda ular muhofazasi koʻpincha koʻzga koʻrinib turgan xavflardan asrab-avaylashni nazarda tutadi. Bu oʻrinda kichkintoylarning hali mustaqil qaror qabul qila olmasligi, yoʻl harakati qoidalarini bilmasligi, elektr energiyasidan xavfsiz foydalana olmasligi kabilar inobatga olinadi. Ammo ularning salomatligi va ruhiyatiga jiddiy tahdid solayotgan koʻzga koʻrinmas xavflardan biri boʻlmish axborotdan himoyalashga yetarlicha eʼtibor qaratilmayotganini sezmayotgandekmiz.

    Holbuki, bolalar hali mustaqil va ongli ravishda mediaga ehtiyojini hamda axborot isteʼmolini belgilay olmaydi. Vizual maʼlumot bolaning asab tizimiga hech qanday toʻsiqsiz taʼsir oʻtkazadi. Chunki ular kattalarga qaraganda axborotni samarali oʻzlashtiradi. Oʻzi koʻrgan, eshitgan hamma maʼlumotni xotirasida tez saqlab qolishga qodir. Shuning barobarida axborotni bevosita, yaʼni ichki tahlilsiz qabul qiladi. Eng yomoni, kichkintoylar koʻchadagi haqiqiy hayot va media tasvirlagan toʻqima hayotning farqini anglay olmaydi.

    Nutqi kechikayotgan kichik tomoshabinlar

    Raqamli avlodning ermagiga aylangan smartfon, planshet, noutbuklarning xavf koʻrsatkichi kun sayin oshib bormoqda. Ota-onasi bandligi sababli kunning aksariyat qismini “aqlli” qurilma bilan oʻtkazadigan bolalar tomoshaga mubtalolik natijasida insonga xos odatiy xususiyatlarini yoʻqotmoqda. Jumladan, bolalar raqamli texnologiyalardan qancha koʻp foydalansa, nutqi shuncha sustlashib boradi.

    Bugungi bolaning tili tarixda misli koʻrilmagan darajada kech chiqmoqda. Kichkintoylarning ijtimoiy munosabatga kirishishi qiyinlashib, borgan sari ular orasida “raqamli autizm” avj olmoqda. Bunday bolalar muloqotga kirishishga qiynaladi, diqqat va idrok yetishmasligidan aziyat chekadi. Atrofda yuz berayotgan hodisalarga munosabat bildirmaydi. Ularda asabiylik, jizzakilik kuzatiladi.

    Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti ikki yarim yoshgacha boʻlganlarga har qanday raqamli kontentni cheklashni tavsiya etadi. Raqamli kontent miya rivojlanishiga salbiy taʼsir koʻrsatadi.

    Uch yoshdan keyin ham media bilan munosabat ratsional va tartibli boʻlishi lozim. Oʻn yoshgacha boʻlgan qariyb 7,5 million bola yashaydigan Oʻzbekiston uchun bu masala yanada dolzarb ahamiyatga ega.

    Tekinxoʻrlikka oʻrgatayotgan multfilmlar

    Bolalar uchun ishlab chiqiladigan faol va samarali qabul qilinadigan mediamahsulot multfilmlardir. Aslida ular haqiqiy bilan toʻqima hayotning ijobiy qirralarini birlashtirib, bolaning dunyoni anglashida tarbiyaviy ahamiyat kasb etishi kerak. Zotan, yaxshi multfilmlar bolalarda xursandlik hissini, sevimli qahramonlariga taqlid qilish istagini uygʻotadi va fazilatlarni shakllantirishga xizmat qiladi. Mazmuni aksincha boʻlganlari esa salbiy kayfiyat paydo qilishi mumkin. Masalan, mashhur animatsion roliklar muallifi Pavel Kim multfilmlarning bolalar ruhiyatiga taʼsiri katta ekanini aytarkan, “Yigʻloqi pomidor” roligini tomosha qilgan bolalar pomidor isteʼmol qilmay qoʻyganini taʼkidlaydi.

    Salbiy mazmundagi multfilmlar hayvonlarni oʻldirish, kuchsizlarga ozor berish, osonlik bilan katta boylikni qoʻlga kiritish, tekinxoʻrlik, oʻgʻrilikka undaydi. Bunga chorlov ochiqdan-ochiq emas, ongosti darajasida yuz beradi, albatta. Bu maqsad-muddaolarni bola ongli ravishda idrok etmaydi. Shunchaki multfilmning bosh qahramonlariga oʻxshashga intiladi, ularning xatti-harakatini takrorlaydi. Qolaversa, bolalarning eʼtiborini oʻyin-kulgi, yorqin suratlar, baland tovush tez tortadi. Koʻpincha oʻgʻil-qizlar bu olamdan chiqib keta olmaydi. Shuning uchun ham tez-tez multfilm qahramoni singari tepalikdan oʻzini tashlagan, ukasiga “qurol” oʻqtalgan, bosh qa din yoki madaniyat vakili harakatlariga taqlid qilgan bolalar haqida eshitamiz.

    Ayniqsa, multfilmni smartfonda internet orqali tomosha qilayotgan bola oʻzini tiya olmaydi. Lentadagi barcha video lavhalarni oxirigacha tomosha qilgisi keladi. Lenta esa tugamaydi. Natijada u media qaramligiga uchraydi. Koʻp maʼlumot isteʼmoli bolani ruhan charchatadi. Jismoniy va aqliy oʻsishdan ortda qolishiga sabab boʻladi.

    Yosh toifasi belgilanishi besamar

    Oʻzbekiston Respublikasining “Bolalarni ularning sogʻligʻiga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonuni kichkintoylarning axborot bilan munosabati, media isteʼmolini tartibga soladi. Unga koʻra, axboriy mahsulotlarni yoshga doir tasniflash tizimi joriy etildi. Jumladan, 0+, 7+, 12+, 16+, 18+ kabi yoshga doir cheklovlarni joylashtirgan holda maʼlumotni tarqatish tartibi belgilab berildi.

    Muayyan yoshdagi bolalar oʻrtasida tarqatilishi cheklangan axboriy mahsulotlarga shafqatsizlik, jismoniy va ruhiy zoʻravonlik, jinoyat yoki jamiyatga qarshi boshqa xatti-harakatlar tasviri yoki bayoni tarzida taqdim etiladigan maʼlumotlar kiradi. Shuningdek, oʻgʻil-qizlarda qoʻrquv, vahima yoki sarosima uygʻotadigan, jumladan, kuch ishlatilmagan oʻlim, kasallik, oʻz joniga qasd qilish, baxtsiz hodisa, avariya yoki falokatni va ularning oqibatini inson qadr-qimmatini kamsitadigan, jinsiy munosabatlarni tasvirlash yoki bayon etish tarzida taqdim etiladigan, uyatli soʻzlar jumlasiga kirmaydigan haqoratli soʻzlar va iboralarni oʻz ichiga olgan axborotlarni tarqatish ham cheklanadi.

    Ekspertiza jarayonida axborotlarda ezgulik yovuzlikning ustidan gʻalaba qozonishi, rahm-shafqat ifoda etilishi, jinoyat sodir etishga undamasligi, daydilik va tilanchilik bilan shugʻullanishga chaqirmasligi, oilaviy qadriyatlarni inkor etmasligi, axloqsizlikni targʻib qilmasligi va boshqa belgilangan talablarga eʼtibor qaratiladi.

    Biroq bu kabi yosh toifalarining belgilanishi va ekspertizadan oʻtkazilishi bolalarni zararli axborotdan himoyalay olmaydi. Chunki bu orqali nazorat qilish imkonsiz. Bolalar baribir yoshi kattalar uchun moʻljallangan yoki umuman, zararli kontentni tomosha qilishi mumkin. Qolaversa, reklamalar yosh toifasiga qaramasdan uzatiladi. Ular oʻz samaradorligi va taʼsirchanligini koʻrsatmoqda. Bolalarning 79 foizi ota-onasidan reklama qilinayotgan mahsulotlarni olib berishni soʻraydi.

    Internet — qizil hudud

    10-12 yoshli auditoriyaning 60 foizi messenjerlardan, 47 foizi ijtimoiy tarmoqlardan foydalanadi. Internet oʻsmirlar hayotida alohida oʻrin tutadi. Bolalar va oʻsmirlarning internetda oʻtkazadigan vaqtining asosiy qismini YouTube egallaydi. Bu videoresursning bolalar va oʻsmirlar qiziqishiga moslasha olishi, unda tavsiya etiladigan videolar qismi borligi qiziqishni yanada oshiradi. Auditoriya eʼtiborini tortishda blogerlar katta oʻrin tutadi. Ayniqsa, hazilnamo lavhalar, chellenjlar, byuti (qizlar uchun), videooʻyinlar va sayoh atlar qiziqarliligi bilan oʻziga tortadi.

    Filmlar, seriallar faol tomosha qilinadi.

    Oʻgʻil bolalarni koʻproq oʻyinlar qiziqtiradi.

    Biroq unutmaslik kerakki, kibersport sportga qarshi, mohiyatan unga zid hodisadir. Bolalar koptokni koʻchada tepgani maʼqul.

    Internet foydalanuvchilarining uchdan bir qismi 18 yoshgacha boʻlgan bolalar va oʻsmirlar.

    Ana shunday holatda global tarmoqda oʻz joniga qasd qilishning oson yoʻllarini targʻib qiluvchi 9 ming, axloqiy va madaniy ogʻishlar mazmunidagi 4 mingdan ziyod sayt mavjudligi muammoli. Bolalarning ruhiy va jismoniy jihatdan meʼyoriy, sogʻlom oʻsishiga salbiy taʼsir koʻrsatuvchi, hatto toʻgʻri maqsadda, masalan, taʼlim uchun murojaat qilganda ham chalgʻituvchi axborot koʻp. Bu suiqasdga chorlovchi oʻyinlar, odamlar va jonivorlarga shafqatsizlik aks etgan videolar, hayosiz suratlar, qimor, spirtli ichimliklar isteʼmoli va tamaki chekishga chorlovchi maʼlumotlar, terrorizm targʻiboti va hokazolar boʻlishi mumkin.

    Film qiziqarlimi? Davomini kitobda oʻqing!

    Haqqoniy vaziyat tegishli tizimlar, taʼlim muassasalari mutasaddilari hamda ota-onalardan bolalarning media mahsulot isteʼmoliga eʼtibor qaratish, zararli axborotdan himoyalashda nazoratni qoʻlga olish, bolalarning mediasavodxonligini oshirish va bu vazifani kechiktirmaslik talab etilmoqda. Bu borada xorijiy tajribaga ham murojaat qilish mumkin. Deylik, Yaponiyada bolalarni mediaqaramlikdan chiqarish uchun ommaviy axborot vositalari ham hissa qoʻshadi. Masalan, yangi film namoyish etiladi. Auditoriyada qiziqish uygʻotgach, filmni koʻrsatish toʻxtatiladi. Davomi kitob holida chop etiladi. Tabiiyki, filmdagi voqea lar rivojiga qiziqqan bolalar jon deb kitob oʻqishga rozi boʻladi.

    Ayniqsa, maktabgacha taʼlim tizimi bolalarning media bilan munosabatini imkon qadar tartibga solishi maqsadga muvofiq.

    Baʼzi maktabgacha taʼlim tashkilotlari xonalarni aqlli qurilmalar, masalan, soʻnggi rusumdagi televizor bilan jihozlashga harakat qiladi. Bu gohida ota-onalar, gohida tarbiyachilar tashabbusi bilan ota-onalar yoki homiylar koʻmagida amalga oshiriladi.

    Aql oʻstiruvchi mashgʻulotlar oʻtish oʻrniga bolalarga “Masha va ayiq” kabi qiziqarli syujetli multfilmlar qoʻyib berilib, vaqt oʻtkazilmoqda.

    Taʼlim muassasalaridagi vaziyat tahlilga muhtoj. Bolalar yoshiga mos boʻlmagan qurilmalardan foydalanayotganini hamma aytmoqda. Taʼlim muassasalarida mobil telefonlardan foydalanish tartibi toʻgʻrisida nizomga deyarli rioya qilinmaydi. Taʼlim mazmunida bolalarning mediasavodxonligini oshiruvchi mavzularga eʼtibor yetarli emas.

    Biz dars jarayoni yoki darsdan keyingi toʻgarak mashgʻulotlarida “Yaxshimi yoki yomon?”, “Stop kadr”, “Ishonasizmi-yoʻqmi?”, “Jurnalist” kabi oʻyinl arni oʻtkazishni taklif etamiz.

    Masalan, "Yaxshimi yoki yomon?” oʻyinida bolalar oʻqituvchi yordamida televideniyening axborot uzatish, yangiliklardan xabardor etish kabi yaxshi xususiyatlari, shuningdek, koʻrish qobiliyatiga yomon taʼsiri, televizor tomosha qilish vaqtni behuda ketkazish kabi salbiy jihatlarni aniqlaydi. “Ishonasizmi-yoʻqmi?” oʻyinida bolalarning tanqidiy-tahliliy tafakkuri rivojlanadi. Oʻyinda toʻgʻri va notoʻgʻri maʼlumotlar oʻqib beriladi. Bolalar ularning toʻgʻri yoki notoʻgʻriligini aniqlaydi. “Jurnalist” oʻyinida bolalar boshlovchilik qilishi, biror ertak va voqeani gapirib berishi, “Stop kadr” oʻyinida bolalar kinosi yoki mashhur mulfilmdagi biror tasvir chizilishi mumkin. Yana “Oʻz multfilmimizni yaratamiz” oʻyinini tashkil etish ham samarali.

    Hatto “Kuz manzarasi” nomli 3–5 daqiqalik film suratga olsa boʻladi. Bularning barchasi oʻquvchilarga mediamahsulotlar, ulardagi lol qoldiruvchi sahnalar shunchaki bir ijodkorning fantaziyasi ekanini tushunishga, real hayot chegaralarini farqlashga yordam beradi. Olgan bilimi natijasida bola ixtiyoriy tarzda befoyda mediamahsulot tomoshasidan voz kechishi kerak.

    Bolalarni axborotning zararli taʼsiridan himoyalashdagi asosiy masʼuliyat ota- onalar zimmasida qoladi. Yillar davomida smartfonni oʻyinchoq oʻrnida oʻynagan bolani mediaqaramlikdan chiqarishda pedagogika, psixologiya, defektologiya, sogʻliqni saqlash tizimining muvaffaqiyatli tajribasi ham ish bermasligi mumkin. Shuning uchun ota-onalarning bu boradagi bilim va tushunchalarini kengaytiruvchi qoʻllanmalar, tavsiyalar ishlab chiqishga eʼtibor qaratilishi zarur. Toki zararli axborot bolalarning salomatligi va ruhiyatiga chang solmasin.

    Sanobar JUMANOVA,

    Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar

    universiteti katta oʻqituvchisi,

    filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori