Britaniyalik taniqli suratkash Oʻzbekistonga keldi

    Britaniyalik taniqli suratkash Piter Sanders joriy yil may oyi boshida Oʻzbekistonga keldi. U islom olamida “Top-500 inflyuyenser” qatoriga kiradi, Britaniya Qiroli Charlz tomonidan tashkil etilgan “ MOSAIC” jamgʻarmasining doimiy elchisidir.

    Maʼlumot uchun: Piter Sandersning sermahsul ijodi Bob Dilan, Rolling Stones va Jimi Xendriks kabi taniqli shaxslarni suratga olishdan boshlangan. U 1970-yillarda Islom dinini qabul qildi va oʻz asarlarida islom sanʼati, musulmon mamlakatlari madaniyatini aks ettira boshladi. Islom olamidagi mashhur shaxslar – Muhammad Ali, Sami Yusuf, Kat Stivens kabilar bilan hamkorlik qilgan. Uning ijodi Qirol Charlz, Dalay Lama va Shayx Muhammad Bin Rashid al Maktum tomonidan ham yuqori eʼtirof etilgan. Gʻarb fotosuratchilari orasida birinchilardan boʻlib Haj ibodatiga oid hujjatli fototoʻplam yaratgan (500 mingdan ziyod surat). Toʻplamdagi suratlar “The Sunday Times”, “The Observer”, “Paris Match” kabi nufuzli jurnallarda chop etilgan.

    Piter Sanders Oʻzbekistonga tashrifi davomida Toshkent, Buxoro va Samarqand shaharlarida boʻldi va Oʻzbekistonning boy madaniy merosi bilan yaqindan tanishdi, qadamjolarni ziyorat qildi. Islom sivilizatsiyasi markaziga bordi. Shuningdek, Buxoroda boʻlib oʻtgan II Xalqaro zardoʻzlik va zargarlik festivalida mehmon sifatida ishtirok etdi.

    Tashrif yakunida Jahon iqtisodiyot va diplomatiyasi universitetida talabalar, ijodkorlar bilan uchrashuv tashkil etildi. Suratkash “Madaniy diplomatiya” mavzusida maʼruza qildi va oʻzining koʻp yillik tajribasi, madaniyatlarni bogʻlash va tinchlikparvarlik yoʻnalishida qilgan betakror loyihalari bilan oʻrtoqlashdi.

    — Oʻzbekistonga kelishni qariyb ellik yildan beri orzu qilardim, va nihoyat bunday sharafga muyassar boʻldim, — deydi Piter Sanders. — Bu yerga kelib, shuni his qildimki, yurtingiz shunday makonki, unda bir oyogʻing tarixda tursa, ikkinchisi kelajakda va ikkala holatda ham inson oʻzini baxtli his qiladi, ruhlanadi. Hayotim davomida juda koʻp mamlakatlarda boʻlganman, turli madaniyatlar guvohi boʻlganman, ammo bu yerdagi madaniy va maʼnaviy uygʻunlik, insonlardagi samimiylik va bagʻrikenglikni hech qayerda koʻrmadim. Men Oʻzbekiston Islom sanʼatini dunyoga koʻrsatishni niyat qildim, undagi uygʻunlik, xilma-xillik va maʼnaviy asosi qalblarga oʻzgacha orom bagʻishlaydi.

    “Bukhari Creative Group” jamoasi.