Buyuk yuksalish yoʻlidagi ulkan qadamlar

    Fikr 6 Noyabr 2024 389

    Mamlakatimizda Konstitutsiyamizning 32-yilligini munosib kutib olish va keng nishonlash uchun qizgʻin hozirlik koʻrilmoqda.

    Davlatimiz rahbarining 2024-yil 17-oktyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida”gi farmoyishi bilan tasdiqlangan dasturga binoan mazkur yoʻnalishda amalga oshirilayotgan rang-barang tadbirlarda “Konstitutsiya – erkin va farovon hayot garovi!” degan bosh gʻoya oʻz inʼikosini topmoqda.

    “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasida belgilangan yuksak samarali yondashuv doirasida boshqaruv tuzilmalarini modernizatsiya qilish hamda demokratik jarayonlarda aholining faol ishtirokini taʼminlashga qaratilgan keng koʻlamli siyosiy va konstitutsiyaviy islohotlar amalga oshirilib, tub oʻzgarishlar yoʻliga dadil qadam qoʻyildi.

    Xalqimizning bevosita ishtirokida har tomonlama pishiq-puxta oʻylangan va umumeʼtirof etilgan xalqaro demokratik standartlar talablariga toʻliq javob beradigan Bosh qonunimizning yangilanishi nafaqat xalqimiz hayotidagi ulkan siyosiy, ijtimoiy-huquqiy voqea, balki yirik olamshumul hodisadir.

    27-oktyabr kuni boʻlib oʻtgan muhim siyosiy voqea — Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy vakillik organlariga saylov yangi Oʻzbekistonda muhim kons titutsiyaviy islohotlardan soʻng davom etayotgan ulkan oʻzgarishlarda alohida ahamiyatga ega.

    Saylovning “Mening tanlovim — obod Vatanim!” shiori ostida oʻtkazilganida ham ulkan maʼno bor. Bu shior gʻoyaviy kurash va kuchli raqobat muhitida barcha fuqarolarni birlashtiruvchi bayroq sifatida muhim ahamiyat kasb etdi.

    Ushbu saylov yangilangan Konstitutsiyamizda mustahkamlab qoʻyilgan kuchli parlamentarizm va joylarda vakillik organlarining vakolatlari sezilarli darajada kuchaytirilgan sharoitda oʻtdi.

    Xususan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining mutlaq vakolatlari amaldagi beshtadan oʻn ikkitaga, Oliy Majlis Senatiniki esa oʻn ikkitadan oʻn sakkiztaga koʻpaytirildi. Parlamentning ijro etuvchi, sud, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va maxsus xizmatlar faoliyati ustidan nazorat funksiyalari kengaytirildi.

    Hokimlarning xalq deputatlari kengashlariga rahbar boʻlishi bekor qilindi. Davlat hayotining muhim masalalarini hal etishda vakillik organlari rolini oshirish maqsadida avval hokimlar vakolatida boʻlgan oʻttiz uchta vakolat mahalliy kengashlarga oʻtkazildi. Bu esa saylovda siyosiy partiyalar va nomzodlar oʻrtasida faol raqobat muhiti shakllanishiga xizmat qiladi.

    Milliy parlament va hududiy vakillik organlarini shakllantirish xalqaro saylov standartlari va milliy saylov qonunchiligimizga toʻla mos ravishda, fuqarolik jamiyati institutlari hamda xalqimizning faolligi, siyosiy maydonda gʻoya va fikrlar xilma-xilligi qaror topgan, siyosiy partiyalarning kuchli raqobat muhitida kechgani yurtimiz ijtimoiy hayotida yangi siyosiy anʼanalarning mustahkamlanib borayotganidan dalolatdir.

    Inson qadrini yanada yuksaltirish davlat siyosatining bosh tamoyili sifatida belgilangan Oʻzbekistondagi koʻlami keng, shiddati baland, natijadorligi yuksak demokratik oʻzgarishlar xalqimiz manfaatlarini izchillik bilan taʼminlash, vatanimizning xalqaro nufuzini yanada oshirish yoʻlida uzoqni koʻzlab yuritilayotgan oqilona siyosatning hayotdagi samaralari ekaniga har qanday kishi amin boʻladi. Jahon banki tomonidan Oʻzbekistonning Yevropa va Markaziy Osiyodagi iqtisodiyoti eng jadal rivojlanayotgan uch mamlakatdan biri sifatida eʼtirof etilgani buning yorqin dalilidir.

    MUHIM OʻZGARISHLAR

    Shu yil 31-avgustda Prezidentimiz davlatimiz mustaqilligining 33-yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqida: “Butun xalqimizni saylovda faol ishtirok etib, yangi Oʻzbekiston uchun, erkin va farovon hayot, farzandlarimizning baxti va istiqboli uchun ovoz berishga chaqiraman”, deb daʼvat qilgani el-yurt kelajagi uchun befarq boʻlmagan barcha yurtdoshlarimiz qalbida aks sado berdi. Ular oʻz fuqarolik burchidan kelib chiqib, mazkur siyosiy tadbirga yuksak masʼuliyat, vatan va xalq taqdiriga daxldorlik tuygʻusi bilan yondashganiga ahli olam bugun guvoh boʻlib turibdi.

    Bu yilgi saylovning eng muhim jihatlaridan biri — milliy saylov komissiyalari tizimi davr talabi va demokratik tamoyillar asosida takomillashtirildi. Viloyatlar va Toshkent shahri hududiy saylov komissiyalari tuzildi va samarali faoliyat koʻrsatdi. Zero, hududiy saylov komissiyalarining asosiy vazifalaridan biri tegishli hududda Qonunchilik palatasi, mahalliy kengashlar deputatlari sayloviga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazishni tashkil etishdan iborat.

    Yangilangan Konstitutsiyamiz va yanada takomillashtirilgan saylov qonunchiligi asosida, demokratik tamoyillarga muvofiq, ochiq-oshkora, kuchli raqobat sharoitida oʻtkazilgan saylovda 15 milliondan koʻproq fuqaro — roʻyxatga kiritilgan qariyb 75 foiz saylovchi oʻz xohish-irodasini erkin ifoda etdi.

    Bular, xalqaro ekspertlar haqli ravishda taʼkidlaganidek, Oʻzbekiston huquqiy islohotni asosiy milliy vazifa sifatida tanlagani va qonun ustuvorligini taʼminlash maqsadida uni muttasil amalga oshirib kelayotganiga amaldagi yaqqol misollardir.

    Darhaqiqat, demokratik davlatlarda Konstitutsiya asosiy qonun sifatida saylov qonunchiligining huquqiy poydevori hisoblanadi. Shu jihatdan qaraganda, yangi Oʻzbekiston Konstitutsiyasi ham mamlakatimizning demokratik prinsiplarga tayangan saylov tizimining poydevori va amaldagi saylov qonunchiligining mustahkam huquqiy negizidir.

    Mamlakatimiz milliy saylov tizimining asosiy tamal toshi va serqirra huquqiy jihatlari Konstitutsiya va Saylov kodeksida belgilangan. Bu, birinchidan, saylov jarayonlarining demokratik tamoyillar asosida adolatli, xolisona, ochiq va oshkora oʻtkazilishiga xizmat qiladi. Ikkinchidan, saylov jarayonlarining faol ishtirokchisi hisoblangan fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va manfaatlarini kafolatlaydi. Uchinchidan esa saylov jarayonida fuqarolik jamiyati institutlari, jumladan, siyosiy partiyalarning dasturiy maqsad va vazifalari amalga oshirilishini taʼminlashga qaratilgan huquqiy mexanizmlarni aks ettiradi.

    Bunday oʻzgarishlar samarasida milliy parlamentimiz va mahalliy kengashlar vakolatlari kengaytirilib, faoliyatidagi demokratik tamoyillar yanada mustahkamlandi. Bu esa aholining parlament va mahalliy kengashlar deputatligiga nomzod koʻrsatish va saylov jarayoniga qiziqishini sezilarli darajada oshirgani saylov kampaniyasida yaqqol sezildi.

    2023-yil 18-dekabr kuni qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga saylov va referendum oʻtkazish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar ki ritish toʻgʻrisida”gi konstitutsiyaviy qonun mamlakatimiz milliy saylov tizimidagi izchil islohotlarning mantiqiy davomi uchun huquqiy asosni yanada mustahkamladi. Mazkur qonunga muvofiq, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini aralash saylov tizimi — majoritar va proporsional asosda oʻtkazish belgilab qoʻyildi.

    Boshqacha aytganda, saylovchilar ilk bor Qonunchilik palatasi deputatlari sayloviga doir bir mandatli saylov okrugi boʻyicha saylov byulleteni va Qonunchilik palatasi deputatlari sayloviga doir yagona saylov okrugi boʻyicha saylov byulleteni asosida ovoz berdilar.

    Boshqacha aytganda, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining 50 foizi, yaʼni 75 nafari odatdagidek majoritar saylov tizimiga muvofiq bir mandatli saylov okruglaridan saylandi. Qolgan 50 foizi, yaʼni 75 nafari proporsional saylov tizimi asosida yagona saylov okrugida beshta siyosiy partiya tomonidan koʻrsatilgan deputatlikka nomzodlar roʻyxati (partiya roʻyxati) boʻyicha berilgan ovozlarga mutanosib ravishda saylandi.

    Avvalo, aralash saylov tizimi siyosiy partiyalarning dasturlari oʻrtasidagi oʻzaro raqobatni kuchaytirdi. Ikkinchidan, har bir saylovchining ovozi muhimligi va hal qiluvchi ahamiyatga ega ekani taʼminlandi hamda ushbu imkoniyat deputatlik oʻrinlarini shakllantirishda muhim rol oʻynadi. Uchinchidan, siyosiy partiyalarning jamiyatdagi mavqeini yanada oshirish va pozitsiyasini mustahkamlashga hamda saylov kampaniyasi xarajatlarini ixchamlashtirishga xizmat qildi.

    Bunday muvaffaqiyatlar negizida xalqimiz irodasi bilan qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda oʻz ifodasini topgan eng yuksak gʻoyalar, demokratik tamoyillar, ezgu maqsadlar, orzu-intilishlar mujassamdir. Davlatimiz rahbari alohida taʼkidlaganidek, Konstitutsiyamiz xalqimiz siyosiy tafakkurining noyob namunasidir.

    MUSTAHKAM HUQUQIY ASOS

    Konstitutsiyamizda alohida “Saylov tizimi” deb nomlanuvchi XXII bobning mustahkamlanishi mamlakatimiz taraqqiyotida katta ahamiyatga ega. Dunyo konstitutsiyaviy qonunchiligi tajribasida kam uchraydigan ushbu ilgʻor yondashuv naqadar oʻz vaqtida, pishiq-puxta va uzoqni koʻzlab amalga oshirilganini hayotning oʻzi yaqqol koʻrsatmoqda.

    Bosh qonunimizda Oʻzbekiston fuqarolari davlat hokimiyati vakillik organlariga saylash va saylanish huquqiga ega ekani, har bir saylovchi bir ovozga egaligi, ovoz berish huquqi, oʻz xohish-irodasini bildirish tengligi va erkinligi qonun bilan kafolatlanishiga, shuningdek, saylov umumiy, teng va toʻgʻridan toʻgʻri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yoʻli bilan oʻtkazilishiga oid muhim konstitutsiyaviy qoidalar mustahkamlanishi yurtimizdagi barcha darajadagi saylovlarning, birinchi navbatda, ushbu konstitutsiyaviy negizlarga bevosita tayanishini anglatadi.

    Xususan, Konstitutsiyamizda qayd etilganidek: “Oʻzbekiston Respublikasida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarining ustunligi soʻzsiz tan olinadi. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi mamlakatning butun hududida oliy yuridik kuchga ega, toʻgʻridan toʻgʻri amal qiladi va yagona huquqiy makonning asosini tashkil etadi”.

    Yana bir muhim jihat saylovga oid konstitutsiyaviy qoida va talablar ham Konstitutsiyadagi eng asosiy tamoyillar bilan oʻzaro uzviy bogʻlangani va ularga hamohangligidir. Jumladan, Konstitutsiyamizning bosh ustunlaridan biri “xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbaidir” tamoyilidir. Xususan, mazkur prinsip Konstitutsiyaning “Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda bevosita hamda oʻz vakillari orqali ishtirok etish huquqiga ega. Bunday ishtirok etish oʻzini oʻzi boshqarish, referendumlar oʻtkazish va davlat organlarini demokratik tarzda shakllantirish, shuningdek, davlat organlarining faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati vositasida amalga oshiriladi”, degan normasida yanada rivojlantirilgan.

    Bu tamoyil “demokratiya” tushunchasi bilan uygʻun boʻlib, avvalo, davlat hokimiyatining faqatgina xalqqa tegishli ekanini, davlat xalq irodasini ifodalashi va uning manfaatlariga xizmat qilishi lozimligi, davlatning asosiy vazifalaridan biri inson va jamiyat farovonligini taʼminlashga qaratilganini anglatadi. Buni davlatimiz rahbari tomonidan eng ustuvor masalalar qatorida “Konstitutsiya — erkin va farovon hayotimiz, mamlakatimizni yanada taraqqiy ettirishning mustahkam poydevoridir” maʼruzasida belgilab berilgan “Xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak”, degan muhim qoida va talabning mohiyati ham yorqin namoyon etadi.

    Kechayotgan barcha islohotlar, davlat organlarining vazifalari, faoliyati va xatti-harakatlari yagona oliy maqsad — xalq farovonligini yuksaltirishga yoʻnaltirilgan. Bu ulugʻvor gʻoya Konstitutsiyaning barcha moddalariga singdirilgan. Ularga koʻra, davlat hokimiyati amalda va qonun boʻyicha Oʻzbekiston xalqiga tegishli ekanining yorqin ifodasidir. Xalq oʻz xohish va irodasini bevosita davlatimiz qonunchiligi asosida va doirasida bir necha xil usullar hamda koʻrinishlar, jumladan, oʻz saylov huquqini amalga oshirish orqali roʻyobga chiqaradi.

    Bular oʻtgan yili amalga oshirilgan konstitutsiyaviy islohotlar doirasida Bosh qonunimizda aks etgan inson, uning huquq va erkinliklarini oliy qadriyat deb tan olingan koʻp millatli xalqimiz irodasini roʻyobga chiqarish maqsadi bilan bevosita bogʻliqdir.

    Zotan, oʻzining tashkil etilishi va tuzilishi jihatidan hamda faoliyatida xalqning irodasiga tayangan, barcha umumeʼtirof etilgan inson huquq va erkinliklarini taʼminlashga intilgan davlat deganda tom maʼnodagi demokratik davlat tushuniladi. Bunda demokratik davlat fuqarolarning erkinligi va hurfikrliligiga asoslangan fuqarolik jamiyatining garovi, tayanchi va muhim ajralmas tarkibiy qismidir.

    Konstitutsiyamizning gʻoyasi, maqsadi, ruhi — har bir qoidasi Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, asrlar mobaynida shakllangan demokratik qadriyatlar, milliy davlatchilik, shuningdek, necha ming yillardan buyon avloddan avlodga meros boʻlib kelayotgan davlatni idora etish hamda xalq bilan bamaslahat siyosat yuritish anʼanalarini oʻzida toʻla mujassamlashtirgan.

    Ayniqsa, davlatimiz rahbarining: “Hammamizni tarbiyalagan, voyaga yetkazgan — shu xalq. Barchamizga tuz-nasiba bergan ham shu xalq. Bizga ishonch bildirgan, rahbar qilib saylagan ham aynan shu xalq. Shunday ekan, biz birinchi navbatda kim bilan muloqot qilishimiz kerak — odamlarimiz bilan. Kim bilan bamaslahat ish tutishimiz kerak — avvalo, xalqimiz bilan. Shunda xalqimiz bizdan rozi boʻladi. Xalq rozi boʻlsa, ishimizda unum va baraka boʻladi. Xalq bizdan rozi boʻlsa, Yaratgan ham bizdan rozi boʻladi”, degan fikri xalq bilan bamaslahat siyosat yuritish anʼanalari jamiyatimizda mustahkam qaror topayotganining amaldagi isbotidir.

    Konstitutsiya milliy saylov tizimini va jamiyatimiz hayotining barcha jabhalarini demokratik rivojlantirishda, shubhasiz, doim asosiy hujjat boʻlib xizmat qiladi.

    Konstitutsiyaning takomillashtirilishi asosida saylov jarayonlari bilan bogʻliq yangi normalarning mustahkamlanishi saylovning qonuniylik, ochiqlik va oshkoralik tamoyillari asosida, jahonda umumeʼtirof etilgan demokratik standartlarga mos holda oʻtishini, fuqarolarning saylov huquqi kafolatlarini hamda davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtirokini yanada kengroq taʼminlashga xizmat qiladi.

    Bularning barchasi yangi Oʻzbekistonda saylov tizimini xalqaro normalar va tamoyillarga moslashtirish, saylovchilar uchun yanada keng imkoniyatlar yaratish va fuqarolarning erkinliklarini taʼminlashga qaratilgan keng koʻlamli islohotlarning yuksak samarasidir.

    YUKSALISHNING YANGI BOSQICHI

    Oʻtgan saylovni xorijiy davlatlar va nufuzli xalqaro tashkilotlar missiyalarining sakkiz yuz ellikdan ortiq kuzatuvchisi, ommaviy axborot vositalarining mingdan koʻproq vakili bevosita kuzatib bordi.

    Ushbu raqamlarga saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish jarayonini kuzatib borgan siyosiy partiyalar hamda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarining oʻn minglab kuzatuvchilari va vakolatli vakillarini ham qoʻshing.

    Mamlakatimiz Markaziy saylov komissiyasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 150 nafar deputatini roʻyxatga oldi. Parlamentimiz quyi palatasi tarkibi qariyb 60 foiz yangilandi.

    Saylangan deputatlarning 38 foizini xotin-qizlar tashkil etdi. Bu Oʻzbekiston tarixidagi eng yuqori koʻrsatkich ekanini taʼkidlagan xalqaro ekspertlar tamomila haqdir.

    “Saylovda jismoniy imkoniyati cheklangan insonlar ham faol ishtirok etdi, — deydi germaniyalik jurnalist Andela Bela. — Bu har bir inson oʻzining saylov huquqidan emin-erkin foydalanganidan dalolatdir”.

    Roʻyxatdan oʻtgan barcha beshta siyosiy partiya qonun bilan taʼminlangan teng sharoitlarda erkin tashviqot oʻtkazish imkoniyatiga ega boʻldi deb eʼtirof etdi Evropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti ekspertlari. Saylovga tayyorgarlik barcha darajada va belgilangan muddatlarga rioya qilgan holda samarali oʻtkazilgani taʼkidlandi.

    Xalqaro kuzatuvchilar Markaziy saylov komissiyasi majlislarining real vaqt rejimida namoyish qilinganini taʼkidlar ekan, komissiyaning qarorlari tezkorlik bilan eʼlon qilinganiga, bu esa shaffoflik koʻlamini kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etganiga eʼtiborni qaratdi.

    Barcha partiyalar vakillari oʻrtasida har hafta debatlar tashkil etgani va jonli efirga uzatgani uchun beshta telekanal tashabbusi ijobiy baholandi.

    2023-yilda Konstitutsiyaga kiritilgan oʻzgartirishlarga binoan muomalaga layoqatsiz deb topilgan va ozodlikdan mahrum etilgan fuqarolarga nisbatan saylov huquqlarining toʻliq cheklanishi bekor qilingani xalqaro standartlarga mosdir.

    Xalqaro ekspertlar, shuningdek, takroriy ovoz berish va saylov kampaniyasi boʻyicha moliyaviy hisobotni taqdim etish qoidalarini buzganlik uchun maʼmuriy javobgarlik joriy etilganini ham muhim oʻzgarish sifatida baholadilar.

    Bularning barchasi saylovning koʻppartiyaviylik va muqobillik, oshkoralik va transparentlik tamoyillari asosida, umumeʼtirof etilgan xalqaro demokratik standartlarga mos oʻtkazishda muhim omil boʻldi.

    Oʻtgan har bir saylov mamlakatimizda rivojlangan demokratik huquqiy davlat, erkin, ochiq va adolatli fuqarolik jamiyati barpo etish sari qoʻyilgan muhim qadamdir. Konstitutsiyamizda va milliy saylov qonunchiligimizda mustahkamlab qoʻyilgan tamoyillar asosida oʻtkazilgan navbatdagi saylov xalqimizning farovonligini yanada oshirishda yangi qadam boʻlib, buyuk yuksalish yoʻlidagi intilishlarini yangi bosqichga koʻtarishga xizmat qiladi.

    Mirzo Ulugʻbek ABDUSALOMOV,

    Oʻzbekiston Respublikasi

    Konstitutsiyaviy sudi raisi,

    Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan

    yurist