Bu yil haj safariga borish uchun navbatga yozilganlarning navbati saqlanadimi?

    Ijtimoiy hayot 7 Iyul 2020 10544

    Dunyoga tahdid solayotgan koronavirus pandemiyasi musulmon dunyosi uchun muborak sanalgan Haj va Umra safarlariga ham o'z ta'sirini o'tkazmay qolmadi.

    O'zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o'rinbosari Homidjon ISHMATBEKOV bilan suhbatimiz shu mavzu yuzasidan bo'ldi.

    Saudiya Arabistoni Haj va Umra ishlari vazirligi, bu yilgi Haj mavsumini faqat Saudiya Arabistoni ichida bo'lib turgan fuqarolardan iborat ziyoratchilar uchun cheklangan miqdorda tashkil etish haqida qaror qabul qildi. SHu haqda so'z yuritsangiz?

    – Ma'lumki, haj amali Islom arkonlaridan biri bo'lib, u ma'lum shartlarga ega bo'lgan mo'min-musulmon kishi uchun umrida bir marta ado etishi farz bo'lgan ibodat. Qur'oni karimda hajning farzligiga quyidagi oyat dalolat qiladi: “Yo'lga qodir bo'lgan kishi zimmasida Alloh uchun Baytni haj qilish (farzi) bordir” (Oli Imron, 97).

    Haj ibodati farz bo'lishining shartlari: musulmon bo'lish, balog'at yoshida bo'lish, oqil bo'lish, tani sog' bo'lish, borib kelguncha yo'l xarajatlari va oila ahlining ehtiyojlariga etadigan nafaqa bilan ta'minlagan bo'lishi kerak. SHuningdek, yo'lning ochiq, xavf-xatarsizligi ham hajning farz bo'lish shartlaridandir. Agar mazkur shartlardan birortasi topilmasa, u holda haj ibodatini ado etish insonning zimmasidan soqit bo'ladi.

    Islom shariati insonni ortiqcha mashaqqat, xavf-xatar, o'zi va o'zgalarni zarar etkazishga buyurmaydi. Xususan, haj ibodati borasida ham yuqorida sanab o'tilgan imkoniyatlarga ega bo'lmagan bandaning zimmasidan ushbu ibodat soqit bo'ladi.

    Qayd etish kerakki, 2020 yilda dunyoning barcha davlatlarida koronavirus kasalligi keng tarqaldi. Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti ma'lumotiga ko'ra, mazkur xastalik dunyoning 215 dan ortiq mamlakatida aniqlangan. Mazkur ofat ko'plab islom va arab davlatlari, xususan, haj amallari ado etiladigan Makkai mukarrama va Madinai munavvara shaharlarida ham tarqalgan.

    Mavjud ma'lumotlarga ko'ra, hozirgi vaqtda Saudiya Arabistonida keskin epidemiologik vaziyat saqlanib qolmoqda. Har kuni o'rtacha 4000 ga yaqin virus bilan kasallanish, 35-40 ta o'lim holati kuzatilmoqda.

    Saudiya Arabistoni qiroli – Ikki Muqaddas Haram xizmatchisi qirol Salmon bin Abdulaziz ana shunday inson salomatligi uchun murakkab vaziyatni inobatga olib, «Haj – 2020» mavsumi uchun chet eldan ziyoratchilarni qabul qilmaslik haqidagi taklifni qo'llab-quvvatladi hamda joriy yilning 22 iyun` kuni mamlakat ichida bo'lib turgan cheklangan miqdordagi ziyoratchilar uchun ichki haj mavsumini tashkil etish bo'yicha barcha tegishli choralarni ko'rish to'g'risida qaror qabul qildi.

    – Saudiya Arabistoni hukumatining mazkur qaroriga qanday munosabatlar bildirildi?

    – Saudiya hukumatining ushbu qarori Saudiya ulamolari Kengashi, Islom hamkorlik tashkiloti, Islom olami uyushmasi, Misrdagi Al-Azhar majmuasi hamda “Dorul ifto” fatvo hay'ati va boshqa ko'plab ilmiy markazlar tomonidan ma'qullandi.

    Aslida ushbu qaror e'lon qilinishidan biroz avval ham haj sohasida yirik kvotaga ega bo'lgan Indoneziya (230 ming kvota ajratilgan), Nigeriya (180 ming kvota), Hindiston (150 ming kvota) hamda Evropa va Janubiy-SHarqiy Osiyoning ba'zi davlatlari o'z ziyoratchilarining hayoti va sog'lig'ini himoya qilish maqsadida «Haj – 2020» mavsumini tashkil qilmaslik haqida qaror qabul qilgan edi.

    SHuningdek, Malayziya va Singapur kabi davlatlar esa bekor qilish to'g'risidagi o'z qarorlarini fuqarolari sog'lig'i uchun mas'ul ekani, bugungi murakkab sharoitda ularni sog'lig'ini saqlash mushkul ekani, hajga boradiganlarning 80 foizi keksalar ekani, ular kasallikka chalinish ehtimoli yuqori bo'lgani bilan izohlangan edi.

    Misr davlatidagi “Dorul ifto” fatvo hay'ati Saudiya hukumatining bu yilgi hajni cheklangan miqdordagi ziyoratchilar bilan amalga oshirilishi borasidagi qarorini shariatning hojilar hayotini muhofaza qilish borasidagi maqsad va hukmlariga to'la mos ekanini e'lon qildi.

    Misr fatvo uyushmasi ta'kidlashicha, Saudiya Arabistonining koronavirus keng tarqalishining oldini olish maqsadida bu yil – hijriy 1441 yilgi haj ibodatini mamlakat ichkarisidagi fuqarolarga cheklangan miqdorda amalga oshirilishi borasidagi qarori Islom shariatining hojilar hayotini muhofaza qilish borasidagi maqsad va ahkomlariga to'la muvofiq ekanligini ta'kidladi.

    Fatvo hay'atining ta'kidlashicha, hukumatning bunday qarori hozirgi kunda butun dunyo boshidan kechirayotgan koronavirus pandemiyasining tarqalishi e'tiboridan o'ta zarur holda chiqarilgandir.

    Bu to'g'rida Butunjahon ulamolar ittifoqining fatvosi ham bir muddat avvalroq e'lon qilingan edi. Ittifoq bosh kotibi shayx Ali Qoradog'iy e'lon qilgan fatvoda: “Agar vabo tarqashi aniq yo shunga yaqin bo'lsa va soha mutaxassislari tiqilinch tufayli hojilar yoki ularning ba'zilariga vabo yuqadi, deyishadigan bo'lsa, bu holda haj yoki umrani, muammo hal bo'lgunicha muvaqqat man etish joizdir”, deyilgan.

    Agar hoji hajga borayotgan joyida turli yuqumli kasalliklar tarqalgani yoki shunga o'xshash hodisalar yuzaga kelishi aniq bo'lib qolsa, bu vaqtda: “Zararni bartaraf etish manfaatni jalb qilishdan muqaddamdir” – degan fiqhiy qoidaga qat'iy amal qilishi lozim. CHunki hajda ko'pchilik hojilar manfaati ozchilik kishilarning manfaatidan ustun turadi.

    Islom ta'limoti ko'pchilikka zarar etishi mumkin bo'lgan sharoitlarda yuqumli kasalligi bor kishilarning sog' odamlarga aralashuvini va o'z navbatida sog'-salomat kishilarning bilvosita yoki bevosita yuqumli xastaligi mavjud kishilarga aralashuvini qat'iy cheklaydi.

    – Haj qisman bekor qilingan holatlar avval ham bo'lganmi?

    – O'z navbatida aytish kerakki, tarixda mo'min-musulmonlar uchun haj qilish turli sabablarga ko'ra, xususan, yuqumli kasalliklar tufayli qisman yoki butunlay to'xtatilgan davrlar bo'lgan. Ibn Kasirning “Al-Bidaya val-Nihaya” kitobida aytilishicha, milodiy 968 yilda Makka shahrida kasallik tarqalib, ko'plab ziyoratchilar hayotiga zomin bo'lgani sababli haj ibodati to'xtatilgan.

    Milodiy 1831 yilda Makka va Madina shaharlarida vabo tarqalib, juda ham ko'p hojilar halok bo'lishiga sabab bo'lgan. O'sha yili mo'min-musulmonlar hajni to'xtatib turishga majbur bo'lishgan. Oradan biroz vaqt o'tib, 1837 yilda ikkinchi marta vabo qaytarilgandan keyin 3 yilga haj bekor bo'lgan. YAna bir necha yildan so'ng Makka shahrini vabo egallab olgandan keyin 1846-1850 yillarda 4 yil davomida haj qilish to'xtatib turilgan.

    – Bu yil haj safariga borish uchun navbatga yozilganlarning navbati saqlanadimi?

    – Saudiya Arabistonidagi epidemik vaziyatning o'ta murakkabligi nuqtai nazaridan xorij mamlakatlari fuqarolari, xususan, yurtimiz aholisi Islom dini manbalariga tayangan holda milodiy 2020 yil, hijriy 1441 sanadagi haj safarini chet elliklar uchun to'xtatilishi haqidagi qarorni to'g'ri qabul qildilar.

    2020 yil 23 iyun` kuni Haj va Umra tadbirlarini tashkil etish va o'tkazish masalalari bo'yicha jamoatchilik kengashining yig'ilishi qaroriga asosan joriy yilgi haj safariga borishni rejalashtirgan fuqarolarimizning navbati to'liq saqlangan holda keyingi yilga o'tkazildi.

    Alloh taolo yurtimiz va butun dunyodan koronavirus kasalligini ko'tarsin, mo'min-musulmonlarni muborak zaminga emin-ekrinlikda borishlari va haj ibodatini xotirjamlikda ado etishlarini nasib qilsin.

    O'zA muxbiri

    Nazokat USMONOVA

    suhbatlashdi