Bugun dunyoda texnologiyalar, texnik tizimlar murakkablashmoqda. Shu bilan birga, ularning iqtisodiyot va jamiyat rivojidagi oʻrni ham kuchayib bormoqda. Jahon ilm-fani taraqqiyotning yangi bosqichiga koʻtarilyaptimi, demak, har bir davlat shunga monand rivojlanishi kerak. Shuning uchun ham muhandislik taʼlimi sifatiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Sohada kadrlar tayyorlash oʻzani zamonaviy talablarga yoʻnaltirilib, muhandislik taʼlimini modernizatsiya qilish dolzarb masalalar qatoriga chiqdi.
“Raqobat kuchayib boryapti”, degan jumlani koʻp qoʻllaymiz. Aytishga oson, lekin uning zamirida ilm-fan yutuqlarini ishlab chiqarishga muvaffaqiyatli tatbiq etishdek vazifa yotadi. Sanoat tarmoqlari iqtisodiyotimizning drayver sohasiga aylanib borayotganidan ochilayotgan yangi ish oʻrinlari mehnat bozorida zamonaviy texnologik jarayonlarni boshqarishga qodir muhandislar tayyorlashni talab qilishini anglash mumkin.
Yangi Oʻzbekiston taraqqiyoti texnologiyalar va innovatsiyalarning jadal rivojlanishi bilan bogʻliq. Bu yoʻnalishdagi eng muhim vazifalardan biri zamonaviy muhandislik texnologiyalariga doir bilimlarni puxta egallagan, ilm-fan va texnikaning soʻnggi yutuqlaridan xabardor, qisqasi, yuqori malakali muhandislar tayyorlashdir.
2023-yili oʻtkazilgan soʻrovnomada maktab bitiruvchilarining atigi 8 foiz shu muhandislik yoʻnalishini tanlagan. Oliy taʼlimga qamrov 5 barobar, yaʼni 9 foizdan 42 foizga oshgan bir paytda yoshlarning muhandislikka qiziqishidagi bu koʻrsatkich sohaga yangi texnologiyalarni joriy etish zaruratidan darak beradi.
Yurtimizda texnika yoʻnalishidagi 36 ta davlat oliy taʼlim muassasasini har yili 67 ming yigit-qiz bitiradi. Biroq ularning 60 foizi oʻzi oʻqigan yoʻnalish boʻyicha ishlamayapti. Sababi, oliy taʼlim muassasalarining oʻquv dasturi va ixtisosliklari bugungi ish beruvchilar talabini toʻlaqonli taʼminlaydigan kadrlarni yetishtirib berolmayapti. Bugun biz ana shu talablarga javob bermasak, zamonaviy yoʻnalishlarda kadrlar tayyorlash tizimini yoʻlga qoʻymasak, sanoat tarmoqlari katta mablagʻ sarflab, chetdan mutaxassis olib kelishga majbur boʻladi. Vaholanki, oʻzimizda shu yoʻnalishda oʻqib, “diplomini tokchaga qoʻyib qoʻygan”lar talaygina. Oʻylab qarasak, oʻsha diplomlarning chang bosib yotishida oliy taʼlim muassasalarining ham “hissasi” bor. Sababi, zamon talablariga mos kadrlar tayyorlash masalasiga yetarlicha eʼtibor qaratilmaganida.
Toshkent shahrida 15 yildan buyon faoliyat yuritib kelayotgan Turin politexnika universitetining asosiy vazifalaridan biri xorijiy tajribaga asosan yuqori malakali muhandislarni tayyorlashdir. Bu borada universitetda oʻquvamaliy va ishlab chiqarish laboratoriyalari mavjud. Hozir muhandislik sohasi boʻyicha qator yoʻnalishlar bor. Talabalar mashinasozlik texnologiyasi, kompyuter muhandisligi, avtomobil muhandisligi, aviakosmik muhandislik, dasturiy taʼminot muhandisligi, qurilish muhandisligi va arxitektura yoʻnalishlarida tahsil olib kelmoqda.
Davlatimiz rahbari raisligida joriy yil 20- iyun kuni muhandislik sohalarida kadrlar tayyorlash va oliy taʼlim muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish masalalari yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida zamonaviy talablarga mos muhandis kadrlar tayyorlashning ayni paytdagi holati tanqidiy tahlil etildi.
Toʻgʻri, sohadagi sharoit avvalgidan ancha oʻzgargan. Ammo bu shiddatli zamon uchun yetarli emas. Jamiyat muammolariga xavfsiz yechim topish uchun zarur boʻlgan bino va inshoot, uskuna hamda moslamalarni taʼmirlash bugun uchun muhim. Loyihalashtirish jarayonida ilmiy, matematik, iqtisodiy, ijtimoiy va amaliy bilimlarni qoʻllash katta samara beradi. Mana shularning bajaruvchisi boʻlgan muhandis mutaxassislar ishlab chiqarish tarmoqlari, zamonaviy iqtisodiyot rivojida hal qiluvchi vazifani bajaradi.
Ilm-fan va ishlab chiqarish zanjirining toʻlaqonli integratsiyasini taʼminlash uchun nazariy bilim va koʻnikmaning amaliyotda mustahkamlanishiga erishish zarur. Mana shu zaruratni toʻlaqonli taʼminlay olmaganimiz uchun ham keyingi yillarda muhandislik taʼlimi kutilgandek samara bermadi. Bugun ishlab chiqaruvchilarning muhandis kadrlarga ehtiyoji va talabi katta. Ayni kezda talabalarga sifatli bilim berish bilan cheklanib qolmay, ularning biror korxona yoki tashkilot uchun kerakli xodim sifatida shakllanib borishiga ham erishishimiz lozim.
Chunki ishlab chiqarishga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish barobarida dunyo hamjamiyatidagi oʻrnimizni mustahkamlash uchun muhandis kadrlarni salohiyatli etib tarbiyalashning ahamiyati katta.
Innovatsion va startap loyihalar — OTM uchun daromad manbai
Bir vaqtlar OTM daromadi faqat talabalarning shartnoma toʻlovidan shakllantiriladi degan qarash bor edi. Ammo bugun bu mezon ancha eskirdi. Zamonaviy oliygohlar, ayniqsa, texnika-muhandislik yoʻnalishidagi OTMlar keng qamrovli ish yuritishi, ilmiy ishlanmalar, amaliy, innovatsion va startap loyihalarni amalga oshirishi evaziga katta foyda olishi zarur.
Universitetimizda fundamental loyihalar bilan bir qatorda amaliy va innovatsion loyihalarni amalga oshirish yoʻlga qoʻyilgan. Soʻnggi uch yilda umumiy qiymati 11 milliard soʻmga yaqin jami 9 ta loyiha amalga oshirildi. Bular orasida Germaniya, Belarus, Turkiya, Xitoy bilan qoʻshma ilmiy loyihalar oʻzaro hamkorlikni rivojlantirish, tajriba almashishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikda Erasmus dasturi doirasida qitʼaning yetakchi universitetlari bilan birga qator loyihalarni amalga oshiryapmiz.
Universitetimizda innovatsion loyihalari bilan mamlakat va jahon miqyosidagi tanlov va koʻrgazmalarda qatnashib, gʻoliblikni qoʻlga kiritayotgan iqtidorli, innovator talabalar talaygina. Muassasada innovatsion loyihalar bilan shugʻullanuvchi talabalardan iborat “NazarX” va “Cosmos Innovation” jamoalari turli yoʻnalishda loyihalarini yoʻlga qoʻygan.
Birinchi oʻzbek robodoktori
Aerokosmik loyihalar bilan mashhur “NazarX” jamoasi hozir uchuvchisiz uchish apparatlari hamda avtopilot rejimida harakatlanadigan avtomobillar ustida tadqiqotlar olib bormoqda. Bu borada universitetimiz va Italiyaning Dron Lab kompaniyasi hamda Savdo-sanoat palatasi oʻrtasida Oʻzbekistonda dron ishlab chiqarish boʻyicha strategik hamkorlik shartnomasi imzolandi. Endi aynan shu jamoa ishtirokida xorijiy tajriba asosida iqtisodiyotning turli sohalari uchun dronlar ishlab chiqariladi.
“Cosmos Innovation” jamoasi tomonidan amaliyotga tatbiq etilgan navbatdagi loyihalardan biri — birinchi oʻzbek robodoktori “Body tester”. Loyiha sogʻlom turmush tarzini yanada keng targʻib qilishda yordam beradi. Qurilma bir vaqtning oʻzida insonga doir tibbiy maʼlumotlarni aniqlab, chek qogʻozi koʻrinishida taqdim qila oladi. Maʼlumotlar bilan birga taqdim qilingan chekdagi QR-kod orqali har bir foydalanuvchi onlayn tarzda tibbiy koʻrsatkichlarini bilish hamda vazn indeksi boʻyicha tavsiyalar olish imkoniga ega boʻladi.
Bugun global iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish bilan birga insoniyat hayotiga salbiy taʼsir koʻrsatib, yaqin kelajakda jiddiy muammolarni yuzaga keltirishi mumkin boʻlgan holatlar talaygina. Shulardan biri — tabiiy boyliklar va resurslar zaxirasining yildan yilga kamayib, taqchillashib borayotgani. Tabiiy boyliklardan oqilona foydalanish uchun ham ilm-fan va innovatsiyalar integratsiyasi zarur.
Chet elda xizmat safarida boʻlganimizda bir jihat eʼtiborimni tortdi. Rivojlangan davlatlarda muhandislar juda qisqa vaqtda yuqori sifatli mahsulotlar ishlab chiqarishga jalb etiladi. Ular turli mashina va vositalar yaratadi. Bu jarayonda nafaqat oʻz ustida ishlaydi, balki mamlakat eksporti aylanmasini oshirishga ham katta hissa qoʻshadi. Chunki ularda texnologiya sohasidagi innovatsiyalar zamonaviy iqtisodiyotning oʻsishini taʼminlovchi katalizatorga aylanib ulgurgan.
Bugun biz uchun ham kun talabi “tarmoq — korxona — oliygoh” integratsiyasini yaratishdir. Zamonaviy mashina va uskunalardan foydalanish, ularga xizmat koʻrsatish uchun malakali ishchi kuchi talab qilinadi. Oliy taʼlim muassasasi mana shu talabdan kelib chiqib, kadrlar tayyorlashi lozim. Fan va texnologiya yutuqlari mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi bilan uzviy bogʻliq. Shu bilan birga, taʼlim tizimini zamon bilan hamnafas tarzda muttasil yangilab, takomillashtirishni taqozo etadi. Bu esa, oʻz navbatida, taʼlim, fan va ishlab chiqarish integratsiyasiga olib keladi.
Elektrotexnika sohasidagi tadqiqotlar
Oliy taʼlimning mavqei zamon talablariga munosib, malakali, raqobatbardosh, yuksak bilimli, oʻzi tanlagan yoʻnalish boʻyicha mahoratli kadrlarni yetishtirish bilan belgilanadi. Bunga esa faqat sifatli taʼlim orqali erishish mumkin. Kadrlar tayyorlashda oʻquv jarayonining malaka talablari asosida oʻtilishini muttasil monitoring qilish, samaradorligini tahlildan oʻtkazib, takomillashtirib borish zarur.
Universitetimiz taʼlim dasturlari ish beruvchi kompaniyalar ehtiyoji hamda talabalar qiziqishi asosida muntazam yangilanib, takomillashtirib borilmoqda. Bu jarayon taʼlim dasturlarini zamonaviy texnologiyalar va bozor talablariga moslashtirish imkonini yanada kengaytiradi.
Hozir bitiruvchilarimizga avtomobilsozlik, mashinasozlik, energetika sanoati, neft va gazni qayta ishlash, axborot texnologiyalari va qurilish kompaniyalarida talab katta. Biz talabgorlarni doim kuzatib, har bir yoʻnalishga kirib kelayotgan texnologiyalarni oʻrganib borishimiz kerak. Shundagina ish beruvchilar qoʻyadigan mezonlarga mos kadr tayyorlay olamiz. Bizni quvontirgani bugun koʻpgina bitiruvchilarimiz yetakchi kompaniyalarda faoliyat yuritmoqda. Italiyaning Manganorobot, Pirelli, Daniyaning Uber, Dubayning VITRONIC Machine Vision Middle East, Germaniyaning “BMW group” kabi kompaniyalarida muhandis, yetakchi mutaxassis boʻlib ishlamoqda.
Universitet huzurida elektromobillar va ularning infratuzilmasi boʻyicha ilmiy-tadqiqot laboratoriyasi tashkil etilgan. U yerda elektrda harakatlanadigan transport vositalarini oʻrganish va shu yoʻnalish boʻyicha ilmiy izlanish, eksperimental tadqiqotlar olib borilmoqda. Bu elektrotexnika sohasidagi tadqiqotlarni rivojlantirish va shu yoʻnalishlar boʻyicha yetuk mutaxassislar tayyorlash imkonini beradi.
Yirik korxonalar rahbarlari bilan suhbatlashganimizda ular amaliyotga borgan talabalarning nazariy bilimi bilan zamonaviy ishlab chiqarish oʻrtasida tafovut borligini aytadi. Bu bizning ogʻriqli nuqtamiz. Mana shu kamchilikni bartaraf etsak, soha kadrlari “oltin mutaxassis”ga aylanadi. Chunki raqamli iqtisodiyotning asosiy texnologiyalari, raqamli transformatsiya ssenariylari, muhandislik faoliyatining yangi ustuvor yoʻnalishlaridir. Demak, kelajak taʼlimining asosiy tendensiyalari ham shular boʻladi.
Yevropa davlatlari oʻz istiqbolli dasturlari hamda nazariyalarini shakllantirishda axborot texnologiyalari, texnika jabhasi va turli nouxaularga tayanmoqda. Zamonaviy sanoat tarmoqlari uchun foydali turli texnologik uskunalar, mashinalar, predmetlarni ishlab chiqishda samaradorlikni oshirib, mahsulot tannarxini minimallashtirish vazifasi oldimizda turgan ekan, bunga sohada kadrlar tayyorlash jarayonini takomillashtirish orqali erishamiz.
Taʼlim muassasamizda xalqaro aloqalarni rivojlantirish ustuvor yoʻnalishlardan. Shu sababli Yevropa, Amerika va Osiyoning yetakchi oliy taʼlim muassasalari va kompaniyalari bilan yaqindan hamkorlik qilinadi. Bugun 20 dan ortiq xorijiy davlatning 90 ga yaqin universiteti va kompaniyalari bilan qoʻshma taʼlim loyihalari, sanoat darajasidagi hamkorlik, oʻquv va almashinuv dasturlari tashkil etilmoqda.
Oʻtgan davrda oliygohimiz Xitoy politexnika instituti, Kosovska Mitrovitsadagi Pristina universiteti, Rossiyaning “Transmashxolding” korporativ universiteti bilan oʻquv va ilmiy sohada keng qamrovli hamkorlik qilish boʻyicha memorandumlar imzolagan. Hamkorlik doirasida talabalarning muhandislik faoliyati boʻyicha olgan nazariy bilim va koʻnikmalarini amaliy jihatdan mustahkamlash, shuningdek, oʻqish yoʻnalishiga muvofiq kompetensiyalarini rivojlantirish maqsadida avgust oyida 17 talabamiz Rossiyaning “Transmashxolding” AJ tarkibiga kiruvchi “Metrovagonmash” AJ zavodida 10 kunlik amaliyot oʻtab keldi.
Joriy yil 24-sentabrida Oʻzbekiston — Italiya birinchi taʼlim forumi doirasida Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti huzurida “Italiya — Oʻzbekiston ilgʻor muhandislik markazi” ochildi. Ushbu markaz Italiyadagi ilgʻor va innovatsion texnologiyalarni uzluksiz joriy etish orqali Oʻzbekistonda mashinasozlik, toʻqimachilik, charmsozlik sohalarida ishlab chiqarish maydonlarini kengaytirishga xizmat qiladi. Shuningdek, oʻzbekistonlik mutaxassislarning malakasini oshirish, tajriba loyihalari, ixtisoslashtirilgan maʼlumotlarni tarqatish, ikki davlat xususiy sektorini jalb qilgan holda Italiya — Oʻzbekiston sarmoyalari va qoʻshma korxonalarni qoʻllab-quvvatlash uchun infratuzilma hamda shart-sharoitlar yaratishda muhim omil boʻladi.
Talabalar markazdagi eng zamonaviy moddiy-texnik bazada amaliyot oʻtab, tajribasini oshiradi. Shuningdek, yoshlar eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishda ishtirok etish, ilmiy-innovatsion tadqiqotlar bilan shugʻullanish hamda kasbiy koʻnikmalarini mustahkamlash imkoniyatiga ega boʻladi.
Prezidentimiz Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga 2022-yil 20-dekabrdagi Murojaatnomasida “...Iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlashni kengaytiramiz. Kimyo sanoati, elektr texnikasi, transport va energetika sohalarida nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan birga alohida muhandislik maktablari tashkil qilinadi. Bu tizim bizda hozirgacha boʻlmagan. Loʻnda aytganda, yangi zamon injenerlari tayyorlash tizimini yaratamiz”, degan edi.
Kelgusi besh yilda Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetining dunyo miqyosidagi oʻrnini yanada mustahkamlash, nufuzli universitetlarning 1000 taligiga kiritishni rejalashtirganmiz. Hozir talabalarimizning 6 foizi chet ellik yigit-qizlardan iborat. Bular Turkiya, Rossiya, Hindiston, AQSH, Nigeriya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston va boshqa qoʻshni davlatlardan kelganlardir. Kelgusi rejalarimizdan biri xorijlik talabalar sonini yanada koʻpaytirish.
Taʼlimga islohotlarning hal qiluvchi kuchi sifatida qarash yaqin kelajakda yangidan yangi ixtirolarga asos boʻladi. Soha vakili boʻlganim uchun ham koʻp eʼtibor beraman: ilgari sanoat dastgohlari, ehtiyot qismlar import qilingan. Endi mana shu mahsulotlarning muhandislik maktablarida tayyorlanishiga erishyapmiz. Kecha muhandislar oldiga chet eldan keltirilgan texnika va texnologiyalardan samarali foydalanish talabini qoʻygan boʻlsak, bugun ular zimmasiga bozor ehtiyojidan kelib chiqib, yangi texnika va texnologiya yaratish vazifasi ham yuklanyapti.
Olimjon TOʻYCHIYEV,
Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti rektori
Texnika fanlari doktori