Bryusselda Oʻzbekiston-Yevropa Ittifoqi Hamkorlik qoʻmitasining 18-yigʻilishi boʻlib oʻtdi

    Xalqaro hamkorlik 7 Iyul 2022 1503

    Joriy yil 6-iyulda Bryussel shahrida Oʻzbekiston-Yevropa Ittifoqi Hamkorlik qoʻmitasining 18-yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Yevropa delegatsiyasiga Yevropa tashqi harakatlar xizmati (YETHX)ning Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo boʻyicha boshqaruvchi direktorining oʻrinbosari Lyuk Devin boshchilik qildi, Oʻzbekiston tomonidan esa tadbirda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi oʻrinbosari L. Kudratov ishtirok etdi.

    Tadbir davomida ikki tomonlama munosabatlarning bugungi holati va ularni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi, mintaqaviy va xalqaro hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashildi.

    Yevropa tomoni Oʻzbekiston va Yevropa Ittifoqi oʻrtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim matni boʻyicha muzokaralar jarayoni yakunlangani va hujjat kelishilganini olqishladi. Bitimning parafirlanayotgan loyihasi hamkorlikda olib borilgan astoydil saʼy-harakatlarining mevasi ekanligi taʼkidlandi. Hujjat Oʻzbekiston va YEI munosabatlarida mutlaqo yangi sahifani ochishga zamin yaratdi.

    Yaqin va uzoq istiqbolga moʻljallangan hamkorlik rejalari atroflicha muhokama qilindi. Jumladan, joriy yilda Samarqand shahrida “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” formatidagi oʻzaro bogʻliqlikni mustahkamlash boʻyicha Vazirlar uchrashuvi va xalqaro konferensiya oʻtkazilishi rejalashtirilgan. Tomonlar, shuningdek, Bryusselda “Oʻzbekiston – YEI” hamkorlik Kengashining navbatdagi yigʻilishini tashkil etish muddatlarini yaqin vaqt ichida belgilashga kelishdilar.

    Oʻzbekistonga “GSP+” Preferensiyalar bosh tizimining benefitsiari maqomi berilganligi mamlakatimiz va YEI oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni diversifikatsiya qilish va rivojlantirishga salmoqli hissa qoʻshayotgani qayd etildi. 2024-yildan boshlab Yevropa komissiyasi “GSP+” tizimiga qoʻyiladigan talablarni mustahkamlash va uni Oʻzbekiston tomonidan allaqachon ratifikatsiya qilingan 6 ta yangi xalqaro konvensiya bilan toʻldirishni rejalashtirayotgani taʼkidlandi.

    Yevropa tomoni 2021-2024-yillarga moʻljallangan 83 million yevro miqdoridagi Moliyaviy va texnik yordam koʻrsatishning indikativ dasturini iloji boricha tezroq amalga oshirishni boshlash niyatida ekanligini bildirdi. Dastur samarali davlat boshqaruvi va raqamli transformatsiya, “yashil” rivojlanish, inklyuziv oʻsish, “aqlli”, ekologik toza agrosanoat va oziq-ovqat sektorini rivojlantirish, qishloq joylarining farovonligini yuksaltirish kabi yoʻnalishlarni oʻz ichiga oladi.

    Yigʻilish kun tartibidagi boshqa masalalar ham muhokama qilindi. Xususan, Oʻzbekistonda investitsiyaviy muhitni yaxshilash va mamlakatda ishbilarmonlik uchun yaratilgan shart-sharoitlarni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar ijobiy baholandi. Mamlakat tomonidan Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar qoʻllab-quvvatlanishi bildirildi.

    Muzokaralar yakunida Yevropa komissiyasining 2027-yilgacha boʻlgan dasturiy sikli doirasida qoʻshma tashabbuslarni muvaffaqiyatli hayotga tatbiq etilishini jadallashtirish maqsadida hamkorlikda ish olib borishga kelishildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.