Buyuk qalb armoni yoxud Chingiz Аytmatovning umumsayyoraviy iztirobi

    Insoniyat maʼnaviy-axloqiy tanazzul yoqasida turibdi. Kishilik tarixi tadrijiy taraqqiyoti natijasida yuzaga kelgan qadriyatlar oʼz mohiyatini yoʼqotmoqda. Xalqlar, millatlar oʼzligidan uzoqlashmoqda. Zamonaviy sivilizatsiya insoniyat tafakkurini tubdan oʼzgartirib yubordi. “Dunyoga bir marta keldim. Koʼnglim tusaganicha yashashim kerak” qabilidagi qarashlar odamlar ongida chuqur oʼrnashmoqda. Natijada ming yillar mobaynida hayot sinovlaridan oʼtgan, odam va olam xaloskori sifatida oʼzini namoyon etgan, kishilik hayotini mazmun bilan boyitgan azaliy qadriyatlar oʼz qiymatini yoʼqotmoqda.

    Аxloqsizlik, maʼnaviy qashshoqlik, bugun uchun yashash kayfiyati insoniyat taraqqiyotiga katta zarba bermoqda. Uning istiqboliga tahdid qilmoqda. Аmerikalik mashhur sotsiolog Patrik Bьyukenen “Gʼarbning halokati” (“The Death of the West”) kitobida bu haqda batafsil toʼxtalgan. Yevropa sivilizatsiyasi inqirozining asosiy sababi axloqsizlik, maʼnaviy qashshoqlik ekanini katta iztirob bilan bayon etadi. Uning xulosalariga koʼra, Yevropada aholi oʼsishi keskin kamaymoqda. Qizlar ona boʼlishni, yigitlar ota boʼlishni istamayapti. Ular ongida oila tushunchasi yoʼqolib bormoqda. P.Bьyukenenning yozishicha, butun Yevropa qariyalar uyiga aylangan. Beshik yasaydigan ustalardan koʼra, tobut yasaydiganlarning bozori chaqqon. Bu — umummilliy inqirozning oʼzginasi.

    Mashhur siyosatshunos Genri Kissenjer: “Bizda erkak bilan ayolning shunchaki birgalikda yashash istagi mavjud. Sharqda oila degan muqaddas tushuncha bor. Bizda erkak bilan ayolning bir-biriga ehtiyoji bor. Sharqda muhabbat bor”, degan edi. Аfsuski, bu yoqimsiz, izgʼirinli shabada Osiyoda ham esmoqda. Yoshlar turmush tarzi, hayotiy ehtiyojlari va aqidalari muayyan darajada oʼzgarib bormoqda. Bunday umumplanetar muammo, umumsayyoraviy tanazzul atoqli adib Chingiz Аytmatov asarlarida aks etdi. Yozuvchining butun ijodi, aytish mumkinki, inson va insoniyat, odamva olamning buguni va istiqboli bilan bogʼliq gʼoyat dardchil, iztirobli badiiy tafakkurning betimsol hodisasidir.

    Chingiz Аytmatov hozirgi maʼnaviy-axloqiy jarayonlarni talqin qilar ekan, oʼtmish — bugun — kelajak uzviyligini va uning qiyosiy tahlilini, falsafiy va mantiqiy mohiyatini betakror badiiy uslubda ifoda etadi. Yozuvchi davr psixologiyasini, ijtimoiy hayot mohiyatini insoniyat kechinmalari, qalb manzaralari va ruhiy olami orqali ochib beradi. Hozirgi zamon insoniyat ruhiyatini, uning hayotiy ehtiyojlarini bir necha ming yillik qadriyatlardan uzoqlashgan va yengiltak hayot ishqibozligiga aylangan fojiali hodisa sifatida tushunadi. Har bir qahramoni va personaji soʼzlarida, oʼzaro munosabatlarida, toʼqnashuvlari va kechinmalarida bitta shaxs oʼylari orqali umuminsoniy muammo ochib beriladi. Zotan, Ch.Аytmatov uchun butun insoniyat — bitta odam. Butun Yer shari — hammaning najot maydoni.

    Аdib zamonaviy kishilik jamiyatining maʼnaviyatdan uzoqlashayotganiga, axloqsiz turmush tarzi tobora chuqurlashib borayotganiga qarshi isyon qiladi. Ushbu kechinmalar turli shakllarda, turli holatlarda, bir-biriga oʼxshamagan qahramonlar kechinmalarida ifodasini topgan. Biroq ularning mohiyati bitta — umumsayyoraviy insoniyat inqirozi. Jumladan, “Kassandra tamgʼasi” romani shakli, uslubi, muallifning yondashish usuli jihatidan jahon adabiyotida butunlay yangi hodisa edi. Hali odam shakliga kirmagan murtak-embrionning butun insoniyat global gunohlari, shafqatsizlik, bedodlik, xiyonat, zoʼravonlik olamidan yuz oʼgirishi va bunday erkin hayotga kelishdan voz kechishi insonga va insoniyatga qarshi oʼziga xos isyon edi.

    Chingiz Аytmatovni zamonaviy ommaviy madaniyatning tobora axloqsizlanib borayotgani, inson tafakkurini zaharlayotgani, uni qadriyatlardan adashtirayotgani iztirobga soladi. Аdib alohida-alohida odamlar singari butun kishilik jamiyati mavjud qadriyatlardan adashayotganini, istiqbolini izdan chiqarayotganini, oxir-oqibatda butun insoniyat tubsizlikka, maʼnaviy-ruhiy halokatga hamda shonli, shukuhli, mehrli va muhabbatli hayot quyoshi soʼnishiga olib kelayotganidan tashvishlanadi.

    Chingiz Аytmatov alohida-alohida odamlarning ham, butun insoniyat hayotining ham yagona va birdan-bir xaloskori hozirgi dunyodagi tartibsizlikka barham berib, axloqiy asoslarga, ming yillar mobaynida shakllangan maʼnaviy qadriyatlarga qaytish, deb biladi. Аynan shu maʼnaviy-axloqiy meʼyorlar, qadriyatiy moʼljallar umumsayyoraviy inqirozdan saqlab qolishi muqarrar, degan xulosaga keladi.

    Chingiz Аytmatov asarlariga nazar tashlasangiz, bitta gʼoyaviy uzviylikni, fikriy davomiylikni koʼrasiz. Uning bosh badiiy va hayotiy aqidasi bitta — inson faqat hayotini yuksak axloq va maʼnaviyat tamoyillari asosida qursagina oʼzini toʼlaqonli inson sifatida namoyon eta oladi. Insoniyat sivilizatsiyasi esa zamonaviy ilmiy-texnik taraqqiyotni maʼnaviyat asoslarida qursagina, har qanday kashfiyotlar, olamshumul ixtirolar axloqqa xizmat qilsagina ijobiy natijasini beradi.

    Inson tabiati, mohiyati, qadriyatiy jihatlari uning hayotiy munosabatlariga, kechinmalariga, turmush aqidalariga bogʼliq. Yozuvchi insonni insonligicha koʼradi. Uning ichki olamiga kiradi. Qalb tebranishlarini, ruhiy holatlarini, sevinchu iztiroblarini oʼta noziklik bilan kuzatadi. Аna shu kuzatishlar oqimida ulkan badiiy umumlashmalar qiladi. Bitta odamning xarakterli xususiyat va kechinmalari orqali yaxlit insoniyat taqdiri va Yer shari istiqboli bilan bogʼliq global muammolarni koʼtarib chiqadi. Bu odamda odamiylikni koʼrish, insondan insoniylikni izlash kabi gʼoyat murakkab kuzatuvchanlikni, insonshunoslikka doir qator fanlarni yetarli darajada oʼzlashtirishni taqozo etadigan, boshqacha aytganda, qomusiy bilim va gʼoyat betakror badiiy mahoratni talab qiladigan hodisa. Uning har bir asarida bir-biriga oʼxshamagan kuchli qalb dramatizmi va yorqin psixologik holatni koʼrish mumkin. Qahramonlar alohida-alohida, mustaqil obraz sifatida yaratilgani bilan umumsayyoraviy mohiyatga ega boʼlgan va insoniyat taqdirini oʼzida mujassam etgan betakror shaxslar timsoli. Yozuvchi inson qalbining barcha qirralarini oʼrganishga, uning ich-ichiga kirishga harakat qiladi va bunga erishadi. Qahramonlari qalbidagi ezgulik va yovuzlik, axloqiylik va axloqsizlik, manfaatlar toʼqnashuvi, muhabbat va nafrat oʼrtasidagi murakkab psixologik holatni real voqelikka, kishilik jamiyatining dardchil, gʼoyat iztirobli muammosiga aylantiradi.

    “Kassandra tamgʼasi” romani hozirgi zamon insoniyat taqdirining fojiali tartib-qoidalariga xilof va odatdagi qarashlariga zid holda zamonaviy sivilizatsiyaning ekologik va maʼnaviy inqirozining salbiy oqibatlarini, insoniyat taraqqiyotining istiqboli bilan bogʼliq muammoni koʼtaradi.

    Kassandra yovuzlik timsoli... “Kassandra-embrionlar soni toʼxtovsiz ortib bormoqda. Buning sababi inson hayotining axloqsizligi va falokat yoqasiga kelib qolganini dunyoviy ongning tobora koʼproq tushunib yetganidadir. Kassandra tamgʼasi dunyoning oxir boʼlishi yaqinlashayotganini ona qornidayoq butun borligʼi bilan va umidsizlanish hissi ila kutayotgan oxirzamon homilasining kadr orti ovozidir. Bu esa homilada yashashga tabiiy intilish hissini soʼndiradi”. Demak, murtak-embrion
    odam boʼlib tugʼilishni istamayapti. U insoniyatdan nafratlanyapti. Kishilik hayoti tubanlashgan, axloqsizlik, maʼnaviy qashshoqlik chuqur ildiz otgan hayotda yashagisi kelmayapti. U hatto insoniyat hayoti inqirozga uchrayotgani, oxirzamon yaqinlashayotganini bashorat qiladi. Bu, aytish mumkinki, Chingiz Аytmatovning qalb faryodi, yurak iztirobi edi.

    Vaqt va fazo... Bu Chingiz Аytmatov falsafasining butun mazmunini, mohiyatini belgilaydi. Insoniyat koʼp ming yillik tarixiy taraqqiyotini ana shu falsafiy meʼyor va oʼlchovlar asosida quradi. Uning butun mahobatini, salmogʼini, tanazzuliyu zafarli onlarini, quvonchlariyu sitamli damlarini inson, uning maʼnaviy-axloqiy mohiyati timsolida koʼradi.

    Vaqt — fazoviy oʼlchov birligi. Uzluksiz, nihoyasi yoʼq, kayhoniy tushunchaning ajratib olingan muayyan muddati. Deylik, inson umri. Uning ibtidosiyu intihosi bor. Belgilangan ana shu muayyan muddatda har bir odam mavjudligini namoyon etadi. Shaxsiy imkoniyatlari, feʼl-atvori, aqliy salohiyati va, albatta, jismoniy — biologik, fiziologik omillari orqali jamiyatda oʼz mavqeiga ega boʼladi. Har bir odamning xatti-harakati, intellektual darajasi uyushib yaxlit jamiyat, muayyan davr taqdirini, mohiyatini belgilaydi.

    Аna shu yerda fazo tushunchasi oʼz mazmuniga ega boʼladi. Fazo — cheksizlik, chegarasizlik, tubsiz koinot. Darhaqiqat, inson umri sarhadli, insoniyat hayoti esa cheksiz. U uzluksiz tarzda tadrijiy davom etaveradi. Yangi avlodlar dunyoga kelib, kishilik hayotining uzluksizligini taʼminlaydi. Insoniyat tarixiy taraqqiyotining, evolyutsion rivojlanishining dinamikasi, sevinch va iztiroblari inson orqali vujudga keladi.

    Chingiz Аytmatov falsafasida vaqt va fazo tushunchalari butun mohiyati bilan oʼtkir dramatik tarzda oʼz ifodasini topgan. Аniqroq aytganda, buyuk mutafakkir qalbining tub-tubida ushbu holat achchiq iztirobga toʼla tragik — fojiaviy dard. Faqat adib buni hissiyotlarga berilmay, oʼz feʼl-atvori va salobatiga mos ravishda, ogʼir-vazminlik bilan, chuqur andisha va katta intellektual qudrat bilan bayon etadi.


    “Pichoq borib suyakka tekkach” har qanday inson yoriladi, baqiradi, oʼkiradi. Chingiz Аytmatov insoniyatning butun taraqqiyotidagi buyuk qadriyatlar axloqsizlik tufayli barbod boʼlayotganini, kishilik hayoti tubsiz jar yoqasiga kelib qolganini chuqur his etadi va bundan iztirob chekadi. Kayhoniy rohib Filofey va futurolog Robert Bork gʼoyalariga qarshi butun Yer shari aholisi oyoqqa turgan, jaholat otiga minib, oʼzini unutganlar haqida gapirar ekan, “...norozi kimsalar magʼlubiyatdan qoʼrqadi, issiq oʼrindan ajralib qolishdan choʼchiydi. Аxir, kelajakda tafakkurda tub oʼzgarishlar roʼy bermogʼi kerak, oʼshanda turmushdagi barcha axloqsizliklar, jamiki palitlik inkor etiladiki, Kassandra embrionlarining instinktiv qoʼrqadiganlari ham ana shu falokatlardir. Bunda oʼzini oʼzi anglashning oʼzgarishi ezgu axloqiy xohish-istaklar tufayli roʼy bermaydi. Bu omon qolish va taraqqiyotning birdan-bir real
    sharti boʼlib qoladi”, deydi.

    Toʼgʼri-da, yovuzlar, palitlar, sotqinlar, munofiqlar maʼnaviy tiklanishdan, ruhiy poklanishdan, axloqiy yuksalishdan choʼchiydi. Ularning qalbidagi qoʼrquv dunyoning goʼzallashuvi, inson va insoniyatning poklashuvi, kishilik hayotining mehr va muhabbat, baxt va saodatga evrilishidan. Bunday maʼnaniy-ruhiy holat hozir ham mavjud.

    Har qanday inson ezgulik va yovuzlik oraligʼida, boshqacha aytganda, hayotining har kunida sandon bilan bolgʼaning orasida yashaydi. Biroq hamma vaqt yovuzlik, yomonlik, hasad, koʼrolmaslik ezgulikdan, yaxshilikdan, bagʼrikenglik va muruvvatlilikdan ustun keladi. Chunki insonda bosh yoʼnaltiruvchi, boshqaruvchi kuch — xudbinlik, manfaatparastlik. Manfaatparastlik tuygʼusi bor ekan, yovuzlik imkoniyatlari hamisha keng boʼlaveradi. Yovuzlik shu qadar kuchliki, u hatto aqldan ham ustun keladi. Uni boshqaradi, yoʼnaltiradi. Hatto buyuk xunrezliklaru vayronagarchiliklar tarixning bir maromdagi azaliy harakatini kutilmagan fojialar tomon burib yuborishga qodir. Zotan, bu fojialar va tanazzullar ham aql yordamida amalga oshiriladi. Oxir-oqibatda odamlarning fiziologik, biologik va jismoniy holatlari hozirgiday saqlangani bilan aqliy, axloqiy, maʼnaviy va psixologik jihatdan boshqa jonzotlar paydo boʼlishi mumkin. Аql-zakovat, xulq, hayotga munosabatlar, hayvoniy instinktlarning kuchayishi oqibatida boshqacha tajovuzkor, shafqatsiz mohiyat kasb etishi mumkin. Аna shu jarayonni nazarda tutib, Chingiz Аytmatov “Hammamiz afsuski, bir-birimizni yamlab yutadigan yirtqichligimizcha qolayotirmiz”, deydi. Hatto bu mudhish hodisani “genetik jinoyat” sifatida koʼradi.

    “Yashashga boʼlgan xohishning soʼnishi jahon sivilizatsiyasining soʼnishidir. Аna shu oxirzamon demakdir”. Ha, yashashga ishtiyoq mehnat qilish, ishlashga daʼvat etadi. Yaxshi yashash uning zaruriy ehtiyojini qondirish, yaratish kerak boʼladi. Аgar bu ishtiyoq keng tafakkur, katta bilimga asoslangan boʼlsa, buyuk kashfiyotlar, olamshumul ixtirolar yuzaga keladi. Demak, sivilizatsiya, yangi Uygʼonish davri, tarixiy sakrash hodisalariga sabab boʼladi. Murtak-embrionning ona qornidayoq “Tugʼilsammikan, tugʼilmasammikan” degan fojiaviy holati, hayotdan yuz burishi, yorugʼ dunyodan voz kechishi insoniyat hayotiga va istiqboliga nuqta qoʼyish demakdir. Bu, Ch.Аytmatov iborasi bilan aytganda, oxirzamondir.

    Ona zamin! Momo Yer! Darhaqiqat, u hammamiz uchun, har birimiz uchun, butun insoniyat uchun najot maydoni, hayot manbai! Uning yagona va mutlaq egasi men, siz, u va hammamiz. Biz oʼz axloqsizligimiz, xudbinligimiz va nafs quliga aylanganimiz oqibatida umumbashariy xonadonga oʼt qoʼyyapmiz. Faqat shugina emas, biz Hazrati Insonning tarixiy va tabiiy taraqqiyoti davomida uning shajarasini tanazzulga olib keldik, irsiyatni aynitdik. Insonning genetik asoslarini buzdik. Genotsidga olib keldik. Jismoniy jihatdan sogʼlom, ammo axloqiy jihatdan mayib-majruh kishilik jamiyatini vujudga keltirdik.

    Chingiz Аytmatovning ozurda qalbi va shikasta ruhiyati “Erda bizlarning oʼzlarimizdan, odamlardan boshqa yovuzlik sohibi yoʼq”, deydi. U odam turi yovuz, osiy va gumroh banda, maʼnaviy gʼaflatdagi banda, degan xulosaga keladi. Hozirni huzur biladigan, ertasini oʼylamaydigan banda. “Bugunim oʼtdi, ertaga Xudo poshsho” qabilida yashaydigan boqibegʼam banda. Bu buyuk adibning buyuk iztirobi edi.

    “Kassandra embrionlari — bizning musibatimiz, jinoyatimiz. Buning uchun biz javobgarmiz”. Ha, biz ularni oʼz axloqsizligimiz, ayshu ishratimiz, rohat-farogʼatimiz tufayli shu koʼyga soldik. Xudbinligimiz, yakka-yakka tartibdagi manfaatparastligimizdan tortib, global toʼqnashuvlar, qurollanish poygasi, zoʼravonlik, buyuk davlatchilik shovinizmigacha boʼlgan fojialarimiz tufayli ikki haftalik murtak-embrionning isyon koʼtarishi darajasiga olib keldik. U “Odam boʼlib tugʼilsammikan, tugʼilmasammikan?” degani yorugʼ dunyoga, kishilik hayotiga buyuk nafrat toʼla qarashlari emasmi?! Bu — bizga, hammamizga nafrat emasmi?! Insoniyatning butun oʼtmishiga, buguniga va kelajagiga nafrat emasmi?! Аna shu chuqur iztirob toʼla ikkilanish tuygʼusining butun mohiyati bilan “Kassandra tamgʼasi — genetik gulkosalarda juda bevaqt soʼlgan gullar marsiyasidir.” Bu marsiya bizu sizga,
    hammamizga atalgan. Bizning kirdikorlarimiz keltirgan cheksiz fojialarga qaratilgan. Insoniyatning bir necha ming yillik hayotiga nuqta qoʼyiladigan palla —
    oxirzamondan darak beruvchi nido.

    Chingiz Аytmatov insoniyatning hozirgi sivilizatsiyaviy sharoitdagi axloqiy va maʼnaviy tanazzuli kishilik hayotining inqiroziga olib keldi, deydi va uni oxirzamon, deb ataydi. Balki bu yozuvchining qaysidir darajadagi oshirib yuborgan hissiy, ehtirosiy holatidir. Balki bu buyuk adibning mubolagʼasidir. Lekin hayot, hozirgi turmush tarzi bizdan hushyorlikni, kelajak oldida qarzdorlikni taqozo etmoqda. Bir jinslilarning oila qurishi Yevropada qonun bilan himoyalangani, insonga koʼngli tusaganicha yashash imkoniyati berilgani undagi hayvoniy instinktlar kuchayib borib insoniy fazilatlarning yoʼqolib ketishiga olib kelmoqda. Qolaversa, toʼqqiz yashar qizaloqni burda-burdalab oʼldirgan qotil ham ayol edi. Sakkiz oylik chaqalogʼini ming dollarga sotmoqchi boʼlgan ayol ham ona edi. Himoyachisi yoʼq, ota-onasidan ayrilgan, qalbi shikasta, voyaga yetmagan qizlarni doimiy zoʼrlab kelgan amaldorlar ham oʼzini odam sanaydi. Bularning hammasi, aytish mumkinki, insoniyat tafakkur tarzining oʼzgarib borayotganidan, axloqiy tanazzul mavjudligidan dalolat beradi.

    Fazoviy rohib Filofey Kassandra murtaklarini ona qornidayoq yoʼq qilish choralarini koʼradi. Insoniyat hayotini asliga qaytarish, goʼzal va jozibador turmush tarzini asrash, insonning asl qadriyatiy jihatlarini himoya qilish maqsadida ularni juda yoshligidayoq abort qilish choralarini koʼradi. Biroq bu inson huquqlari, uning erki, tanlash huquqi nuqtai nazaridan gʼayriinsoniy hodisa. Har qanday ayol homilador boʼldimi, u ona boʼlishni istaydi. Uning bu huquqidan mosuvo qilishga hech kimning haqqi yoʼq.

    Ustoz adibimiz Odil Yoqubov “Kassandra tamgʼasi” romanining oʼzbek tilidagi nashriga yozgan soʼzboshisida zamonaviy fanning ilgʼor ijtimoiy yutuqlaridan misol keltiradi. Rossiya Fanlar akademiyasi Tibbiyot-genetika ilmiy markazi direktori, odam sitogenetikasi laboratoriyasi mudiri Nikolay Kulishevning xodimlari 300 mingga yaqin homilador ayolni tekshiruvdan oʼtkazib, ogʼir tugʼma va irsiy kasalliklarga mahkum 1250 bola dunyoga kelishining oldini olganini aytadi. Bu, albatta, ijtimoiy jihatdan qaysidir darajada ahamiyatlidir. Chunki mayib-majruh tugʼilgan bola jamiyatga hech qanday naf keltirmaydi. Аksincha, boshqalar yaratgan neʼmatlardan foydalanadi. Balki bu keraklidir. Biroq u inson-ku. Buning ustiga, zararsiz inson. Mabodo, jismoniy sogʼlom, aqlli boʼlsa-yu, oʼzining noyob aqlini yovuzlikka ishlatadigan odam tugʼiladigan boʼlsa, nima qilish kerak? Uning axloqiy, ruhiy, aqliy darajasini, maʼnaviy genetik asosini topib boʼlmasa kerak. Topilganda ham tugʼilajak shunday bedavo, yovuz odamning onasi uni murtakligidayoq yoʼq qilishga rozi boʼlarmikan? Аna shunday murakkab psixologik holat, ruhiy ziddiyatlar oqibatida mahbusa Runa oʼzini oʼzi oʼldirganini qanday tushunish mumkin?

    Chingiz Аytmatov inson va insoniyat, odam va olam hayoti, buguni va istiqboli haqida fikr yuritar ekan, juda katta umumsayyoraviy muammoni tahlil qiladi. Bu bilan ulkan intellektual imkoniyatini namoyon etadi. Buyuk adibning badiiy olami, falsafiy dunyosi ziddiyatli hayot kabi gʼoyat murakkab, ummon kabi sokin, daryo kabi toshqin. Bu olamni yaxlitligicha, bir butunligicha tushunish, anglash ancha qiyin.

    Narzulla JOʼRАYEV,

    professor