Boy oʻtmishimiz, buyuk allomalarimiz merosi – bebaho xazina

    Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Shoazim Minovarov bilan markazda kechayotgan jarayonning yurtimiz istiqbolidagi muhim jihatlari, yangi Uygʻonish davrining zamondoshlarimiz oldiga qoʻyayotgan muhim mezonlari borasida suhbatlashdik.

    2017-yil 23-iyunda Prezidentimizning “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Oʻzbekistondagi Islom madaniyati markazini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. 2017-yil 1-sentyabr kuni davlatimiz rahbari Hazrati Imom majmuasida tashkil etilayotgan Islom madaniyati markazi nomini Islom sivilizatsiyasi markazi deb oʻzgartirishni taklif etdi. Ushbu taklif birdek mamnuniyat bilan qabul qilindi. Oʻtgan vaqt mobaynida Prezidentimiz Hazrati Imom majmuasida bir necha marta boʻlib, markazning qurilish jarayoni bilan tanishdi. Markaz qurilishi boʻyicha taqdim qilingan loyihaga alohida eʼtibor qaratib, bu markaz bizning islom maʼrifati targʻibotidagi yuzimiz boʻlishini, shunday ekan, uning tashqi koʻrinishidan tortib, bu yerda ishlatiladigan qurilish materiallarigacha eʼtibor berish lozimligini taʼkidladi. 2018-yili yurtimizda muborak Ramazon hayiti nishonlanayotgan ulugʻ kunlarda Prezidentimiz bu inshoot poydevoriga ramziy tamal toshini qoʻydi.

    Ayni jarayon ketayotgan maydonni kuzatar ekanmiz, Uchinchi Renessans poydevoriga Prezidentimiz birinchi gʻishtni xuddi shu maydonda qoʻygan ekan, degan oʻy kechdi xayolimizdan. Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Shoazim Minovarov bilan suhbatimiz ham oʻz vaqtida qoʻyilgan ana shu qadamning yurtimiz istiqbolidagi muhim jihatlari, yangi Uygʻonish davrining zamondoshlarimiz oldiga qoʻyayotgan muhim mezonlari borasida kechdi.

    Hamma oʻz tarixini ulugʻlaydi. Lekin bizning yurtimizdagidek boy oʻtmish, bobolarimizdek buyuk allomalar hech qayerda yoʻq. Bu merosni chuqur oʻrganishimiz, xalqimizga, dunyoga yetkaza bilishimiz kerak. Bu markazga kelgan odam ulkan merosimiz haqida toʻla tasavvurga ega boʻlishi, katta maʼnaviyat olib ketishi zarur”, degan edi Prezidentimiz Islom sivilizatsiyasi markaziga tashriflaridan birida. Markaz poydevoriga ilk bora gʻisht qoʻyilganidan buyon buyuk allomalarimizning merosi borasida qanday yangi maʼlumotlar kashf etildi?

    – Ha, chindan ham oʻz ilmiy kashfiyotlari bilan jahon tamadduniga bebaho hissa qoʻshgan allomalarining soni, taʼbir joiz boʻlsa, “sifati bilan” haqli ravishda faxrlana oladigan mamlakatlar, xalqlar kam uchraydi.

    Aksariyat taniqli Gʻarb olimlarining eʼtiroflaricha, hozirgi kunda butun jahon, ayniqsa, uning eng rivojlangan qismi mamlakatlarida foydalanilayotgan ilgʻor texnologiyalardan tortib, kundalik eng zarur isteʼmol buyumlarining dunyo yuzini koʻrishi zamirida musulmon olimlarining ilmiy kashfiyotlari yotibdi. Hozirgi zamon raqamli texnologiyalari al-Xorazmiyning algoritmlarisiz, zamonaviy tibbiyot buyuk Ibn Sinoning “Tib qonunlari”siz, arifmetika, matematika, astronomiya, maʼdanshunoslik Beruniy dahosi yaratgan asarlarsiz, fazo astronomiyasi Fargʻoniy hamda Mirzo Ulugʻbekning mashaqqatli mehnatlarisiz hozirgi darajaga yetmagan, yeta olmagan boʻlardi. Qolaversa, sovun, qalam, gul yogʻi, hammom, kanalizatsiya kabi oddiy va muhim ashyolar ham ilk Musulmon renessansi paytida kashf qilindi hamda Ispaniya orqali va tijorat yoʻli bilan Yevropa va dunyo mamlakatlariga tarqaldi.

    Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari qatorida Islom sivilizatsiyasi markazini barpo etish ham Prezidentimizning shaxsiy tashabbusi va ahamiyati hamda koʻlami boʻyicha milliy loyiha deb atalishga toʻla haqli. Davlatimiz rahbarining markaz qurilishiga tashrif buyurishi, loyihaning amalga oshirilishi jarayoni bilan tanishishi, oʻz maslahatlari va tavsiyalarini berishi xayrli anʼanaga aylangan. Oʻtgan ikki yil ichida ham bino qurilishida, ham Islom sivilizatsiyasi markazining muzeyi va kutubxonasini shakllantirishda salmoqli ishlar amalga oshirildi. Muzeyimiz uchun qabul qilingan eksponatlar mamlakatimiz hududida Islom dini hali tarqamasdan avval ham buyuk sivilizatsiyalar mavjud boʻlganini tasdiqlamoqda. Chindan ham Sarmishsoy qoyatosh suratlari (petrogliflar), Afrosiyob yodgorliklari, Qoʻy qirilgan qalʼa, Ayritom frizlari, Mugʻ togʻidan topilgan yozma manbalar, Kushon sivilizatsiyasi va boshqa yodgorliklar, shuningdek, yozma manbalar ham aynan keng maʼnoda olingan Markaziy Osiyoda Birinchi Islom uygʻonish (yoki maʼrifat) asri uchun poydevor yurtimizga islom dini kelishidan ancha oldin qoʻyilganini tasdiqlaydi.

    Shuningdek, umumiy soni 1000 dan oshgan qoʻlyozma va toshbosma asarlar shuni koʻrsatmoqdaki, jangovar ateizm deb atalgan va arabiy yozuvdagi har qanday manbalar taqiq ostiga olingan davrlarda ham xalqimiz ularni saqlab qola olgan. Kutubxonamizga qabul qilingan yangi manbalar orasida ulugʻ shoir va mutafakkir Abdurahmon Jomiy 1492-yilda oʻz qoʻli bilan koʻchirgan “Al-Qofiyaga sharh” asari, 1000 hijriy yilda oʻta nafis yozuvda jamlangan Qurʼoni karim qoʻlyozmasi, Zayn al-Din Jurjoniyning (1040-1136) tibbiyotga bagʻishlangan “Xorazmshohlar xazinasi”, Xiva xoni Muhammad Rahimxon 2 – Feruzning oʻzi hayotligida koʻchirilgan devoni va islomshunoslik, falsafa, fiqhga oid boshqa koʻlab asarlar bor. Ayni paytda bu asarlar mutaxassislar tomonidan jiddiy oʻrganilyapti. Shuningdek, tarjimonlarimiz Feruz gʻazallarini hozirgi oʻzbek tiliga oʻgirishmoqda.

    – Jahon maʼnaviy-maʼrifiy maydonida Istanbuldagi Toʻpqopi muzeyi, Ibn Xoldun universiteti, Istanbul Islom tadqiqotlari markazi, Fransiya islom markazi, Oksford islom tadqiqotlari markazi kabi xalqaro tashkilotlarning nufuzi juda baland. Ulardagi muhit va tadqiqotlar jarayoniga xos boʻlgan qaysi jihatlar eʼtiborga molik deb bilasiz? Umuman, hozirgi kungacha markaz qanday nufuzli xalqaro tashkilot va yirik muassasalar bilan hamkorlik oʻrnatdi?

    – Taʼkidlash kerakki, albatta, nufuzli xalqaro islom ilmiy-tadqiqot tashkilotlari sifatida siz sanab oʻtgan muassasalar bilan hamkorlikka biz katta qiziqish bilan qaraymiz. Ularning ajdodlarimiz merosini oʻrganish sohasidagi tajribalari, erishgan natijalari, qoʻlyozma va bosma manbalari fondlari hamisha bizning eʼtiborimizda. Lekin aytish lozimki, oʻz oldiga qoʻygan yuksak maqsadlari va meʼmoriy yechimi boʻyicha bizning markazimiz ham nufuzli xalqaro tashkilotlarni nihoyatda qiziqtirmoqda. Ayniqsa, islomning oltin davri olimlarining ilmiy-maʼrifiy meroslarini saqlash, targʻib qilish, islom sivilizatsiyasi tarixini oʻrganish, eksponatlar, eng zamonaviy multimedia imkoniyatlari vositasida tabarruk dinimizning asl tinchlik, odamiylik, bagʻrikenglik, ilm-fan va bunyodkorlik dini ekanini jamiyatimiz aʼzolari, ayniqsa, yoshlarga tushuntirish kabi maqsadlarimiz ularni koʻproq oʻziga jalb etmoqda. Oʻtkazilgan uchrashuv va tadbirlar davomida xattotlik, sahhoflik, miniatyura, qoʻlyozmalarni davolash, tiklash kabi kasblarni tiklayotganimiz, shuningdek, yoshlarni arab, fors, eski oʻzbek, ingliz va lotin tillariga oʻrgatish jarayoni, Xalqaro islom akademiyasi bilan hamkorlikda yuqori malakali islomshunos olimlar tayyorlash kabi vazifalarimiz ushbu tashkilotlar vakillarini nihoyatda quvontirayotganini qayta-qayta taʼkidlashmoqda.

    Biz Germaniya universitetlari huzuridagi ilmiy-tadqiqot markazlari, Malayziyaning Islomni anglash instituti bilan hamkorlik toʻgʻrisidagi memorandumlarni imzoladik. Joriy yilning 29-sentyabrida Oʻzbekiston-Misr hukumatlararo qoʻshma komissiyasi onlayn yigʻilishida Misr kitoblar va milliy arxivlar uyi bilan navbatdagi memorandum imzolanadi.

    – Islom sivilizatsiyasi markazida amalga oshirilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlarining mevalari sifatida “Tanlangan hadislar”, “Buyuk ajdodlarimiz”, “Iymon va eʼtiqod”, “Vaqfiya”, “Pandnoma”, “Amir Temur. Tuzuklar” kabi asarlar nashr etilgani yurtdoshlarimizni mamnun qildi. Ayni damlarda nashrga hozirlanayotgan yana qanday yangi asarlar haqida aytib oʻta olasiz?

    – Yaqin kelajakdagi rejalarimizda Muhammad Rahimxon II – Feruzning devoni, taniqli vatandoshimiz, ilm-fan, madaniyat va sport homiysi Alisher Usmonov tomonidan markazimiz kutubxonasiga hadya qilingan bebaho 5 mingga yaqin ilmiy manbani oʻz ichiga olgan “Sharq va Gʻarb” jamlamasining 7 tildagi ilmiy fixristi, jadidchilik nomini olgan, aslida maʼrifatchi ajdodlarimiz asarlarining fixristi, X.Kolumb faoliyatida Fargʻoniy va Ibn Sino ilmiy merosining taʼsiri toʻgʻrisida yaratilgan “Dunyo qiyofasi” asarini lotin tilidan oʻzbekchaga tarjima qilish belgilangan.

    Markazimizning islomiy manbalar boʻlimi mudiri, taniqli shoir, publitsist va tarjimon Mirzo Kenjabek tomonidan qayta koʻrilgan va toʻldirilgan, taniqli tarjimon va islomshunos Sayfiddin Sayfulloh tomonidan nashrga tayyorlangan, mashhur ulamo Muhammadjon mulla Rustam oʻgʻli (Mavlaviy hoji Hindistoniy) tomonidan tarjima qilingan Qurʼoni karim oyatlari maʼnolarining izohli tarjimasini qayta nashr qilishdek muhim jarayon ham oldimizda turibdi. Hozir ushbu rejalarni amalga oshirish boʻyicha jadal ishlar olib borilmoqda.

    Islom hamkorlik tashkiloti maʼlumotnomasi va “Islom sivilizatsiyasi qomusiy lugʻatining birinchi jildi nashrga tayyorlanganidan xabarimiz bor. Xalqaro tashkilotlar ayni nashrlarga qanday munosabat bildirishdi?

    – Oʻzbekiston nufuzi boʻyicha BMTdan keyingi oʻrinda turuvchi Islom hamkorlik tashkilotining teng huquqli hamda faol aʼzosi hisoblanadi. 2016-2017-yillarda mamlakatimiz IHTga raislik qildi. Tashkilotga aʼzo 57 mamlakat, kuzatuvchi maqomiga ega davlatlar, shuningdek, hamkor xalqaro tashkilotlar toʻgʻrisida maʼlumotnoma tayyorlandi. Oʻrganishlar shuni koʻrsatdiki, mamlakatimizdagi davlat idoralari hamda muassasalari, oliy oʻquv yurtlari professor-oʻqituvchilari hamda talabalari uchun bunday manba juda qoʻl keladi. Maʼlumotnomada har bir aʼzo va kuzatuvchi mamlakat hamda xalqaro tashkilot toʻgʻrisida atroflicha maʼlumot berilgan. Maʼlumotnomani har yili yangilab borishni rejalashtirganmiz. Uni tayyorlashda Islom hamkorlik tashkiloti tizimidagi ICESCO va IRCICA markazlari bilan hamkorlik qilindi. Islom sivilizatsiyasi qomusiy lugʻatiga kelsak, Xalqaro islom akademiyasi tomonidan “Islom ensiklopediyasi” va “Azon kitoblari” nashriyot-matbaa birlashmasi tomonidan “Katta fiqh ensiklopediyasi” nashr etila boshlanganidan xabardormiz. Ushbu nashrlarning ham, bizning qomusiy lugʻatimizning ham oʻz oʻrni, vazifasi va ahamiyati bor. Ayni nashr boʻyicha hamkorlarimizning ijobiy fikr-mulohazalarini oldik va uni nashr etish masalalarida ICESCO va IRCICA bilan hamkorlik qilmoqdamiz. Taʼkidlashni istardimki, barcha nashrlarimiz lotin va kirill yozuvlarida tayyorlanmoqda.

    “Oʻzbekiston islom sivilizatsiyasi” ilmiy jurnali jahonning 32 mamlakatida taqdimot qilingan edi. Mazkur jurnalda chop etilgan maqolalarning mualliflari va ular koʻtargan mavzular qaysi ilmiy doira vakillarida koʻproq qiziqish uygʻotdi?

    Jurnalimiz ilmiy-ommabop, yaʼni ilmiy davralar hamda ayni paytda keng jamoatchilikka moʻljallangan. Yuqorida taʼkidlab oʻtganimdek, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi loyihasi, ayniqsa, markaz oldiga qoʻyilgan maqsadlar va vazifalar xalqaro jamoatchilikda ham katta qiziqish uygʻotdi. Markaziy Osiyoda 750-1150-yillarda kuzatilgan Ilk uygʻonish davri tarixiy bosqichi, shu davrda yashagan Buxoriy, Termiziy, Xorazmiy, Ibn Sino, Beruniy, Fargʻoniy kabi nafaqat islom xazorasi, balki bashariyat sivilizatsiyasiga oʻz ilmiy asarlari va kashfiyotlari bilan hissa qoʻshgan mutafakkirlar hamda olimlar merosini jamlash, saqlash, targʻib qilish orqali islomning asl mohiyati tinchlik, bagʻrikenglik, bunyodkorlik ekanini koʻrsatib berish gʻoyasi olijanob va dolzarb, deya eʼtirof etildi. “Oʻzbekiston Islom sivilizatsiyasi” maʼnaviy-maʼrifiy, ilmiy-adabiy jurnalimizning dastlabki sonida yuqorida koʻrsatilgan maʼlumotlar oʻrin olgani xorijlik hamkorlarimiz eʼtiborini jalb etdi. Ushbu sonda akademik A.Hakimov, professorlar J.Ismoilova va S. Bulatov kabi nufuzli olimlarimiz bilan bir qatorda yosh mutaxassislarimiz N.Mansurova, Yu.Mamadiyarova, A. Gʻofurovning ham ilmiy maqolalari eʼlon qilindi. Ayniqsa, A.Gʻofurovning Islom sivilizatsiyasi markazi qoʻlyozma fondi toʻgʻrisidagi batafsil maqolasi fransiyalik sharqshunos olimlar V.Furnyo, F.Fatxida, Londondagi “Al-Furqon” islom ilmiy markazi direktori Shax Suvoriy va uning jamoasi aʼzolarida katta qiziqish uygʻotdi. Jurnalimizda xorijiy hamkorlarimizning ham ilmiy ishlari eʼlon qilinmoqda. Ushbu 1-sonda fransiyalik J.P.Lyuminening “Ulugʻbek - yulduzlar shahzodasi” va turkiyalik professor Namig Musalining “Mirzo Shohruh va soʻfiylar” maqolalari eʼlon qilingan. Jurnal xorijdagi elchixonalarimiz orqali kutubxonalar va ilmiy markazlarga ham tarqatildi.

    – Fransuz tili va adabiyoti ilmini mukammal egallagan tarjimon sifatida dastavval Fransua Moriakning “Ilonlar changalida”, Monteskyening “Fors nomalari” (hamkorlikda) romanlarini, Le Klezioning “Mondo va boshqa hikoyalar”ini oʻzbek tiliga bevosita oʻgirgansiz. Keyingi yillarda taniqli adibimiz Erkin Aʼzamning “Shovqin” romani va bir qator hikoyalarini oʻzbek tilidan fransuzchaga tarjima qilib Yevropaga tanitdingiz. Tarjima sanʼati bilan bogʻliq muammolardan yaxshigina boxabarsiz. Markazning tarjima sanʼati bilan bogʻliq faoliyati qanday mezonlar asosida yoʻlga qoʻyilmoqda?

    – Tarjima bilan talabalik yillarimdan shugʻullanib kelaman. Savolingizga javobning ibtidosidayoq bir narsani alohida taʼkidlashni istardim: hech qachon hech bir xorijiy tilni, taʼbir joiz boʻlsa, hatto ona tilini ham mukammal egallab boʻlmaydi, lekin tarjimonlik kasbini tanlaganlar shunga intilishlari kerak. Mustaqillik bergan imkoniyatlardan biri, biz xorijiy adabiyotining javohirlarini bevosita tarjimada oʻqish imkoniyatiga ega boʻldik. Mustaqillikka qadar deyarli barcha tarjimalar vositachi til orqali amalga oshirilar edi.

    Xalqimizning munosib farzandi, atoqli adib Erkin Aʼzam asarlarini fransuz tiliga tarjima qilganimni oʻzimga sharaf deb bilaman. Ham uslubiy, ham janr, ham mazmun jihatidan oʻta oʻziga xos qiziqarli asarlar yaratayotgan vatandoshimiz, doʻstimiz Erkin Aʼzamning “Shovqin” romani, “Pakananing oshiq koʻngli” va boshqa hikoyalari fransuz tiliga va ayni paytda ingliz tiliga tarjima qilinib, Amerika va Buyuk Britaniyada ham taqdimot tadbirlari oʻtkazildi. Aytish joizki, ushbu tarjimalardan avvalroq Erkin Aʼzam oʻz kinossenariylari bilan yevropaliklarga tanilib boʻlgan edi.

    Faqat “Yangi Oʻzbekiston” uchun bir yangilikni oshkor qilmoqchiman: shu kunlarda Erkin akaning “Arbob Qulov Parijga boradi” sarlavhali hikoyasining fransuz tiliga tarjimasini tugatyapman. Hurmatli yozuvchimizning fransiyalik muxlislari ushbu hikoyani kutayotganliklaridan ham xabardorman.

    Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyatida tarjima katta va muhim oʻrin tutadi. Birinchi navbatda, ilmiy-badiiy manbalar arab, fors, eski oʻzbek tillaridan, shuningdek, Yevropa tillaridan hozirgi oʻzbek tiliga oʻgiriladi. Ushbu jarayonda, albatta, birlamchi manba mazmuniga sodiqlik, oʻzbek tilidagi matn esa tushunarli boʻlishi talab etiladi. Ushbu talab va mezonlar, turgan gapki, sohaning yetuk mutaxassislarini tayyorlashni talab qiladi.

    Tarjimon, albatta, oʻzining ona tilini mukammal, puxta, atroflicha bilishi kerak. Marhum ustozimiz Gʻaybulla Salomov birinchi qadam sifatida A.Qodiriyning “Oʻtkan kunlar” romanini qoʻlda koʻchirib chiqishni tavsiya qilgan edilar. Men ham boʻlajak tarjimonlarga Alisher Navoiy, Bobur Mirzodan boshlab hozirgi kundagi adiblarimizning asarlarigacha oʻqib chiqishni tavsiya qilgan boʻlardim. Ana shundan keyin aynan shunday talablarni xorijiy tilga nisbatan qoʻyish kerak boʻladi. Tildan tashqari milliy va xorijiy urf-odatlar, mamlakatlar tarixi, shevalar, siyosat, latifalar, dostonlarni oʻrganish kerak hamda amaliy tajriba orttirish zarur. Biz yosh mutaxassislarimizni ana shu mezonlar asosida tayyorlayapmiz.

    – Yurtimizda Uchinchi Renessansga poydevor qoʻyilayotgan ayni davrda markaz kelajagini qanday tasavvur qilasiz? Ham maʼnaviy, ham moddiy jihatdan juda katta tayyorgarlikni talab qilayotgan bu jarayon qamrovi haqida fikrlaringizni bilishni istaymiz...

    – Mustaqillik yillarida, ayniqsa, keyingi toʻrt yil ichida mamlakatimizda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan ishlar darhaqiqat 750-1150-yillardagi Birinchi Uygʻonish davri, 1370-1507-yillardagi Ikkinchi Uygʻonish (Temur va temuriylar Renessansidan) keyin Uchinchi Uygʻonish davriga qadam qoʻyayotganimizdan darak beryapti. Ishonchim komilki, bu quruq gap emas, aksincha, haqiqat va haqqoniyatdir. Yevropa XV asrning ikkinchi yarmidan boshlab Uygʻonish davriga qadam qoʻydi. Aynan shu davrida Vizantiya imperiyasining qulashi, Yevropaga qochib borgan vizantiyaliklar asrlar mobaynida imperiya poytaxti Konstantinopolda toʻplangan kutubxonalar, sanʼat asarlarini oʻzlari bilan olib ketishlari, birinchi bosqichda Italiyada, keyinchalik Fransiya va boshqa Yevropa mamlakatlarida ilmiy kashfiyotlar, adabiyot va sanʼatning, sanoat va qishloq xoʻjaligini rivojlanishi kuzatildi. Va... inson qadri ulugʻlandi. Yevropalik mutaxassislarning oʻzlari ushbu jarayonlarning barchasida unutilayozgan ilmiy, madaniy, adabiy merosga berilgan alohida eʼtibor hal qiluvchi rol oʻynadi, deb hisoblaydilar. Ayni paytda, ushbu voqealardan avvalroq Ispaniya va Italiyada topilgan, oʻz davrining olimlari va tarjimonlari tomonidan Ibn Sino, Fargʻoniy, Beruniy va Xorazmiyning lotin va jonli Yevropa tillariga oʻgirilgan asarlari ham Yevropadagi Uygʻonish davri jarayonlariga ijobiy taʼsir qildi. Uygʻonish davri gumanizm davriga, gumanizm esa maʼrifat davriga asos yaratdi. Buyuk ilm-fan namoyandalari, amaliy sanʼat ahli, yozuvchilar va shoirlar ana shu muhitda yetishib chiqdilar.

    Keyingi yillarda yurtimizda iqtisodiyot, ichki va tashqi siyosat, ilm-fan, maʼnaviyat va maʼrifat, ajdodlar merosi, xotirasi, diniy maʼrifat va tarbiya sohalaridagi islohotlar, yaqin va uzoq fursatlarga moʻljallangan rejalar, xalqni rozi qilishga qaratilgan, inson manfaatlari va huquqlarini toʻliq taʼminlashga yoʻnaltirilgan chora-tadbirlar va bularning natijasida jamiyat aʼzolarida shakllangan ertangi kunga ishonch yurtimizda Uchinchi Uygʻonish davriga qadam qoʻyayotganimizdan darak berib turibdi.

    Ushbu muhim tarixiy bosqichda ilmiy-maʼrifiy muassasa sifatida Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi faol ishtirok etishga tayyorgarlik koʻrmoqda. Uygʻonish davri barcha sohalardagi rivojlanish jarayonlarini faol davom etishini taʼminlashga qodir boʻlgan oʻz sohasining bilimdoni, ayni paytda yuksak maʼnaviyat, madaniyat va maʼrifat egalarini tayyorlashni taqozo qiladi. Ana shunday mutaxassislargina oʻz yurtining fidoyilari boʻlib yetishadilar. Biz mutaxassislarimizning bor salohiyatlarimizni hamda barcha imkoniyatlarimizni ana shu vazifalarni hal etishdagi ishtirokimizga qaratishni oldimizga maqsad qilib qoʻyganmiz.

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri

    Muxtasar TOJIMAMATOVA suhbatlashdi.