Botir QOBILOV: “Xayolan har kuni Vatandaman!”

    Yosh iqtisodchi jahonning eng mashhur oliygohlaridan biri, nufuzli Garvard universiteti doktoranti maqomiga erishdi.

    Hayotda, kasbda muvaffaqiyatga erishish oson emas. Xorijiy davlatga borib hammasini noldan boshlash esa o'n karra mashaqqatli. Ammo bilim, mehnat va intilish, kasbga muhabbat insonni dunyoning qaysi burchagida bo'lmasin, o'z maqsadi tomon olib boradi.

    Yurtdoshimiz, yosh iqtisodchi Botir Qobilov ham ilmiy faoliyatini xorijda davom ettirish maqsadida 2014-yili AQSHga yo'l olgandi. Hozirgacha ana shu ilm yo'lidan og'ishmay, bilim olish, izlanishda davom etmoqda. Yaqinda jahonning eng mashhur oliygohlaridan biri, nufuzli Garvard universiteti doktoranti maqomiga erishdi. Shu tariqa Botir Qobilov ushbu universitetning Garvard Biznes Maktabida doktorlik ishini yoqlagan birinchi o'zbekistonlik bo'ldi.

    Xushxabarni eshitganimiz hamon yosh iqtisodchi bilan internet orqali bog'landik. Ilmlilar bilan gaplashish doim maroqli. Ular so'zni isrof qilmaydi, kerakli gapni topib qo'llaydi. Manmanlikdan xoli, kamtar bo'ladi. Bunday insonlar uchun eng nufuzli oliygohlardan birida doktorlik qilish va bu borada mamlakatda birinchilardan bo'lish qanchalik faxrli ekani qiziq, albatta.

    — Ilm yo'li va unda muvaffaqiyatga erishish, bu, avvalo katta mehnat va mashaqqat, — deydi Botir Qobilov. — Bu ilm yo'lini tanlagan insondan doimiy izlanish va kuchli sabrni talab qiladi: mevasi esa, shubhasiz, totli. Ilm bilan shug'ullanishning gashti ham ana shunda. Boshqa universitetlar kabi Garvardda ham doktorlik yoqlash oson emas. Jarayonni to'lig'icha ishdek qabul qilibgina odamlar 5 yoki 6 yillik doktoranturani tamomlay oladi. Ya'ni, bunga butun vaqtingiz, quvvatingiz hamda diqqatingizni sarflashingiz kerak. Lekin doktorlik maqomiga erishish uchun bir necha yil etmaydi va bu faoliyatga odamlar tasodifan kelib qolmaydi. Bu darajagacha bo'lgan yo'lning o'zi uzoq yillik tayyorgarliklarni talab qiladi. Doimiy o'qib-izlanish va tinimsiz mehnatni siz uchun birov qilib bermaydi. Insonning o'zidagina kuchli qiziqish va harakat bo'lishi lozim. Qilayotgan ishidan zavqlanishi lozim. Men ham o'zimga yoqadigan, rohatlantiradigan ish bilan shug'ullanyapman va bu katta baxt, deb bilaman. Ish jarayonida ko'proq o'zimni qiziqtiradigan savollar ustida ishlayman. Aslida tabiatim shunday — bolaligimdan juda qiziquvchanman, ko'p savol berardim va shu savollarga mustaqil javob izlardim. Intellektual qiziqishim doim yuqori bo'lgan. Olim bo'lishning talabi ham shu — inson qiziquvchan bo'lishi kerak.

    Iqtisodiyot — katta ilm

    Odam savollari qarshisida ko'pincha ojiz qoladi. Qiziqish, maqsadimiz bizni qaerga etaklashini, hayot o'zani qay tomon olib ketishini oldindan bilmaymiz. Botir Qobilovning, avvaliga, iqtisodchi bo'lish borasidagi qarori qat'iy emasdi. Toshkentdagi Singapur menejmentni rivojlantirish institutiga o'qishga kirgach, birinchi kursda o'tiladigan mikroiqtisodiyot fani uni sohaga kuchli qiziqtirib qo'ydi. Maqsadi qat'iylashib, ilm yo'lini davom ettirishga undadi. AQSHning Dyuk universitetida magistraturada tahsil olish uchun grant yutib, 2014 yilda okean ortiga yo'l oldi. Dyuk Universitetida Botir Kobilov o'qishdan tashqari ilmiy tadqiqotchi bo'lib ham ishladi, professorlarning loyihalariga yordam berib, jarayonni yanada yaqinroq o'rgandi. Magistraturani tamomlagach, Garvard Biznes Maktabida ilmiy tadqiqodchi bo'lib ishga kirdi va u erda 3 yil davomida faoliyat olib bordi. O'sha yerda doktorlik qilishga taklif olib, Garvardda qolishga axd qildi. AQSHga ketishdan maqsadi shunchaki “Amerika orzusi” bo'lmagan.

    — Men AQSHga bilimimni oshirish, ilm-fan bilan shug'ullanish niyatida kelganman, — deydi olim. — Iqtisodchi, deganda ko'pchilik tadbirkor, moliya sohasida katta daromad topadiganlarni tushunadi. Aksariyat odamlarning ko'z oldiga pul, raqamlar keladi, go'yo iqtisodiyot faqat shulardan iboratdek. Aslida iqtisodiyot — juda katta fan. U insonlar, korxonalar va hukumatlarning cheklangan resurslarni qanday taqsimlashi, ulardan oqilona foydalanishi va bu qarorlarning ta'sirini o'rganadigan fan. Sohaning asosiy tamoyillaridan biri odamlar va tashkilotlarning rag'batga javoban harakat qilishidir. Rag'bat kishilarning tanlovini shakllantirib, resurslardan qanday foydalanishini belgilaydi. Qabul qilinadigan qarorlar iqtisodiyot va jamiyatga bevosita ta'sir ko'rsatadi. SHu bois, mazkur soha rag'batni chuqur tahlil qiladi. Umuman, iqtisodiyot juda katta soha. Ilmiy jihatdan ham nihoyatda keng. Doktorlik ishimda axborot texnologiyalari orqali ma'lumotlarning yaratilishi va tarqatilishining kapital bozor hamda iqtisodiyotga ta'sirini o'rganaman. Bu hozir eng dolzarb mavzulardan biri ekani sir emas. Axborot texnologiyalari barcha soha qatori iqtisodiyotga ham faol kirib kelgan.

    Iqtisodiy atamalarni soha vakillari yaxshiroq tushunadi. Ammo ularni sodda tarzda amaliyotga tatbiq etish, ilm-fan yutuqlarini hayotimizga olib kirishda olimlarning o'rni katta. Botir Qobilov ilm-fan rivojiga ko'proq hissa qo'shish, tadqiqotlari amaliyotda qo'llanishiga erishishni kasbiy faoliyatidagi asosiy vazifasi, deb biladi. Shu yo'lda tinib-tinchimaydi. O'zbek, rus va ingliz tillarida mukammal so'zlashish barobarida, frantsuz tilida ham boshlang'ich muloqot ko'nikmasiga ega. Qanday qilib shuncha ishga ulgurasiz degan savollarga esa “Aslida, men ko'p narsaga ulgurmayman. Vaqtim ko'proq bo'lganida ilm-fanni ommalashtirish bilan yanada ko'p shug'ullangan bo'lardim. Ammo barchamizda vaqt chegaralangan, undan oqilona foydalanib, faqat foydali narsalarga sarflashimiz kerak. Bunda tartib juda muhim”, deb javob beradi.

    Botir vaqtni taqsimlashda doim talabchan. Ammo bo'sh vaqtini mazmunli o'tkazish, dam olishni ham biladi. Oilasi bilan vaqt o'tkazishdan zavqlanadi. Yugurish, tog'da sayr qilishni xush ko'radi. Aqliy mehnatni jismoniy harakat bilan uyg'unlashtiradigan insonlardan.

    O'zbekistonda emasligim to'siq bo'lolmaydi

    Bir vaqtlar yurtimiz yoshlarining aksariyati bilim olish, kasbiy rivojlanish uchun xorijga ketsa, qaytib kelish haqida o'ylamasdi ham. Achchiq haqiqat shuki, ular bilimini bu erda kerak emas, deb hisoblardi. Buning ortidan qancha bilimli, iqtidorli hamyurtlarimiz vatanni tark etdi. Bugun esa bari boshqacha. Xorijdagi vatandoshlarimizga mamlakatimiz faxri, intellektual boyligi sifatida qaralyapti. Minglab yoshlarimizning chet eldagi eng nufuzli oliygohlarda o'qib, yirik kompaniyalarda ishlashi uchun sharoit yaratib berilyapti. Boisi, ular yurtimizga xalqaro tajribani olib kelib, taraqqiyotimiz rivojiga hissa qo'shadi.

    Davlatimiz rahbarining chet elda tahsil olayotgan yigit-qizlar bilan uchrashib, suhbatlashayotganida katta ishonch bildirayotgani sababi shunda. Shunday uchrashuvlardan biri o'tgan yili sentyabrda Prezidentimiz BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida ishtirok etish uchun AQSHga borganida bo'lib o'tdi. O'shanda davlatimiz rahbari okean ortida yashaydigan vatandoshlarimiz bilan ko'rishib, suhbatlashgan, ular orasida Botir Qobilov ham bor edi.

    — Prezidentimiz bilan suhbat ancha yaqin va samimiy bo'lganini eslayman, — deydi u. — Davlatimiz rahbari men bilan ham suhbatlashdi. Turli mavzular ko'tarildi. Takliflarimizni aytdik. Ba'zi kadrlarning chet elga chiqib ketishi masalasi haqida gap ketganida xorijiy davlatlarda bilimli o'zbekistonliklar ko'paysa, yurtimizga foydasi tegadi, degan fikrni aytdim. Davlatimiz rahbari ham gaplarimni tasdiqladi va sizlar bilan faxrlanamiz, dedi. Aslida xorijdagi yurtdoshlarimizning ko'pi muayyan maqsad tufayli yashasa-da, qalban yurtdan sira uzoqlashmaydi. O'zim O'zbekistonda bo'lmasam ham xayolan har kuni vatandaman. Kunim mamlakatimiz hayotidagi yangiliklarni o'qish bilan boshlanadi. O'zbekistondagi vaziyat, jarayonlarni doim kuzatib boraman, xabardor bo'lib, ba'zan ishtirok ham etaman. Jismonan u yerda emasligim menga hech qanday to'siq bo'lmaydi. Turli seminar, uchrashuv, suhbatlarga taklif etishsa, onlayn qatnashaman. O'zbekistonlik talabalar bilan uchrashish, suhbatlashishni xush ko'raman. Ularning muvaffaqiyatiga ozgina bo'lsada hissam qo'shilishidan quvonaman. O'zbek tilida blog yuritib, podkastlarimizni ulashib turaman. Iqtisodiyot, fan va rivojlanish haqidagi mavzularda fikrlarim bilan o'rtoqlashib boraman. Tadqiqotlarimning bir qismini doim O'zbekiston bilan bog'lashga intilaman. Ayni paytda bir nechta ana shunday tadqiqot-loyiha ustida ishlayapman. Hozir boshlang'ich bosqichda, tez orada ularni ulashib, amalga oshirishga kirishaman. Orzuim O'zbekiston iqtisodiyoti yanada farovon, odamlari erkin va boy bo'lishiga birgalikda erishishmiz. Nima uchundir, yurtimizdagi rivojlanishlarning kechikkaniga ayrimlar mentalitetimizni sabab qilib ko'rsatadi. Men bunga mutlaqo qo'shilmayman. Bizning ham hech bir davlat va millatdan kam joyimiz yo'q. Shunchaki, iqtisodiyotdagi rag'bat va harakatlarni to'g'ri tashkil etish kerak. Mamlakatimizning iqtisodiy potensiali yuqori, eng katta boyligi esa davlatimiz rahbari aytganidek, odamlarimiz. Men o'zbekistonlik ekanimdan faxrlanaman.

    Garvard universiteti doktorantligini qoyilmaqom uddalagan o'zbekistonlik Botir Qobilov Texas universitetida professor lavozimida ish boshlamoqchi. Uning maqsadlari ham, kelajak yo'li ham ilm-fan bilan bog'langan. Oliy maqsad va g'oyalarning bir qismi esa, shubhasiz, O'zbekiston — ona yurt bilan bog'liq.

    Iroda TOSHMATOVA,

    “Yangi O'zbekiston” muxbiri

    (Maqola “Yangi O'zbekiston” gazetasining 29.05.24-y, 104-sonida e'lon qilindi)